Mamlakat imijining jozibadorligi nimalarga bog'liq?

Har bir davlat istiqbolini shu yurtda yashayotgan yosh avlodning bilimi, ma'naviy qiyofasi, yuksak ong va tafakkuriga qarab belgilash mumkin. Zero, jamiyatning ma'naviy poydevori bilimli yoshlar dunyoqarashi, izlanishlari, qo'lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari bilan yanada mustahkam, ertangi kuni esa yanada yorug' va saodatli bo'ladi. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ham aynan ana shunday yoshlar tahsil olayotgani, ta'lim bilan bir qatorda ilmiy faoliyat bilan shug'ullanib kelayotgani quvonarli hol, albatta.

Bugun universitetimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi “Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida oliy ta'limdan keyingi ta'lim instituti talab darajasida tashkil etilgan. Bu boradagi faoliyat aynan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son qaroriga muvofiq tartibga solingan.

Alohida ta'kidlash joizki, bugun dorilfununimizda oliy ta'limdan keyingi ta'lim doirasida 55 nafar yosh tadqiqotchi jurnalis­tika ta'limi bo'yicha ilmiy izlanishlar bilan mashg'ul. Ulardan 7 nafari (2 nafari mus­taqil, 2 nafari erkin tadqiqotchi) doktoranturada (DSc), 2 nafari stajyor-tadqiqotchilik institutida, 46 nafari (26 nafari mustaqil, 3 nafari erkin tadqiqotchi) tayanch doktorantura bosqichida o'z faoliyatlarini olib borishmoqda.

Tadqiqotchilar tomonidan dissertatsiya uchun tanlangan mavzular ham soha rivojiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Jumladan, “Yangi O'zbekiston media muhitida gender tenglik masalalarining dolzarblashuvi va uning huquqiy mexanizmlari”, “Konvergensiya jarayonida so'z erkinligi prinsiplari va mexanizmlari”, “Transformatsiya jarayonida tahririyatlar menejmenti va marketingini olib borish masalalari”, “Raqamli kommunikatsiyalar davrida onlayn PR-strategiyalarning samaradorligini o'rganish uslubi va ahamiyati”, “Radionutq fenomeni: zamonaviy diskursiv amaliyotlar”, “Sun'iy intellekt va virtual reallik: innovatsion texnologiyalarning PR sanoatiga ta'sirini o'rganish”, “Jurnalistikada kollaborativ faoliyat tatbig'i va imkoniyatlari (internet-nashrlar misolida)”, “Jamoat televideniesi: konsepsiya va kontent xususiyatlari (xorijiy telekanallar misolida)”, “Tahliliy teledastur boshlovchisining efir olib borish taktikalari (“Tahlilnoma” va “Yangi Zamon” dasturi misolida)” kabi bir qator dolzarb mavzular bugungi globallashuv sharoitida yurtimiz ommaviy axborot vositalari uchun yangi media muhit nafasini olib kirishiga shubha yo'q.

Ilmiy izlanishlarning ahamiyati uning amaliyotga joriy etilishi bilan belgilanishi hech kimga sir emas. Bu borada tadqiqotchilar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanish­lar ham beiz ketmayotir. Sababi, har bir tadqiqotchi o'z izlanishlarini parallel ravishda amaliyotda ham joriy etib, uning natijalarini tahlilga tortib borishadi. Bu esa ilmiy ishning nafaqat salmog'ini, balki uning foydalilik koeffitsientini ham oshiradi. Jumladan, sohaga aloqador quyidagi tashkilotlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, shuning­dek, barcha bosma nashrlar tahririyatlari va onlayn medianing deyarli barcha ko'rinishdagi tahririyatlarida universitetimiz tadqiqotchilari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar amaliyotga joriy qilinadi, uning natijasi haqida mazkur tashkilotlardan faqat va faqat ijobiy xulosalar olib kelinmoqda.

Universitetda “Ustoz-shogird” an'anasi ham tizimli tarzda yo'lga qo'yilganki, bu borada sohaning yetuk olimlari, professor-ustozlar yaratib kelayotgan ilmiy maktablar jurnalistika ilmining yanada boyishida, uning har tomonlama rivojlanishida o'z hissasini qo'shadi. Jumladan, universitet professorlari Fayzulla Mo'minov, Muxtor Xudoyqulov, Sherzodxon Qudratxo'ja, Nazira Toshpo'latova, Nargis Qosimova kabi ustozlarimiz yaratgan ilmiy maktablar sohaga kirib kelayotgan bugungi avlod uchun bitmas-tuganmas bilim manbai hisoblanadi.

Ilmiy loyihalar va grantlar universitet professor-o'qituvchilarining salohiyatini, universitetning xalqaro doiralardagi imijini namoyon etadigan faktor sifatida e'tirof etilishini bilasiz. Shu ma'noda bugungi kunga qadar universitetda ham bir qator ilmiy, innovatsion va amaliy loyihalar muvaffaqiyatli bajarildi. Hozirda universitet professor-o'qituvchilari tomonidan 2023-2025 yillarga mo'ljallangan loyiha qiymati 1 milliard 40 million 468 ming so'm bo'lgan “Ko'zi ojizlar uchun “Spelling audio dictionary” audio qo'llanmasini yaratish” ustida ish olib borilmoqda. Bunda sohaga doir so'zlarni saralash va ovozlashtirish orqali imkoniyati cheklangan insonlar uchun dolzarb qo'llanma yaratiladi. Shuningdek, 2024-2026 yillarga mo'ljallangan loyiha qiymati 826 million 438 ming so'm bo'lgan “Xalqaro matbuot erkinligi reytinglarida O'zbekiston mavqe­yini ko'tarishning milliy konsepsiyasini yaratish” mavzusidagi loyiha-granti ham universitet professor-o'qituvchilari tomonidan yutib olindi va hozirda ushbu loyiha ustidagi ishlar qizg'in olib borilmoqda.

Universitetning respublika va xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish borasida ilmiy faoliyat bilan shug'ullanib kelayotgan professor-o'qituvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, “To'g'on va Qudrat Ernazarovlar nomidagi jamoatchilik bilan aloqalar” kafedrasi, “Muqimjon Qirg'izboyev nomidagi siyosiy fanlar” kafedrasi kabi faxriy ustozlar nomlariga kafedralarni nomlash an'anasi ham yo'lga qo'yilganki, bu ham o'qituvchilarning ilmiy izlanishlarida, dars mashg'ulotlarini sidqidildan ado etishlarida haqiqiy motivatsiya hisoblanadi.

Kuzatishlar shuni ko'rsatadiki, ilm sohasida rivojlanishi bo'lmagan yurt, davlat borki, tanazzulga yuz tutadi. Shu ma'noda jannatmonand O'zbekistonimiz rivojlanishi, yuqori taraqqiyot sari bo'y cho'zishida ham, albatta, ilmga qaratilayotgan e'tibor va rag'batning munosib o'rni bor. Zero, har qanday rivojlanishga ilm orqali qilingan investitsiyagina mamlakat imijini jozibador qiladi, ertasining bugunidan nurafshon bo'lishiga xizmat qiladi. Bu borada Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida oliy ta'limdan keyingi ta'lim doirasida tashkil etilgan bugungi sharoit, muhit, imkoniyat, bir so'z bilan aytganda, jurnalistik faoliyatning ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan yuksalishiga beqiyos xizmat qiladi.

Nozima MURATOVA,

filologiya fanlari doktori,

dotsent,

Ergash BOBORAJABOV,

filologiya fanlari bo'yicha

falsafa doktori (PhD).

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + nineteen =