AQSh davlat kotibiga xat

2020 yil. Farg'ona viloyati hokimligi axborot xizmatida ishlar edim. Vazifam nuqtai nazaridan barcha ommaviy axborot vositalarini kuzatib boraman. Shunda “Ozodlik” radiosi shov-shuvli axborot tarqatdi. Unda “Ozodlik” jurnalisti shahar ichki ishlar bo'limida bir mahbus urib o'ldirilgan, dedi. Mana o'sha xabar.

 “Ozodlik” radiosi: “Quvasoy ichki ishlar bo'limida kaltaklangani iddao qilingan mahbus kasalxonada o'ldi.

Farg'ona viloyat, Quvasoy shahar, Azizov ko'chasida yashagan 25 yashar Mirzohid Yo'ldoshev 6 may kuni Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazi Farg'ona viloyat filialida olamdan o'tdi.

Bu haqda “Ozodlik”ka 11 may kuni xabar qilgan yaqinlari iddaosiga ko'ra, marhum Yo'ldoshev “4 may kuni Quvasoy shahar IIB binosida kaltaklanganida umurtqa va dumg'aza suyagi singani ortidan kasalxonada olamdan o'tgan”.

Mahbus olamdan o'tgan Farg'ona viloyat kasalxonasi vrachi Yo'ldoshevning o'limini “Ozodlik”ka tasdiqladi, ammo o'lim sabablarini tibbiyot siri deya aytmadi.

O'zini “Quvasoy shahar IIB jinoyat qidiruv bo'limi tergovchisi” deb “Ozodlik”ka tanishtirgan shaxs 4 may kuni shaharda sodir bo'lgan o'g'irlik jinoyati yuzasidan olib borilgan surishtiruv doirasida Mirzohid Yo'ldoshev IIBga olib kelinib, guvoh sifatida so'roq qilinganini tasdiqladi. Tergovchining “Ozodlik”ka aytishicha, “mahbus mavjud qoidalar asosida so'roq qilingan va unga nisbatan jismoniy tazyiq qo'llanilmagan”.

Maqola yozilayotgan paytda bu voqea yuzasidan ichki xizmat tekshiruvi boshlangani ma'lum bo'ldi.

Tergovchiga ko'ra, Yo'ldoshev 24 soatdan ozroq qamoqda saqlanib, 5 may kuni uyiga javob berilgan.

Mulozimdan olingan ma'lumot.

Quvasoy shahar IIBning voqeadan xabardor zobiti ishdan haydalishidan qo'rqqani uchun ismini aytmay “Ozodlik”ka ma'lumot berishga rozi bo'ldi.

Uning aytishicha, 4 may kuni Quvasoy shahar IIB boshlig'i Elyor G'aniyevning buyrug'iga ko'ra, o'g'irlikda gumonlangan Quvasoy turg'uni Mirzohid Yo'ldoshev IIB binosiga olib kelingan:

“IIB jinoyat qidiruv bo'limi xodimlari uni bir kun qamoqda ushlab qiynashdi. Oyoqlariga va qorniga tepishdi. So'ng IIB xodimlari Yo'ldoshevni ko'tarib sement polga tashlashgan. Oqibatda Yo'ldoshevning orqa umurtqasi va tos qismi singan. Bu tashxisni 5 mayga o'tar kechasi IIBga chaqirilgan skoriy doktorlari qo'ydi. Ertasi 5 may kuni IIB xodimlari mayib bo'lgan Yo'ldoshevni uyiga olib borib tashlab kelishdi. Quvasoy IIB jinoyat qidiruv bo'limi boshlig'i Akmal Qo'chqorov va IIB bosh­lig'i Elyor G'aniyev doktorlarga bosim qilib tashxisni yirtib tashlashni so'rashdi. Doktorlarning IIBga kirgani videokamerada aks etgan. Shu bois ular Yo'ldoshevni ko'ngli behuzur bo'lib tobi qochgan deya yozib berishdi. Bu IIBdagi mavjud qoidalarga zid”.

Viloyat prokuraturasiga ariza berilgan.

Mirzohid Yo'ldoshev yaqinlarining “Ozodlik”ka aytishicha, ular 5 may kuni Yo'ldoshevni kasalxonaga yotqizishgan va o'sha kunning o'zida Farg'ona viloyat prokurori Ulug'bek Qosimov nomiga ariza yozib topshirishgan. Yaqinlarining aytishicha, arizada Yo'ldoshevga nisbatan qiynoq qo'llagan IIB xodimlari jazolanishi talab qilingan.

Farg'ona viloyat prokuraturasining o'zini tanishtirmagan xodimiga ko'ra, “ariza atroflicha tekshirilmoqda”.

Yo'ldoshev yaqinlari esa, ariza berilganidan beri besh kun o'tsa ham hech kimga chora ko'rilmagani va qiynoq qo'llagan IIB xodimlari bemalol ishga kelib-ketib yurganini aytishdi.

Quvasoy shahar IIBning voqeadan xabardor zobiti iddaosiga ko'ra, IIB boshlig'i Elyor G'aniyev viloyat hokimi Shuhrat G'aniyevning jiyani, ya'ni akasi Ulug'bek G'aniyevning o'g'li bo'lgani uchun IIB ichki xavfsizlik tizimi bu voqeani taftish qilishga shoshmayapti.

Maqola yozilayotgan paytda Farg'ona viloyat IIB xodimi “Ozodlik” muxbiri bilan bog'lanib, “Yuz bergan noxush hodisa yuzasidan viloyat IIB ichki xavfsizlik bo'limi xodimi Murodjon Qunduzov tarafidan xizmat tekshiruvi” olib borilayotganligini ma'lum qildi. IIB xodimiga ko'ra, “marhumni Quvasoy IIBning Furqat ismli tezkor xodimi urganligi haqida dastlabki taxmin bor”.

“Ozodlik” 11 may kuni Quvasoy IIB boshlig'i Elyor G'aniyevning qo'l telefoniga qo'ng'iroq qilib, mahbus Yo'ldoshev qiynoqqa tutilgani borasida savol berdi. Savolni tinglagan G'aniyev: “Birpas turib telefon qiling, javob beraman”, dedi. Keyingi safar telefonni G'aniyevning haydovchisi olib: “Boshliq majlisga kirib ketdi, hali-beri chiqmaydi”, deya javob berdi.

Quvasoy shahar IIB boshlig'ining tarbiyaviy ishlar bo'yicha o'rinbosari Nodir Odilov ham “Ozodlik” savolini izohsiz qoldirdi”.

Shubha yo'qki, “Ozodlik”dan bu xabarni eshitgan odam borki, Ichki ishlar xodimlariga nisbatan nafrati paydo bo'lishi aniq edi. Men darhol voqea joyi – Quvasoy shahar ichki ishlar bo'limiga bordim. Hammayoq tinchlik edi. So'rab surishtirdim, boshliq Elyor G'aniyev bunday voqea ro'y bermaganini aytdi. Lekin shubham yozilmadi. Shunday bo'lsa, Mirzohid Yo'ldoshevni ko'rmoqchiligimni aytdim. Menga yo'l ko'rsatishdi. Azizov nomli ko'chadagi uning uyi oldida o'n-o'n besh chog'li odam kulishib turardi. Ular meni tanishdi (uzoq yillar Respublika televideniesining “Axborot” dasturida muxbir bo'lib ishlaganim uchun bo'lsa kerak). Salomlashdik.

— Siz ham fotihaga keldingizmi? — dedi ularning biri qah-qah otib kulib. Keyin izoh berdi. — Mirzohid o'libdi deb eshitib, qishlog'imizdagi tanish-bilishlari kelsak, mana u, qo'chqordek dikillab turibdi.

Yana duv etib kulgi ko'tarildi.

— Sizmisiz Mirzohid Yo'ldoshev? — so'radim baland bo'yli, kelbati kelishgan, oq-sariqdan kelgan yigitdan. Negadir u tirjaygani-tirjaygan edi.

— Nima derdi, ko'r tutganini, kar eshitganini qo'ymaydi, degan maqol bormidi? — dedi u ishshayib. — Yoshlikda bir o'g'irlik bilan qo'lga tushgandik, aka, qishlog'imizda ot yo'qolib qolgan ekan, meni ham gumonlab melisa chaqirgandi. So'radi, xabarim yo'q dedim, qo'yib yuborishdi. Keyin eshitsam, Amerikadan gapirganmish, meni melisa urib o'ldirdi, deb.

Gur etib kulgi ko'tarildi. Bu gal men ham kulib yubordim.

— Ey, aka, meni Amerikada ham tanishar ekan!

Kulgiga yana kulgi qo'shildi. O'zi shunaqa. Farg'onaliklarga bir payrov bo'lsa bas,  to'xtata olmaysiz.

Mirzohid sog'-omon edi. Anchagina suhbatlashdim. Hatto atayin militsiyani zo'ravonlikda ayblab ko'rdim.

— E, aka, ursa urdi deyman-da.

“Ozodlik” radiosi navbatdagi tuhmat toshini otganiga qat'iy ishonch hosil qilgach, voqelik to'g'risida videoraddiya tasvirga tushirib, hokimlik telegram kanali va ijtimoiy tarmoqda uni e'lon qildim. Mana, uning matni:

“M.Obidov: – Assalomu alaykum!

Bir kuni Afandi qo'shnisining bog'iga o'g'rilikka tushibdi. Uni tutib olgan qo'shnisi:

— O'g'rilik qilgani uyalmaysizmi? – desa, afandi:

— Unda o'zing nega xotiningga kovush olib bermaysan? – degan ekan.

“Ozodlik” radiosini o'sha o'g'riga o'xshatgim keldi. Faqat u bog' emas, odamlar halovatining o'g'risi. Yolg'on, bo'hton, tuhmat degan qurol bilan qalblarga jarohat yetkazuvchi o'g'ri.

Bunday deyishga to'la asosim va dalillarim bor.

“Ozodlik” kuni kecha “Quvasoy IIBda kaltak­langani iddao qilingan mahbus kasalxonada o'ldi” degan sarlavha bilan g'oyat tashvishli axborot tarqatdi.

Shuning uchun ham voqelik yuzasidan darhol surishtiruv o'tkazdik. Viloyat IIB boshlig'i Doniyor Toshxo'jayev bilan ham uchrashdik.

Doniyor Toshxo'jayev: –“Ozodlik”ning bu xabari tuhmatdan boshqa gap emas. Quvasoy IIBda so'roq qilinganlarning hech biri kaltak­lanmagan, qolaversa, o'lmagan. Bu haqida hech qanaqa xizmat tekshiruvi o'tkazilayotgani yo'q.

M.Obidov: — Doniyor Toshxo'jayev so'zlarini tinglab bir oz taskin topgan bo'lsak-da, darhol quvasoylik Mirzohidjon Yo'ldoshevni qidirib topdik. U to'rt muchasi sog'-salomat, norg'uldek yigit ekan.

Mirzohidjon Yo'ldoshev: — Bu qanaqasi o'zi? Meni o'ldi deb uyimga fotihaga kelayotganlar to'xtamayapti.

Ey “Ozodlik”! Mana, men sog'man. Belim ham, oyoqlarim ham sog'. Nega meni o'ldiga chiqarasan? Meni hech kim urgani ham yo'q, o'lganim ham yo'q.

M.Obidov: — Mana ko'rdingiz yolg'onning umri qanchalar qisqaligini. Zohidjon Yo'ldoshev, obrazli qilib aytganda, otdek edi. Soppa-sog' edi. O'lmagan edi!

Menimcha, bu yolg'onga hech qanday sharh kerak emas. Shunday bo'lsa-da, “Ozodlik”ning ushbu maqolasi yuzasidan ayrim mulohazalarimni aytay.

Birinchidan, “Ozodlik”dagi jurnalistlarning anchagina tishi tushibdi. Yolg'on to'qish, yolg'onga ishontirish “tajribasi”ning siyqasi chiqib ketibdi. Bu ketishda ularning barchasi ishsiz qolishi tayin. Chunki egalariga ovchi, tishlagan joyini uzib oladigan… nima deymiz, ha o'sha-da, kerak. Hatto ilgari bo'ri bo'lganida ham tishsiz qolsa, ovga yaramaydi-da. Mana qarang maqoladagi iboralarga:

“Yaqinlarining iddaosiga ko'ra umurtqa va dumg'aza suyagi singani ortidan kasalxonada olamdan o'tgan”.

“IIB xodimlari Yo'ldoshevni ko'tarib sement polga tashlashgan”.

“Bu tashxisni skoriy doktorlari qo'ygan”.

“Elyor G'aniyev hokim Shuhrat G'aniyevning jiya­­ni, akasi Ulug'bek G'aniyevning o'g'li”.

Gumonlar, taxminlar, farazlar va tuhmatlar savollar tug'diraveradi.

— Xo'sh, Mirzohidjon Yo'ldoshev o'ldi deb qaysi yaqini xabar berdi?

— IIBda umuman osti sement bo'lgan xona bor ekanmi?

— Qaysi doktor umurtqasi, tos suyagi singan deb tashxis qo'ygan ekan?

Javob yo'q. Manba yo'q. Chunki bu tuhmat va yolg'on.

Endi G'aniyevga kelsak. Ha, Quvasoy shahar IIB boshlig'i Shuhrat G'aniyevning akasi Ulug'bek G'aniyevning o'g'li. Agar “Ozodlik” xolis bo'lganida surishtirardi va haqiqatni aniqlardi. Shuhrat G'aniyevning akasi — hozirda iste'fodagi polkovnik Ulug'bek G'aniyev harbiy xizmatdan so'ng militsiya tarkibiga ishga kirganida ukasi Shuhrat G'aniyev hali maktab o'quvchisi edi. Ulug'bek G'aniyevning o'g'li ota izidan borib o'qib, so'ng militsiyaga ishga kirganida, ke­yinchalik lavozim egallaganida Shuhrat G'aniyev bugungi iqtidorda, lavozimda emasdi.

Sezib turibman, siz ham “Ozodlik”ni yolg'onlari uchun, odamlar qalbiga bergan ozori uchun qoralayapsiz. Lekin nachora, aytadilar-ku, zahar solmoq emish kasbi ilonning, deb.

“Ozodlik”ning yolg'onlari IIB tizimi yoki hokim G'aniyevga emas, balki tobora mus­tahkamlanib borayotgan o'zbek davlatchiligi, xalq birdamligi va mamlakatda qaror topayotgan adolat tamoyillariga qarshi yo'naltirilgandir.

Odatda, o'lganlar tirilmaydi. Ammo Mirzohidjon Yo'ldoshev u dunyodan qaytib kelgani yo'q. Xo'sh, bunga nima deysiz, “Ozodlik”chilar?

Agar vujudingizda zarracha bo'lsa-da imondan qolgan bo'lsa, ushbu raddiyani saytingizga qo'ying va sizningcha “marhum”, aslida, tirik Mirzohidjonga javob bering!”

Raddiya yuz minglab marta ko'rildi va o'qildi. Odamlar “Ozodlik” radiosiga ishonch yo'qolganini yozdilar.

Aslida, “Ozodlik” Farg'ona viloyatidagi ijtimoiy hayot haqida birinchi bor yolg'on axborot tarqatayotgani yo'q edi. Ilgarilari ham goh yolg'on, goh yarim yolg'on xabarlar chiqib turardi. Shuning uchun menga bir fikr keldi. Nega endi AQSh Davlat departamenti moliyalashtiradigan “Ozodlik” radiosi bu qadar noxolis? Nahotki uning egalari shuni xohlashsa, shunday yo'riq bersa? Axir AQShdan O'zbekistonga bot-bot kelayotgan nufuzli delegatsiyalar buning aksini aytmoqda-ku. Demak, Departamentda “Ozodlik” o'yinlarini bilishmaydi. Shunday xulosaga kelgach, AQSh Davlat departamenti rahbari – Davlat kotibi Mayk Pompeoga xat yozishga qaror qildim. Uni tayyorlagach, “Ozodlik”ning Farg'onaga oid bir necha tuhmat materiallarini ilova qilib, barchasini ingliz tiliga tarjima qildirdim. Xat viloyat hokimi Shuhrat G'aniyev nomidan edi.

— Siz hushingizdamisiz, Mayk Pompeoga xat? Yo'q, bunday xatga imzo chekmayman. U dunyodagi eng qudratli mamlakatlardan birining tashqi ishlar bo'yicha rahbari. Men esa viloyat hokimiman. Unga xat yozish vakolatim doirasidagi odam emasman!

Hokim masalaga qat'iy nuqta qo'ygandi. Men noiloj “xo'p”, dedim. Ammo ahdimdan qaytmadim. Xonamga kirib, xatning imzo qismini o'zgartirdim va darhol internet orqali AQSh Davlat departamentiga, o'sha vaqtda Departamentning rahbari bo'lgan  Mayk Pompeoga yubordim. O'sha xatning o'zbekchadagi nusxasi quyidagicha edi:

AQSh Davlat

Departamenti, janob

Mayk Pompeoga

Nusxasi “Ozodlik” radiosi o'zbek xizmati rahbariyatiga

O'zbekiston – AQSh munosabatlari ikki davlat prezidentlari sa'y-harakatlari bilan mus­tahkamlanib borayotgani quvonchli hol. Ammo AQSh Davlat departamenti moliyalashtiradigan “Ozodlik” radiosining o'zbek sho''basi jurnalistlari dalillar bilan isbotlanmagan, yolg'on, haqiqatdan yiroq axborot tarqatib, O'zbekiston davlatchiligiga xuruj qilishdan to'xtamayotir.

Buni Farg'ona viloyati misolida ham ko'rish mumkin. Masalan, 2019 yil 15 oktyabrda “Ozodlik” radiosi o'zbek sho''basi “Azot” zavodi ishchi-xizmatchilari majburiy mehnatga jalb qilinib paxta terimiga olib chiqilmoqda, deya axborot tarqatdi. Farg'ona viloyat hokimligi Axborot xizmati darhol bu xabarni o'rganib chiqdi va u yolg'on ekani isbotlandi. “Azot” zavodi kasaba uyushmalari a'zolari, jamoatchilik vakillari mahalliy televidenie va internet saytlari orqali “Ozodlik” radiosining bu xatti-harakatini qoralab chiqdilar va raddiya talab qildilar. “Ozodlik” jurnalistlari esa ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi xalqaro konvensiya tamoyillariga rioya etmadilar va “Azot” korxonasi kasaba uyushmasining talabiga asosan yolg'on axborot tarqatganligi uchun uzr so'ramadi.

Shunday hol 2020 yil 11 may kuni yana ro'y berdi. “Ozodlik” radiosining o'zbek sho''basi shu kuni “Quvasoy ichki ishlar bo'limida kaltak­langani iddao qilingan mahbus kasalxonada o'ldi” nomli maqola e'lon qildi (ilova №1).

Maqola yuzasidan o'tkazilgan surishtiruv shuni ko'rsatmoqdaki, u to'lig'icha yolg'on, tuhmat va haqiqatga mutlaqo mos kelmaydigan provokatsiya edi. Farg'ona viloyat hokimligi Axborot xizmati zudlik bilan bu haqida ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirdi (ilova №2) va “Ozodlik” radiosi o'zbek sho''basidan raddiya talab qildi.  “Ozodlik” jurnalistlari juda katta xatoga yo'l qo'yganlarini bilishgach, darhol bu maqolani o'z saytlaridan olib qo'ydilar. Ammo haligacha raddiya bermayaptilar, ular ma'naviy zarar yetkazgan shaxslardan uzr so'ramay kelishmoqda.

Hurmatli Mayk Pompeo janoblari!

Siz har bir chiqishingizda AQSh demokratik tamoyillar ustuvor bo'lgan davlat, deysiz. Shunday ekan, AQSh Davlat departamenti mo­liyalashtiradigan “Ozodlik” radiosi o'zbek sho''basi xodimlarining xatti-harakatlari o'rganib chiqiladi va munosib huquqiy baho beriladi deb ishonamiz.

Muhammadjon Obidov,

Farg'ona viloyati hokimligi

Axborot xizmati rahbari.

13.05.2020 y.

Oradan biroz muddat o'tgach, bilmadim, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga yo'llangan xat tufaylimi yoki boshqa sabablimi, “Ozodlik” radiosining o'zbek sho''basi rahbari o'zgardi. Bir jurnalisti ma'lum vaqt efirdan chetlatilganini ham kuzatdik.

Xo'sh, oradan to'rt yil o'tib nega hozir bu voqelikni esga oldik? Menimcha, axborot xizmati vakillari bugungi kunda go'yo “advokat” bo'lib qolayotganga o'xshaydi.

Holbuki, vazifa ular o'ylaganidan kengroq, avvalo, mamlakatdagi  so'z erkinligi, ochiqlik, oshkoralik, milliy manfaatlarga xizmat qilish­likdir ham. O'zlari vakil bo'lgan idoraning “obro'si”ni himoya qilish bilangina chegaralanib qolish umummilliy qadriyatlarga putur yetkazmayaptimi, degan savollar tug'iladi.

Nima bo'lganda ham xolislik va adolat — har bir jurnalistning, shu jumladan, matbuot xizmati vakillarining ham vijdoniy ishiga aylanmog'i shart.

Siz nima deysiz, hamkasb?

Muhammadjon OBIDOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − eight =