Muammo maktablarda: gazeta o'qish san'ati o'rgatilmaydi yoki jamiyat matbuotdan yuz o'giryaptimi?
Katta ustozlarimizning aytishlaricha, ilk bor televidenie ixtiro qilinib, ommalasha boshlagach, “Radio ham, gazeta ham yo'q bo'lib ketadi” qabilidagi gaplar juda keng tarqalgan ekan. Biroq mana necha yildirki, hatto media maydoniga internet OAV sifatida kirib kelganidan keyin matbuot ham, radio ham saqlanib qoldi. Bu holat nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyo, shu jumladan, rivojlangan davlatlarning ham boshidan o'tdi. Ammo masalaning og'riqli tarafi shundaki, bosma nashrlar o'zining avvalgi mushtariylarini tobora yo'qotib bormoqda.
Xo'sh, bosma nashrlar bunday holatga kelib qolishiga sabab nima? Ularning o'quvchilarini ko'paytirish va jamiyatga tahliliy materiallar ahamiyatini tushuntirib, muammoni hal qilish uchun qanday choralar zarur? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida sohaning malakali mutaxassislari va yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etdik.
Jaloliddin SAFOYEV,
“Sevimli” telekanali bosh direktori:
— Har bir soha unga yangi g'oyalar, yangi fikrlar, qarashlar kirib kelishi bilan tirik hisoblanadi. Bu “tiriklik”ni esa, asosan, zamonaviy fikrlaydigan, bugungi kun axborot texnologiyalarini puxta o'zlashtirgan yoshlar ta'minlaydi. Matbuotimizdagi muammolarga keladigan bo'lsak, gazetalarning o'z o'quvchilarini yo'qotganligi, kerak bo'lsa, tanazzulga yuz tutayotganligining asosiy sabablaridan biri — gazetalarga yosh kadrlar, ya'ni jurnalistlar yangi avlodining e'tibori anchayin susayganligidir.
Jurnalistlar tayyorlaydigan dargohlarda bo'lg'usi OAV vakillari bilan muloqotda ularning kelajakdagi rejalari haqida so'raganimizda, aksariyat yoshlar teleboshlovchi yoki internet jurnalisti bo'lish niyatida ekanliklarini aytishadi. Bosma OAV yoshlarimiz diqqatidan ancha yiroqlashgan. Nazarimda, mana shunday munosabat muammoning tub ildizlaridan biri desak, adashmaymiz.
Ikkinchi muammo shundaki, bugungi kunda zamon shiddatiga qaramay, ayrim gazetalardagi hamkasblarimiz o'z ishiga hamon asrimiz boshidagi, kerak bo'lsa, o'tgan asrdagi qarashlar bilan yondashmoqda. Hali-hamon maqolalarning hajmi nihoyatda katta, ular uzundan-uzoq va keraksiz tafsilotlarga to'la.
Bundan tashqari, ifoda usuli ham haddan ziyod eskirib ketganligini tan olmasdan ilojimiz yo'q. Istaymizmi-yo'qmi, bugungi kun o'quvchisi juda qisqa va lo'nda, faktlarga tayangan aniq axborotga ehtiyoj sezadi. Biz esa bu talablarni hisobga olmayapmiz.
Chori LATIPOV,
“Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri:
— Insoniyat paydo bo'libdiki, o'ziga qulayliklar yaratish bilan ovora. Lekin odamzod har bir qulaylik ortidan yana bir noqulaylik kelib chiqishini ba'zan anglamaydi, anglasa ham shu qulaylik ortidagi o'ziga yoqimlilik ortidan undan voz kecha olmaydi. Bugun beshikdagi chaqaloq ham, qarilik yoshidagi inson ham internetning qulayligini, an'anaviy bosma nashrlardan ko'ra ancha “afzal”ligini yaxshi biladi.
Bundan 20 yil avval o'qituvchilarni kompyuterda hisobot tayyorlashga majburlayotgan ta'lim rahbari mening: “Axir bu yo'l bilan bir o'qituvchi yozgan narsani bir maktabning barcha o'qituvchisi ko'chirib taqdim etayapti-ku?” degan e'tirozimga: “Domlajon, endi orqaga qaytilmaydi”, deb kinoya bilan javob bergandi.
Bugun gazeta yoki jurnal haqida qaysi davrada gapirmang, albatta, “hamma narsa internetda soniyada yetib kelayapti-ku!” degan “aqlli” gapni eshitasiz. Biz, shaxsan men esa o'z chala aqlim bilan ularga mana bu gapimni yetkaza olmayman: inson tanasi oziqlanishi uchun bir xil mahsulot yetarlimi, osongina tomoqdan o'tib ketadigan bitta suyuqroq mahsulot qabul qilib qo'ya qolsa bo'laveradimi?
Avvalo, bosma nashrlar o'rnini internet, shu asosdagi nashrlar egalladi, bosma nashrlar ortda qolib ketdi, degan “kreativchi”lar fikriga umuman qo'shilmayman. Bunday fikrlagan odamning o'zi fikrlashdan ortda qolgan. Negaki, u har qanday davrda ham bosma nashrlarning o'z o'rni bo'lishini jamiyatga ilg'or yondashadigan odamlar tushunib bo'lganini anglamaydi hali. To'g'risi, men o'zim ham deyarli internet ichida yashayman. Shunday bo'lsa-da, bosma nashrga yopishib olganlikda, qoloqlikda ayblashga urinmang. Har soniyadagi yangilikdan voqifman shu internet orqali. Ammo okean ortidagi bir odamning xotini bilan ajrashgani haqida xabarni o'qib nima olayapman-u, “Sharq yulduzi” jurnali yoki “Jadid” gazetasini o'z vaqtida o'qimay nimani yo'qotayapman, degan o'y qiynaydi meni. Bu o'rinda shu nashrlarni internet vositasida o'qishga nima qarshilik qilayapti, deyishsa, haqli e'tiroz bo'ladi.
Halim SAIDOV,
professor, matbuot nazariyasi va amaliyoti bo'yicha olim:
— Avvalo, barcha OAVning birdek muhim ekanligini ta'kidlamoqchiman. Hammasi kerak. Albatta, internet insoniyatning katta ixtirosi. Undagi OAV saytlarining ham ahamiyati beqiyos. Axborot texnologiyalarining rivoji bosma OAVlarga salbiy ta'sir qilgani haqida ko'p gapirildi. Biroq dunyoda bunga yechim ham izlanyapti. Masalan, demokratik davlatlar gazeta va jurnallarni qadriyat sifatida ko'rayotgani bois ularning yo'qolib ketmasligi uchun turli subsidiyalar vositasida qo'llab-quvvatlayapti. Demak, ular jamiyat rivojida, insonlar dunyoqarashining kengayishida bosma OAVlarning o'rni borligini anglab yetishyapti.
Aslida matbuotning tanazzuli birinchi navbatda jamiyatning, ommaviy saviyaning tanazzuli hisoblanadi.
Ilyos SAFAROV,
jurnalist, “Vatandosh TV” muxbiri:
— Gazeta o'qish darajasi pasayayotgani nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyodagi muammo. Lekin Amerikada ham, Yevropada ham jarayon bizdagi kabi keskin va tez emas. Buning asosiy sababini senzura deb hisoblayman. Oqibatda esa odamlar o'zi istagan axborotni o'zi xohlagan yo'nalishda, xolis va tezkor tarzda ololmaydi. Shu sababdan ham, bugungi kunda gazetalarga ishonch yo'q. Ishonch bo'lmaganidan keyin ularga talab va qiziqish ham bo'lmasligi tabiiy.
Ikkinchi muammo — gazetalarimizdagi tezkorlik masalasi. Ular bugungi kun talabiga javob bera olmayapti. Misol uchun, matbuot tarqatuvchilarga nazar soling: ular doim eski gazetalarni sotishadi, bosma nashrlar bilan hamkorliklarini ham ko'ngildagidek deb bo'lmaydi. Tezkorlik deganda esa, nafaqat dolzarb masalalarning yoritilishi, balki gazetalarning aholi qo'liga yetib borishida ham sustkashlik qilmaslik nazarda tutiladi.
Muxbir:
— Demak, muammo aniq. Endi ularning yechimi borasida fikrlaringizni bilishni istardik.
Jaloliddin SAFOYEV,
“Sevimli” telekanali bosh direktori:
— Avvalo, davri o'tgan qarash va me'yorlardan voz kechish lozim. Dunyoda axborotni yetkazish usullari o'zgarib ketmoqda, biz esa hali ham “shiorbozlik” kasalligidan qutulganimiz yo'q. Hozirgi kunda gapni masalaning asl mohiyatidan boshlash kerak. Matbuot esa bugungi kun nafasi bilan tirik. U kechagi kun bilan ham, kelajakka qaratilgan shiorlar, da'vatlar bilan ham yashay olmaydi. O'quvchi bugun uni o'ylantirayotgan muammo va masalalarni gazetada ko'rmasa, uni o'qimaydi.
Buning uchun gazetalarimiz vakillari OTMlarda tahsil olayotgan bo'lajak jurnalistlar bilan ko'proq ishlashlari lozim. Xo'sh, tahririyatlarda yoshlar o'z iste'dodlarini namoyish qilishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilganmi? Ularga munosib maosh va gonorarlar taklif qilinmoqdami? Agar matbuotni tanlasa, yoshlarimiz iqtisodiy jihatdan qiynalib qolmaydimi? Avvalo, shu savollar ustida ham jiddiy bosh qotirishimiz zarur.
Diyor MO'BINOV,
O'zJOKU talabasi:
— Elektron ommaviy axborot vositalari orqali gazeta va jurnallar targ'ibotiga alohida e'tibor berish kerak, deb o'ylayman. Ularni yanada ko'proq nashr etish va jadallik bilan tarqatish lozim. Ya'ni, matbuotni rivojlantirish, ularni moliyaviy tarafdan qo'llab-quvvatlash ham juda muhim. Bundan tashqari, har bir o'quv qo'llanmasida, maktab darsliklarida matbuot to'g'risida, uning ahamiyati haqida so'z borishi, o'qituvchilar bu borada ham ishlashi kerak. Balki ayrim sinflar uchun matbuotga doir fan ham qo'shilishi zarurdir.
Halim SAIDOV,
professor, matbuot nazariyasi va amaliyoti bo'yicha olim:
— Globallashuv va axboriy jamiyat qurilishining tezlashuvi sababli matbuotni o'zining avvalgi aytaylik, bundan 40-50 yil ilgari mavqeiga qaytara olmasmiz, biroq uni yana ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar orasida keng yoyish uchun yechimlar bor.
Bunda matbuotga e'tibor qaratish borasida Diyorbekning fikrlarini rivojlantirmoqchiman. Barcha umumta'lim muassasalari kutubxonalarini byudjet mablag'lari hisobidan kamida 25 ta gazeta va jurnallarga obuna qilish zarur. Bunda bolalar nashrlaridan boshlab, adabiy, siyosiy gazetalargacha bo'lishi kerak. Eng asosiysi, nashrlar kutubxonalarda chang bosib yotmasligi, ya'ni mutolaa fursatlarini tashkil etish zarur. Bunda bolalarda maktabdanoq jamiyatdagi muayyan o'zgarish, voqea-hodisalar haqidagi axborotlarga munosabat bildirish qobiliyati shakllantiriladi. Bu tadbir bugun ijtimoiy tarmoqda bijg'iyotgan madaniyatsizliklarning oldini oladi, fikrlashga o'rgatadi. Shu o'rinda sohasi matbuotdan yiroq bo'lgan angliyalik matematik olim Bertran Rasselning “…maktablarda eng asosiy bilim — gazeta o'qish san'ati o'rgatilmaydi”, degan fikri o'rinli deb hisoblayman.
Xulosa shuki, maktabdanoq yoshiga mos tahliliy maqolalarni o'qimagan yoshlardan keng tafakkurli ziyoli qatlamning yetishib chiqishini kutish befoyda.
Ilyos SAFAROV,
jurnalist, “Vatandosh TV” muxbiri:
— Nashrlarimiz bugungi kun talablariga javob bergan holda, o'zining internetdagi saytlarini yaratib, ularning faoliyatini samarali yo'lga qo'yishi kerak edi. Bu ham vaziyatni yaxshilash uchun bir yechim bo'lardi. Misol uchun, “Qishloq hayoti” fermer, dehqonlarimiz, albatta, o'qishi kerak bo'lgan gazeta. Deylik, ular 10 kundan keyin ob-havo qanday bo'lishini bilmoqchi, lekin fermerlarimiz gazeta chop etilib, qo'liga yetib kelishini kutmaydi. Internet, shu jumladan, axborot saytlariga kirib qo'ya qoladi. Gazetalar-chi? Ayrim hududlarda ular oyda bir kerakli manzilga yetib borsa boradi, bormasa…
Bundan tashqari, gazetalarimiz bugungi bozor qoidalariga ham moslasha olgani yo'q. Majburiy obuna to'xtatilganidan so'ng, ularning kun ko'rishi qiyinlashib ketdi. Nashrlarimiz bir kun kelib shunday bo'lishi haqida o'ylamagan, o'ylagan taqdirda ham bunga moslasha olmadi. Misol uchun, Amerikadagi “The Washington Post”ning bir yillik obunasi uchun odamlar dastavval 29 dollar, keyin esa har bir yil uchun 70 dollardan to'laydi. Biroq nashr aholiga shunga yarasha sifatli materiallar ulashadi. Yechimga keladigan bo'lsak, bozor qoidalariga moslashish uchun hali ham kech emas. “Ma'rifat” va “Ishonch” kabi gazetalar internetda ham o'z faoliyatlarini yo'lga qo'ymoqda. Ammo bu ham biroz ozlik qiladi. Shu kabi harakatlarni ko'paytirish va jadallashtirish kerak.
Chori LATIPOV,
“Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri:
— Afsuski, internetda “yashovchilar” bosma nashrlar mavzusini sevishmaydi-da. Nega bosma nashrda chiqsa o'qirkan-u, internetda berilsa o'qimas ekan? Ha, shunday, gazeta mavzusini bugun internetga kirayotganlar, xususan, yoshlar aynan internet shaklida qabul qila olmaydi. Bosma nashrda unga taqdim etsangiz o'qishi mumkin. Nega shunday? Gap faqat tezkorlikda emas. Gazetaning yurtdoshlarimizga tezkor yetkazmasayam bo'ladigan mavzulari ko'p. Buni izohlash va izohni anglash uchun ancha mulohaza kerak. Hatto tibbiy xulosalar ham zarur. Mutaxassislar ishlashi kerak izohlash uchun. Buni har kim ham tushunavermaydi. Har kim tushunaversa, hamma siyosatshunos, ma'rifiy olim, ruhiyat, tibbiyot mutaxassislari bo'lardi. Xullas, internet va bosma nashrlar nafaqat faoliyat shakli, balki mavzusi va o'quvchini o'ziga jalb qilishi nuqtai nazaridan ham bir-biridan farqli. Har holda, bugun shunday. Aytganimdek, buning bir qancha ilmiy asoslariyam bor.
Men internetni pesh qilib, bosma nashrlardan voz kechish targ'ibotiga berilishning oqibati nima bo'lishini hamma tushunmasliginiyam bilaman. Lekin bilganlar: ruhshunoslar, tibbiyot ahli, madaniy-ma'rifiy sohada diplomli mutaxassislarning indamay yurishini nima deb baholashni bilmayapman.
Sezasizmi, bizda xorij tajribasiga o'chlik kuchli. Hamma narsani olib kirayapmiz, targ'ib qilayapmiz. Mana shu internet orqali xabarlar (afsuski, asosan xabarlar) o'qishni ham olib kirdik. Ammo o'sha internet o'ta rivojlangan yurtlarda bosma nashrlarni avvalgidek bo'lmasa-da, kamroq adadda (o'sha kamrog'iyam 3-4 million nusxada) bo'lsayam aholiga tarqalishiga alohida e'tibor qaratilyapti. Yaqinda fransiyalik hamkasblar bilan uchrashuv va tadbirlar o'tkazildi. Masalan, hatto bir nodavlat bosma nashr ham ma'lum ma'noda davlat ko'magidan foydalanar ekan. Holbuki, Fransiya degan mamlakat aholisi internetdan foydalanish reytingi bo'yicha ko'rsatkichlarning uchiga chiqib ketgan. Masalan, Koreya jurnalistlari assotsiatsiyasi rahbari: “Bizda o'zini bilgan har bir odam kun bo'yi internetda o'qib, kechqurun gazeta orqali shu o'qiganlarining rost-yolg'onligining tasdig'ini topadi”, degandi Toshkentdagi uchrashuvimizda. Xullas, ko'plab xorij mamlakatlarida bosma nashrlar o'z holiga tashlab qo'yilmayapti. Xorijdan shuncha narsani o'rganayotgan biz esa nima uchun bu tajribalarni ham o'rganishni o'zimizga ep ko'rmayapmiz?
Gulmira QARShIYEVA,
O'zJOKU talabasi:
— Tan olish kerak, bugun internetda axborot tarqatish tezligi bilan bahslashadigan manba mavjud emas. Ammo faqatgina axborotning tezkorligini muhim bilib, fikr-mulohazali, tahliliy-tanqidiy maqolalar o'qishdan o'zni mahrum qilishni to'g'ri deb bo'lmaydi. Bosma nashrlar, xususan, matbuotdan yuz o'girayotgan bugungi jamiyat esa shunchaki tezkor axborotlar va joiz bo'lsa, “chala” tahliliy materiallar bilan qanoatlanyapti. Buning asosiy sabablari ustozlar tomonidan ham ta'kidlab o'tildi. Bunga qo'shimcha sifatida shuni ayta olamanki, gazetalardagi materiallar hozirgi davr o'quvchisi uchun ancha mujmal. Ular yuqori saviyada, professional yondashuvda yozilayotgandir, lekin baribir bugungi avlod yoshlarini zeriktirib qo'yadi. Ya'ni, ko'pchilik ularni tushunishi qiyin. Buni ham bir muammo deb hisoblagan bo'lardim. Bunga yechim sifatida tabiiyki, maqolalar “soddaroq” tilda yozilishi, shuningdek, yanada tushunarli bo'lishi uchun ko'proq rasmlardan foydalanilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi, deb o'ylayman.
…Har bir kishining o'z fikri bo'lishi tabiiy. Shunday bo'lishiga qaramasdan, davra suhbatida bildirilgan fikr va mulohazalardan ham anglashildiki, muammoning yechimi bor. Ularni ziyolilarimiz, uch hokimiyat vakillari, ayniqsa, ijro hokimiyatining pastidan to yuqori pog'onalarida ishlaydigan mutasaddilar farzandlarning fikrlashiga sabab bo'ladigan bu hayot-mamot masalasiga e'tibor qaratishlari muhim deb hisoblaymiz.
Davra suhbatini O'zJOKU talabasi
Saidakbar MO'MINOV
uyushtirdi.