Yoshlik o'tsa hamki, dil hisga to'lar

Aleksandr Pushkin tavalludining 225 yilligi

Mangu hodisa

Pushkin mangu yashovchan, doimiy harakatdagi, bir nuqtada to'xtab qolmaydigan, ya'ni intihosiz, balki jamiyat ongida muntazam yangilanib boradigan hodisalar sirasiga kiradi. Davrlar bu hodisa haqida o'z fikrmulohazalarini aytadilar, uni qanchalik to'liq tushunib etsalar ham o'zlaridan keyingi davrlarga yanada yangi va haqqoniyroq fikrlarni qoldiradi, hech bir davr hech qachon u haqida hamma gapni aytib tugata olmaydi…”, deb yozgan edi rus tanqidchisi V.Belinskiy.

Chindan ham A.S.Pushkin adabiyotni yuksaklarga olib chiqqan “Rossiyaning peshqadam shoiri” (u 20 yoshidayoq bu sharafli nomga sazovor bo'lgan edi), hayotligida daholik maqomini olgan ijodkor sifatida adabiyotda realizm va xalqchillik tamoyillarini, qator adabiy janrlarning shakllanishi hamda taraqqiyotini belgilab berdi. Pushkin ijodi jahon adabiyoti rivojida, shubhasiz, katta ahamiyatga ega.

XXI asrga — insoniyat aqlga sig'mas kashfiyotlar qilgan va ayni payt­­da qaysar o'smir kabi hanuz uqubatli ehtiroslarga asir bo'lib qolayotgan zamonga Pushkin hurfikrli erksevar shoir sifatida dadil kirib keldi. Va ayni shu sifatlar uning she'riyatini zamonaviylashtirdi, dolzarbligini ta'minladi. Zamonlar, mafkuralar o'zgardi, mustabid tuzumlar barham topdi, dunyo necha marta evrildi — Pushkin esa o'sha-o'sha — boshini mag'rur tutib, rost so'z bilan “yuraklarga olov yoqib” turibdi. O'tgan ikki asrning nari-berisida ro'y bergan voqealar, bo'ronli, to'fonli davrlarda ham uning she'riyati zavol topgani yo'q, merosi rus madaniyati hududidagina qolib ketmadi, umumjahon madaniyatining bir bo'lagiga aylandi. Bu merosdan biz ham ko'pdan beri bahramandmiz.

Chunonchi, Pushkin she'rlarini o'zbekchalashtirishga XIX asr oxirida qo'l urilgan ekan. Shundan keyingi bir yuz yigirma besh yil mobaynida bu jarayon to'xtagani yo'q. Oradagi farqni o'zbek tarjima maktabining shakllanganida, rivojlanib borgani va takomillashganida ko'rish mumkin.

1936 yilda shoir vafotiga 100 yil to'lishi munosabati bilan mashhur o'zbek shoir va adiblari uning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilishga kirishdilar. Tarjimonlar ichida Cho'lpon, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Usmon Nosir, Uyg'un va boshqa atoqli ijodkorlar bor edi.

Shoir asarlarini tarjima qilish keyingi davrlarda ham davom etdi. Bunda Zulfiya, Mamarasul Boboyev, Izzat Sulton, Shuhrat, Hamid G'ulom, Asqad Muxtor, Ramz Bobojon, Turob To'la, Odil Rahimiy, Qodir Mirmuhamedov, Ma'ruf Hakim singari ijodkorlar nomini alohida aytib o'tish kerak.

O'zbek adabiyotining keyingi avlod vakillari — Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Ali, Abdulla Sher, Mirpo'lat Mirzo, Mirza Kenjabek va boshqa ijodkorlar buyuk shoirning she'rlarini o'zbekchaga mahorat bilan tarjima qildilar. Pushkinning ayrim she'r va dostonlari qayta-qayta tarjima etilmoqda.

O'zbek kitobxonlari jahon adabiyotining bu toza bulog'idan hamon bahramand bo'lmoqda va bu davomli jarayondir. Quyida ulug' shoir she'r­laridan qilingan tarjimalarni hukmingizga havola etishdan baxtiyormiz.

Tarjimon.

 

Aleksandr PUShKIN

Bulbul va atirgul

 

Bahor, namozshomda, sokin bog' ichra

Sharq bulbuli kuylar atirgul uzra.

Ammo gul bilmaydi, parvo qilmaydi,

Oshiq dil rozidan mast-u mudraydi.

 

Kuylarmisan hissiz chiroyga shunday?

Esing yig', o, shoir, niyating qanday?

U tinglamas, tuymas shoirni hargiz,

Qaraysan, gul yashnar, chorlaysan — sassiz.

 

* * *

Sizni sevar edim: sevgim, ehtimol,

So'nib qolmagandir ko'ksimda hali.

Ammo endi sizga u kelmas malol,

Istamayman, boshqa xafa qilgali.

 

Sizni sevar edim unsiz, umidsiz,

Goh jur'atsiz, rashkda o'rtanib goho.

Sizni sevar edim chin dildan, nafis,

Boshqaga ham shunday suydirsin Xudo.

 

* * *

Sahroyi otalar, ma'sum ayollar

Ko'ngilga g'oyibdan yo'llab xayollar,

Taloto'plar aro tutguvchi mahkam

Ilohiy duolar to'qigan bir dam.

 

Ammo taskin bermas menga hech biri,

Go'yo takroriday tuyular bari

Ro'za kunidagi ruhoniy so'zin.

Ammo pichirlayman ko'proq kundan-kun

 

Yiqilganni qo'llar g'oyibdan bu kuch:

Hayotim mehvari! Havoyi ruh, puch

Xiyonatdan asra — ming boshli ilon.

Quruq safsatadan ko'nglim begumon.

 

Biroq ko'rsat, Egam, gunohlarimni,

Ukam eshitmaydi aytgan gapimni,

Itoat, sabr ber, mehru muhabbat,

Tiriltir qalbimda imonim abad.

 

Fozil Xonga1

Yangi jasorating loyiq sharafga,

Yo'l solibsan bizning shimol tarafga,

Bunda bahor qisqa bo'lur hukmron,

Ammo Hofiz, Sa'diy nomlari doston.

 

Yarim tunda bizning o'lkamiz sari

Kelibsan, endi iz qoldir, dil ochgil.

Misli xayolotdir Sharqning gullari,

Shimol qorlarining ustiga sochgil.

Hofizdan2

(Furot yaqinidagi lager)

Harbiy shonga bo'lma asir,

O, yigitcha, rasida!

Qonli jangga kirmoq nadir

Qorabog' to'dasida!

Bilgum: senga yetmas ajal,

Qilichzorda Azroil

Husning payqar va shu mahal

Shafqatga bo'lar moyil!

Qo'rqaman, ammo: urushda

Sendan ketgay toabad —

Tortinish, sipo yurish va

Xotirjamlik ham uyat!

 

* * *

Kecha oqshom go'zal Laylo

Ketib qoldi qilmay parvo.

Degan edim: “To'xta, qayon?”

Dedi surib meni bir yon:

“Qara, boshing oppoq-ku qor”.

Mahmadona, bilmas ne ishq,

Javob berdim: “Har boshda bor!

Neki edi qop-qora mushk,

Endi bo'ldi kofur, dildor”.

Ammo Laylo kuldi tugun

Gaplarimga xo'p beayov:

“Bilasan-ku, — dedi gulgun, —

Mushk separlar kelin-kuyov,

Kofur esa tobut uchun”.

 

LVI oda

(Anakreondan)

Oqarib, to'kiladi

Sochlar — boshim shukuhi,

Tishlarim liqilladi

Va so'ndi ko'zim cho'g'i.

Oz qoldi shirin umr,

Endi kunim sanayman:

Hisobli dunyo axir,

Sharpam kutar jahannam,

Tirilmasmiz biz aslo,

Unutdir u yoq mangu:

Hammaga ochiq, ammo

Borsa kelmas yo'ldir bu.

 

LVII oda

(Anakreondan)

Nega mening qadahim bo'm-bo'sh?

Chaqqon bola, quygil menga may.

Faqat o'tkir may bo'lmasin, xo'sh,

Toza suv ham qo'shgin erinmay.

 

Biz saklarmas, istamayman hech,

Mayxo'rlik bu, do'stlarim, kulfat:

Yo'q, may totib, kuylayman har kech

Yo qurgayman chin dildan suhbat.

 

 

* * *

O, yo'q, yashash jonga tekkanicha yo'q,

Hayotni sevaman, yashagim kelar,

Ko'ngil hali tamom cho'kkanicha yo'q,

Yoshlik o'tsa hamki, dil hisga to'lar.

 

Hali zavqu shavqin saqlagay qalbim

Ko'ngilning tizginsiz istaklariga,

Xayollarning go'zal tushlari uchun,

Tuyg'ularga asir, bari-bariga.

 

* * *

Teran daryolar

Oqarlar sokin.

Chin avliyolar

Yashaydilar jim.

 

* * *

Begona yurtlarning sodda maftuni,

Ayblar edim men o'zni doimo,

Dedim: Vatanimdan topgummi uni —

Qayda sog'lom aql, qayda bor daho?

Qani olijanob qalbli fuqaro,

Sururli, otashin, erkin va xolis?

Qani ayol — hissiz emas, dilrabo,

Qani yondirguvchi go'zal, olov qiz?

Samimiy suhbatdosh topayin qaydan,

Yorqin, ma'rifatli, quvonchli — qaydam?

Kimga yukunayin samimiy dildan?

Ko'nglim qolgan edi Vatandan yomon —

Kecha Golitsin3ni uchratgan zamon

Murosaga keldim Vatanim bilan.

 

* * *

Uylanish dardida shohning habashi4,

Boyonlar ichida yurdi xo'p habash,

Boyon qizlarini ko'rdi ko'p habash.

Habash kelin topdi, bitirdi ishni:

Qora qarg'a topdi sutdek oq qushni.

Habash-chi, qop-qora kuchukcha o'zi,

Xonim-chi, oq kuchuk — boyonning qizi.

 

* * *

Ahvol qalay, og'ayni chalish?

Shakkok kabi ranging oqarmish,

Hurpayibdi soching ham tikka!

Yo qiz bilan chiqib bir chetga,

Tutildingmi devordan nari,

Shunda seni o'g'ri singari

Quvishdimi qorovullari?

Yo qo'rqdingmi och arvohlardan,

Yoki og'ir, cho'ng gunohlardan,

Ilhom dardin chekarmisan sen,

Hali she'r ham bitarmisan sen?

Mening epitafiyam

Bu yerda Pushkin yotar: navqiron soz bag'rida,

Sevib va erkalanib surdi

sho'x davru davron,

Yaxshilik qilmagandir,

lek yurdi qalb amrida,

Xudo xayrini bersin, yaxshi inson.

HUMOYuN tarjimalari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =