Yuragida o'ti, qalamida cho'g'i bor

Gazetaning eng totli va tez o'qiladigan maqolasi — xabar. Xabarning o'z yuki va vazifasi bor. Odam tabiatan yangilikka, yangi xabarga juda o'ch bo'ladi. Shu bois ham gazeta qo'lga tushishi bilan dastlab o'quvchining ko'zi yangi xabarlarni qidira boshlaydi.

Xabar hajmi kichik bo'lgani bilan o'ziga yarasha salmog'i bo'ladi. Biz ham matbuotdagi dastlabki qadamlarimizni xabar yozishdan boshlaganmiz. Xabarlarimizda ism-familiyalari chiqqan odamlar hatto rahmat aytishgan, do'stlarimiz xursand bo'lishgan.

Masalan, tug'ilgan kun munosabati bilan berilgan kichik tabrik kishiga xursandchilik bag'ishlaydi. Hatto o'lim tufayli chop etilgan ta'ziya boshiga musibat tushgan odamga taskin beradi. Xullas, xabar gazetaning jon tomirlaridan hisoblanadi.

Esimda, maktabda o'qib yurgan kezlarim tumandagi “Kommunizm uchun” (hozirgi “Karmana ovozi”) gazetasiga xabarlar yozardim. Uyimizga obuna orqali viloyatning “Buxoro haqiqati” (hozirgi “Buxoronoma”) gazetasi ham kelardi. Birinchi galda gazetada chop etilgan xabarlarga ko'z yugurtirardim. Ayniqsa, muxbir Bahodir Egamovning Qiziltepa tumanidan yozgan turli mavzulardagi xabarlarini qiziqish bilan o'qir edim. U kishining boshqa gazetada bosilgan maqola, xabar va ocherklarini ham o'qiydigan bo'ldim. Qarang, mana shu voqealarga ham ellik yildan oshibdi. Ellik yilki, Bahodir Egamov yozishdan, kamina esa uning yozganlarini o'qishdan charchamaymiz.

Navoiy viloyati tashkil etilgach, viloyat gazetasi — “Do'stlik bayrog'i” chiqa boshladi. Bu yillar zabardast jurnalist Bahodir Egamov uchun g'ayrat va shijoat bilan ijod qilgan sermahsul davr bo'ldi. U tumanning “Qizil tong” (hozirgi “Yangi Qiziltepa”) gazetasida ishlash bilan birga viloyat va respublika gazetalarida ham faol qatnashar edi. Uning qalamidan to'kilgan ma'naviy-ma'rifiy mavzulardagi mazmunli va ichakuzdi hangomalar, tanqidiy chiqishlari “Mushtum”, “Yosh kuch” jurnallarida, “Ishonch”, “Mahalla”, “Afandi”, “Darakchi” singari gazetalarida tez-tez chop etilar edi.

U tuman gazetasida o'ttiz yil bosh muharrir o'rinbosari vazifasida fidoyilik bilan xizmat qildi. Ayni paytda tahririyat huzurida tashkil etilgan “Navnihol” to'garagini ham boshqardi. Yoshlarga ijod sirlaridan saboq berdi. Bugun uning shogirdlari — taniqli shoir va tarjimon Aziz Said, telejurnalist Qahramon Jamolov, taniqli aktyor Mehriddin Rahmatov, Navoiy viloyati “Do'stlik bayrog'i” gazetasi mas'ul kotibi Zebo Qutliyeva, viloyat radiosi muxbiri Shahnoza Mavlonovalar ustozlari — Bahodir Egamovni mehr bilan e'zozlaydilar.

— Maqolani tez, puxta, o'qishli qilib tayyorlashda Bahodir Egamovga juda havas qilardim, – deydi “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri o'rinbosari, taniqli shoir Aziz Said. — Vijdoni pok, nihoyatda kamtar, o'ta talabchan, fidoyi bu inson gazetaning “qora” mehnatidan erinmaslik bobida biz shogirdlarga hamisha o'rnak va ibrat edi. Tanishganimga yarim asrdan oshgan bo'lsa-da, Bahodir aka hamon o'sha-o'sha ishonuvchan, to'g'riso'z, o'z sohasini puxta biladigan va nihoyatda mehnatkash kishi. Qiziltepada bu insonni hamma biladi, hurmat qiladi, u kishi ham ko'pchilikni yaxshi taniydi. Ustoz jurnalist sifatida qadr­lashadi va e'zozlashadi.

Azizjon ustozi haqida juda ibratli fikr­larni aytdi. Hozir nafaqat Navoiy viloyatida, balki respublikamizda ham Bahodir Egamovday o'z kasbini sevadigan, fidoyi ijodkorlar kam.

Kuzatishlarim va ba'zan uchrashganimizda bo'ladigan qisqa suhbatlardan shunday xulosaga keldim: Bahodir Egamovning qulog'i tezkor xabar, ko'zi ibratli voqea, qalbi dolzarb mavzu izlaydi. Shu bois ham uning yozganlarida qaynoq hayot nafasi, bugun bo'layotgan katta o'zgarishlar, islohotlar tafti sezilib turadi.

Bir suhbatda ulug' ustozimiz, adabiyotshunos olim Ibrohim G'afurov “Insonni tajribasi namoyon qiladi”, — degan edi. Bugun katta taj­riba egasiga aylangan Bahodir Egamov zamon yangiliklari bilan hamqadam va hamnafas. U yuragida ham, qalamida ham cho'g'i bor jurnalistlardan.

Uning “Umrim bezagi yoxud sadoqat gullari”, “Hayot qadri” kitoblari o'quvchilarga manzur bo'lgan. U katta va ibratli oilaning ham otasi, ham bobosi. U bir she'rida o'zining faoliyatini shunday ifodalaydi:

 

Tashvishsiz kunimni sanamayman, yo'q,

Bir nafim tegsin, deyman elimga.

Yashashdan aslida shu erur mazmun:

Betashvish yashasam, kerakman kimga?!

 

Bular barchasi ezgu tashvishlar, odamlarga, ularning oddiy muammolarini hal qilishga, muhtojlarga yordam berishga qaratilgan insoniy tashvishlar. Aslida, ijodkorlar ham shunday tashvishlar bilan yashashi va ijod qilishlari kerak.

Aytgancha, jo'shqin qalam sohibi, taniqli jurnalist Bahodir Egamovning hamisha eslab yuradigan beminnat shukronasi bor:

— Ilk bor qo'limga qalam tutqazgan, otajonim — o'qituvchi Allayor Egamov, Himmatbonu onajonim, mehridaryo Jalisa xolam, mehribon va haqiqatgo'y Baxtiyor akam, hayotdagi beminnat ustozlarim — professor Toji Qorayev, zahmatkash muharrirlar Murod Xalil, Umid Sattorov, Rahim Maqsudov, jurnalist-ijodkorlar Fattoh Sattorov, Abdurahmon Shukurov, Komil Jo'rayev, Baxshanda Boltayeva, Ibrohim Jumayevlardan bir umr minnatdorman.

Qalbi Qiziltepa cho'llariday keng va beg'ubor, yuragi toza, o'zi sodda, mehrli va mehribon inson, o'ta mehnatkash, o'z kasbini benihoya sevadigan va qadrlaydigan fidoyi gazetachi Bahodir Egamovning bitta zo'r niyati bor. U kishi: “Odamlar yana gazetaga qaytadilar, matbuotga mehr qo'yadilar. Matbuot do'konlari qayta tiklanadi”, deb orzu qiladilar. Biz ham ustozning qutlug' orzusi ushalishini qo'llab-quvvatlaymiz.

Ashurali JO'RAYEV,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + twenty =