Markaziy Osiyo: Global dunyoda mintaqani nimalar kutmoqda?

yoki Tojikiston safaridan keyingi o'ylar

Suv va havodek zarur ikki tarmoq

Halovati yo'qolgan dunyoda vaqt o'tgan sari muammolar ko'paymoqda. Odamzod xavf-xatar ichida yo'qolib ketayotgan ilojsiz jonzotga o'xshab qoldi go'yo. Ayniqsa, iqlim o'zgarishlari natijasida tabiiy ofatlar kuchayib, suv va energetika taqchilligi butun boshli yer yuzi aholisining tinchini buzyapti. Yer yuzida suv taqchilligi tufayli xatarli halokatlar kelib chiqishi mumkin, degan qarashlar tez-tez aytilmoqda.

Bu muammo Markaziy Osiyoda yanada chuqurlashib boraverishi mintaqada yashayotgan bir necha million aholining hayotini tahlikaga solishi mumkin.

“Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish muammolari uzoq muddatga mo'ljallangan yangi qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etmoqda”, degan edi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda bo'lib o'tgan Orolni qutqarish jamg'armasi sammitida. (2023 yil 15 sentyabr)

“Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko'ra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo'lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o'tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, hozirning o'zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablag' yo'qotmoqda. Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik o'sish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bog'liq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari alohida xavotir uyg'otmoqda”, — deya dolzarb muammo haqida o'z fikrlarini o'rtaga tashladi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, sobiq sovet zamonida paxta yakkahokimligi kuchaygani, minglab gektar yangi yerlarning o'zlashtirilishi, mintaqadagi asosiy qon tomiri bo'lmish Amu va Sirdaryoning suvi pasayib ketishi natijasida Orol dengizining ayanchli ahvolga kelib qolishi bugun ko'plab xatarli omillarni keltirib chiqarmoqda.

“Markaziy Osiyoning eng yirik Amu va Sirdaryolari Pomir-Oloy, Tyanshan va Hisor tog' tizmalaridan boshlanib, besh mamlakatning vodiy, voha, cho'l-biyobonidagi ekin maydoniga, bog'-rog'iga, shahar va qishloqlarida istiqomat qilayotgan qariyb 60 million aholiga hayot baxsh etadi, rizq-ro'z beradi. So'nggi payt mintaqada diqqatni jalb qiladigan muhim bir voqea sodir bo'ldi, deyish mumkin, — deb yozadi jurnalist Irismat Abduxoliqov, — Amudaryodan rosmana foydalanadigan davlatlar bittaga ko'paydi. Bundan buyon Markaziy Osiyoning yirik daryosi suvidan 100 million kishi ichadi”.

Qo'shimcha qirq million aholining qanday paydo bo'lgani haqida keyinroq batafsil so'z yuritamiz. Hozir yana jurnalist I.Abduxoliqovning mulohazalarini o'qiymiz:

“…1950 yili “xalqlar otasi” Iosif Stalin qarori bilan Pomir tog'idan Qoraqalpoq cho'liga qadar cho'zilgan shahar-qishloqlarga hayot bag'ishlab kelgan Jayxun bo'g'ilib, sahroda qo'l bilan kavlangan yangi Turkman kanaliga burildi. Shu tariqa Markaziy Osiyodagi eng yirik — Amudaryoning 25 foiz suvi paxta yetishtirish uchun yangi o'zlashtirilgan qo'riq va bo'z yerlarga yo'naltirildi.

Yangi barpo etilgan Turkman kanali oddiy sug'orish shoxobchasi emas, balki kemalar qatnaydigan, yuk tashiladigan, qaqrab yotgan ming-ming gektar yerga “obihayot” yetkazib beradigan misoli bir katta daryo edi…

…Ulkan miqdordagi suv ilma-teshik to'r misoli Qoraqum sahrosidan o'tishi e'tiborga olinsa, qanchadan-qancha suv asrlar mobaynida qaqrab yotgan sahro qumiga singib, yo'q bo'lib ketishi, behisob obihayot havoga bug'lanib ketganini tushunish qiyin emas”.

Afsuski, sahroda qazilgan Qoraqum kanali tufayli behisob suv ko'kka sovurildi va jarayon davom etmoqda.

Qoraqum kanalining qumga singib, havoga parlanishlarini qanday kamaytirish haqida bosh qotirilayotgan bir paytda Markaziy Osiyo mintaqasida yangi muammo paydo bo'ldi. Bu Balx hududida Amudaryodan suv olayotgan Turkman — Qoraqum kanaliga egizak Qo'shtepa kanalining ishga tushirilishidir. Afg'oniston hududidagi bu yangi kanal mintaqadagi suv taqchilligini yanada oshirishi aniq.

Angliyada chiqadigan “The Economist” jurnali taxminiga ko'ra: “Iqlim o'zgarishi tufayli bugun O'zbekiston 15 foiz suvdan mahrum bo'lmoqda, yangi kanal qurilishi ortidan yana 10 foiz (15 va yanada ko'proq degan xomcho't ham yo'q emas) suv yo'qotilgan taqdirda ham, kamomad 25 foizni tashkil etishi mumkin”.

Loyiha bo'yicha 300 kilometrga cho'ziladigan Qo'shtepa kanalining bir qismi ishga tushirildi. Qolgan qismini besh yilda barpo qilish mo'ljallanmoqda.

Jahon tajribasi, BMTning maxsus hujjatlariga binoan, transchegaraviy daryolar necha davlat chegarasidan o'tsa, daryo suvidan, o'zaro kelishilgan kvota asosida, shuncha davlat foydalanish huquqiga ega.

Ammo Qoraqum kanali qurilishidagi kamchilik Qo'shtepa kanali qurilishida yana takrorlanmoqda. Dunyo ahlini qiynayotgan suv muammosi o'ta dolzarb masalaga aylanib borayotgan shu damlarda Qo'shtepa kanalining suvi tuproqqa singib ketadigan usulda qurilib, betonlashtirilmayapti. Natijada Markaziy Osiyo mintaqasida suv muammosi yanada keskinlashuviga olib kelishi mumkin. Shunday bo'lgach, Qoraqum va Qo'shtepa kanallarining qumga, tuproqqa singib ketayotgan suvining isrof qilinmaslik yo'llari borasida Afg'oniston va Turkmaniston rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari, mutaxassislar ishtirokida yig'ilib, mintaqadagi suv muammosi bilan bog'liq global masalaga yechim topmoqlari hayotiy zarurat.

Bir paytlar Markaziy Osiyoni cheksiz paxta maydonlariga aylantirgan sovetlar ishi bitib, eshagi suvdan o'tguncha qop-qop va'dalar bergan edi. “Paxta maydonlarini ko'paytiraveringlar, biz sizlarga Sibir daryolari suvining bir qismini yetkazib beramiz”, deya qo'ynimizni puch yong'oqqa to'ldirishgan. Ammo oradan yillar o'tib, bu va'da unutildi. Yaqinda Qozog'iston parlamenti a'zolari Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyo respublikalariga yo'naltirish yuzasidan rasmiy murojaat bilan chiqdi. Bir paytlar amalga oshmay qolgan ushbu loyiha bugun yana kun tartibiga qo'yildi. Suv xo'jaligi sohasining yirik mutaxassislaridan biri Rim Abdulla o'g'li Giniyatullinning fikricha, Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga olib kelishning murakkab tomonlari bor. Jumladan, u yerdan olib kelinishi mo'ljallanayotgan 25 milliard kubometr suvning 8 milliard kubometri bizga yetib kelarkan. Qolgan qismi Qozog'istonda qoladi. Nasoslar yordamida olib kelinishini hisob-kitob qilganda, 37 milliard kilovatt elektr energiyasi sarflanib, uning narxi bir kubometr gazning narxidan qimmatga tushadi. “Agar bu loyiha SSSR paytida amalga oshirilganda oson bo'lardi”, deya mushohada yuritgan Rim Giniyatullin.

Bu bitta mutaxassisning fikri, albatta. Balki suvni bundan oson, arzon va ko'p miqdorda olib kelish yo'llari ham bordir. Baribir, bundan qirq yil avval O'zbekiston va Qozog'istonning birinchi rahbarlari Sharof Rashidov va Dilmuhammad Qo'nayevning armoniga aylangan orzularini amalga oshirmoq harakati boshlangani bilan tabriklash kerak. Lekin u qachon va qay tarzda amalga oshadi, hali aniq emas. Bundan tashqari, suvni ko'p talab qiladigan ekinlarni kamaytirish va suvni isrof qilmaslik yo'lini tanlash fursati yetdi. Bizda bir gektar yerga 13,14 ming kubometr suv sarflansa, Isroilda bir gektarga 2,5 ming kub metr suv ishlatiladi. Ular har gektar paxtadan 60-70 sentnerdan hosil oladi. Bizda har gektar paxtadan qancha hosil olinayotgani ma'lum. Yana yer va suvga qanday munosabatda bo'layotganimizni Isroil davlatiga solishtirsa, osmon bilan yercha farq borligi ayon bo'ladi.

Bugun suv muammosi dolzarb masala sifatida yuzaga kelayotan ekan, demak, “uzoqdagi dumbadan yaqindagi o'pka yaxshi”, degan ota so'zimizning mag'zini chaqib, o'zimizga yaqin bo'lgan hududlardan masalaga yechim izlagan ma'qul (ammo Sibir daryolari suvidan foydalanish ham kun tartibida turmog'i shart)mikan? Agar hozir O'zbekistonda bir daqiqada 9 kvadrat metr cho'llanish ro'y berayotganini e'tiborga olsak yoki dunyoda tabiiy resurslardan foydalanish ilmiy-tadqiqot instituti (WRI) tadqiqotlariga ko'ra, qishloq xo'jaligida suvdan foydalanish shu zayl davom etaversa, 2030 yilga borib O'zbekiston dunyodagi 33 ta suv tanqis davlatlar qatoriga tushib qolishi mumkin. Demak, kelajakda kutilayotgan jiddiy muammolar nafaqat O'zbekiston ahlini, balki butun boshli Markaziy Osiyo mintaqasini tashvishga solishi shubhasiz.

Shuning uchun mamlakatimiz Prezidenti ko'p suv talab qiladigan va daromadi yuqori bo'lmagan hamda mehnati og'ir bo'lgan paxtachilik maydonlarini keskin qisqartirish, qoldirilgan paxta maydonlariga ham faqat ilmiy asosda yondashish yoki tomchilab sug'orish texnologiyasi asosida mo'l hosil yetishtirish masalasini ko'ndalang qo'ymoqda. Chunki vaqt o'tgan sari suv taqchilligi ortib borishi kuzatilyapti. Markaziy Osiyo hududini suv bilan ta'minlaydigan asosiy daryolar mintaqaning ikkita respublikasida joylashgan. Qirg'iziston va Tojikiston tog'laridan boshlanadigan daryolar Markaziy Osiyo xalqlarining hayot-mamoti. Ushbu suvning 65 foizi Tojikiston Respublikasidagi daryolarning ulushiga to'g'ri keladi. Eng sersuv daryolardan biri bo'lgan Vaxsh o'zanida eng ko'p elektr energiyasi beradigan GESlar qurilganligining o'zi buni isbotlaydi. Tojikiston Respublikasi suv va gidroelektr energiyasi zaxiralari bo'yicha dunyoda Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Braziliya, Kongo, Hindiston va Kanadadan keyin sakkizinchi o'rinda turadi. Markaziy Osiyoda esa birinchi o'rinda.

— Shuning uchun gidroelektr energiya ishlab chiqarishda Vaxsh daryosining o'rni beqiyos ekanligini Tojikiston xalqi yuksak qadrlaydi va uni muqaddas daryo deya ta'riflaydi, — dedi Tojikiston Respublikasi energetika va suv zaxiralari vazirligi xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig'i Parviz Yahyoyev, — shu bois Vaxsh daryosi o'zanida ikkita gigant — Norak va Rog'un GES hamda bir necha kichik GESlar qurilgan. Agar Tojikiston Respublikasi hududida qurilgan 9 ta GESdan 9147,6 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgan bo'lsa, undan 6600 MVt Norak va Rog'un GESlari hisobiga to'g'ri keladi.

Bundan bir necha oylar avval Tojikistonga qilgan safarimiz davomida baland tog'lar quchog'ida joylashgan Norak GESning 300 metr balandlikdagi to'g'onini ko'zdan kechirar ekanmiz, uning hayrotomuz rangdagi suvining jilolanishi e'tiborimizni o'ziga tortdi. Bu qadar tiniq va pokiza rangda tovlanishining sababi bilan qiziqdik.

— Vaxsh daryosi abadiy muzliklarning erishidan paydo bo'lgan. Shuning uchun nafaqat uning rangi tiniq, balki ichimlik suv sifatida ham juda foydali va shifobaxshdir, — dedi Norak GESi mutasaddilaridan biri— Fazliddin Shohiddinov biz o'zbekistonlik jurnalistlarning hayratimizga javoban, — bundan tashqari, Norak gidroinshooti Ginnesning rekordlar kitobiga kirganligi bilan ham ahamiyatlidir. Chunki uning to'g'oni uch yuz metr balandlikda barpo etilganidan tashqari, boshqa suv omborlaridek, asosan, sement, beton bilan emas, balki tosh-qum-shag'al-tuproq qorishmasi bilan mustahkamlangan. Kuchli zilzilalar paytida sement-betonli to'g'onlarda yorilish kuzatilishi mumkin. Ammo Norak GES tabiiy tosh-qum-shag'al-tuproq qorishmasi yordamida barpo qilingani uchun zilzila paytida ular bir-biri bilan o'zaro jipslashib, tobora mustahkamlanib oladi.

Vaxsh daryosi suv zaxiralarining mo'lligi va gidroelektr stansiyalar yordamida energiya ishlab chiqarish manbai sifatida birgina Tojikiston Respublikasida emas, butun boshli Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham juda muhim hayot manbaidir. Shuning uchun uning o'zanida yana bir ulkan inshoot qad rostlamoqda. Bu yer yuzida ulkan inshootligi bo'yicha sanoqli bo'lgan Rog'un GESdir.

— Rog'un GES qurilishi hali sovet zamonidayoq loyihalashtirilgan bo'lishiga qaramasdan, uning barpo etilishi bir necha yillar davomida bahs-munozaralarga sabab bo'ldi va ortga surildi, — dedi “Rog'un” ochiq aksiyadorlik jamiyati monitoring boshqarmasi boshlig'i Nurullo G'oziyev, — hatto mustaqillikka erishganimizdan keyin ham uning qurilishiga doir bahsu munozaralar, to'siqlar to'xtamadi.

— Chunki uning qurilishi Tojikiston Respublikasi hududidan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham xavf-xatar solishi mumkinligi aytildi. Shuning uchun mintaqa aholisi o'rtasida shov-shuvli gaplar ko'paydi, — dedi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalil mutaxassisning fikriga oydinlik kiritish maqsadida.

Baland tog'lar qurshovida barpo etilayotgan to'g'ongacha bizni yer osti yo'lidan olib boradigan “JIP” avtomashinalariga chiqishga taklif qilgan Nurullo G'oziyev ushbu shov-shuvlarga sabab bo'lgan va haybatli cho'qqilar bag'ridagi Rog'un qurilishi haqidagi ma'lumotlar bilan tanishtirishga kirishib ketdi:

— O'tgan asrning 70-yillari boshida cho'llarni o'zlashtirib, paxta ekish maydonlarini kengaytirish maqsadida Turkmaniston va O'zbekiston rahbarlarining taklifi hamda Tojikiston Res­publikasi rahbariyatining roziligi bilan O'zbekistonda loyihalashtirilgan bu gidroelektr stansiyasi 1993 yilda to'liq ishga tushirilishi kerak edi, — dedi N.G'oziyev biz bilan birga haybatli yer osti yo'li (tunnel)dan balandlikka ko'tarilar ekan.

…Shu o'rinda qisqacha izoh bermoqchimiz. Rog'un GESi atrofidagi baland tog'lar ostida qon tomirlaridek turli tomonlarga olib boruvchi 80 kilometrlik yer osti yo'li qurilgan…

Xullas, sovet hukumati parchalanib ketgach, Rog'un GES qurilishi to'xtab qoldi. Undan keyin Tojikistonda boshlanib ketgan fuqarolar urushi sabab yana kechiktirildi. Undan keyin esa Rossiya Federatsiyasi rahbarlari va ularning bir nechta kompaniyalari qurilishni birgalikda boshlashga va'da berishdi. 2005 yilda Rossiya Federatsiyasi sanoat va energetika vaziri V.Xristenko, “RUSAL” gigant energetika qurilishlari direktorlar kengashi raisi O.Deripaskalar tashrif buyurib, qurilishni boshlashga oid bir tomonlama shartnoma tuzildi. Ammo “RUSAL” direktori bu ulkan inshootni qurishdan qo'rqadi va to'g'onni 270 metr balandlikka tushirishsa, ishga kirishishi mumkinligini aytadi.

— Lekin, — dedi “Barqi tojik” aksiyadorlik xolding shirkati boshqarma boshlig'i Baxtiyor Siddiqov, — bizning rahbariyat bu taklifga rozi bo'lmadi. Chunki to'g'onning balandligi 335 metr bo'lishi kerak edi. Aytish kerakki, o'sha paytda mamlakatimizni elektr energiyasi bilan ta'minlash o'ta murakkab ahvolga tushib qolgan edi. Ana shunday og'ir vaziyatda mamlakat yetakchisi xalqning ruhini ko'taruvchi murojaat bilan chiqdi va munozaralarga sabab bo'lgan Rog'un GESni xalqimiz hamda o'zimizning kuchimiz bilan quramiz, dedi. Bugun ishonch bilan ayta olamanki, Rog'un nafaqat Tojikiston Respublikasi uchun, balki Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham juda muhim ahamiyatga ega manzilga aylanmoqda.

Darhaqiqat, Rog'un — orzudan haqiqatga aylangan Nur qasri sifatida qad rostlamoqda. Ayni damda ikkita agregati ishga tushgan. Haybatli cho'qqilar bag'rida bunyod etilayotgan gidroenergetika inshootining yana to'rtta agregati qurilishi uchun 20 mingdan ortiq muhandis va quruvchilar ishlayapti.

Yuqorida aytilganidek, 335 metr balandlikda barpo etilayotgan to'g'onning qurilishi yillar mobaynida bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Uning xavf-xatar keltirishi mumkinligi haqida rang-barang fikrlar aytilavergach, muammoga yechim topish uchun dunyoning shu sohaga oid yirik tashkilotlari va mahoratli mutaxassislarining fikrlari asosida Jahon banki hamkorligida 5-6 yil mobaynida jiddiy o'rganildi, qayta-qayta ekspertizadan o'tkazildi. Shundan so'ng to'g'onning qurilishi bo'yicha o'tkazilgan xalqaro tenderda Italiyaning dunyo miqyosida katta tajriba va obro'ga ega bo'lgan “Salini Impredjilo” kompa­niyasi quruvchilari g'olib deb topildi. Natijada 2016 yilda Rog'un GES qurilishiga rasman ruxsat berildi.

O'zbekistondan borgan to'rt jurnalist “Rog'un” aksiyadorlik jamiyati monitoring boshqarmasi boshlig'i Nurullo G'oziyevni savolga tuta boshladik.

— O'n besh-yigirma yil davomida to'g'on qurilib, shuncha vaqt ichida ulkan omborga Vaxsh daryosining suvi yig'ilar ekan. Daryoning suvi to'liq to'sib qo'yilsa, Markaziy Osiyo mintaqasida yashayotgan O'zbekiston, Turkmaniston, Qozog'iston Respublikalarining ekin maydonlarini sug'orish va aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash xavf ostida qolmaydimi?

— Avvalo, shuni aytib qo'yay, transchegaraviy davlatlardan o'tadigan daryolardan barcha davlatlar bir xil miqdorda foydalanish huquqiga ega, — dedi N.G'oziyev, — shunday bo'lgach, bu huquqni poymol qilishga hech kimning haqqi yo'q. Ikkinchidan, sizlar aytganingizdek, biz Vaxsh daryosining o'zanini to'liq to'sib, suvni Rog'un GES to'g'oniga haydaydigan bo'lsak, bu, avvalo, o'zimizga zarar bo'ladi. Chunki juda katta quvvatga ega bo'lgan Norak GES ham Vaxsh daryosining suvi bilan ishlaydi, unga suv bormay qolishini tasavvur qilyapsizmi? Qolaversa, Rog'un GES qurilishi va unga daryo suvining yig'ilishi 15-20 yil davomida amalga oshiriladi. Suv har doim belgilangan miqdorda barcha respublikalarga yetkazib beriladi. To'g'onga daryo suvining to'planishi Markaziy Osiyodagi birorta davlatning manfaatlariga zarar keltirmaydi. Biz qo'shni va qardosh do'stlarimizga ziyon yetkazishdan yiroqmiz, qiyinchilik tug'dirmaymiz, aksincha, ular bilan bu ulkan GESni birgalikda barpo etamiz va ulug'vor rejalarni hamkorlikda amalga oshiramiz. Ana o'shanda Markaziy Osiyo va janubiy Osiyo hududini elektr energiyasi bilan ta'minlab, mintaqada suv tanqisligining ham oldini olishga erishamiz. To'g'on mo'ljaldagi suvga to'lgach, mintaqada suv muammosi vujudga kelishi bilan biz Rog'unning suvini mintaqa aholisiga keragicha yetkazib berish imkoniga ega bo'lamiz.

Ma'lumki, O'zbekistonda elektr energiyaning katta qismi IES (issiqlik elektr stan­siyasi)larda ishlab chiqariladi. Ularning uzluksiz ishlashi uchun mamlakat tabiiy gazining 12-15 foizi sarflanmoqda. Bu juda ko'p.

“UYQUDAGI AJDAR”MI?

Taniqli jurnalist Shoqahhor Salimov shunday yozadi:

…1911 yil 18 fevral, kechasi soat 23:15. Tojikistonning tog'li Badaxshondagi Usoy qishlog'i aholisi uyquda. Kuchli zilzila oqibatida Murg'ob daryosini to'sib qulagan tog' qishloqdagi uy-joylar, barcha mavjudotni bosdi. Butun boshli qish­loq aholisidan bir chol va 2 nafar o'g'il bola tirik qoldi, jami 105 kishi tog'u xarsanglar tagida ofatning qurboniga aylandi.

Ammo bu fojianing boshlanishi edi.

Voqea joyidan unchalik uzoqda bo'lmagan Murg'ob daryosi sohilidagi Sarez va yana uch qish­loq aholisi hayotiga daryo oqimini orqaga qaytargan katta-katta toshlar xavf soldi. Aholi darhol qo'shni tumanlarga ko'chirildi.

Ko'p vaqt o'tmasdan tog' ko'chishi oqibatida hosil bo'lgan tabiiy to'g'on tufayli vujudga kelgan ko'l Sarez qishlog'ini o'z komiga tortganidan so'ng shu nomni oldi. Buyuk Britaniyaning “Daily Mail” nashri ham Sarez ko'lini bejiz “sekin harakatga keluvchi bomba” deb ta'riflamagan. Zero, Sarez ko'li eng faol seysmik mintaqada joylashgan va suv sathi tobora ko'tarilmoqda.

Tog' ko'chishi oqibatida hosil bo'lgan to'g'on sodir bo'layotgan yer silkinishlariga dosh bera oladimi-yo'qmi, hech kim kafolat berolmaydi. Shu boisdan ushbu xatarning oldini olish uchun 1970 yillar “Ittifoqsuvloyiha” instituti bu yerda derivatsion tunnel hamda uning past qismida GES qurishni loyihalashtirgan edi.

2000 yilda O'zbekiston, Tojikiston, Qozog'is­ton, Qirg'iziston jahon jamoatchiligiga Sarez ko'li muammosini yechishga madad so'rab murojaat qilishdi. 2006 yil Jahon banki ko'magida hududdagi aholini ogohlantirish bo'yicha kuzatuv stansiyasi ishga tushirildi.

Ammo bu muammoning yechimi emas. Hozircha ko'l suvini tunnel qazib, Panj daryosi orqali Amudaryoga quyish taklifi ham bildirilmoqda. Tojikiston hukumati suvdan foydalanish bo'yicha Sau­diya Arabistoni, Eron va BAA mutaxassislariga murojaat qilgan.

Bu muammo 2018 yilda Toshkentda O'zbekis­ton Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon o'rtasida ham jiddiy muhokama etildi.

Aytish kerakki, bu ko'l daryo sathidan 3250 metr balandlikda joylashgan. Oradan yillar o'tdi. Badaxshonning yuqori qismidagi kichik daryolar, irmoqlardan qancha suv oqib kelmoqda?! Bugunga kelib, bu ko'lning uzunligi qariyb 70 kilometrni, uning eni (kengligi) 3,3 km, chuqurligi esa 500 metrni tashkil etadi. Suv miqdori (hajmi) 17 kub kilometrdan ko'proq.

Darhaqiqat, mutaxassislar va jurnalist ogohlantirayotganidek, agar zilzila yoki bosh­­qa ofatlar ta'sirida Sarez to'g'oni buzilib, ko'lning suvi o'zanidan toshsa, Markaziy Osiyo mintaqasining millionlab aholisi va katta hududi suv ostida qolishi mumkin, degan xavotirlar bor. Bugun insoniyat yuksak texnik taraqqiyot asrida yashamoqda. Asrlar davomida hal etilmagan muammolar osongina o'z yechimini topmoqda. To'g'ri, Sarez ko'li bilan bog'liq muammo osongina hal bo'ladigan masala emasligi ham ayon haqiqat. Lekin Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari tashab­busi bilan mintaqadagi va dunyodagi yirik mutaxassislar, jahon moliyaviy tashkilotlarining mutasaddilari ishtirokida xalqaro tadbir uyushtirilib, Sarez ko'lining suvidan foydalanishning ilmiy va texnikaviy yo'llarini izlash mintaqa mamlakatlari xalqlari uchun o'ta xayrli va sharafli ish bo'lardi. Bu borada har doimgidek O'zbekiston Prezidenti tashabbus ko'rsatishiga ishonamiz. Chunki ke­yingi olti-etti yil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida yig'ilib qolgan global muammolar shaxsan Shavkat Mirziyoyevning sa'y-­harakatlari bilan hal etildi. Shubhasizki, mintaqamizning buguni va kelajagiga tahdid solishi mumkin bo'lgan muammolarning yechimi bugun tashlanayotgan qadamlarimizga bog'liq.

Ro'ziboy QO'LDOShEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 2 =