Jurnalist mahorati

uzoq yillik izlanish, mehnat va ta'lim samarasidir

Har bir sohada bo'lgani kabi, jurnalistikada ham ustoz-shogird an'analari azaldan mavjud. Oliy o'quv yurtida nazariy bilimlarni egallagan yoshlarga ish faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab tajribali amaliyotchilarning  yillar davomida shakllangan ish uslubi va tajribasini o'rganish, mahorat sirlari bilan tanishtirish yaxshi natija beradi. Shu ma'noda bugun jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o'quv yurtlarida nazariy bilimlar amaliy ko'nikmalar bilan uyg'un holda mustahkamlanayotgani, gazeta va jurnallar tahririyatlarida, televidenie va radioda ustoz jurnalistlarning mahorat maktablari tashkil etilayotgani ayni muddaodir.

Bundan yigirma yil avval “O'zbekis­ton adabiyoti va san'ati” gazetasida O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun maxsus mahorat maktabi  tashkil etgan edik. Unga qo'lida qalami bor, matbuotda xabar va maqolalari bilan ko'rinib turadigan, ijodkorlikka moyil yoshlarni tanlab oldik. Mashg'ulotlar  ijodiy ish yozish, mualliflarning turfa mazmundagi xat-xabarlarini nashrga tayyorlash, tahrir san'atini o'rganish, fakt  va raqamlardan foydalanish, tahririyat pochtasini kuzatib borishdan iborat bo'ldi.

2010 yildan boshlab, mashg'ulotlar fakultetda, turli tahririyatlarda, jumladan, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida  ham o'tkazildi. Maktab o'quvchilarining eng yaxshi ishlari (xabar, maqola, esse) respublika gazetalarida muntazam chiqib turdi. “Yoshlar ovozi”, “Ma'rifat”, “O'zbekiston ovozi”, “Adolat”, “Milliy tiklanish”, “Toshkent haqiqati” gazetalarida maxsus sahifalar e'lon qilindi. “Sharq” nashriyotida maktab tinglovchilarining eng yaxshi maqolalaridan iborat “Gullayotgan daraxt” to'plami chop etildi.

O'tgan yillar ichida mahorat maktabimizda 250 dan ortiq bo'lajak hamkasblarimiz tahsil oldi. Ulardan ikki nafari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, uch  nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga, 6 nafari xalqaro “Oltin qalam” mukofotiga munosib ko'rildi, 30 dan  ortig'i O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, respublika Jurnalistlar uyushmasi tanlovlarining g'oliblari bo'lishdi. Mahorat maktabimizning ko'plab ting­lovchilari bugun O'zbekiston Milliy axborot agentligida, davlat va xususiy telekanallarda, yetakchi gazeta va jurnallarda, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlarida samarali faoliyat yuritmoqda.

Keyingi besh yil ichida O'zMU jurnalistika fakulteti va “Jahon adabiyoti” jurnali o'rtasidagi ijodiy kelishuvga binoan, mahorat maktabi mashg'ulotlari jurnal tahririyatida o'tkazilmoqda. Quyida mahorat maktabida tahsil olayotgan  talabalarning ijodiy ishlaridan ayrim namunalarni e'tiboringizga havola etmoqdamiz.

Ahmadjon MELIBOYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,

“Mahorat maktabi” rahbari.

HARAKAT

Kelajagimni tasavvur qila olaman.  Bu o'zimga bog'liq. Ota-onamga ham.

Jurnalistikaga kelishimdan avval ko'p narsalarni boshqacha tasavvur qilgan ekanman, mana, oradan  uch yil o'tib, o'zimni, kelajagimni biroz kech bo'lsa-da, anglay boshladim. Sababi,  men qiziqqan,  o'ylagan narsalar bosh­qacha edi,  bu yerda ota-onam xohlaganlari uchun o'qiyapman, Xudo xohlasa, o'zim qiziqqan sohaga yana qaytaman. Bunda menga… jurnalistika yordam beradi.

Hayotda har kuni  kutilmagan hodisalar bo'lib turadi. Buni bilaman. Men ang­lagan haqiqat — faqat orzu bilan yashab bo'lmas ekan,  shirin tush va orzularni ro'yobga chiqarish uchun  ko'p zahmat chekish, muttasil harakat qilish kerak ekan. Bunga men tayyorman.

Muhiba SUYuNOVA

KIM TUShUNMAYDI?

Hayot nega bunday beshafqat deya noliydigan insonlar  bor. Meningcha, bu — katta xato. Boshiga og'ir bir sinov kelsa, negaligini o'ylamay, nuqul  arz-dod qiladi, sinovdan o'tgach, bu dunyoda mendan boshqa baxtli yo'q, deb  bosar-tusarini bilmay qoladi.

Inson zotini tushunish qiyin — na issiqqa chidaydi va na sovuqqa. Balki xato o'ylayotgandirman.  Ammo  shu savolga javob topolmayman. Nega bunday besabrmiz, yengil-elpi o'ylaymiz? Yutuqlarimizni-ku, ko'z-ko'z qilamiz, ammo xato-kamchiliklarimizdan ko'z yumamiz, bir do'st yuzimizga ochiq ayt­­sa, undan xafa bo'lamiz. Biror holat yoki muammoning tub ildizi haqida o'ylamaymiz. Inson zoti asli shunday yaralganmi, deyman-da.

Meni o'ylantirayotgan yana bir muammo shuki, ko'plar hech bir harakat qilmay ham katta natijani kutishadi. Qozonga masalliq tushmasa, ovqat qaerdan paydo bo'ladi? Bola oilada to'g'ri tarbiya qilinmasa, u odobni qaerdan o'rganadi? Bog' qilishni o'ylagan odam ko'chat eksa-yu, uni sug'ormasa, meva yemaydi. Nahotki buni tushunmaymiz?

Bu mushohadalarimni bir davrada aytgan edim, suhbatdoshlarimdan biri meni hech baloni tushunmaslikda aybladi.

Dilso'z NABIYEVA

ORZULAR UShALADIGAN YuRT

Ko'pincha o'zimga o'zim savol beraman: “Men  yana uch yildan keyin qanday natijalarga erishaman, besh  yildan keyin o'zimni qanday tasavvur qilaman, o'n yildan keyin-chi? Boshqalarning havasini keltiradigan  yutuqlarim bo'ladimi? Buning uchun nima qilishim kerak?”

Bu savollar tez-tez, turli holatlarda, masalan, tengdoshlarimning yutuqlariga guvoh bo'lganimda yodimga tushib turadi.  Ammo xayolimdagi  o'sha “men”ga ega bo'lish uchun bugun qanchalik harakat qilyapman? – bu to'g'rida deyarli o'ylamayman. Chunki harakatimdan o'zim qoniqmayman.  To'g'ri tushuning, bu  — vaqtni bekorga o'tkazmoqdaman, deganim emas. Universitet, respublika miqyosida ma'lum yutuqlarga erishdim, mehnatimga yarasha e'tirof etildim, atrofimda menga havas qiladiganlar, “Bizga ham sizning yo'lingizni bersin”, deydiganlar yo'q emas.  Ammo xotirjam bo'lishimga hali erta. Lofga  yo'ymang-ku, faqat atrofimdagilar emas, dunyoning narigi chekkasidagi bir orzumand qiz ham havas qiladigan inson bo'lishim kerak.

Men kim bo'lmoqchiman: avvalo, inson nomiga to'laqonli munosib inson! Keyin mamlakatimiz qizlari havas qiladigan, ular idealidagi Muxlisa Abdujalilova!

Shunday bo'ladi ham. Chunki biz bugun go'zal orzular ushaladigan mamlakatda yashamoqdamiz.

Muxlisa ABDUJALILOVA

YO'L KO'P, AMMO…

Bu haqda uzoq o'yladim. Avvallari hayotdan norizolik hissi bo'lardi menda. O'sha kayfiyatdagi fikrlarim endi unutildi. Hozir hammasidan mamnundekman, shukronalik tuyg'usini tuymoqdaman. Ammo umr suvdek oqmoqda. Shu yoshga yetgunga qadar  yo'limda uchragan turli insonlarni ko'rdim, kuzatdim, tingladim, bahslashdim. Lekin ko'plaridan  qoniqmadim. Ota-onamdan, ustozlar-u yaqin do'stlardan va hatto o'zimdan ham.

Nega deysizmi? “Nima uchun qoniqishing kerak, sen o'zing ulardan nima  izlading”, demoqchimisiz? Taajjubingizni tushunaman. Mening dunyo,  insonlar, insoniy munosabatlar, mehr-oqibat haqidagi tasavvurlarim o'ta g'o'rligidan bo'lsa kerak bu. Mukammal inson haqidagi orzularimiz hamon orzuligicha qolayotganidandir, balki?!

Hamma inson bir xil bo'lishga majbur emas, albatta. Bu hayotning yozilgan, lekin amal qilinmaydigan qonunlari ko'p ekan. Hamma yaxshi inson bo'lishni istaydi. Ammo bunga erishish uchun yolg'ondan,  chidamsizlikdan, ig'vo va tuhmatdan ham bemalol foydalanadi. Bir qarasang, halol-poklikdan so'z ochadi, bir qarasang, butunlay bosh­­qa bir qiyofada.

Biz shunday hayotda yashashga majburmiz. Har kim o'z yo'lidan yuradi va, albatta, faqat o'zining yo'li to'g'ri, deb hisoblaydi.

Lobar TO'RAYEVA

XATODA HAM XATO BOR

Inson zoti borki,  umrida bir marta bo'lsa ham xatoga yo'l qo'yadi. Kimdir yolg'on gapirib, yana kimdir birovning haqiga xiyonat qilib yoki kimgadir ortiqcha ishonib xato qiladi.

Oila muqaddasligini anglamagan holda turmush qurib, keyin ajrashib, bolalarini sarson qilayotganlar, iymonli insonlarni aldoq olovida yondirib, o'zlari yallo qilib yurganlar, birovlarning baxtini o'g'irlayotganlar, bu ishlari og'ir gunohligini tan olmayotganlar qancha? Bu haqda gap ochilgudek bo'lsa, “Ha, endi, bir xatolik o'tibdi-da”, deyishadi yuzingizga qarab.

Aslida, xatoga yo'l qo'yishning yomon joyi yo'q. Adashgan, yanglishgan odam keyinchalik bu xatoni takrorlamaslikka intiladi. Ammo u  o'z manfaatlari, nafsi uchun xato qilayotgan bo'lsa-chi?

Dilrabo ABDUKARIMOVA

GO'ZAL YoLG'ON

Gapning ochig'i shuki, hayotda achchiq haqiqatdan ko'ra shirin yolg'onni afzal ko'radiganlar ko'p. Atrofimizdagi haqiqatgo'y do'stlardan chin yuzimizni yashiramiz. Kimgadir yoqish uchun o'zimizni aldaymiz, o'zligimizdan kechamiz, imon-e'tiqodimizga putur yetkazamiz.

Dunyo yaralibdiki, shunday. Kimdir undan yaxshi maqsadda, yana kimdir esa yomon maqsadda foydalanadi. Yolg'onning ham yaxshisi bo'ladimi, deb o'ylashingiz tabiiy, albatta. Ha, bo'ladi. Onalarimiz dasturxonda biror tansiq yegulik bo'lsa-yu,  ko'pchilikka kamlik qilsa, albatta, “Mening qornim to'q, yaqinda ovqatlangan edim”, deyishadi. Hayotimizda ko'p bor  betob inson holidan xabar olgani borganmiz. Bemorning ahvoli yomonligini ko'rib tursak ham, unga “Ahvolingiz ancha yaxshi, yuzingizda kasallik alomati yo'q, tuzalib ketasiz” deymiz. Mantiqan olib qaralsa, bu ham yolg'on. Ammo shu qadar go'zal yolg'onki, bunga hatto havas qilsa bo'ladi.

Ko'ngil olish – savobli ish. Ammo bu bilan yolg'on gapirish mumkin, degan fikrdan yiroqman. Har bir so'zning, go'zal yolg'onning ham  o'rni bor. Fitna qo'zg'ovchi, yaqinlar orasini buzuvchi, oilalarni baxtsiz, farzandlarni yetim qiluvchi, yaramas kirdikorlarni yashirishga xizmat qiladigan yolg'onlardan Yaratganning o'zi asrasin.

Zilola QAHRAMONOVA

KUZNING TA'SIRI

Yoshim yigirmada. Negadir xayolparast bo'lib boryapman. Balki ulg'ayish yoqmayotgandir. Balki atrofimdagi odamlar, umuman, bu hayot menga ishonchsizdek ko'rinayotgandir. Insonning yoshi ulg'aygan sari aqli to'lishib boradi, deyishadi, meni esa aql-idrok tark etayotgandek.

O'ylab qolaman: nega shunday, nimani, qanday haqiqatni izlayapman? Bu holat faqat menga tegishlimi yo boshqalarda ham bormi?

Bu savollarga javob izlab  o'zimni o'zim tahlil qila bosh­layman. Oldingi shoshqaloq, salga jahl qiladigan, kattalarning maslahatini  keraksiz nasihatdek qabul qiladigan erka qizdan asar ham qolmayapti. Fe'l-atvorimdagi  qusurlarim, xatolarim bilan yuzma-yuz kelish oson emas ekan. Aqlim va qalbim o'rtasida sarson jangchiman. Ammo o'zimni oqlash biroz ustunlik qiladi. Chunki hamma ham xato qiladi. Bu mening ham huquqim deb qo'yaman. Shunday deyman-u, bunday  taskinning ta'siri uzoqqa bormaydi.

Yolg'on bilan yashash… Ochig'ini aytsam, yolg'onlarimning eng xatarlisi – o'zimni aldaganlarim,  eng yomoni — vijdon azobi ekan. Sanoqda adashasan, barmoqlaring yetmaydi. Bo'g'zingga nimadir tiqiladi. Juda og'riqli. Xayollarim  tarqoq. Kimdir menga parishonsiz desa, yo'q, bu — kuzning ta'siri deb jilmayib qo'yaman. Bu – jilmayish emas, navbatdagi yolg'on.

Durdona HAYITOVA

MUKOFOT

Ba'zan  inson o'zi bilan yolg'iz qolganida xatolari haqidagi o'y-fikrlari xuruj qilib, qo'rquv iskanjasida qoladi. Benjamin Franklin aytganidek: “Tajriba qimmat maktab, lekin ahmoqlar uchun bosh­­qa maktab bo'lmasa-chi?” Xatolarini o'zining ojizligi mevasi deb biladigan insonning xayollari arqonning tuguniga o'xshaydi — o'ylagan sari tugunlar chigallashib boraveradi.  Ba'zi insonlar o'zininggina emas,  boshqalarning  arqonidagi tugunlarni ham yechish yo'llari haqida bosh qotiradi.

Dunyo tarixida shunday xatolar bo'lganki, ular tinchlikka, ezgulikka sabab bo'lgan. Va yana shunday xatolar ham bo'lganki, ular mamlakatlar, millatlar orasiga nifoq solgan. Buyuk olim Albert Eynshteynga  mamlakat prezidentligini taklif qilishganda,  u bu lavozimni rad etgan. Agar u bu taklifni qabul qilganida, bugun u insonlar xotirasida mashhur olim sifatida yodga olinmasligi ham mumkin edi.

Men xato qilishdan, insonlar tasavvurida yomon inson bo'lishdan qo'rqardim. Xatolarim haqida shu qadar ko'p o'ylardim, ammo hayotdagi  katta xatoyim — ularni anglab, tan olishni xohlamasdim. Hayotimdagi o'zimni kechira olmaydigan eng katta xatoyim – ota-onamga farzandlik hurmatimni, ularni  yaxshi ko'rishimni aytmaganim, ayta olmaganimdir.

Ota-onam  mehribon inson bo'lishgan, ammo mening xotiramga  bolaligimning shirin xayollari, o'yinqaroqliklar bilan o'tgan damlarim emas, otam har safar spirtli ichimlik iste'mol qilib kelib, onamga, bizga ozor berishlari ko'proq muhrlangan. Qalbimda har kuni yaxshi ota qiyofasini gavdalantirardim, ammo shayton suvi ularni ayovsiz yuvib yuborardi.  Bir safar otam jahl qilganlarida, ularga “Siz sabab bolalik qanday bo'lishini his qilmay o'sdim”, deb yuborganman. Bu shaddodligim otamga qattiq ta'sir qildi, menga ham.

To'g'ri, u vaqtlarda oilamizda sinovli kunlar hukm surayotgan edi. Men ich-ichimdan o'zimni oqlash uchun,  yosh eding, hamma ham xato qiladi, bunda sening aybing yo'q, hozir oilada og'ir kunlar,  deb o'zimga o'zim  taskin berishga urinsam-da, ammo otamni hech qachon tushunmaganim, ularning jahllari — aslida, menga bo'lgan muhabbatlari ekanligini anglamaganimni, o'sha baxt kushandasini ichishlariga bolalikda o'gay onadan ko'rgan jarohatlari sabab ekanligini bilib tursam-da, buni tan olmasdim. Otam meni yaxshi ko'rganliklarini faqatgina ularni kasalxonaga olib ketishayotganida va o'sha kuni tez yordam mashinasida uyga ruhsiz-jonsiz olib kelishganida tushunib yetganman. Bu iqror umrimni pushaymonlikda o'tkazishim kerakligini emas, aksincha, xatolarimni anglab yetishim menga hayotda yashashimda asosiy maqsad nima bo'lishi kerakligini, inson faqat o'zining hissiyotlari olamida yashashi kerak emasligini o'rgatdi va  meni ma'nan ulg'aytirdi.

Xatolardan oqilona foydalanish bizga xatoyimiz uchun berilgan mukofotdir.

Shahnoza NORMO'MINOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + eleven =