Shaxs she'rni yaratadi

She'r yozgan odamning qalbidagi ezgulik doim qaldirg'ochdek tinimsiz “chug'chug'laydi”. She'r yozgan odam o'zini ham va o'zgalarni ham mamnun aylaydi. She'r yozgan odamning hayratlari cheksiz, orzulari osmon qadar yuksak, Haq taoloning zikru yodi bilan payvandlaydi! Din va dunyo ilmlari bilan saodatmand etadi! Men o'zim shunday shoirlarning hayot va ijod yo'li haqida ko'p o'ylayman: ko'nglidan yana qanday og'riqlar o'tarkin? Iztiroblarining shaklu shamoyili qanday? Muhabbatining jilvalanayotgan va quyosh nurlarida jimirlayotgan ranglari-chi? Ha, aslida ham ShAXS she'rni yaratadi. Bu yangi o'zbek adabiyoti, aniqrog'i, o'zbek she'riyatining fidoyi ijodkori Sirojiddin Raufdir!
Sirojiddin Rauf — tarixiy va zamonaviy mavzularni bir-biriga uyg'unlashtirib, qator turkum she'rlar yozgan va yozmoqda. Men shoirning “Tashrif” nomli she'riy manzumasiga, to'plamiga kirib, sinchiklab mutolaa qildim. O'zimga ko'p ibratli hikmatlarni oldim. Amir Temur shaxsi va she'riy baytlardagi shaxsiyati haqida to'lqinlandim. Azim Qashqadaryo vohasining ruhini yanada qayta kashf qildim:
Sirli maktub kabi yillarni yo'llar
Va bo'shab boradi charxning sadog'i.
Tuslanib lahzalar o'zicha avrar,
Besh kunlik dunyoning yo'q deb adog'i.
Shoirning bezovtaligi nimada? O'z nafsini tiya olmagan zamondoshlarimizning adashishlaridan ham bir hikmat topganida ko'rinadi. Turlanib-tuslanib borayotgan lahzalarni odamning o'z qo'li bilan yaratishi, bir butun jamiyat ahliga yukinadi. Demak, lirik qahramon o'zining dardi bilan, isyoni bilan olishadi:
Yalt etib o'tadi shodumon kunlar,
Qayg'uli onlarning qadami og'ir.
Ezgulik hamisha yashashga undar,
Qabohatdan yurak simillab og'rir.
“Qayg'uli onlarning qadami og'ir” satrida yelkasiga butun millat dardini ortgan insonga tan ekanligi ayonlashadi. Qayg'u — she'rning yuragi! U hamisha shoirni o'tkir so'z aytishga undaydi. Qayg'urgan odamgina ezgulik haqida tinimsiz mushohada qiladi. Ana shu metin qalbning qabohatdan jarohat topishi, uni ezgu amallar bilan bezashi esa oson emas! Chunki atrofda sonsiz-sanoqsiz qabohat botqog'iga botganlar ko'p. Ularni bir yaxshi tomonga “o'zgartirish” aslo mumkin emas:
Mo'min solim turar — isyon qilmaydi,
Qancha chulg'amasin ranj-alam domi.
Erta ne kutmoqda axir bilmaydi,
Mashrabning dorimi
yo Jamshid jomi?!
Mo'minning isyoni ham, aslida, yaxshilikdir. Yaxshi bo'lishlikka da'vat qilishdir. Chunki insonning har qanday vaziyatdagi ruhiyati uni o'rab turgan atrof-javonibga bo'lgan munosabatidan tug'iladi. Ruhiyat — she'r bilan yuksaladi. She'r orqali o'zini taniy boshlaydi. Bugun ana shu she'r baxtini his qilish qalblarning ochiqligi bilan o'lchanadi:
Shunda bu dunyoning ertasi aziz,
Ko'zlarga to'tiyo tog'u dashti ham.
Yaxshiyam, bandasi bilmaydi hargiz —
Erta ne kutmoqda?.. Bilmas yaxshiyam!
Ertaga nima bo'lishini bilish odamga buyurilganida, hamma o'zining kelajagini belgilab, chizib, tahrirlab olardi. Lekin Alloh odamning ko'zi oldiga parda tutganki, shu istak va xohishlar bizni parda orqasidagi jimlikni anglashga yetaklaydi. Jimlikda gap ko'p, aslida. Mana shu jimliklar ichra shoir o'zini topishga intilar ekan, baxti va baxtsizligi ham o'sha yerda qoimdir. Demak, she'rning strukturasidagi ikki qarama-qarshi kuch, ezgulikning yovuzlik oldida taslimiyati, vaqti kelib, har qanday yomonlik o'zining jazosini olishiga inontirish falsafasi she'r ruhiyatida aks-sado bermoqda. Mashrabning kuni har qanday vaziyatda boshga tushishi shoirga og'riqlar olib keladi. “Jamshidning afsonalardagi mayi hech tugamaydigan jomi yorning labidagi boliga; parivashning yuz ifodasi, mimikasi, qarashlari esa Iskandarning olam sirlaridan voqif etuvchi ko'zgusiga tashbeh qilinadi. Baytda aytilishicha, yorning labidagi bolidan qancha bahramand bo'lsa ham, hech tamom bo'lmaydi. Go'yoki uning labi jomi Jam, tuganmas boli esa maydur” (M. Jabbarova)
Aslida, mazkur she'rdagi mantiqni ikki jihatga bo'lish mumkin: birinchisi, shoir tarix va bugun bilan hisoblashmoqda. Bugunidan katta bir mantiq topgan inson uchun she'rning syujetida qator savollarning tug'ilishiga zamin yaratmoqda. She'rdagi bir qator tashbehlar ziddiyatli ravishda aloqaga kirishadi. Bir-birini to'ldiruvchi obrazlarda shoirning olamga aytgan va aytmoqchi bo'lgan muhim inson bo'lish haqidagi konsepsiyasi yorqin ranglarda qabarib ko'rinadi.
Xursandbek TO'LIBOYEV