Jahon matbuot erkinligi indeksi: “Chegara bilmas muxbirlar” hamisha xolismi?

Dunyoda inson haq-huquqlarining ta'minlanishi va jamiyat farovonligi darajasini baholashga qaratilgan xalqaro reytinglar va indekslar ko'p. Ularning katta qismi nodavlat-notijorat tashkilotlar bo'lib, asosan, targ'ibotchilik faoliyati orqali o'zini-o'zi moliyalashtiradi. “Chegara bilmas muxbirlar” ham ana shunday tashkilotlardan biridir. Har yili 3 may — Jahon matbuoti erkinligi kuni arafasida ushbu tashkilot “Xalqaro matbuot erkinligi indeksi (ko'rsatkichlari)”ni e'lon qilib, ommaning qizg'in muhokamalariga sabab bo'ladi.

Mazkur indeks natijalari har bir davlat o'tgan bir yil davomida o'z media landshaftini siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, qonun ustuvorligi va xavfsizlik indikatorlar (ko'rsatkichlar)i bo'yicha qanday o'zgartirganigacha norasmiy baho beriladi va keyingi bir yil davomida siyosiy, xalqaro hamkorlik, ijtimoiy, iqtisodiy, investitsion, ilmiy-innovatsion va boshqa ko'plab sohalar istiqboli “bashorat” qilinadi. Ya'ni agar davlat nomi reytingning yuqori o'rinlarida qayd etilsa yoki avvalgi yillarga nisbatan ijobiy o'zgarishlar kuzatilsa, ushbu mamlakatda yuqorida sanab o'tilgan yo'nalishlar bo'yicha barqarorlikka intilish borligi e'tirof etiladi. Bu esa o'sha mamlakat xalqaro hamkorlikning ham siyo­siy, ham ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa yo'nalishlari bo'yicha ishonchli ekanligidan dalolat beradi. Natijada o'zining investitsion jozibadorligini oshirish va tashqi dunyo bilan muloqotni kengaytirishiga qaysidir ma'noda ijobiy turtki bo'lishi mumkin. Reytingda aksincha natijalarni qayd etgan davlatlar esa keyingi bir yil davomida barcha sohalar bo'yicha xalqaro hamjamiyat va xorijiy hamkorlar bilan ishonchsizlik muammosiga duch kelishi ham mumkin. Chunki matbuot erkinligi bo'lmagan har qanday davlatning siyosiy shaffofligi, qonun ustuvorligi, iqtisodiy erkinligi, ijtimoiy barqarorligi va raqobatbardoshlik imkoniyatlari shubha ostiga olinadi. Demak, mazkur reytingda yaxshi natijalarni qayd etish rivojlanayotgan har bir demokratik davlat qatori O'zbekiston uchun ham juda muhim hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 fevralda e'lon qilingan “O'zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o'rnini yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda va 2022 yil 18 mayda qabul qilingan “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uyg'unligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlarida O'zbekis­tonda huquqiy demokratik davlatning muhim shartlaridan bo'lgan so'z va matbuot erkinligini barqarorlashtirish orqali xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishish va mamlakat investitsion jozibadorligini oshirishning huquqiy mexanizmlari o'z ifodasini topgan.

Kuni kecha Jahon matbuoti erkinligi kuni arafasida “Chegara bilmas muxbirlar”ning 2024 yil reytingida O'zbekiston umumiy 100 baldan 37,27 ball bilan 180 davlat ichida 148-o'rinni qayd etdi. Ushbu ko'rsatkich o'tgan 2023 yilga qaraganda 11 pog'onaga, 2022 yilga nisbatan 15 pog'onaga pastlaganini va haligacha matbuoti erkin bo'lmagan mamlakatlar qatorida qolayotganini ko'rish mumkin. Ammo… mamlakatimizning 2024 yildagi natijalari bo'yicha hisobotni tahlil qilar ekanmiz, dastlab e'tiborimizni tortgan jihati — hisobotning o'tgan va undan oldingi yillardagi hisobotlardan deyarli farq qilmasligi bo'ldi. Ayniqsa, unda keltirilgan siyosiy, iqtisodiy, huquqiy va xavfsizlik indikatorlari bo'yicha misollar va keyslar o'tgan yillardagi bilan bir xil bo'lib, 2024 yilda keng muhokamaga va hatto jahon media landshaftida rezonansga sabab bo'lgan voqea-hodisalar haqida tahlillarning uchramasligi taajjublanarlidir. Xo'sh, “Chegara bilmas muxbirlar” o'zi qanday tashkilot? U reyting tuzish va natijalarni e'lon qilishdan boshqa yana qanday faoliyat bilan shug'ullanadi? Bu reytingni tuzishda qanday tadqiqot metodologiyasi va metodlaridan foydalanadi? Tadqiqot guruhida qanday mutaxassislar ishlaydi va ular mamlakatlar media landshafti bo'yicha ma'lumotlarni qaysi manbalardan oladi? Tashkilot tomonidan e'lon qilinadigan hisobotlar hamisha ham xolis va haqqoniylik mezonlariga javob bera oladimi? O'zbekistonning so'z va matbuot erkinligini yuqori ko'rsatkichlarga chiqarish qanday omillarga bog'liq? Albatta, bu kabi savollarga javob berish yo'lida O'zbekistonda matbuot va so'z erkinligi ko'rsatkichini aniqlash qanchalik shaffof va xolis amalga oshirilganiga oydinlik kiritish juda muhim hisoblanadi. Shunday qilib, “Chegara bilmas muxbirlar” qanday tashkilot va u reyting tuzishdan boshqa yana qanday faoliyat bilan shug'ullanadi?

“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters without borders) — axborot erkinligi huquqini himoya qilishga qaratilgan xalqaro nodavlat va notijorat tashkilot bo'lib, inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, davlat chegaralaridan qat'i nazar, axborot olish va almashish huquqini, shuningdek, boshqa xalqaro huquq xartiyalariga muvofiq, har bir inson yangiliklar va ma'lumotlardan foydalanishga muhtoj, degan ishonchga asoslangan holda o'z targ'ibotini olib boradi. Mazkur tashkilotning asosiy rasmiy nashri — bu uning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hisoblanadi. Tashkilot fransuz, ingliz, ispan, portugal, arab, fors va xitoy tillarida ommaviy axborot vositalari erkinligiga tahdidlar haqida kundalik brifinglar va press-relizlar taqdim etadi. Rasmiy sayti 6 xorijiy tilda, jumladan, ingliz, fransuz, ispan va arab tillarida faoliyat yuritadi va juda ko'p sonli kuzatuvchilarga ega. “Our publication” rukni ostida butun dunyoda so'z va axborot erkinligiga tahdidlar, jurnalistlar faoliyati bilan bog'liq muammolar, nizoli vaziyatlar, milliy, mintaqaviy va global media landshaftda kechayotgan voqea-hodisalar haqida xabarlar e'lon qilib boradi. Mazkur rukn sayt foydalanuvchilari uchun juda qulay interfeys va imkoniyatlarga ega bo'lib, xabarlar va ma'lumotlarni mamlakatlar, hududlar, teglar, yillar kesimida filtrlash orqali oson topish imkoniyatini beradi. O'zbekiston bo'yicha eng oxirgi materiallar 2023 yilning iyun va iyul oylarida e'lon qilingan va juda tanqidiy ruhda yozilgan. Shuningdek, mintaqaviy va mavzuga oid hisobotlaridan tashqari, targ'ibot va mablag' yig'ish vositasi sifatida yiliga uch marta “Matbuot erkinligi uchun 100 ta fotosurat” kitobini nashr etadi. Bu tashkilot uchun muhim daromad manbai bo'lib, 2018 yilda o'z mablag'larining deyarli to'rtdan bir qismini aynan shu yo'l bilan to'plagan.

“Xalqaro matbuot erkinligi indeksi”ni tuzishda qanday tadqiqot metodologiyasi va metodlaridan foydalanilgan?

Indeks har bir mamlakat yoki hudud uchun 0 dan 100 gacha bo'lgan ballga asoslanadi, 100 ball mumkin bo'lgan eng yaxshi ball (matbuot erkinligining mumkin bo'lgan eng yuqori darajasi) va 0 eng yomon ball hisoblanadi. Ushbu ball ikki komponent: birinchidan, OAV va jurnalistlarning faoliyati bilan bog'liq huquqbuzarliklarning miqdoriy hisobi; ikkinchidan, matbuot erkinligi bo'yicha mutaxassislarning javoblari asosida har bir mamlakat yoki hududdagi vaziyatni sifatli tahlil qilish asosida hisoblanadi.

Tashkilot saytida matbuot erkinligining interaktiv xaritasi yaratilgan bo'lib, unda indeksdagi barcha mamlakatlar ballari vizual ko'rinishda aks etadi. Ranglar va tasniflar quyidagicha belgilanadi:

85-100 ball — yaxshi (yashil rang bilan)

70-85 ball — qoniqarli (sariq rang bilan)

55-70 ball — muammoli (ochiq sariq rang bilan)

40-55 ball — qiyin (to'q sariq rang bilan)

0-40 ball — juda jiddiy (to'q qizil rang bilan)

Yuqoridagi balli sistema baholashning beshta kontekstli indikatoriga asoslanadi. Har bir mamlakat yoki hududning bali matbuot erkinligi bilan bog'liq beshta: qonunchilik bazasi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy kontekst va xavfsizlik ko'rsatkichlari yordamida baholanadi. Har bir ko'rsatkich uchun 0 dan 100 gacha bo'lgan yordamchi ball hisoblanadi. Barcha yordamchi ballar global ballga teng hissa qo'shadi. Har bir ko'rsatkich ichida barcha savollar va kichik savollar teng vaznga ega ekanligini tashkilot o'z tadqiqot metodologiyasini izohlaganda urg'u beradi. Ammo savollar soni buning aksini ko'rsatadi. Chunki siyosiy kontekst bo'yicha 33 ta savol tuzilgan bo'lsa, iqtisodiy kontekst bo'yicha 25 ta, ijtimoiy-madaniy kontekst bo'yicha 22 ta, xavfsizlik bo'yicha 12 ta savol taqdim etilgan.

Tadqiqot guruhida qanday mutaxassislar ishlaydi va ular mamlakatlar media landshafti bo'yicha ma'lumotlarni qaysi manbalardan oladi?

Tashkilot tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, tadqiqot guruhida butun dunyodan taklif etilgan jurnalistlar, tadqiqotchilar, akademiklar va inson huquqlari himoyachilari faoliyat olib boradi. Ammo ularning umumiy soni yoki tasnifi, ya'ni nechta jurnalist, nechta tadqiqotchi va boshqalarga aniqlik kiritishning imkoni yo'q. Aslida, mazkur omillar ham tadqiqot natijalarining ob'yektivligiga bevosita ta'sir qiladi. Axir 10 nafar jurnalist va 5 nafar tadqiqotchining javoblari mutaxassislar sonini o'zaro almashtirganda hosil bo'ladigan javoblardan farq qilishi mumkin-ku! Bundan tashqari, ushbu mutaxassislar O'zbekiston va uning media landshafti haqida qanchalik xabardor va olingan ma'lumotlar qaysi manbalarga asoslangani muhim rol o'ynaydi. Chunki bu ma'lumotlar bevosita natijaga ta'sir ko'rsatadi. Tashkilot mutaxassislarning shaxsiga doir ma'lumotlarni oshkor qilmasligini ilmiy tadqiqot etikasi va shaxsiy daxlsizlik nuqtai nazaridan to'g'ri tushunish mumkin, ammo ularning soni, qaysi hududdan ekanligi, bir mamlakatni nechta mutaxassis o'rganishi mumkinligi bilan bog'liq ma'lumotlarni ochiqlamaslik ham reyting natijalarining xolis va adolatli o'tkazilganiga nisbatan e'tirozlarni paydo qilishi mumkin.

Bundan tashqari, tashkilot haqidagi manbalarda 24 tilda tayyorlanib, ekspertlarga tarqatilishi aytilgan So'rovnoma haqida ham hech qanday ma'lumot berilmagan. Unda savollar, aniqlashtiruvchi qo'shimcha savollarning soni ham ma'lum emas. Aslida, reytingda nomi qayd etilgan har bir davlat va uning hukumati, shuningdek, bunga qiziquvchi har bir shaxs mazkur So'rovnoma bilan tanishishga haqli. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 19-moddasiga ko'ra ish olib boradigan va qaysidir ma'noda o'zini bu moddaning “qo'riqchisi” deya da'vo qiladigan tashkilotning xuddi shu moddada ko'zda tutilgan bandlarga zid ish olib borayotganini ham So'rovnomaning oshkor etilmagani bilan izohlash mumkin.

O'zbekistonning o'rnini yaxshilash qanday omillarga bog'liq?

“Xalqaro matbuot erkinligi indeksi”ni e'lon qiluvchi tashkilot faoliyati yuqorida sanab o'tilgan kamchiliklardan xoli emas va mazkur reytingning xolis o'tkazilganiga shubha uyg'otadi. Bu kabi holatlar hisobotda O'zbekiston bilan bog'liq turli noaniq va noto'g'ri ma'lumotlar, jumladan, aholisining 2024 yilda 30 mln ekanligi (vaholanki, o'tgan oyda mamlakatimiz axolisi 37 mln bo'ldi), xavfsizlik bo'yicha bir keysning qayta-qayta takrorlanishi, bizda dolzarb bo'lmagan ijtimoiy tarmoqlarni ommalashgan va ko'p foydalaniladigan deb berilishi kabi chalkashliklarda yaqqol ko'rinadi. Shundan kelib chiqib, mazkur tashkilotning reyting ko'rsatkichlarni aniqlashda xolislikka qanchalik amal qilganligiga gumonimiz bor. Bu masalaning bir tomoni bo'lib, unchalik muhim jihat emas. Eng asosiy muammo xalqaro hamjamiyatning mazkur reytingga bo'lgan ishonchida va unga asoslanib bizga ta'sir ko'rsatishidir. Shunday ekan, biz ushbu indeksda natijalarimizni yaxshilashimiz kerak. Tadqiqotchi va mazkur reytinglarni o'rgangan mutaxassis sifatida aytish mumkinki, muammoning asl sababi hukumat tashkilotlari, davlat organlari va OAV o'rtasidagi to'g'ri yo'lga qo'yilmagan muloqotda ko'rinadi. Shuning uchun ham O'zbekiston siyosiy kontekst va qonun ustuvorligi indikatorlari bo'yicha qator yillar davomida juda past ballar bilan baholanmoqda. Chunki hanuzgacha ko'plab davlat tashkilotlari ochiq axborot berishdan qochadi, jurnalistlar bilan muloqotga kirishishni istashmaydi yoki bundan hayiqadi. Davlat tashkilotlari tomonidan ma'lumotlarning berilmasligi va berishdan qochish esa holatimizning mana shunday yomon baholanishiga olib keladi.

2023 yilning noyabr oyidan boshlab, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Xalqaro matbuot erkinligi reytinglarida O'zbekiston mavqeini ko'tarishning milliy konsepsiya­sini yaratish” nomli ilmiy-amaliy lo­yiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tadqiqotchilar guruhi tomonidan mazkur reytingda O'zbekistonning natijalarini ilmiy o'rganish, unga ta'sir qilayotgan salbiy omillarni aniqlash, bu borada mamlakatimiz o'rnini yaxshilash bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Zero, ilmiy izlanishlar amaliyotda o'z aksini topmas ekan, mamlakatdagi har bir fuqaro bu jarayonga o'zining daxldorligini his etmas ekan, reytingda yuqori ko'rsatkichlarga chiqish savol ostida qolaveradi.

Mukarram OTAMURODOVA,

O'zJOKU, Inson huquqlari va media kafedrasi dotsenti v.b.,

filologiya fanlari bo'yicha

falsafa doktori (PhD),

“Xalqaro matbuot erkinligi reytinglarida O'zbekiston mavqeini ko'tarishning milliy konsepsiyasini yaratish” nomli ilmiy-amaliy loyiha koordinatori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − thirteen =