Boburshunoslikdagi yirik yutuq

Shokirxon Rustamxo'jayev tomonidan tayyorlangan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” kitobi shahanshoh Bobur va boburiylar hayoti, faoliyati va ijodi haqidagi qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to'plamidan iborat bo'lib, bu besh jildlikda jahon boburshunosligida erishilgan yutuqlar jamlangan.

Sermahsul va zukko sharqshunos olim Sh.Rustamxo'jayev 2000 yildan bosh­lab Bobur asarlari bibliografiyasini tuzishga kirishdi. Dastlab bu olim Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati muzeyi”dagi temuriylar va boburiylarga oid kitoblar bibliografiyasini tuzdi. So'ngra taniqli bibliograf Zuhra Berdiyeva bilan hamkorlikda Vatanimizdagi temuriylar va boburiylar haqidagi asarlar bibliografiyasini tayyorlab, nashr etdi.

Va nihoyat, RF Fanlar Akademiyasi tilshunoslik institutining yetuk turkshunos olimasi A.V.Dibo rahbarligida hamda “San'at, fan va sport” xayriya fondi va Bobur nomli Xalqaro jamoat fondi hamkorligida jahon boburiylariga doir “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya. Moskva, Izd. Vost. lit-rы, 2016, 1083 str” nomli asar ham Sh.Rustamxo'jayev mehnatining natijasi o'laroq, dunyo yuzini ko'rdi.

Ushbu “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to'plami”ning tuzuvchi-muallifi ham tolmas tadqiqotchi Sh.Rustamxo'jayev bo'ldi. Mazkur majmuani qo'lga olgan kishi uni varaqlab, birdan shoshib qoladi. Chunki bir shaxs, bir shahar… nomi qatorasiga bir necha tillarda qatorlashib kelaveradi. Har bir maqola so'ngiga ahamiyat bergan kishigina bu “sir”ni anglab yetadi. Bir manba haqida o'ndan ziyod maqola berilgan; hatto kitob nomlari ham bir xil… Biroq nashr yillari va joyi bilan farq qiladi. Mazmun va hajmlaridagi tafovut aniq ko'zga tashlanadi.

Bu “sir” shundan iboratki, shu shaxs, shu shahar yoki davlat haqidagi ma'lumotlar xronologik tadrijiy ravishda berilaveradi. Chunonchi, “Rossiya, 1903” qomusida u yoki bu shahar haqidagi ma'lumot “Boburnoma”dagi ma'lumot bilan cheklangan bo'lsa… keyingi manbalarda bu ma'lumotlar boyib, kengaya bosh­laydi.

Chunki birgina Bobur yoki unga aloqador kishilar haqidagi ma'lumotlar ensiklopediya, kitob, jurnal, gazeta, o'rta va oliy maktab darsliklarining turli nashrlari asosida takroran yilma-yil berilgan…

Bu, demak: “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to'p­lami” o'zida boburshunoslikning ilk namunalari, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari — tadrijiy evolyutsiyasini o'zida mujassamlashtirgandir.

Kamina ushbu besh jildlik kitobni “Jahon boburshunosligi qomuslari” deb atagan bo'lardim. Zero, bunda, asosan, Markaziy Osiyo jumhuriyatlari, Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon, Yaponiya, Misr, Eron, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, AQSh… va qisman Hindis­ton boburshunoslarining maqolalari jamlangandir.

Tuzuvchi-muallif sharqshunos olim Sh.Rustamxo'jayev jamlagan maqolalarni bor holicha ko'chirib qo'yavermagan: har bir maqoladagi so'z (imloviy), tarixiy sanadagi yoki boshqa biror ilmiy nuqson yoki boshqacha talqinga duch kelsa, ularni isloh qilib, haqiqiy ilmiy-istilohiy holati haqida tushuncha berib boradi. Masalan, Sh.Rustamxo'jayev manbadagi “Shoh Akbar 1598 yilda shahar qal'asi ichida Devoni Avom maqbarasi qarshisida masjid qurdi” degan gapdagi “Devoni Avom maqbarasi” so'zlariga quyidagicha izoh va tuzatishlar kiritadi: Manbada “Devoni avom maqbarasi” tarzida xato yozilgan. Zero, u maqbara emas, balki podshohning “Devoni Om” bo'lishi zarur (Sh. R.). (Mazkur to'plam, 3-jild, 373-b.). Yoki manbadagi: “Qabr toshiga Allohning 99 xil sifati o'yib ishlangan” degan gapiga tuzuvchi-muallif hoshiyada shunday izoh beradi: “Manbadagi “Allohning 99 sifati” to'g'ri emas, balki Qur'oni karim va sahih hadislarda yozilishicha: “Allohu taoloning 99 go'zal ismlari. (Sh. R.)” 3-jild, 374-b.).

Umuman, mazkur to'plamda bu kabi izohlar ikki mingga yaqindir.

Mazkur to'plam Bobur va Boburiylarning ko'proq Hindiston va Bang'oladagi hayot va faoliyatlari haqida siyosiy, iqtisodiy, etnografik, ma'naviy-maishiy, san'at va adabiyot, urf-odatlari xususida ham har tomonlama to'la ma'lumotlar mukammal yoritilgan.

Ushbu kitoblardan Sharq mamlakatlaridagi yuzlab taniqli kishilar haqida hatto biz bilishni istagan, ammo fors manbalarida ham topilmaydigan ma'lumotlar ham uchraydi. Chunonchi, Sulton Mahmud va uning sevimli quli Abu Najm Ayoz haqida o'nlab rivoyat, hikoyat, dostonlar yozilgan. Biroq Ayoz faoliyati qaerlarda bo'lgani haqida shu davrgacha hech qanday ma'lumotga ega emas edik.

Ushbu jildlardagi quyidagi ma'lumot bizni hayratga soldi: Bog'lar shahri Laho'r azaldan go'zal bog'lari bilan mashhur. Shaharning daryo bo'yiga joylashuvi hukmdor va go'zallik oshiqlariga, ularning estetik didlarini ro'yobga chiqarish imkonini yaratib, tarixiy manbalar musulmonlar hukmron bo'lgan davrlarda 36 ta, sikxlar davrida 23 ta va inglizlar davrida faqat 3 ta bog' barpo etilgan ekan.

Tarixiy manbalarda Mahmud G'aznaviyning sodiq quli, shahar hokimi Ayoz Malikning birinchi bo'lib bog' qurganidan darak beradi (Mazkur to'plam, 3-jild, 372-b.)

Yoki: “Laho'r qal'asi. Tarixiy va me'morchilik nuqtai nazaridan qal'a juda ko'p voqealarni boshdan kechirgan va deyarli ming yillik tarixga ega… Mahmud G'aznaviyning yaqinlaridan Ayoz Malik shaharga hokim qilib tayinlangach, u shaharni loydan qayta qurgan va “Mahmud nur” deb atagan. (Mazkur to'plam, 3-jild, 375-76 b.)

Tuzuvchi-muallif Sh.Rustamxo'jayev Bobur va boburiylarga bo'lgan ulkan ishtiyoqi tufayli ushbu yirik sulola vakillari, ularning ijodi, faoliyati, tuzum va udumlari, siyosati va harbiy harakatlari, ular bunyod etgan shahar va me'moriy obidalar, bog'-rog'lar, oilaviy munosabatlarning ikir-chikirigacha ma'lumotlari aks etgan o'zbek, turkman, hind, ingliz, nemis, fransuz, urdu, fors, rus, tatar, belarus, ukrain, ozarbayjon, turk, tojik va arab tillaridagi qomus, to'plam, albom, jurnal, kitob va gazetalardagi materiallarni sinchiklab, ushbu besh jildlik kitobga jamlagan.

“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” kitobi Bobur va boburiylar bo'lgan, qo'lga kiritgan, qurgan shahar va bog'-rog'lar haqida, hukmdorlar shaxsi va murakkab qismatlari, tantana va tanazzullari, buyuk himmatlilik va taqdir nochorligi… xullas, ularning hayoti va faoliyati haqida turli-tuman qarashdagi mualliflarning aytgan, yozgan fikrlari, faktlari xazinasini o'zida jamlagan qomuslar qomusidan iboratdir.

Bu to'plamlarga nisbatan har qancha maqtov aytsak ham oz. To'plovchimiz oddiygina yig'uvchi emas, u olimona zakovat va bilimdonlik bilan o'z vazifasi ijrosiga puxta kirishgan va kutganidan ham kattaroq yutuqlarga erishgani bilan uni muborakbod etamiz.

Boburshunoslar bunga qadar mazkur ma'lumotlardan bir hovuchginasini O'zbekistondagi nashrlar asosida bilar edik, xolos… Endi bu yirik sulola faoliyatini jahon boburshunoslari ko'rgan-bilganlarigacha bu yirik jildlardan kuzatish imkoniyatiga egamiz.

Bunday ishlarga tanqidiy nuqtai nazar bilan ham qaramaslik kerak, deb o'ylaymiz. Mazkur ishni muallif-tuzuvchimiz imkon qadar yaxshi bajargan. Uning o'nga yaqin tillarni yaxshi bilishi, zakosi va tolmas g'ayratchanligiga qarab havasimiz keladi.

Xullas, Shokirxon Rustamxo'jayevning ushbu yirik xizmati adabiyotshunoslikka, xususan, boburshunoslikka qo'shilgan yirik olimona hissa sifatida har tomonlama tabriklashga arziydi.

Kelgusida mazkur boy to'plamni katta adadlarda chop etib, butun O'zbekiston bo'ylab va jahon afkor ommasiga tarqatish maqsadga muvofiq ish bo'lur edi.

Vahob RAHMONOV,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Xalqaro Bobur mukofoti sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + eleven =