Fayzulla Mo'minovning ilmiy maktabi

Bugun yana himoya. O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti tadqiqotchisi Ergash Boborajabov “O'zbekistonda sport saytlari: paydo bo'lishi, faoliyat yuritishi va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilmoqda. O'zbekistonda sport jurnalistikasi mavzusidagi birinchi ish. Tarixga muhrlangan lahzalar. Odatda, jurnalistika ilmi haqida so'z ketsa, soha olimlari orasida filologiya fanlari doktori, professor Fayzulla Mo'minov nomi alohida tilga olinadi. O'zbekistonda sport jurnalistikasi sohasidagi birinchi ilmiy ishga domla rahbarlik qilgan. Mo'minov tomonidan o'rganish uchun taqdim etilayotgan mavzularning aksariyat qismi yangi, zamonaviy va dolzarb.

Milliy va xorijiy jurnalistikaning eng dolzarb masalalari kun tartibiga qo'yilar ekan, jahon olimlari tomonidan yaratilayotgan eng so'nggi o'quv adabiyotlari, dars­lik, qo'llanma va lug'at kabi resurslarni domlaning shaxsiy kutubxonasidan topish mumkin. Bu joy ilmga havasmand har qanday tadqiqotchi bir marta kirdimi, o'rganilayotgan mavzusiga daxldor o'quv adabiyotiga ko'zi tushadi va qaytarish sharti bilan uni qo'lga kiritadi. Magistraturada tahsil olayotgan qizim: “Mo'minovning uylariga bordik, odam shunchalik ham kitobga, ilmga mehr qo'yadimi, hamma yoq kitob, lug'at, dissertatsiya, avtoreferat, manba, tugallanmagan ishlar…” deya hayrat bilan qaytdi. Bu hayrat 20-25 yillar ilgari menda ham bo'lgan edi.

Ustozning qo'llarida bakalavrda, magis­traturada tahsil oldik. 1995 yil O'zMU jurnalis­tika fakultetida professor Mo'minov tashab­busi va boshchiligida xalqaro jurnalis­tika bo'limi ochildi. Dastlab, poytaxtning turli oliy o'quv yurtlaridan til biladigan, sohani tushunadigan yoshlar yig'ilgan bo'lsa, 1996 yil 15 nafar talaba o'qishga qabul qilindi. Ustozni shu yili taniganman. Eng qattiqqo'l domla sifatida har shanba “Jahon jurnalistikasi asoslari” fanini kutardik va jim turib ma'ruzalarni tinglardik. Darslar juda qiziqarli va faktlarga boy bo'lardi. Mo'minovning darsi paytida 3-qavatdagi ma'ruza zalida pashsha uchgani bilinmasdi. Ustozning “Jurnalistika ijtimoiy institut sifatida” deb nomlangan kitobini o'qisam, o'sha davrdagi darslar ko'z oldimdan o'taverardi. U paytda bu kitob hali yozilmagan, har bir mavzu bo'­yicha domla darsda yangidan-yangi ma'lumotlar, qiziqarli faktlar, jurnalistika sohasining buguni va kelajagi xususidagi ilmiy farazlar bilan kirardi. Bugun o'ylab qarasam, o'sha yillardagi darslar meni ilmga yetaklagan ekan. Xalqaro jurnalistikaning alohida ta'lim yo'nalishi sifatida o'qitilishi Fayzulla Mo'minov nomi bilan bevosita bog'liq. Bugun ustozdan saboq olgan o'nlab yoshlar sohaning turli qatlamlarida faoliyat olib borishmoqda.

Fayzulla Mo'minov 1950 yilda Buxoro shahrida tug'ilgan. Domla ertaknamo shaharning qoq markazi, ayniqsa, ota hovlisi joylashgan Labihovuz haqida hayajon bilan gapiradi. Ammo insonning qalbida tug'ilib o'sgan joy uchun nimadir qilishim kerak, degan o'y hamisha bo'ladi. Fayzulla Mo'minov bilan bo'lib o'tgan suhbatlarda bu haqda ko'p gapirardilar. Jurnalistika ilmiga, jurnalist kadrlar tayyorlashga umrini bag'ishlagan olim Buxoro davlat universitetida saboq bera boshladi. Bir yil o'tgach, jurnalistika va axborot xizmati sohasiga talabalar qabuli boshlandi. Birinchi yil juda og'ir bo'ldi. Jurnalistikada o'qiydigan talabalar boshqa yo'nalishdagilardan farq qilishi tayin. Ular bilan ishlash, muloqot qilish, ularning savollariga javob berish, e'tiroz va shikoyatlarini qondirish oson bo'lmagan. Soha olimlari, professor-o'qituvchilar poytaxtning o'zida taqchil bo'lib turgan bir paytda, viloyatda bu masalani yechish murakkab edi. Shu bois Fayzulla Mo'minov deyarli barcha fanlardan ma'ruzalarni o'z zimmasiga oldi. Shogirdi, filologiya fanlari doktori, professor Bashorat Jamilova ularga yordam berdi. Poytaxtdan meni, filologiya fanlari nomzodi O.Toshboyev, qoraqalpog'istonlik olima, fan doktori T.Masharipovani darslarga taklif qildi. Buxorodagi yetakchi ommaviy axborot vositalarining malakali ijodkorlari va ilm qilish istagidagi iste'dodli yoshlar jalb etildi. Kelgusi yil Buxoro davlat universitetini ilk jurnalistlar tugatadi.

Ko'plar Fayzulla Mo'minovni qoraqalpoq jurnalistika ilmining “ma'naviy homiysi” deb ta'riflashadi va soha olimlari ko'payishiga hissa qo'shgan olim sifatida tilga olishadi. Chindan ham shunday. Ustoz bu diyorga tez-tez safar qiladi. Ekologik jihatdan qiyin ahvolda yashayotgan el sifatida ularni qo'llab-quvvatlashni burchi deb biladi. Ba'zan haftalab qolib ketadi. Qoraqalpog'istonlik talaba-yoshlar bilan bo'lgan muloqotlar har doimgidek qiziq va maroqli. 2021 yilda Fayzulla Mo'minovning mas'ul muharrirligida, asosan, qoraqalpog'istonlik olimlar tomonidan jurnalistika fakultetlari talabalari uchun “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya asoslari” darsligi nashr etildi. Bu kitobning bitta bobi yozilishiga meniyam taklif etishdi. F.Mo'minovning sa'y-harakati bilan QorDU jurnalistika kafedrasi mamlakatdagi ilmiy salohiyat eng yuqori bo'lgan ilmiy maskanga aylandi. Bunda ustozning katta xizmati va hissasi katta bo'ldi.

Jurnalistika sohasi bugungi kunda ilmiy nuqtai nazardan o'rganish kerak bo'lgan turli yo'nalishlarda, xususan, milliy publitsistikamiz tarixi, jurnalistika nazariyasi va amaliyoti, PR nazariyasi va amaliyoti, zamonaviy xorijiy jurnalistika, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi kabi tarmoqlarda rivojlanmoqda. O'zbekistonda jurnalistika alohida soha sifatida o'qitilar ekan, buning uchun muayyan o'quv adabiyotlariga ehtiyoj tug'iladi. Yillar davomida qator o'quv qo'llanmalar yaratilgan bo'lsa-da, mamlakatda jurnalistika sohasidagi birinchi darslik — “Jahon jurnalistikasi tarixi” F.Mo'minov tahriri ostida mualliflar hamkorligida tayyorlandi va hozirgacha talabalar tomonidan asosiy manba sifatida foydalaniladi.

Bugungi kungacha professor Fayzulla Mo'minovning 30 dan ortiq shogirdi fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi. Domla bilan bo'lib o'tgan suhbatlarda: “Men faqat bitta kursga kurs murabbiysi – kuratori bo'lganman, 40 dan ortiq talaba o'qirdi, ularning orasidan Nargis Qosimova, Saida Yuldashbekova, Bashorat Jamilova, Nasiba Abdullayeva, Zebo Ahrorova kabilar ilmiy ish qilishdi”, deya sevinib gapiradi.

Olimning olim bo'lishi oilasiga, turmush o'rtog'iga ham bog'liq, albatta. Yillar davomida birga yashash asnosida odam bir-birini o'rganadi. Fayzulla Mo'minov Fotima opa bilan jurnalistika fakultetida tanishdi, oila qurishdi, 3 o'g'il, 1 qizli bo'lishdi. Domla bilan suhbatlar jarayonida: “4 farzandni dunyoga keltirgan, ularni ulg'aytirgan, menga otalik baxtini bergan ayolimdan bir umr minnatdorman”, deya tez-tez takrorlardi. Ilm yo'lida ular doim bahsda edilar. To'g'ri, ba'zan bu bahslar keskin tus olar, ammo bunda bir hikmat bor ekan. Turmush o'rtog'iga havas bilan rahmatli Fotima Mo'minova fan nomzodi, fan doktori, dotsent, professor bo'ldilar. Qator kitoblar yozildi. Ikki olimning kitoblari bugun ham foydali, kerakli va qo'lma-qo'l o'qilyapti. Jurnalistikada Mo'minovlar sulolasining ishini qizi Shahnoza Mo'minova ham davom ettiryapti. Jurnalistika amaliyotida juda faol. Shu bilan bir qatorda jurnalist-talabalarga ham saboq beradi.

Fayzulla Mo'minov O'zMU jurnalistika fakultetida katta laborant, o'quv gazetasi muharriri, o'qituvchi, katta o'qituvchi, dotsent, katta ilmiy xodim, professor, kafedra mudiri, fakultet dekani, keyinchalik O'zDJTU, O'zJOKUda mas'ul lavozimlarda ishladi. 1995-1999 yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas'ul xodim sifatida faoliyat olib bordi. 2018 yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgach, ilmiy ishlar bo'yicha prorektor lavozimi domlaga topshirildi. Universitetning tamal toshini qo'yishda ustozning alohida o'rni bor. Hozirda domla O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi sifatida himoyalarda o'zining dadil, jo'yali va kutilmagan fikrlari bilan har doimgidek faol. To'g'risini aytish kerak, olim xalqining eng katta boyligi — ularning talabalari, yozilgan kitoblari, soha rivoji yo'lidagi ilmiy izlanishlari. Ustoz umrini ilm­­ga bag'ishladi. Qaerda ishlamasin, ta'limni, ilmni tark etmadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashab­busi bilan yozilgan 10 jildlik ilmiy-ommabop nashrning I va X jildlari, “Jahon jurnalistikasi tarixi”, “Jurnalis­tika ijtimoiy institut sifatida”, “Jurnalis­tika sotsiologiyasi” kabi o'nlab asarlarga qo'l urdi. Bugun ham keyingi 5-10 yillikka mo'ljallangan qo'lyozmalar ish stolida turibdi.

Hozirda professor-o'qituvchilar zimmasida og'ir va ayni paytda mas'uliyatli sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalash vazifasi turibdi. Oliy ta'lim sohasiga zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, dars jarayonida interaktiv usullardan oqilona foydalanish, turli manbalardan olingan ma'lumotlarni, ta'bir joiz bo'lsa, bilimlarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilib, yoshlar ongiga singdirish, axborot xuruji avj olayotgan bugungi kunda axborotning haqiqat yoki bo'hton ekanligini farqlay bilish kabi jihatlarda ularning vazifasi naqadar yuqori ekanligini his qilamiz. Ta'bir joiz bo'lsa, Fayzulla Mo'minov jurnalistika sohasida o'z ilmiy maktabini yarata oldi. Shu maktabdan suv ichgan Yusuf Hamdamov, Nargis Qosimova, Tamara Masharipova, Salim Doniyorov, Olimjon O'sarov, To'lqin Eshbek, Perxan Allambergenova, Yulduz Artikova, Yulduz Zohidova, Alisher Matyakubov, Qumar Begniyazova, Aziza Xalilova, Sanobar Jumanova kabi o'nlab olimlar jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritishmoqda. Hali bu ilmiy maktabdan yana o'nlab olim va olimalar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil!

Amrullo KARIMOV,

O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dekani,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =