Mening birinchi muxbirlik guvohnomam
Shamol daraxtni silkitganda, o'tgan fasllar daraxtning yodiga tushar emish. Buni yaqinda Internetda o'qidim.
Xotira shamoli ba'zan odamni ham silkitadi…
Birinchi muxbirlik guvohnomamni qachon, qaerda, kimning qo'lidan olganimni yaxshi eslayman. Eslamay bo'ladimi?
1977-82 yillar. Maktabda o'qiyman. Tuman gazetasiga serqatnov bo'lib qolganman. Gazetaning deyarli har sonida yozib jo'natgan u-bu narsalarim e'lon qilinadi. Ba'zi sonlarida ikki-uchtalab narsalarim bosiladi. Ba'zan muallif nomi o'zgartiriladi, material tahrir qilinadi, lekin matnni, muallifni tanisa bo'ladi.
Surxondaryo viloyatining Qiziriq tuman gazetasi ko'zimizga osmondagi oydek ko'rinadi. Tahririyatga xuddi bayramga otlangandek alohida tayyorgarlik ko'rib boraman. Gazeta mas'ul kotibi bosiqfe'l, ko'ngli ochiq, kichikroq piyolalardek katta-katta ko'zlari bilan go'yo ichingni ham ko'rib turgandek taassurot qoldiradigan, kirpisoch kishi — Rahim Iskandarov:
— Qo'yni-qo'njini she'r, maqola, xabarlarga to'ldirib yosh va havaskor shtatsiz muxbir Salim Ashurov keldi, — deydi baland ovozda. Men — g'o'r bola bu ovozda faqat sha'nimga aytilayotgan maqtovni eshitaman. Shu tobda boshqa ohanglar qulog'imga kirmaydi.
U mo''jaz xonada yolg'iz o'zi o'tiradi. Lekin bu gapni, nazarimda, mendan boshqalar ham — butun dunyo eshitadi. Bu hazil gapni men, tabiiyki, chin — ayni haqiqat o'rnida qabul qilaman. Va har borganimda ko'ngilni ko'taradigan shu gapni eshitish uchunmi, daftarlarni to'ldirib o'zimcha nimalardir yozaman, yozaveraman…
Bir muddat avval tuman tahririyati va bosmaxona eski yog'och uyda joylashgan edi. Betondan qurilgan yangi binoga ko'chib o'tilganiga hali ko'p bo'lgani yo'q. Mas'ul kotibning xonasi alohida. Nimqorong'i. Tashqariga deraza yo'q. Boshqa xonalarga o'tadigan aylanma yo'lak devorining yarmi to'rtburchak mayda “ko'z”larga o'rnatilgan oddiy shisha — oyna. Mayda ko'z oynalarning yarmiga mas'ul kotib xonasidan — ichkaridan oq parda tutilgan, yarmi ochiq. Pardaning tepasi g'ijim, popukli. Ish stolida o'sha paytlarda gazeta sonlari maket qilinadigan, kataklarga bo'lingan sariq qog'oz, temir chizg'ich, har xil ruchka va qalamlar, telefon raqamlari yozilgan ko'k kitobcha, katta-kichik daftarlar, kitoblar, gazetalar taxlamlari. Bir qarasangiz — tartibli, bir qarasangiz — tartibsiz… Ish jarayoni shu-da. Stol ustida yana Moskvada chop etilib, O'zbekistonga, olis va chet Qiziriqqa yetib kelgan rus tilidagi katta gazetalar yoyilgan, ya'ni ular o'qilmoqda. Sahifalarning ayrim o'rinlariga qora qalamda belgilar qo'yilgan, satrlarning tagiga chizilgan.
Rahim aka yeb-ichishimdan, yotib-turishimdan so'raydi. Suhbatning “Mening orzum” bo'limi alohida. Unda Rahim aka tajribali jurnalist sifatida menga yo'l-yo'riq ko'rsatadi, maslahatlar beradi. Jurnalistik janrlar nima ekanini, qanaqa bo'lishini o'rgatadi. Ayniqsa, men “Novella” janrini adabiyotshunoslik kitoblarida emas, shu tahririyatda kashf qilganman, Rahim akadan bilganman. Janrning nomi juda jozibali tuyulgan va novellalar yozishga undagan.
Tuman gazetasining har sonida bir-ikkita o'tkir tanqidiy maqolalar, felyetonlar beriladi. Aksariyatining muallifi Rahim aka Iskandarov. U qo'rqmas, jasur, adolatparvar shaxs, hayotdagi muammolarni matbuotda dadil olib chiqadigan, kamchiliklarni ayovsiz fosh etadigan jurnalist sifatida ko'z oldimizda gavdalanadi va chin havas uyg'otadi. Tuman va viloyat gazetalarida “I.Folkin” taxallusi bilan ko'rinar ekan, bu bilan sirliligi ortadi, nega bunaqa ekan, deb hammayam o'ylanib qoladi.
Bir gal Rahim aka meni bosmaxonaga olib tushdi. Bosmaxona eski yog'och binoning podvalida edi. Oddiy qog'ozni gazetaga aylantirayotgan, shovqin solib ishlayotgan bir-biridan g'aroyib mashinalarni ko'rsatdi. Bosmaxona ishini erinmasdan gapirib berdi. Ishchilar o'tkir hidli bo'yoq, moy sachragan qora korjomada bosh ko'tarmay ishlashadi. Rahim akaga bosh irg'ab qo'yadilar.
…8-sinfda o'qiyman. Qish. Qiziltom qishlog'imizda (o'sha paytlaram hatto!) chiroq tez-tez o'chadi. O'zimcha bu holatni tanqidiy maqola qilib, gazetaga yubordim. Gazetada “Holva degan bilan…” sarlavhali maqola e'lon qilindi, albatta, tahrir bilan. Ancha shov-shuv, gap-so'z bo'ldi. Gazeta nomidan mas'ul kotib Rahim Iskandarov, aslida, hali maktab o'quvchisi bo'lgan muallifni himoya qildi. Xullas, natija shu bo'ldiki, keyin chiroq ko'p o'chmaydigan bo'ldi.
Menga o'xshab gazetaga qiziqib, tahririyatga qatnab yurganlarga Rahim aka doim xayrixoh edi. “Anchadan buyon bizga qatnayapsan. Bir qancha materiallaring bosildi. Senga “shtatsiz muxbir” degan guvohnoma bersak bo'ladi, — dedi bir kuni va shtatsiz muxbir qanday bo'lishi, vazifasi nimadan iborat ekani, markazdagi gazetalarda shunday muxbirlar borligi, ularning yozgani bilan gazetalar mazmunan rang-barang bo'lishi haqida gapirdi. — Keyin qaerga borsang, guvohnomani ko'rsatasan, shunda odamlar gazetadan borganingga ishonadi. O'zing ham muxbirlikni o'rganasan”. Bunday beg'araz muruvvat, ishonch goh shoir, goh jurnalist bo'lishdek havoyi orzular qanotida uchib yurgan tajribasiz yosh yigitcha uchun katta imkoniyatlarning katta eshigi ochilishi bo'lmasa nima?!
U o'zining cho'g'dek alvon, qalin guvohnomasini yon cho'ntagidan olib, oldimga surib qo'ydi. Qo'limga olib tomosha qildim. Kaftlarimda kuygan izlar qoldi go'yo.
Men xonada kuzatib o'tirdim, Rahim aka guvohnomani yoyib, hafsala bilan tekisladi. Bosmaxonada tayyorlangan yangi, tuman gazetasining xodimi ekanini bildiruvchi qog'ozni guvohnomaning ichiga yelimladi. Mening ism-familiyamni va yana “Vneshtatnыy korrespondent” degan so'zlarni maxsus po'lat peroda, peroni doim stoli ustida turadigan qora tushning shisha idishiga botirib, bosma harflarda husnixat bilan yozdi. Tagidan “Otvetstvennыy sekretar” deb yozib, imzo qo'ydi. Muhr bosib, tasdiqladi. Qo'limni siqib tabrikladi. “Endi shu guvohnoma bilan bemalol tanqidiy material tayyorlayverasan”, dedi.
Keyinchalik ko'p guvohnomalarni cho'ntagimga solib yurdim. Ammo bu — birinchi muxbirlik guvohnomam yuragimdan joy olgan. U menga ishonch berdi. Shudgor qilinayotgan, paxta terilayotgan dalalardan, maktabdan, poliklinikadan xat-xabarlar yozib jo'natdim. Cho'ponlarni axtarib yaylovlarga, uzoq-yaqindagi kutubxona, sartaroshxonalarga bordim, ko'rganlarim asosida qog'oz qoraladim. Yozganlarim tuman gazetasida e'lon qilinaverdi. Rostini aytganda, gazetada chiqish u paytlarda juda katta gap — ha, obro', ha, e'tirof, ha, ichki yuksalish sanalardi.
Rahim Iskandarov respublikada taniqli, qalami o'tkir jurnalist, maqolalari “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “O'zbekiston san'ati” kabi gazeta-jurnallarda muntazam bosilardi. Kimsan — adib Shukur Xolmirzayev, dunyoga ma'lum va mashhur rassom Ro'zi Choriyev bilan do'st, oshna edi. Bunday odamga havas qilmay bo'ladimi?!
Kunlar issiq. Tahririyatga borish uchun olis qishloqdan tuman markaziga qarab yo'lga tushiladi… Qishloq bekatida uzoq kutiladi. U paytlarda avtobus yoki boshqa mashinalar kam. Kutib o'tiraversa, kun o'tib ketadi. Ahyon-ahyonda kelib qoladigan yo'lovchi “bortovoy” mashinalar to'xtaydi. Tepaga — bortga chirmashib chiqamiz. Kabinadan, haydovchi yonidan eng omadli bir-ikki kishiga joy topiladi. Yo'l-yo'lakay tepadagilardan kimdir tushib qolmoqchi bo'lsa, mashina kabinasini tepadan — tomidan uradi. Mashina sekinlab, chetga o'tib to'xtaydi. G'ildiraklar tagidan chang ko'tariladi. Haydovchi kabina oynasidan qo'lini cho'zadi va kaftini ochadi. Kaftlar bir zum “uchrashadi”… So'ng haydovchi bortdagilarga bir qarab olib, yana yo'lda davom etadi…
Tuman gazetasi bosh muharriri Jo'ra Ersoatovning qabulxonasiga kiraverishdagi xonada, stol ustida — gazetalar taxlami. Viloyatimiz va boshqa viloyatlardagi ko'plab tuman gazetalarining o'tgan sonlarini varaqlab ko'rish mumkin. Bir-biridan qiziqarli. Shu yerda, bir chetda ikki chelakda suv turadi. Chelakning usti karton qog'oz bilan yopilgan. Yonida ikkita alyumin krujka. Krujkani ko'tarib, shu muzdek suvdan ichasiz. Yoqangizdan oqib tushgan suvdan tanangiz yayraydi.
Redaksiya biz yashayotgan olamga emas, biz yashashni istagan olamga o'xshaydi. Bu yerda bosh muharrir Jo'ra Ersoatov, tajribali va fidoyi xodimlar Chori Alimov, Rahim Iskandarov, Ochil Xudoyberdiyev, Safarali Omonturdiyev, Jonpo'lat Elmurodov va yana men hozir parishonligim tufayli nomlarini eslay olmagan ko'p hurmatli insonlar mehnat qilishadi. Ish qizg'in boradi. Chetdagi xonada yozuv mashinkasi dam olmay, to'xtamay chiqillaydi, “nafas rostlamaydi”. Bir necha xodim o'tirgan katta xonada ba'zan ijodiy bahslarga guvoh bo'laman. Biz kitoblarini o'qib tanigan, bilgan, ammo o'zlarini ko'rmagan mashhur shoirlar, yozuvchilar, olimlarning nomlari tilga olinadi. Shukur Xolmirzayev, Tesha Saydaliyev, Mengziyo Safarov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To'xtaboyev, Mirzakarim Pirmatov, Toshtemir Toyloqov, Nurislom To'xliyev, Nodir Normatov, Usmon Azim… Biz havas qilgan olamning ufqlari, hududlari kengayib boradi.
Shubhasiz, bunday munozaralar, muhokamalardan keyin gazeta sahifalarida yangi, ohorli ruknlar, sarlavhalar paydo bo'ladi. O'tkir va dolzarb mavzularda tayyorlangan qiziqarli maqolalarni o'qiysiz.
Gazeta ishi shu tarzda yuradi, rivojlanadi.
Bir chetda gapirmasdan jim turgan meni kimdir “tasodifan ko'rib qoladi”, “E, sen she'ringni o'qisang-chi”, deydi to'satdan ham buyruq, ham taklif ohangida. Tabiiyki, “bunday buyuklarning kahkashonida” men dovdirayman-sovdirayman…
O'sha yillarda o'sha tuman gazetasida ishlagan har bir malakali, tajribali xodim menga, orzu-havaslar yetovida oyog'i yerga tegib-tegmay yurgan menga o'xshaganlarga nimadir o'rgatgan, maslahat bergan, nimadir aytgan, nimadir degan… She'r yoki hikoya deb uyalmasdan yozib borganlarimizni sabr-toqat bilan, ko'z nurini to'kib o'qigan, tuzatgan, tahrir qilgan. Shoir-yozuvchilardan kimnidir aytib, unga havas uyg'otgan. Yana kimdir yangi kitob haqida gapirgan bo'lishi mumkin. Har holda, shunday muhit edi… Ehtimol, 1975 yilda tashkil etilgan qo'riq tuman gazetasida har xil sharoitlarda mehnat qilgan, qurb-quvvati yetganicha qalam tebratgan u fidoyi, mehnatkash, o'z kasbini sevgan odamlarning ayrimlari bugun oramizda yo'qdir, lekin o'shanda menga, menga o'xshaganlarga katta xayrixohlik ko'rsatgan u olijanob insonlarni doim minnatdorlik bilan eslayman.
O'tgan asrning yetmishinchi yillari ikkinchi yarmidan chekka, cho'l tumanidagi tahririyatda qaror topgan qaynoq ijodiy muhit tufayli bu yerdan bir qancha qiziriqlik ijodkorlar yetishib chiqdi. Ularni bugun nafaqat Surxon diyorida, balki butun mamlakatimizda yaxshi bilishadi.
O'ho', u uzoq yillarda o'sha ijodkor-jurnalistlarning, o'sha tahririyatning ta'lim-tarbiyasini olib “odam bo'lgan”lar nomma-nom sanaladigan bo'lsa, o'z-o'zidan bu safga yana ko'plar qo'shiladi…
Men gazetada chiqqan maqolalarimni to'plab, albom tayyorlashga kirishganman. Jurnalistika fakultetiga o'qishga kirishda, to'g'rirog'i, hujjat topshirishda kerak bo'ladi, buni bilaman. Rahim aka fakultetda ijodiy imtihon ham borligini, abiturientning gazetalarda e'lon qilingan materiallari asosida savol-javob bo'lishini, bunga ham jiddiy tayyorgarlik ko'rish kerakligini uqtiradi.
O'ninchi sinfni tugatish arafasida gazetaga bir dasta she'riy mashqlar berdim. Bir kuni gazetani olsam, suratim va umumiy sarlavha ostida she'rlarim berilgan. Tahririyat menga “Oq yo'l” tilagan. Buni Rahim aka Iskandarov tayyorlaganini sezaman. Bosh muharrir va boshqa xodimlar — samimiy akalarimiz dildan xayrixoh bo'lishgan, albatta.
Rahim aka bosh bo'lib tahririyatning ish qog'oziga jurnalistika fakultetiga o'qishga kirishim uchun tavsiyanoma yozildi. Imzoga olib kirganimda o'sha paytlarda u yerlarda anchayin noyob matoh bo'lgan konditsioner ishlab turgan salqin xonada qora kresloda bemalol o'tirib sahifa o'qiyotgan bosh muharrir, haybatidan ot hurkadigan o'rta yoshdagi salobatli kishi — Jo'ra Ersoatov qog'ozga qo'l qo'yar ekan, menga “oq yo'l” tilab, qo'limni qattiq qisdi. Bu “endi bo'sh kelma” degani edi, nazarimda.
Chindan ham jurnalistika fakultetiga o'qishga kirish uchun hujjat topshirayotganimda “ijodiy bisotim” jamlangan albomni qo'shib topshirdim. Ijodiy imtihon chog'ida ushbu albom menga madad bo'ldi, meni “qo'llab yubordi”.
O'sha — Qiziriq tuman gazetasi bugun “Taraqqiyot” nomi bilan muntazam chiqib turibdi. Adadi ham uyaladigan yoki uyaltiradigan emas. Unga tajribali jurnalist, qalami uzoq yillar davomida shu tahririyatda charxlangan, “Do'stlik” ordeni sohibi Chori Alimov rahbarlik qiladi. Ushbu tahririyatda ko'p yillar mobaynida qaror topgan ijodiy maktab an'analari bugun ham davom etayotir. Bugun ham ushbu dargohda jurnalistika sohasiga qiziqqan o'nlab yoshlar malakali va mahoratli ustozlardan ilk saboqlarni olmoqdalar.
Mazkur tuman gazetasining ilk soni bosilganiga hademay yarim asr to'ladi. Ha, 2025 yilda gazetaga 50 yil bo'ladi. Yarim asr — ellik yillik yo'lda nashrning faoliyati g'oyat samarali, barakali kechdi. Balki shu munosabat bilan tuman va viloyat ma'naviy-ma'rifiy hayotida yorqin iz qoldirgan gazetaning ijodiy tarixi aks etgan alohida kitob tayyorlanar. Mabodo shunday ezgu ishga qo'l urilgan taqdirda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, viloyat va tuman hokimliklari, albatta, yordam qo'lini cho'zishiga ishonamiz. O'tgan yillarda shu tahririyatda mehnat qilgan yoki ijodiy faoliyatida shu gazetaning saxovatli imkoniyatidan bahramand bo'lgan hamkasblar ham chetda qo'l qovushtirib turishmas.
…Men esa shu gazetadan olgan birinchi muxbirlik guvohnomamni hali ham avaylab saqlayman. Ba'zan olib ko'raman, changlarini qoqib qo'yaman. Unga ustoz Rahim Iskandarov “I.Folkin” deb imzo chekkan. Yashirmayman, bu menga qandaydir g'urur bag'ishlaydi.
Kasb bayramimiz nishonlanayotgan shu kunlarda bizga yo'l boshida nimalarnidir o'rgatgan, so'z topish, jumla tuzishdan saboq bergan, fikrni so'z bilan ifodalashni, qog'ozga tushirishni o'rgatgan, yomon yozsak ham yaxshi so'z aytgan, ko'nglimizni ko'targan, mehr ko'rgizgan “ustodi avval”larga minnatdorlik bildirgim keldi:
Qadrli ustozlar! Qutlug' bayramingiz bilan tabriklayman!
Salim AShUR,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.