Biz — ahli Turkistonmiz…

Qozog'iston — bu yurtga mehrim hamisha baland, muhabbatim cheksiz bo'lgan.
Chunki bu yurtda mening bolaligim o'tgan va hamon bolaligim yashaydi.
Har gal kelganimda, men u bilan quchoq ochib diydorlashaman. Qalbim to'ridagi eng go'zal xotiralar uyg'onadi.
Bu gal esa qardosh yurt bizni o'zgacha bir shukuh bilan qarshi oldi. Joriy yilning 22-26 aprel kunlari Olmaota shahrida X xalqaro she'riyat va musiqa festivali bo'lib o'tdi. Go'zal va maftunkor Olmaota bu kunlari turkiy tilli mamlakatlar adabiyot va san'at sohasi vakillarini o'z bag'riga chorladi.
Bu galgi festival tashkilotchilari Turkiyadagi Chukurova adabiyotchilar jamiyati, Qozog'istonning “Muqali” xalqaro xayriya fondi va “AR” nashriyot uyi bo'ldi. Festivalda Turkiya, Ozarbayjon, Qirg'iziston, O'zbekiston, Turkmaniston, Tatariston, Boshqirdiston, Sharqiy Turkiston (XXR), Mo'g'uliston, Mojariston, Qorachoy, Dog'iston, Oltoy, Yoqutiston, shuningdek, Iroq delegatsiyalari ishtiroki ko'zda tutilgan edi.
Festivalning ilk kunidan, garchi tillarimiz bo'lak bo'lsa-da, uning ishtirokchilari o'rtasidagi samimiy va yoniq bir haroratni, yaqinlikni his etib turdik. Biz, o'zbekistonlik ijodkorlar shaharning shimoliy qismi, Olatovning yonbag'rida joylashgan Al-Forobiy nomidagi ijod uyiga joylashdik. Ushbu ijod uyining o'zi, undagi muhit, ayniqsa, yon-atrof tabiatining o'zi ijod ahlini she'r yozishga undaydi. Biz joylashgan xonaning derazasidan har tong uncha olis bo'lmagan keksa Olatovning qorli cho'qqilari, uning bag'rida qilichday qad ko'targan baland-baland yashil archazorlar manaman deb viqor ila ko'rinib turadi. Tabiatni, har tong derazam oldiginasida shiringina xonishi bilan erkalab uyg'otadigan bulbullarini, ko'ksimni to'ldirib-to'ldirib nafas olsam-da, to'ymaydigan toza va musaffo havosini ta'rif etishga tilim ojiz.
Qozoq xalqining iftixori Abay oqinning ushbu misralarida bu elning tabiati mujassam:
Olamga bezak bergan qodir mavlon,
Yer — ona, quyosh — ota, nuri jahon,
Onaday emizdirar ko'ksidan yer,
Otaday mehr to'kar yorug' osmon.
Aslida, adabiyotning, she'rning, kuy va musiqaning millati, tili bo'lmaydi. U faqat yurak bilan anglanadi, qalb ila tuyiladi. Ildizlari, tomirlari bir bo'lgan turkiy millat ijodkorlari ushbu festival bahona bir-birlarining ijodi bilan yaqindan tanishdilar, mushoiralar, diltortar kuy va qo'shiqlarida o'zlarini namoyon etdilar. Biz bilan birga ushbu ijod uyida qo'nim topgan ozar va turk ijodkorlari bilan safarimizning birinchi kunidanoq iliq va do'stona muloqotga kirishib ketdik.
Ijod uyida yonma-yon xonaga joylashgan turkiyalik yoshi ulug' ijodkor Ramziya Salginji (Remziye Salgıncı) o'zbek millatiga, O'zbekistonga mehru muhabbati haqida hayajon bilan so'zladi: “Men O'zbekistonni yaxshi ko'raman, u biz uchun ota yurtdir. Dunyoning ko'p mamlakatlarida bo'ldim, ammo sizning yurtingizga borish eng katta orzum va, albatta, bu orzumga yaqin yillarda yetaman. Buxoroni, Samarqandni ko'rmay turib, bu dunyoda o'lib bo'lmaydi”, — deya mehr bilan hazillashdi u.
Festivalning rasmiy ochilishi o'zgacha bir shukuh va tantanavorlik kasb etdi. Mezbon qardoshlarimiz milliy kuy va qo'shiqlar ohangi jo'rligida bizni Qozog'iston Milliy kutubxonasi ostonasida kutib oldilar. Bino bo'sag'asida ekilgan qip-qizil lolazor manzarasi go'zalligiyoq bizga bahoriy bir kayfiyatni berdi. Ichkarida esa milliy liboslardagi qozoq qizlari bizni shirin lutf ila ichkariga boshladilar.
Festivalning ochilishida jonkuyar tashkilotchi, qozog'istonlik mashhur oqin og'amiz Erjan Alashtuganning da'vat o'rnidagi yoniq so'zlari yurak-yuraklarga yetib bordi, “Bu dunyoda ikkita millat bor, u ham bo'lsa, turklar va turk bo'lmaganlar. Siz bu zaminga mehmon bo'lib kelmadingiz, siz o'z ota tuprog'ingizdasiz! Tubi bir tuvishqanim, ildizi bir suv ichganim, jonday aziz bovurim, shuncha boshboshdoqlab yurganimiz yetar. Biz uchun o'zbek, qirg'iz, qozoq degan millat yo'q. Bir millat bor — bir turkiy ulus bor! Bovurlarim, jigarlarim, yurtingizga xush kelibsiz…” Ushbu otashin nutqni boshidan-oxirigacha barcha ishtirokchilar oyoqqa tik qalqqan holda hayajon va faxr ila bardavom olqishlar bilan qarshiladilar.
Shu lahzalarda men buyuk jadid bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning 1918 yilda yozgan “Qozoq qarindoshlarimizg'a ochiq xat” maqolasidagi ushbu satrlarni xayolimdan o'tkazdim: “Aziz qarindoshlarim! Musulmon birodarlar! Hammangizg'a ma'lumdurki, Turkiston, demak — turkiy el bo'lib, mundagi xalqning qozog'i, qirg'izi, sarti, o'zbegi, turkmani, tatari — hammasi aslan… jahongir… Temurning avlodi yoki og'a-inisidurlar…”
Har bir so'zga chiqqan yurt vakili festival ishtirokchilarini o'z ona tilida qutlar ekan, turkiy birligimiz, yakdilligimiz, kelgusida turkiy adabiyotimiz xazinasini boyitmoq, o'zaro do'stligimizni mustahkamlamoq yo'lida hamkorlikda amalga oshirmog'imiz lozim bo'lgan rejalariga to'xtaldilar.
Ushbu tadbir ishtirokchilarini kuzatar ekanman, asrlarkim Xitoydan Kaspiygacha, Xurosondan Sibirgacha tarqagan turkiylar ulusi — turk, ozar, qozoq, o'zbek, qirg'iz va yana barcha qardoshlarimizning bir-biriga o'zaro ichki bir intilishi, mehru muhabbati, qalb yaqinligi borligini his etdim.
Taniqli turk ijodkori, Turkiyadagi Chukurova adabiyotchilar jamiyati rahbari Halise Tekbash (Halise Tekbaş) xonimning jo'shqin e'tirofi qalbimga o'zgacha hayajon soldi: “Biling, turkning turkdan boshqa do'sti yo'qdir. Biz jamlashsak, yo'limizga hech kim chiqolmaydi. Biz jamlashsak, turkning qo'rini hech kim o'chirolmaydi”.
Qozog'istonda o'tgan festival kunlarida biz qozoq xalqining taniqli san'at ustalari ishtirokidagi konsertidan bahramand bo'ldik, xalq cholg'u asboblari muzeyiga tashrif buyurdik va, ayniqsa, tadbir tashkil etilgan Qozog'iston Milliy kutubxonasidagi qozoq xalqining bebaho ma'naviy boyligi bo'lgan nodir kitoblar jamlanmasi bilan tanishib, ma'naviy boyidik, o'zimiz uchun katta ilmiy manba oldik.
Festival doirasida qozoq xalqining buyuk sarkardasi Mug'oli Bahodur Kunquvar o'g'li tavalludining 855 yilligi va qozoq davlatchiligining 800 yilligiga bag'ishlangan ilmiy-ma'rifiy konferensiya tashkil etildi. Mug'oli Bahodur kabi tarixiy shaxs haqidagi eshitganim ilmiy faktlar, fikrlar shaxsan men uchun yangilik bo'ldi. Qozoq xalqining tarixan xalq bo'lib shakllanishida Mug'olining jasorati haqida tarixchi olimlar o'z ma'ruzalarida ta'kidlab o'tdilar, xalq qahramoni sharafiga chop qilingan kitob taqdimoti o'tkazilib, mehmonlarga-da hadya etildi.
Bizga ma'lumki, Abay Qo'nonboyev qozoq adabiyoti va qozoq tiliga asos solgan buyuk oqin. Shoirning she'ru dostonlari, nasriy asarlari, tarjimalari qozoq xalqining milliy-ma'naviy iftixori sanaladi. Abay xalqlarni do'stlik va birodarlikka, hamjihatlikka chaqirgan, tinchlik va osoyishtalikni, mehr-muhabbatni ulug'lagan.
Festival davomida Abay tavalludining 180 yilligi ham keng nishonlandi. Tadbirda qozoq ijodiy va ilmiy sohasi vakillari, adabiyot va san'at namoyandalari bilan uchrashuvlar o'tkazildi, unda turk, o'zbek, qirg'iz, ozar ijodkorlari ham o'z ijod namunalari bilan ishtirok etdilar.
Eng mamnun bo'larlisi va ma'quli esa, bizga hech bir tarjimonning keragi bo'lmadi. Turkiy yurak bilan bir-birimizni angladik, turkiy ohanglar jon tomirlarimizgacha yetib bordi, turkiy birligimiz yo'lida kichik bo'lsa-da yana bir qadam qo'ydik.
Har kech tadbirlardan so'ng Al-Forobiy ijod uyining hovlisida “She'r va musiqa oqshomi”da har bir millat ijodkorlari o'z she'rlarini o'qishib, oqinlar kuylashganida, birgalashib raqsga tushganimizda turkiy ulus yaqinligi, yakdilligi dillarimizga o'zgacha surur baxsh etdi.
Mana shunday mushoiralar oldidan asl ozar farzandi bo'lgan Navoiy Metin (Nevai Metin) bilan suhbatlasharkanmiz, u o'z fikrlarini shunday ifodaladi: “Otamning ulug' shoir Mir Alisher Navoiy hazratlarining ijodiga muhabbati baland bo'lib, havas ila mening ismimni Navoiy deya nomlagan. Mening ham o'zbek she'riyatiga, adabiyotiga mehrim baland. Qadim adabiyotingizdan boshlab, Abdulla Orif, Erkin Vohidov va bugungi kun o'zbek ijodkorlarigacha sevib mutolaa qilaman. Bugun ularning ko'pi bilan do'stu qadrdon, og'a-inimiz. Va aslida ham, biz barimiz turkiy tilli millatlar vakillari qadim bir xalqmiz. Tariximiz, tilimiz, urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz uyg'un. Bizni birlashtiradigan ana shu jihatlarimizni yanada yaqinlashtirib, kamol toptirmog'imiz, bir-birimizni yelkama-elka turib qo'llab-quvvatlamog'imiz lozim”.
Olmotaning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib, go'zal va maftunkor tabiati qo'yniga sayohat chog'ida meni yana bir narsa ajablantirdi. Bu shaharda yashaydigan xalqning o'z ona uyi bo'lmish shahar va uning atrofidagi tabiatga, muhitga bo'lgan mehri, e'tibori-hurmatini his etdim. Ko'chalar ravon, nihoyatda toza, hatto shahar chetida ham biror chiqindi yoki yo'l-yo'lakay tashlab ketilgan keraksiz buyumlarni, kesilgan daraxtlarni, e'tiborsiz qoldirilgan hududni ko'rmaysiz. Biz qardosh og'alarimizdan bu jihatdan ham o'rnak olsak arziydi. Olmaota atrofidagi tabiatning so'limligi, daraxtlarning ko'pligi, havosining musaffoligi bir kelgan mehmonni yana qayta chorlayveradi.
Tabiatning, tog'u toshlarning ko'rku chiroyidan huzurlanib manzilimizga qaytarkanmiz, jamoamizning ulug'i bo'lgan xorazmlik katta ijodkor, ustoz jurnalist Ro'zimboy Hasandan safar taassurotlarini so'radim. “Bu tadbirdan men juda katta ijodiy kuch oldim. Yashasin qozoq bovurlarimiz, ular ancha dadil, millatga ancha fidoyi. Bu kabi yig'inlarning turkiy tilli xalqlar birligiga-da, tilimizning rivojiga-da ta'siri katta. Biz bir-birimizdan ko'p manba, bilim olamiz, o'rganamiz. Tilimiz soflashadi, turkiylashadi. Qarang, yig'inda qozoq qardoshlarimiz katta bir da'vatni ilgari surdilar: “Keling, turkiy ulus birlashaylik, bir tilda so'zlashaylik, bizga tilmochning keragi bo'lmasin”. Turkiy davlatlarda yashovchi o'ttizga yaqin millatlar uchun o'zaro muloqot tili sifatida “chig'atoy tili”ni taklif qilishgani bu katta jasorat. Qadimda ham “chig'atoy tili” “chig'atoy ulusi”da, ya'ni bizning hududda shakllangan. Bundan ikki asr ilgari chig'atoy tili faqat Turkiston hududidagina emas, boshqa turkiy millatlar uchun ham yagona so'zlashuv tili vazifasini bajargan. Jadidlar otasi Ismoilbek Gaspirali chop qilgan “Tarjumon” gazetasi va yurtimizda bir asr ilgari chiqqan barcha jadid nashrlari tili ham aynan chig'atoy tilida bo'lgan. O'tgan asr boshlarida “Chig'atoy gurungi”, “Chig'atoy adabiyoti” atamalari iste'molda bo'lgani buning yorqin isboti”, — dedi ustoz ijodkor.
Shu o'rinda yana qozoq xalqining buyuk oqini Abayning quyidagi o'giti yodga tushadi: “Qozoq elida: “Ishning boshi birlikda, rizqning boshi tiriklikda” degan maqol bor. Birlik — qo'rangdagi molda emas, tushunchangda bo'lishi kerak… Mol bersang otasi boshqa, onasi boshqa, dini boshqalar ham sen bilan tinch-totuv bo'laveradi. Agar birlik mana shunday hisob bilan o'lchansa… bu birlik emas, ablahlikdir! Do'st bo'laman degan kishi “ber” demasdan do'st bo'lsa, tinch-totuv yashasa, tuz-nasibasini birga xudodan tilasa, shu yaxshi do'stdir”.
Darhaqiqat, bugungi alg'ov-dalg'ov, noxolislik urchigan, taloto'p dunyoda bir ishonchli yelka, ilkingni mustahkam tutguvchi qo'l bu faqat va faqat — qadim ildizlaring, daryolaring tutash, tomiringdagi qoning bir bo'lgan — qondoshing, qardoshing, bovuringgina bo'la olishi mumkinligini qalban his etdim. Adabiyot, she'riyat, san'at esa o'z o'rnida xalqlarimiz o'rtasidagi mana shu azaliy va adabiy do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlashiga amin bo'ldim.
Zilola XO'JANIYoZOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi, shoira.
“Shuhrat” medali sohibasi.
Toshkent — Olmaota — Toshkent.