Sirdaryolik amaldorlarga matbuot ortiqcha yuk bo'lyaptimi?

Husan SODIQOV chizgan karikatura.
Aholisi bir millionni qoralab borayotgan Sirdaryo viloyatida bosma ommaviy axborot vositalari jadallik bilan o'qirmanlar soniga teskari proporsional tarzda o'sib borayapti. Bu hodisani aniq misollar yordamida tahlil qilib ko'raylik. Viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotnomaga tayanadigan bo'lsak, ayni paytda 4 ta tuman va shahar hokimliklarining gazetalari chiqmayapti. Bular sirasiga viloyatning eng aholisi ko'p Boyovut va unga qo'shni Xovos tumanlari, Guliston hamda Yangier shaharlari kiradi. Ushbu hududiy birliklardan birining rahbari Dilfuza Uralova Senator hisoblanadi.
Gazetani haqli ravishda ma'naviyat va ma'rifat minbari, deyishadi. Afsus-nadomatlar bo'lsinki, ushbu tuman-shaharlarning rahbarlari hozircha ma'naviyat va ma'rifat minbarining zarurligini anglab yetmayaptilar. Eng qizig'i, mazkur tuman va shaharlarda vaqtli nashrlar oylab, yarim yillab chiqmayotganiga viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi panja orasidan qarab kelmoqda. Aslida amaldagi qonunlarimizda vaqtli nashrlar 6 oy chiqmasa, yopilishi kerak. Gazetalar soni qisqarib ketsa, boshlarida kaltak sinishini bilgan boshqarma yuqoriga soxta ma'lumotlar yo'llab, ko'zbo'yamachilik qilishdan boshqasiga yaramayapti chog'i.
Ayni paytda chop etilayotgan gazetalarning aksarida davriylik qo'pol tarzda buzilmoqda. Shirin shahri hamda Sardoba, Sayxunobod, Oqoltin tumanlarining “Shirin sadosi”, “Sharafli yo'l”, “Yangi hayot”, “Oqoltin ovozi” gazetalari 15 kunda bir marta chiqishi belgilangani holda bir, ikki, hatto olti oyda arang dunyo yuzini ko'rayotganini qanday tushunish mumkin?! Bularni endi gazeta deyishga ham tiling bormaydi. Qolaversa, mazkur nashrlarning adadi ham haminqadar — atigi 50 nusxadan 270 nusxagachani tashkil qiladi. Mulohaza uchun bir fakt: viloyatning bosh nashrlari — “Yangi Sirdaryo”, “Novaya Sыrdarya” hamda tuman-shahar gazetalari barchasining adadlarini qo'shib hisoblaganda, viloyatda chop etilayotgan gazetalar soni jami 6225 nusxani tashkil etmoqda. Bu o'qirmanlarni ma'naviyat chashmasidan oshqoshiq bilan sug'orishdek gap.
To'g'ri, hozir majburiy obunaga barham berilgan. Biroq hududlardagi mahallalar, ta'lim muassasalari, korxonalarning (maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumta'lim maktablari, kollej va texnikumlar) kutubxonalariga joylarda chop etilayotgan mahalliy nashrlardan 1-2 nusxadan obuna uyushtirilgan taqdirda ham gazetalar adadi anchaginani tashkil etgan bo'lardi. Lekin mahalliy rahbarlar aholining ma'naviy-mafkuraviy immunitetini oshiradigan bunday muhim tadbirga panja orasidan qarashmoqda. Pirovardida o'qirmani yo'q mahalliy nashrlar asta-sekin yo'qolib ketyapti.
Kulgili bir holat: “oynai jahon”da namoyish qilinadigan haligi mashhur Jo'ra Hamdam haqidagi intermediya bor-ku: “To'yma-to'y yuradigan mashshoqchidan: “Qo'shig'ingizning kuyini, so'zini kim yozgan?” deya muxbir so'raganda, u faxr bilan: “Jo'ra Hamdam so'zi va musiqasi, ijro etadi: Jo'ra Hamdam!” deydi. Yuqorida nomlari keltirilgan nashrlarda faoliyat olib borayotgan muharrirlar gazetaning so'nggi sahifasiga semiz harflarda “Bosh muharrir” deya imzo chekishmoqda. Butun boshli gazetani bir o'zi — ham muharrir, ham mas'ul kotib, ham muxbir, ham suratkash, ham musahhih bo'lib — oyda, yarim yilda bir chiqarib qo'yib, bosh muharrirlikni da'vo qilishmoqda. Nima qilsin: osmon yiroq, yer qattiq; mablag' bo'lmagandan keyin shtat jadvalini to'ldirib bo'ladimi?!
Gazeta chiqarish va uni qo'llab-quvvatlash oson yumush emas. Burnog'i yili Yangier shahriga yangi hokim etib tayinlangan Otabek Nosirov yeng shimarib, anchadan buyon falajlanib yotgan shahar gazetasini oyoqqa turg'izmoqchi bo'ldi. Faqat 67 yoshli “Yangier tongi” gazetasi nomini o'zgartirib, “Yangier hayoti” nomi bilan chiqara boshladi (aytishlaricha, avvalgi gazetaning soliqdan qarzlari bolalab ketgan ekan. Yangi hokim mablag' chiqargisi kelmadi). Ana shu tariqa bir vaqtlar cho'lquvarlarning sevimli nashri bo'lgan gazetaning nomi tarix sahifalariga itqitildi. Xalqimizning sevimli shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning ilk mashqlari mana shu gazetada dunyo yuzini ko'rgan. Biroq Nosirov “kashf qilgan” gazetaning kuni bitgan ekan. Bir yoshga to'lar-to'lmas faoliyatini to'xtatdi. El og'zida: “Hokim ta'sis etgan gazetaning umri qisqa ekan”, degan gap qoldi, xolos.
Mana bu voqea esa yuqorida zikr etilgan faktning butunlay teskarisidir. Mirzaobod tumani hokimligi muassisligida binoyidek chop etib turilgan “Mirzaobod” gazetasi yangi hokim Sarvarbek Sultonovning 2024 yil 29 martdagi qarori bilan to'xtatildi. O'rniga yangi gazeta — “Yangi Mirzaobod” gazetasining nashr qilinishiga oq fotiha berildi. Vaholanki, “Mirzaobod” gazetasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tanlovida qatnashib, uch marta grant mablag'i yutib olgan. Mazkur mablag' hisobiga gazeta bosh muharriri Anorboy Norqulov 18 iyun kuni “Mirzaobod”ning yangi sonini chiqardi. Uning oxirgi sahifasida ko'rinarli harflarda: “Muassis: Mirzaobod tuman hokimligi” deb yozib qo'yilgan. Ana shu tariqa tumanda qo'shgazetachilik holati vujudga keldi. Norqulovning shahodat berishicha, hokimlik u muharrirlik qilayotgan gazetaning yopilganligi haqidagi qaror nusxasini haligacha taqdim etmagan. Tuman hokimi imzo chekkan yuqorida nomi zikr etilgan qarorning 2-bandida: “Tuman hokimligi muassisligidagi “Mirzaobod” gazetasi faoliyati to'xtatilsin hamda “Kitob va matbuot xizmati” MChJ muassisliklarida “Yangi Mirzaobod” gazetasi tahririyati (keyingi o'rinlarda tahririyat deb yuritiladi) tashkil etilsin”, deb yozib qo'yilgan (qaror matni qanday bitilgan bo'lsa, shunday berilmoqda).
Biroq qaror bandlarida bunday keskin to'xtamga kelinishining sabablari izohlanmagan. Nega chiqib turgan gazeta yopilayapti? Yoki muharrir o'z vazifasini eplay olmadimi? Nashrda yoritilayotgan maqolalar davr talabiga javob bermayaptimi? Yoki gazetaning eski nomi muassisga yoqmayaptimi? Javob yo'q.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun Mirzaobod tumani hokimligiga bordik. Hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Sirojiddin Kenjayev bilan uchrashib, aksar savollarimizga javob ololmadik. “Nega chiqib turgan gazetani tugatib, yangi gazeta tashkil qildilaringiz?” degan savolimizga tuman rasmiysi: “Bu hokimimizning tashabbusi” deyishdan nariga o'tolmadi. “Yangi gazeta “Mirzaobod” gazetasining vorisi bo'lib qoladimi?” degan savolimiz ham javobsiz qoldi (masalan, “Yangi Sirdaryo” gazetasining barcha sonlari bosh sahifasiga “Gazeta 1963 yil 1 iyundan “Sirdaryo haqiqati” nomi bilan chiqa boshlagan” degan yozuv qo'yiladi). “Yangi Mirzaobod”ning dunyo yuzini ko'rgan ikki sonida ham bunday yozuv yo'q.
Zero, “Mirzaobod” gazetasining chop etila boshlaganiga kelasi yili 30 yil to'ladi. Demak, “Yangi Mirzaobod” — yangi dunyoga kelgan nashr. Ishni noldan boshlaydi. Shu bilan tuman gazetasining 30 yillik tarixi arxivga topshiriladi.
“Yangi Mirzaobod”ning oxirgi sahifasida vaqtli nashr “Ma'naviy olam” tahririyati kompyuter markazida terib sahifalanganiga ko'zimiz tushib, mazkur gazeta bosh muharriri Murodjon Hayitovga sim qoqdik. “Bundan keyin Mirzaobod tumani muassisligidagi gazeta sizlarning qo'llovingizda chop etiladimi?” degan savolimizga:
— Mirzaobodning non-tuzini yeb katta bo'lganligim uchun “Yangi Mirzaobod”ning ikkita sonini tayyorlashga yordam berdim. Bu yog'iga endi ular o'zlarining aravasini o'zlari tortadi, — degan gapni qildi.
So'ngra gazetaning bosh muharriri G'anisher Mamatqulov bilan bog'landik. U hali bosh muharrirlikka tasdiqlanmagan ekan. Vaqtincha vazifasini bajaruvchi ekan. Biroq har ikki gazetaga gajakdor qilib “bosh muharrir” deya imzo chekibdilar. Boz ustiga, birodarimiz ayni paytda “Ma'naviy olam” gazetasida mas'ul kotib vazifasini ham bajarmoqda. Boshqa savollarimizga tuman hokimligida rahbarlar bilan yuzma-yuz o'tirganda javob berishini aytib, go'shakni qo'yib qo'ydi.
“Yangi Mirzaobod”ning ikki sonini varaqlab, viloyat va respublika hayotiga keng o'rin berilganligiga amin bo'ldik. Bir necha materiallar “Ma'naviy olam”dan ko'chib o'tibdi. Aksar maqolalar turli sayt va kanallardan ko'chirib olinibdi. Yangi nashrdan dayjest gazetaning hidi kelmoqda. Eng tashvishlisi, gazetalar faoliyatini to'xtatish, yangisini tashkil etish yoxud nomini o'zgartirish oddiy holga aylanib borayotir. Vaholanki, har gazetaning o'z tarixi, buguni, ertasi bor. Chunki bu nomlar ostida tarix, ustoz jurnalistlarning mashaqqatli mehnatlari yotibdi. Masalan, joylarga safarga chiqsak, mushtariylar hali-hamon: “Sirdaryo haqiqati”dan keldingizmi?”, deya murojaat qilishadi.
Biz ushbu maqolamizda, asosan, Sirdaryo viloyatidagi hokimliklar muassisligidagi gazetalar haqida baholi qudrat fikr yuritdik. Biz keltirgan faktlarning o'ziyoq viloyatda shahar-tuman hokimliklari muassislik qilayotgan gazetalarning ishi haminqadarligidan darak beradi.
Muhtaram Prezidentimizning kuni kecha Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llagan tabriklarida esa matbuot va jurnalist mehnatiga juda katta e'tibor, baho berildi, jamiyatda milliy kontentni yanada yuksaltirish, jurnalist ishini mudofaa va milliy xavfsizlik masalasi bilan tenglashtirilganini eshitib, matbuotda o'qib, har birimizning qalbimizda g'urur va mas'uliyat hissi yanada oshdi.
Ammo ming afsuski, Sirdaryo viloyatidagi qator hokimliklar matbuotni ortiqcha yuk deb bilayotgan, keraksiz soha deb o'ylashayotganiga nima deysiz?!
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.