Asosiy vazifa: Tabiatni asrash

Hozirgi kunda sayyoramizda inson faoliyatining salbiy ta'siri natijasida atrof-muhitda sezilarli o'zgarishlar ro'y bermoqda. Jumladan, iqlim o'zgarishlari, turli xildagi tabiiy ofatlar Yer sayyorasining barcha kengliklarida sezilmoqda. Oqibatda o'rmon bilan qoplangan maydonlar qisqarmoqda, atmosfera, suv va litosfera ifloslanmoqda. Tabiiy muhit holatining inson ta'sirida o'zgarishi, jonli va jonsiz komponentlarga kuchli antropogen ta'sir mahalliy, mintaqaviy va umumjahon ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bois atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o'zgarishlarining oldini olish, ozon qatlamining yemirilishi, cho'llanish, atmosfera havosining ifloslanishi kabi global ahamiyatga ega masalalarni hal etish hozirgi kunda insoniyat oldida turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham atrof-muhit muammolarini o'rganish, ularni hal etish masalalari davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Ayniqsa, so'nggi yillarda davlat tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, o'simliklar va hayvonot dunyosini, atmosfera havosi va tabiiy resurslarni asrash hamda chiqindi muammolarini bartaraf etish, ekologik ta'limni joriy etishga qaratilgan e'tibor va bu borada me'yoriy hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani fikrimiz dalilidir. Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, ayniqsa, Orolbo'yi mintaqasi fojiasi salbiy oqibatlarini kamaytirish, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirish borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.

Joriy yilning 15-22 aprel kunlari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Orol dengizining qurigan hududida atrof-muhitni asrash muammosiga bag'ishlangan “II Markaziy Osiyo Chang” xalqaro konferensiyasi bo'lib o'tdi. Anjumanda mamlakatimiz hamda 80 ga yaqin davlatdan vakillar ishtirok etdi.

Konferensiyada Qoraqalpog'iston Respub­likasi Jo'qorg'i Kengesi Raisining o'rinbosari R.Saparbayev va boshqa mas'ul shaxslar Orolbo'yi hududida ekologik muammolar, shu jumladan, suv, tuproq, havodagi chang, ekotizim va inson salomatligiga oid muammolarga yechim topish, bu yo'nalishda xorijiy tashkilotlar va olimlar bilan hamkorlik borasidagi ishlar haqida so'z yuritdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orol muammolarini kamaytirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Janubiy Orolbo'yi hududi antropogen landshaftidagi qush ekologiyasi to'liq o'rganilmaganligi, shu sababli Janubiy Orolbo'yi antropogen landshaftlari ornitofaunasiga iqlim faktorlarining ta'sirini har tomonlama o'rganish zarur ekanligi qayd etildi. Shuning­dek, anjuman ishtirokchilari Qoraqalpoq davlat universitetiga talabalarni qamrab olish, bu yerda talabalar va magistrantlarning o'qib bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, professor-o'qituvchilar, talabalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishdi. Ushbu konferensiyaning asosiy maqsadi jahon ilm-fani jamoatchiligining Orol dengizi bo'yidagi muammolarga yechim topishga e'tiborini jalb qilishdir. Orol muammosining salbiy ta'sirini kamaytirish asosida mintaqa aholisi turmush sharoiti va sifatini yaxshilash, Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan urug' zaxirasi mavjud bo'lgan tayyor o'simliklar yoki ekin turlari mavjud bo'lgan navlar ekilgan maydonlarini kengaytirish, hududda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tuproq tarkibidagi tuzni kamaytirish va Orol dengizi tubidan ko'tariladigan qum va chang bo'ronlarining oldini olish bo'yicha so'z yuritildi.

Darhaqiqat, tabiatimizni asrash, uni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va jamiyatda ekologik madaniyat va ekologik ongni rivojlantirish nafaqat soha xodimlarining ishi, balki shu zaminda yashayotgan har bir insonning ona Vatanimizga, uning tabiatiga bo'lgan farzandlik burchidir.

Mamlakatimiz va xalqimiz hayoti yangiliklarga boy bo'ldi. Kezi kelganda aytish o'rinliki, keyingi davrda davlatimiz iqtisodiyotida, madaniyati va ma'naviyatida, ijtimoiy-siyosiy hayotida, turmush tarzida, tafakkurida demokratik o'zgarishlar yili bo'ldi. Umuman, hamma sohada katta yuksalish, rivojlanish va ijobiy o'zgarishlar amalga oshirildi. Ta'lim tizimida, jumladan, oliy ta'limda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuz bergan o'zgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma'naviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy o'zgarishlarga olib keldi, hatto xalqaro maydonda ham yurtimiz obro'-e'tiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada qator me'yoriy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori, 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori, 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog'is­ton Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur'atlarda rivoj­lantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlarida bu holat o'z tasdig'ini top­gan. Aynan Qoraqalpog'iston Respublikasida ta'lim sohasida qo'shimcha imkoniyatlar va inson kapitali rivojini yangi bosqichga ko'tarishga shart-sharoit yaratish yo'nalishi doirasida qoraqalpog'is­tonlik yoshlar uchun har yili davlat oliy ta'lim muassasalarida 6500 qo'shimcha qabul parametrlari asosida o'qishga qabul qilinishini ta'minlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, ushbu qarorga muvofiq 2023-2024 o'quv yilida Qoraqalpoq davlat universitetiga 1209 nafar talaba o'qishga tavsiya etildi. Bu Qoraqalpog'iston yoshlariga berilayotgan katta imkoniyatlardan biri, desam, mubolag'a bo'lmaydi.

Bu yil ham oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta'lim olishlari uchun mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo'naltirish maqsadida turli o'zgartirishlar kiritildi. Bunda davlat buyurtmasi (grant kvotalar)ni shakllantirish bo'yicha davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliy o'quv yurtlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, ijtimoiy-gumanitar yo'nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, ushbu kvotalar ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi, 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash va ularga bo'lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi (amalda 1 yil), oliy o'quv yurtlari moddiy-texnika bazasi, professor-o'qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, ke­yingi o'quv yili uchun umumiy qabul parametrlarini (grant va kontraktga ajratmagan holda) bakalavriat yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha shakllantiradi, davlat buyurtmasi asosida grant o'rinlari har bir yo'nalish uchun respublika bo'yicha to'plangan ballar ketma-ketligiga ko'ra abiturientlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.

Ta'lim granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadigan bo'ldi. Shu bilan birga sirtqi ta'lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta'lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta'lim shaklini joriy etish orqali tugatilishi belgilab qo'yildi.

Magistratura va doktoranturaga qabuldagi chet tili sertifikati bo'yicha yengilliklar berildi. Magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish to'g'risidagi sertifikat talabi quyidagicha o'zgartiriladi: ta'lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi, soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, san'at, sport, ta'lim, sog'liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo'jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo'nalishlari bo'yicha sertifikat talabi bir pog'ona — B1 darajasiga tushiriladi.

Sertifikat talabi xorijiy tillar yo'nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo'nalishlarida B2 darajaga tushirilganligi yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlarning biridir.

Ta'lim tizimidagi yangiliklar va islohotlar oliy ta'lim tizimida ta'lim sifatining ortishiga yordam beradi. Jumladan, kredit-modul tizimi orqali talabaning kasbiy rivojlanish va kamolotiga ijobiy ta'sir qilish mumkin. Ya'ni, ularning mehnat bozorida o'z o'rinlarini topishlarida zamonaviy talab­larga javob bera oladigan inson kapitalini o'zlarida shakllantirishga qaratilgandir. Ta'limda sifatning ortishi salohiyatli kadrlar yetishtirib chiqarishga ham yordam beradi. Shu boisdan ham, biz oliy ta'limdagi barcha islohotlar va yangiliklarni qo'llab-quvvatlaymiz, shuningdek, kelgusida tashabbuskorlik bilan biz ham oliy o'quv yurtimizda ko'plab yangiliklar qilishni hamda xorijiy universitetlarda o'qituvchilarimizning tajribasini orttirishni maqsad qilganmiz.

Axmed REYMOV,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq

davlat universiteti rektori,

akademik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − five =