Dunyo — kurash maydoni
Tarixiy jarayonlar tadriji ma'naviyat, ma'rifat va madaniyat yuksak rivojlangan jamiyatlar jahonning qudratli davlatlari, imperiyalari bo'lganligini ko'p bora isbotlagan. Ana shunday xususiyatga ega mintaqalarda ilm-fan va madaniyat misli ko'rilmagan darajada taraqqiy topdi. Va aksincha, ma'rifatdan uzoqlashgan, ma'naviyati izdan chiqqan sulolalar tanazzulga yuz tutdi. Bunga tarixda misollar bisyor.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizda ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat, ta'lim va tarbiya sohalarida ishlar samaradorligini oshirish, asosiy etiborni Uchinchi Renessansni yuksak ma'naviyatga ega xalqimiz bilan qurishimiz borasida amalga oshirilishi lozim vazifalarga ko'p bora to'xtalib o'tdi.
Ma'naviyat — alohida bir ijtimoiy hodisa emas. U barcha sohalarga taalluqli ijtimoiy jarayon. “Biz uchun ma'naviyat insonlar o'rtasidagi o'zaro ishonch, hurmat va e'tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo'lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir”, deya ta'kidlaydi Davlatimiz rahbari “Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarida.
Chuqur ma'nolarga ega mazkur iqtibosda ma'naviyat sohasi rivoji uchun dastur bo'lishga loyiq fikrlar mujassamlashgan. Bu bilan, avvalo, insonlar orasida ishonch, bag'rikenglik va birdamlikning muhimligi ta'kidlanib, barqaror va taraqqiy etgan jamiyat qurishning bosh mezonlari belgilab berilmoqda.
Ma'naviyat yoshlarni yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, milliy qadriyatlar asosida ongi va dunyoqarashini shakllantirish borasida avangard bo'lishi kerak. Yoshlarga ta'lim berish bilan bir qatorda, ularning ma'naviy dunyosini boyitish, axloqiy yetuk shaxs etib tarbiyalash — har qaysi ta'lim tizimining bosh vazifasiga aylanmog'i lozim.
Abdurauf Fitratning “Bu dunyo — kurash maydoni. Bu kurashning quroli sog'lom jismu tan, o'tkir aql va yaxshi axloqdir”, degan purma'no gapi bor. Yuksak axloq va tarbiya insonga har qanday murakkab vaziyatdan chiqishi uchun ma'naviy kuch beradigan qudratga ega. Ana shu tarbiya va axloq sabab shaxs o'zining jamiyatdagi munosib o'rni, e'tiborini topadi.
Jamiyat taraqqiyoti davomida turli sinovlardan o'tadi. Ularning gohida jiddiy salbiy oqibatlari jamiyatdagi beqarorliklarda namoyon bo'ladi. Ana shu sinovli jarayonlardan omonlikda o'tib olishning eng muhim vositasi ham — ma'naviy-axloqiy tarbiyaning sobitligi bilan bog'liq.
Bugungi kunda turli siyosiy, mafkuraviy ta'sirlar davlatlar, jamiyatlar barqarorligiga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu ijtimoiy kurashlarda, ayniqsa, yoshlar ongi va dunyoqarashining o'zgarishi tashvishlidir. Turli oqimlar, guruhlarga berilib ketish holatlari jamiyatda barqarorlikka salbiy ta'sir ko'rsatadigan omillardan. Buning oldini olishda esa, birinchi navbatda, yoshlarning sog'lom dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qiladigan ma'naviy tarbiya va ta'limga e'tiborni kuchaytirish talab etiladi.
Bugungi kunda — mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan nozik, qaltis sharoitda, hozirgi tahlikali zamonda ma'naviy-axloqiy tarbiya masalasi nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega.
Shu sababli, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ma'naviy tarbiya tizimining yangi strategiyasini yaratib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko'tarish ishlari amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy axborot texnologiyalari jahon mamlakatlari yoshlari ongiga ta'sir ko'rsatishi, dunyoqarashini o'zgartirib yuborishi mumkin bo'lgan turli mafkuraviy g'oyalarni ham tashimoqda. “Ommaviy madaniyat” niqobi ostida ma'naviy dunyoqarash poydevorini o'zgartirishga yo'naltirilgan ushbu ta'sirlar muayyan darajada yoshlarning tarbiyasida salbiy oqibatlarning yuzaga kelishiga sabab bo'lmoqda. Azaliy qadriyatlar, milliy an'analardan uzoqlashib borish tendensiyasi jamiyatda ma'naviy tanazzulning jiddiy debochasi bo'lib xizmat qilmoqda.
Turli g'oyaviy ekspansiyalarga qarshi immunitetni yaratishning eng samarali usuli — ma'naviy-axloqiy tarbiya bilan bog'liq. Ma'naviy-axloqiy tarbiya ma'rifatga tayangan holda olib boriladi. Imom G'azzoliy “Kimyoi saodat” asarida “Ma'rifat — hidoyatning avvali”, degan edi.
Ma'rifat rivojlangan makonda ma'naviyat ham yuksaladi. Ma'naviyat jamiyatning barcha sohalariga bevosita va bilvosita taalluqli. Jamiyatning barqarorligi, taraqqiyotning garovi bilvosita tarbiyaning samarasi, ta'siri va uzviyligiga bog'liq bo'ladi.
Ma'naviyat davlat, jamiyat, millat va shaxsning butun ongli hayoti va faoliyati davomida shakllanib, takomillashib boradi. Shaxsning emotsional holati muvozanatini ushlab turadigan kuch ham uning ma'naviyati va ruhiy tarbiyasidir. Ma'naviy-axloqiy tarbiyadan uzoq shaxslarda psixologik holatlarda muvozanatsiz, fikrsiz, oqibatini o'ylamasdan harakat qilish ko'p kuzatiladi. Shu jihatdan, shaxsni ma'naviy-axloqiy tarbiyalashni uning yoshlik chog'laridanoq boshlash maqsadga muvofiq bo'ladi.
Qadimdan Sharq mamlakatlarida madrasalarda yoshlarga ta'lim berishning unikal uslublari shakllangan edi. Eng avvalo, “ustoz-shogird” an'anasiga qat'iy amal qilingan. Har bir ota o'z farzandini xalq orasida mashhur ustozga, shaharda nufuzli madrasaga ta'lim olishi uchun topshirgan. Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlardagi madrasalarda eng asosiy e'tibor, avvalo, tarbiyaga, shaxsning ma'naviy kamolotiga qaratilgan edi. Shu jihatdan Madrasai Oliya, Madrasai Ixlosiya kabi ta'lim maskanlari yuksak ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiyaning taniqli markazlari sifatida nom qozongan edi.
Bir shaxsning balog'atga yetib, yetuk inson bo'lib yetishishi uchun yillar davomida ta'lim olishi, ma'naviy-axloqiy tarbiya ko'rishi muhim sanalgan. Movarounnahrda shakllangan ana shunday ta'lim va tarbiya tizimidan o'tganlardan buyuk olimlar, allomalar, daholar yetishib chiqqan. Muayyan ilmiy-ma'rifiy sohada tanilgan olimning nomi tilga olinganda doimo unga ta'lim-tarbiya bergan ustozi ham eslab o'tilar edi.
Ta'lim va tarbiyaning o'zaro uzviyligi prinsipi shaxs kamolotiga erishishning bosh mezoni etib belgilangan. Sharq xalqlarida bilim olishda ma'naviy tarbiyaning muhimligi, unga axloq-odob, jamiyatda yurish-turish, ustozga hurmat, ota-onaga ehtirom kabi xislatlarning singdirib borilishi bilan ahamiyatli sanalgan. Ilmda komillikka yetishish doimo ma'naviy yetuklikka erishish bilan hosil qilinishi e'tiborga olingan.
Zamonaviy ta'lim jarayonlarida ham bilim olish bilan birgalikda, ma'naviy-axloqiy tarbiyaning muhimligiga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq. Yoshlarni boshlang'ich va o'rta ta'limda o'qitish, oliy ta'lim yo'nalishida mutaxassis qilib yetishtirishda kasbiy ko'nikmalarni hosil qilishning o'zi bilan kifoyalanish yetarli emas. Bugungi kun chaqiriqlari nafaqat mutaxassis kadrlar, eng avvalo, ongi va dunyoqarashi shakllangan, ma'naviy dunyosi boy yoshlar jamiyatda muhim o'rin tutishini ko'rsatmoqda.
Zamonaviy davr ma'naviy-axloqiy tarbiyaning yangi tartiblari, targ'ibot texnologiyalari va tamoyillarini joriy qilishni talab etmoqda. Bugungi kun ma'naviy tarbiya davr talablariga mos ravishda, zamonaviy talablarni, va eng muhimi, yoshlarning talab va qiziqishlari doirasini e'tiborga olgan holda amalga oshirilishini talab etmoqda. Yillar davomida shakllanib kelgan ta'lim va tarbiyaviy konsepsiyalar bugungi kun talablariga javob bermay qoldi. Ushbu tarbiya yoshlar talablari, ehtiyojlari, qiziqishlari darajasini qondirish uchun yetarli emas.
Hozirgi ta'lim jarayoni amaliyot bilan parallel ravishda olib borilishining muhimligi ekspertlar tomonidan ko'p bora ta'kidlanmoqda. Xuddi shuningdek, ta'limning ma'naviy-axloqiy tarbiya bilan yonma-yon, bir-birini to'ldirgan holda olib borilishi mexanizmini keng amaliyotga kiritish zarur.
Hozirda maktab ta'limi, oliy ta'lim maskanlarida o'quvchi yoshlar va pedagoglar o'rtasida tortishuvlar, nizolarni ko'p kuzatmoqdamiz. Bu o'ta achinarli holat. Bu bizning ma'naviy-axloqiy tarbiyani ta'limdan keyingi o'ringa qo'yganimizning ayanchli oqibatlaridan. “Ustoz otangdan ulug'” kabi xalq naqllari bugun o'z mazmunini yo'qotgandek.
Bugungi kunda ma'naviy-axloqiy tarbiya ta'limning uzviy, aytish mumkinki, markaziy qismi bo'lishi kerak. Prezidentimiz “Menga diplomli mutaxassis emas, menga sadoqatli yoshlar kerak”, deb bejizga gapirmagan edi. Aynan diplomli mutaxassis yetuk shaxs degani emas. Buni hamma tushunadi. Sadoqat esa, ta'lim va ma'rifat, ma'naviy-axloqiy tarbiya orqali amalga oshadi. Yoshlarning Vatanga sadoqat, ota-onaga ehtirom, ustozga hurmat, davlat va jamiyat oldidagi burch va mas'uliyatlari ma'naviy-axloqiy tarbiya orqali singdirib boriladi.
Hozirgi kunda ma'naviy sohani takomillashtirishning bosh g'oyasida yoshlarni ma'naviy-axloqiy tarbiyalash konsepsiyasi markaziy o'rin egallaydi. Biz kelajak avlodni barqaror va taraqqqiy etgan davlat va jamiyat qurishga jalb etar ekanmiz, ularning bosh tarbiyasi — ongi va dunyoqarashini milliy qadriyatlarimiz, an'analarimiz, buyuk ajdodlarimiz ma'rifiy merosiga mos ravishda shakllantirishimizga bog'liq.
Zamonaviy ta'lim va tarbiya jarayonlari standartlashgan uslublardan xoli ravishda, zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida amalga oshirilishiga e'tibor qaratish kerak. Bunda ma'naviy tarbiya fan sifatidagina emas, hayotiy tajriba, ibrat, qadriyatlar, milliy urf-odatlar bilan hamohang ravishda olib borilishi zarur. Ma'naviy tarbiya ta'lim jarayonidagina emas, shuningdek, yoshlarni o'z atrofiga birlashtira oladigan ijtimoiy harakat shaklida amalga oshirilishi kerakli natijalarga erishishga katta imkoniyat yaratadi.
Ma'naviy sohada islohotlarni amalga oshirish doimo murakkabliklarga ega bo'lib kelgan. Ushbu islohotlarni amalga oshirishda ko'plab vazifalar izchillik bilan, tizimli olib borilishi zarur bo'lgan jarayon. Unda jamiyatimizning barcha a'zosi — davlat va jamoat vakillari, ziyolilar, murabbiylar, tadbirkorlar, yoshlardan tortib nuroniylar, yurtimiz taraqqiyotiga befarq bo'lmagan barcha qatnashishi lozim.
Ma'naviy-axloqiy tarbiyani — oila-mahalla-jamiyat-davlat tizimida uzluksiz amalga oshirib borish maqsadga muvofiq. Bola ilk tarbiyani oilada oladi. Yotish-turish, yeb-ichish, salom-alik, ota-ona, kattalarga hurmat, halollik kabi ilk tarbiyaviy saboqlar oilada beriladi. Bola mahallaga chiqqanda, unga aka-uka, mahallachilik, qarindosh-urug'chilik, oqibat, to'y-hasham va hasharlarda ishtirok kabi ijtimoiy odoblar tanishtirilib boriladi. Undan keyingi ma'naviy-axloqiy ta'lim maktab-kollej-oliygoh tizimlarida, Vatanga muhabbat, sadoqat, oilaga ehtirom, sharaf kabi xislatlar singdiriladi.
“Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G'arb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, deya ta'kidlaydi Prezident. Darhaqiqat, jadid bobolarimiz o'z davrining ilg'or yutuqlari — teatr va matbuotning ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot sohasidagi imkoniyatlarini oldindan ko'ra bilgan edilar.
Ma'naviy-ma'rifiy, axloqiy tarbiyaning zamonaviy targ'ibot texnologiyalari orqali yoshlar dunyosiga kirib borish, ularning sog'lom dunyoqarashi shakllanishi, ta'lim, tarbiya olish imkoniyatlarini yanada kengaytirgan bo'lamiz.
Ta'lim va tarbiya jarayonlarida ajdodlarimizning bebaho ilmiy merosi, asrlar davomida shakllanib kelgan milliy ma'naviyatimiz, xalqimiz qadriyatlari va an'analariga katta e'tibor qaratish maqsadga muvofiq. Buyuk ajdodlarimiz, jadid bobolarimiz merosi, millatning bebaho ma'naviy qadriyatlarini o'zida jamlagan maxsus ma'naviy-ma'rifiy elektron platformalarning yaratilishi sog'lom dunyoqarashga ega avlodni ezgulik, halollik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o'rin tutadi.
Tarixdan xalqimizda turli jinoyatlar, o'g'rilik, sudxo'rlik, tovlamachilik, firibgarlik jiddiy qoralab kelingan. Bu kabi toifalar el orasida aniqlanib, sazoyi qilingan. Bugungi kunda bu kabi ijtimoiy illatlarning ildiz otishi aynan ma'naviyatsizlik, millatning o'z qadriyatlari, an'analari, sog'lom aqida va e'tiqodiy qarashlaridan chetlashishi oqibatidir. Yuksak ma'naviyatli jamiyatda bunday illatlar o'z-o'zidan yo'qolib ketadi. Zamonaviy siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda qonun ustuvorligi davlat va jamiyatning barqarorligi va taraqqiyoti kafolati ekanligi o'z isbotini topgan.
Azaldan xorijiy davlatlarda yapon xalqi mehnatkashligi, xitoyliklar falsafasi, hindlar san'ati, turklar g'ururi, nemislar intizomi, inglizlar o'ziga xos tavozesi bilan yaxshi tanilgan. O'zbeklar esa yuksak ma'naviyati va ma'rifati bilan tillarda doston bo'lgan. Bunga bizning zaminimizda yashab o'tgan ulug' mutafakkirlar, allomalarning ulug' ilmiy-ma'rifiy, ma'naviy merosi sabab.
Tashqaridan qaraganda, xalqimiz yuksak madaniyati, ma'naviyati bilan ajralib turadi. Ichkarida-chi? Bugungi kunda hammaning ham, ayniqsa, yoshlarimiz o'zini tutishi, axloqi, odobi, ma'naviyati ana shu maqtovga, munosabatga loyiqmi? Yoshlarning axloqsizlik botqog'iga botib borishi ma'naviy sohaning mudrashi, har xil ijtimoiy trendlar, “ommaviy madaniyat”ning turli ko'rinishlariga berilib ketishi oqibati emasmi? Qadriyatlarni mensimaslik, milliylikdan chetlanish, yangicha urf-odatlarga berilish holatlari ortib bormoqda. Bu tarixdan ma'naviyati yuksak bo'lgan xalqimiz uchun bir fojia.
Davlat siyosiy, iqtisodiy sohalarni rivojlantiradi, xavfsizlikni ta'minlaydi. Ma'naviyatni yuksaltirish, yoshlarni tarbiyalash jamiyatning, jamoatning, ziyolilarning vazifasi. Shu jihatdan ziyolilarimizning mudroqlik holatidan chiqish vaqti allaqachon keldi. “Uyg'oning va uyg'oting”, — demoqda Prezident ziyolilarga, ma'naviyat va madaniyat ahliga. Barchani uyg'otishga, ma'naviyatni yuksaltirishga, birlashishga, yagona kuch, yangi harakatga aylanishga chaqirmoqda Prezident.
Iqtisodiy sohani rivojlantirish uchun muayyan muddat yetarli, soha mas'ullarini sanab chiqsa, adog'iga yetish mumkin. Biroq ma'naviy-ma'rifiy, ta'lim-tarbiya, madaniyat, san'at, adabiyot kabi sohalarda mehnat qilayotganlar sanoqsiz. Bular — ziyolilar, olimlar, shoirlar, yozuvchilar, ilm-fan vakillari, o'qituvchi-murabbiylar, xotin-qizlar, mahalla, yoshlar — qo'yingki, barcha. Ma'naviyat, axloqiy tarbiya — barchaning ishi, mas'uliyati, vazifasi.
Ta'lim-tarbiya, ma'naviyat doimo moddiy taraqqiyot bilan barobar borishi, afzali — undan oldinda yurishi kerak. Buyuk ajdodlarimiz Beruniy, ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek, Farg'oniylar o'rta asrlarning yetuk allomalari, o'z davri tamaddunidan o'zib ketgan shaxslar edi. Xuddi shu xislat ularning asrlar davomida nomi abadiy saqlanib, asarlari, merosini avloddan-avlodga o'tib kelishiga xizmat qilmoqda.
Buyuk imperiyalar qurgan, asrlar davomida buzilmay kelayotgan inshootlar qurdirgan ko'plab buyuk shaxslar bor. Biroq ma'naviy, ma'rifiy, ilmiy meros qoldirgan ajdodlarning nomi ulardan ko'ra mashhurroq va boqiy. Ularning ma'naviy merosi bugungi kunga kelib ham xalq, yoshlar ma'naviy dunyosini boyitishda xizmat qilishda davom etmoqda. Ushbu holatning o'zi ham ma'naviy sohalarda amalga oshiriladigan islohotlar asrlarga tatigulik yutuqlarga sababchi bo'lishiga dalildir.
Yoshlarga ta'lim berish, ularni yuksak axloqiy ruhda tarbiyalash buyuk ma'naviy ahamiyatga ega. Bugungi yoshlar — ertangi kun egalari. Ularga obod va taraqqiy etgan yurtni topshirishdan oldin ularning ma'naviy-axloqiy tarbiyasini ta'minlash — bugungi kunda davlat va jamiyat oldida turgan mas'uliyatli va dolzarb vazifadir.
Ta'lim oiladan boshlanishi, maktabda davom etishi, kasbiy ta'limda shakllanishi, oliy ta'limda sayqallanishi, jamiyatda kamolga yetishi kerak. Bu esa, ta'lim jarayonlarining uzviyligi, tarbiyaning tizimli tashkil etilishi, tadrijiy mukammallashib borishi orqali amalga oshishi mumkin. Tarbiyadan mosuvo sohaning o'zi mavjud emas. Davlat va nodavlat korxona, davlat va jamiyat tashkiloti borki, shaxs kamoloti, kadr malakasi, mutaxassisning kompitentligi uning tarbiyaviy va axloqiy xususiyatlari bilan yonma-yon yuradi. Mehnat etiketiga amal qilinishi ish jarayonining samarasi, jamiyat barqarorligini ta'minlaydigan omil sifatida ko'riladi.
Ta'lim va tarbiyaning barcha bosqichlarida, ma'naviy, ma'rifiy sohalarda keng ko'lamli, zamonaviy usullar, targ'ibot texnologiyalarini qo'llash maqsadga muvofiq. Ta'lim va tarbiya bugungi davr yoshlarining dunyoqarashi, qiziqishi, qarashlari bilan hamohang bo'lgan taqdirdagina ta'sirli va samarali bo'ladi.
Prezidentimiz barchani ma'naviy-ma'rifiy sohada faol bo'lishga, yuksak iste'dod va mahorat, ijtimoiy hayotda, islohotlarda faol ishtirok etish bilan Uyg'onish davrini barpo etishga chorlamoqda. Yuksak ma'naviyatli jamiyatni qurish barcha uchun sharafli va mas'uliyatli vazifaga aylanmog'i kerak.
Sarvarjon G'AFUROV,
Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar
instituti bo'lim boshlig'i,
siyosiy fanlar doktori, professor.