Hamma o'qiyapti. O'qing!

Qaysi kitobni o'qiyapsiz?

Ha, savolni aynan shunday bermoqchiman: siz qaysi kitobni o'qiyapsiz? “Siz kitob o'qiysizmi o'zi yoki hozir o'qiyapsizmi?”, deb so'ramoqchi emasman. Men o'qiyapman va ishonaman, umid qilamanki, siz ham o'qiyapsiz, boshqalar ham o'qiyapti.

Donolar aytadiki, zamona aynidi, deya nolib yuruvchilar zamona aynishida ayblidirlar. Eng noinsof kimsalar “Odamlar noinsof bo'lib ketdi” deb yanuvchilar orasida uchraydi. O'g'ri “hamma o'g'ri” deb o'ylaydi. Kitob o'qimay qo'ygan odamlar “hech kim o'qimay qo'ydi” degan fikrda bo'lsalar, ehtimol.

Ushbu tahliliy maqolani tayyorlashga ke­yingi vaqtlarda turli ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda “odamlar kitob o'qimay qo'ydi”, degan noxush fikrning keng tarqalayotgani sabab bo'ldi. Albatta, bunga siz ham guvohsiz. Kunda-kunora chiqib turadigan bunday nolishlarni kuzatib: “Nahotki, azal-azaldan yuzlab yetuk allomalarni yetishtirib, bashariyat taraqqiyotiga unutilmas hissa qo'shgan o'zbek xalqi bugun mana shunday buyuk vorisiylikdan mosuvo qolgan – insonni komillik sari eltuvchi eng muhim vosita bo'lmish mutolaadan voz kechib, kitob o'qimay qo'ygan bo'lsa?” degan achchiq savol tug'iladi.

Axir, bizning ota-bobolarimiz, atoqli ma'rifatparvar Abdurauf Fitrat faxrlanib yozganidek, “har bobda, ayniqsa, ilm va ma'rifatda olam ahli uchun ibrat va namuna bo'lganlar – ularning ilmu ma'rifatlari “qiylu qol”ning takrori va hoshiyaxonligi bo'lmay, balki ular har bir ilmning asosiy mohiyatini yaxshi bilib, undan malaka va mahoratga ega bo'lib, mo''tabar kitoblarning ta'lif va tas­nifiga qodir bo'lganlar” emasmi?!

“O'zingiz to'g'ringizda yomon gapirmang, boshqalar so'zingizga ishonishlari mumkin”, deydi fransuz adibi Andre Morua.

Bugun O'zbekistonga ma'rifat istab kelayotgan, xalqimizning milliy an'analariga, uning shonli tarixiga qiziqib, shu yerda tahsil olayotgan yoki ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan, ona tilimizning go'zal jozibasiga havas qilib, uni o'rganayotgan qanchadan-qancha xorijiy do'stlarimiz bor. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan diplomatlar, tadbirkorlar va boshqa sohalar vakillari bor.

Ana endi tasavvur qiling: kundalik axborot vositalarida bodrab chiqib turgan yuqoridagi kabi fikrlarni o'qib, ularning biz haqimizdagi tasavvurlari o'zgarmaydimi? Hadeb odamlar kitob o'qimay qo'ydi, deb yozg'iraversak, chetdan kuzatgan odam bular g'irt savodsiz, omi xalq ekan, deb o'ylamaydimi? Taraqqiyotdan, madaniyatdan yuz o'girgan bu qanday jamiyat bo'ldi, deya hayratga tushmaydilarmi?

Nahotki, shu fikrlar rost bo'lsa? Nahotki, kitob o'qimay qo'ygan bo'lsak? Agar chindan ham shunday bo'lsa, nima uchun o'qimay qo'ydik? Kitob­lar yetishmaydimi? Yaxshi kitoblar yo'qmi?

Keling, bu savollarga birgalikda javob izlab ko'raylik, mavjud vaziyatga tahliliy nazar tashlaylik.

Davlat rahbari – bosh targ'ibotchi

Avvalo, Yangi O'zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat, san'at va adabiyot, jumladan, kitob va kitobxonlik masalalariga yuksak e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidlab o'tishimiz zarur.

Jamiyatimizda mutolaa madaniyatini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilib, bu masala bo'yicha qabul qilingan O'zbekiston Res­publikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining bir necha qarorlari, xususan, mamlakatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ibot qilish bo'yicha Komissiya tuzish to'g'risida”gi Farmoyishi yurtdoshlarimiz tomonidan ko'tarinki kayfiyatda kutib olingani hammamizning yodimizda. Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu muhim hujjatlarning ijrosini ta'minlash yuzasidan boshlangan katta ishlar, milliy dasturlar izchil davom ettirilmoqda. Yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ'ib qilish vazifasi “O'zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangani ham ushbu masalaga qanchalik jiddiy e'tibor qaratilayotganini ko'rsatadi.

Mamlakatimiz rahbari shoir-yozuvchilar, noshirlar, olimlar bilan doimiy muloqotda bo'ladi, hududlarga tashriflari davomida imkon qadar joylardagi kutubxonalarni kirib ko'rishga, ular faoliyati bilan tanishishga harakat qiladi.

Prezidentimizning xorijiy davlatlarga hamda turli mamlakatlar  rahbarlarining yurtimizga rasmiy tashriflari chog'ida oliy martabali mehmonlarga kitob sovg'a qilishlari xayrli an'ana tusini olgan. Muhimi, ularning aksariyati davlatimiz rahbarining So'zboshisi bilan chop etilgan. Prezidentimiz, shuningdek, “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini nashr etish g'oya­sini ilgari surgani ham barchamizga ma'lum. Ushbu ezgu tashabbus asosida O'zbekistonda amalga oshirilgan ulkan loyiha – 100 jildlik kitoblar turkumi nafaqat turkiy dunyo, balki jahonning uzoq-yaqin boshqa mintaqalarida ham katta qiziqish uyg'otdi.

Mamlakatimizda turli yosh toifalari o'rtasida “Yosh kitobxon” tanlovining o'tkazilishi, unda g'olib bo'lganlar Prezident sovg'asi sifatida yengil avtomashina bilan taqdirlanishi aholida kuchli qiziqish va rag'bat uyg'otmoqda.

Bularning barchasi O'zbekistonda kitobxonlik masalasi davlat e'tiboridagi muhim masala bo'lib, bu borada shaxsan mamlakat rahbari bosh targ'ibotchi ekanidan, mutolaa madaniyatini yuksaltirish yurtimizda umummilliy harakatga aylanayotganidan dalolat beradi.

“Yosh kitobxon” tanlovining shov-shuvi

O'zbekiston Prezidentining yuqorida tilga olingan Farmoyishi qabul qilinishi, shu yildan boshlab “Yosh kitobxon” tanlovining o'tkazilishi, unda g'olib bo'lganlar Prezident sovg'asi – yengil avtomashina bilan taqdirlanishi yaxshi ma'noda shov-shuv uyg'otganini barchamiz kuzatdik.

Yoshlar ishlari agentligidan olingan ma'lumotga ko'ra, 2017 yildan buyon an'anaviy tarzda o'tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Tahlillarga ko'ra, kitob do'konlari va kutubxonalarda eng ko'p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e'lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekani ma'lum bo'ldi. Bu o'z o'rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017 yildan buyon 280 nafar yosh kitobxon tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan bo'lsa, shundan 20 nafari g'oliblikni qo'lga kiritib, Prezident sovg'asi sovrindori bo'lgan. E'tiborli jihati, tanlovda g'olib bo'lgan 17 nafar qizning nafari keyinchalik O'zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob ularning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Xo'sh, jamiyatimizda kitobga bo'lgan e'tiborni tubdan o'zgartirgan ushbu muhim madaniy voqealardan so'ng kitobxonlik darajasining o'zgarishini kimdir yoki qaysidir tashkilot jiddiy o'rganib, tahlil qilib chiqqanmi?

“Ijtimoiy fikr” nima deydi?

Endi, bevosita mana shunday ijtimoiy so'rovlar o'tkazishga ixtisoslashgan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markaziga murojaat qilsak. Xo'sh, Markazda bu borada qanday ma'lumotlar bor?

Afsuski, Markaz ushbu qizg'in voqealar jarayonida kitobxonlik darajasining o'zgarishini o'rganmagan. Faqat, bu voqealardan ancha keyin, ya'ni 2021 yil yanvar-fevral oylarida O'zbekiston yoshlarining kitob mutolaasiga munosabati, badiiy adabiyotga moyilliklari va qiziqishlarini o'rganish bo'yicha telefon so'rovi vositasida tadqiqot o'tkazgan ekan.

Tadqiqot 18 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan respondentlar o'rtasida o'tkazilgan, ularning 60 foiz­dan ko'prog'ini erkaklar va 40 foizga yaqinini xotin-qizlar tashkil etgan.

So'rovda ishtirok etgan yoshlarning 47,1 ­foizi kitob o'qishi, 52,9 foizi kitob o'qimasligi aniqlangan. Kitob o'qiydiganlar o'rtasida talaba va o'quvchilar, dek­ret ta'tilida bo'lganlar, doimiy ishga ega bo'lganlar ko'pchilikni tashkil qilgan. O'qimaydigan respondentlarning ko'pchiligi ishlamaydi, uy bekasi va erkin ishlovchilar hisoblanadi.

Gender kesimida qizlar va yosh ayollar (50,8 foiz) o'smirlar va yosh yigitlarga qaraganda ko'proq o'qishi namoyon bo'lgan (44,7 foiz).

“Siz kitob o'qishning qanday usulini maqbul ko'rasiz?” degan savolga 73,5 foiz  respondent bosma kitob deb javob bergan. Qolganlar: 13,9 foiz elektron kitoblarni, 8,3 foiz telefon yoki planshet orqali o'qishni, 2,4 foiz audio kitobni va 1,1 foiz barcha mumkin bo'lgan usullarni tanlagan. Demak, bosma kitob avvalgidek mutolaaning eng ommaviylashgan usuli bo'lib qolmoqda.

Respondentlarning qariyb yarmi (48,1 foiz) Internetdan kitoblarni qidirish va yuklab olish uchun manba sifatida foydalanishini, ikkinchi qismi (42 foiz) kitob o'qishda o'zi uchun Internet hech qanday rol o'ynamasligi, ular faqat bosma kitoblarni sotib olishi va o'qishini ma'lum qilgan.

Kitobni uyda o'qiydiganlar 85,3 foiz, o'qish yoki ishda o'qiydiganlar 15,5 foiz, kutubxonalarda mutolaa qiladiganlar 8,6 foizni tashkil etgan. Transportda ketayotganda (1,9 foiz), tabiat qo'ynida (1,1 foiz) o'qishni xush ko'ruvchilar ham yo'q emas. Respondentlarning asosiy qismi – 61,2 foizi o'zbek mumtoz va 29,9 foizi zamonaviy o'zbek adabiyotini ma'qul ko'rsa, qolganlar xorijiy adabiyotlar ixlosmandlari ekan.

Albatta, jamiyatning ijtimoiy kayfiyati va ruhiyatini anglash va tahlil qilish, shu asosda kelgusi maqsad hamda rejalarni belgilashda bu kabi so'rovlar g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqqan holda, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fik­rini o'rganish markazi jamiyatimizda kitobxonlik darajasini muntazam o'rganib, natijalarini doimiy e'lon qilib borsa, maqsadga muvofiq bo'lardi, deb o'ylaymiz.

Darvoqe…

“Milliy tiklanish” gazetasining shu yil 19 noyabr sonida “AVTOMOBIL BOZORIDAGI holat o'rganilyapti, KITOB BOZORIDAGI ahvol esa yo'q!” nomli maqola e'lon qilindi.

Muallif Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining O'zbekiston avtomobil bozoridagi holatni – har bir detal, hatto arzimas ko'rsatkichlargacha chuqur tahlil o'tkazganini ta'kidlar ekan, shunday yozadi:

“Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: jamiyatda ta'lim tizimi, yoshlarning bilim darajasi, tafakkuri haqida avtomobillardan ko'ra ko'proq gapirilayotgan bir paytda nega kitoblar sotuvi haqida shunday tahlillar qilinmayapti? Agar har oyda milliy kitob bozorlari faoliyati yuzasidan viloyatlar, shahar va tumanlar kesimida tahlillar o'tkazilib, bu bozorda qaysi viloyat peshqadam-u, qaysi hudud orqada qolayotgani ko'rsatib berilganida, balki ushbu sohada ham jonlanish yuz berarmidi?”

O'rinli taklif. O'ylaymizki, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bu taklifni, albatta, inobatga oladi.

Kitoblar yetishmaydimi?

Ayni vaqtda O'zbekistondagi jami ommaviy kutubxonalar, shaxsiy kutubxonalar, tashkilotlar, kitob do'konlarida qancha nomda, qancha kitob fondi mavjud? Bir yilda mamlakatdagi kitob do'konlari va bozorlari orqali qancha nomda va tirajda kitob sotiladi? Mana shu raqamni taxminiy bo'lsa-da, hisoblash mumkinmi?

Davlat statistika agentligiga berilgan bu kabi savollarga javob tariqasida agentlik O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan olingan 2023 yilgi ma'lumotni taqdim etdi.

Mazkur ma'lumotga ko'ra, respublikada jami 13 ming 46 ta axborot-kutubxona muassasalari mavjud. Ularda 43 million 493 ming 497 nomda jami 71 million 131 ming 175 ta kitob fondi bor.

Eng ko'p kutubxona Samarqand viloyatida – 1 ming 511 ta, eng kam kutubxona – Sirdaryo viloyatida – 468 ta.

Jami foydalanuvchilar soni 11 million 396 ming 50 nafar – asosan 14–24 yosh atrofidagi kitobxonlar.

21 ming 714 nafar kutubxonachi, jumladan, 18 ming 173 nafar ayol mutaxassislar faoliyat olib boradi.

Boshqa tizimdagi tashkilotlarda qancha kitob bor?

Keling, imkon qadar kitobga, ma'naviyatga yaqin sohalardagi kutubxonalar fondi va ularning kitobxonlarini bir qur hisoblab chiqaylik.

Avvalo, respublikamizdagi bosh kitob maskani bo'lmish Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasining bebaho xazinasiga bir nazar tashlaylik.

Bugungi kunda Milliy kutubxonaning umumiy fondi 8 million 183 ming 235 nusxadan tashkil topgan. Shundan kitoblar 5 million 479 ming 605 nomda. Jumladan, 7 million 142 ming 691 nusxa bosma nashrlar, 1 million 40 ming 544 nusxa elektron kitoblar mavjud.

Milliy kutubxonaning doimiy a'zolari soni 120 mingga yaqin. Ular safiga har yili 32-36 ming yangi a'zolar qo'shiladi.

Kutubxona har yili o'rtacha 16–18 ming dona kitob (majburiy nusxa va xarid) qabul qilib oladi. Bu ko'rsatkich oxirgi yillarda oshib bormoqda.

* * *

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda jami 10 ming 134 ta maktabda 10 ming 103 ta kutubxona mavjud. Bu kutubxonalar 16 million 346 ming 826 ta badiiy adabiyot fondiga ega. Respublika bo'yicha million 542 ming 493 nafar o'quvchining 5 million 512 ming 267 nafari kutubxonalarga a'zo.

Afsuski, har yili byudjet mablag'lari hisobidan maktablarga kitoblar ajratish tizimi mavjud emas. Har yili O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Res­publika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan 15–20 ming dona kitob homiylik asosida ajratilmoqda.

* * *

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma'lumotiga ko'ra, respublikada mavjud 182 ta oliy ta'lim muassasalarida (davlat va xususiy) 205 ta axborot-resurs markazi mavjud.

Oliy ta'lim muassasalarida jami talabalar soni 1 million 562 ming 330 nafardan ortiq. Tizimdagi axborot-resurs markazlari fondida esa 3 million 762 ming 973 nomda 23 million 672 ming 907 nusxada adabiyotlar mavjud.

Har yili tizimdagi kutubxonalar uchun 50 ming­ga yaqin adabiyot kirim qilinadi. Kitoblar O'zbe­kiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 oktyabrdagi “Oliy ta'lim muassasalarini o'quv adabiyotlari bilan ta'minlash to'g'risida”gi 816-sonli qaroriga asosan xarid qilinadi.

* * *

O'zbekiston Fanlar akademiyasining fundamental kutubxonasi, shuningdek, akademiya tarkibidagi 20 ga yaqin institutlar  tizimida 4 million 436 ming 897 ta kitob fondi mavjud.

 * * *

Raqamli texnologiyalar vazirligidan olingan ma'lumotda ko'rsatilishicha, ayni vaqtda “ZiyoNET” ta'lim portalida 769 ta elektron va 763 ta audio kitoblar mavjud. Ulardan doimiy foydalanuvchilar 47 ming 681 nafarni tashkil etadi.

Vazirlik tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Axborot-resurs markazining umumiy bosma fondi 2024 yil holatiga ko'ra, 47 ming 192 nomda – 336 ming 968 nusxani tashkil etadi. Shulardan, o'quv adabiyotlari 7 ming 53 nomda – 198 ming 168 nusxa, ilmiy adabiyotlar 26 ming 956 nomda – 111 ming 600 nusxa, badiiy adabiyotlar 11 ming 725 nomda – 18 ming 471 nusxa va turli nashrlar 1 ming 458 nomda – 7 ming 729 nusxani tashkil etadi.

Markazning elektron resurslar fondida 35 ming 277 nomda adabiyotlar, jumladan,  darslik va qo'llanmalar, badiiy va ilmiy adabiyotlar, maqola va dissertatsiyalar mavjud. Ularning barchasi markaz saytiga joylashtirilgan. Joriy yilda 2 ming 314 nomdagi adabiyot raqamlashtirilgan.

* * *

Madaniyat vazirligi tizimida jami ming 438 ta muassasa, jumladan, 41 ta teatr, 49 ta konsert-tomosha muassasasi, 837 ta madaniyat markazi, 367 ta ta'lim muassasasi, shuningdek, 144 ta ko'zi ojizlar kutubxonasi faoliyat ko'rsatadi. Ushbu tashkilotlardagi kutubxonalar fondida million 233 ming 909 ta kitob bor. Kutubxonalarga so'nggi 2 yilda jami 319 ming 189 ta kitob xarid qilingan bo'lib, yangi kitob­larning 157 ming 164 tasi davlat byudjeti, ming 316 tasi byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan hamda 130 ming 386 tasi homiylik xayriyalari va 27 ming 322 tasi boshqa tartibda olingan.

* * *

Din ishlari bo'yicha qo'mitadan olingan ma'lumotda ko'rsatilishicha, ayni paytda O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi fondida 3 ming 133 dona qo'lyozma kitoblar, 9 ming 216 dona toshbosma kitoblar, 6 ming 867 dona yangi nashr qilingan arab tilidagi adabiyotlar va 2 ming 865 dona yangi nashr qilingan o'zbek tilidagi adabiyotlar mavjud. Shuning­dek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 15 ta diniy konfessiyalarda 42 ming 756 nomdagi 108 ming 624 dona adabiyot mavjud.

2023 yilda yurtimizda 1 ming 48 nomda diniy adabiyotlar nashr etilgan bo'lsa, 2024 yilning shu kuniga qadar 1 ming 77 nomda shunday adabiyotlar chop qilingan. Shu bilan birga, 15 ta diniy konfessiya tomonidan 2023 yilda 8 nomdagi kitob 16 ming 200 nusxada, 2024 yilda 2 nomdagi kitob 4 yarim ming nusxada nashr etilgan.

 * * *

Endi mamlakatimizdagi eng katta tizimlardan biri bo'lgan O'zbekiston mahallalari uyushmasining ma'lumotlariga e'tibor beraylik: hozirgi vaqtda respublika bo'yicha 9 ming 452 ta mahallaning 5 ming 226 tasida kutubxonalar tashkil etilgan. Bu ziyo maskanlarida 260 mingdan ortiq kitob bor. Ularning fondi homiylar hisobidan shakllantiriladi.

* * *

Ӯzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 31 ta sanatoriyning barchasida kutubxona mavjud. Ulardagi umumiy kitob fondi 57 ming 780 tani tashkil etadi. Har yili bu kutubxonalarga 15–20 nomdagi yangi badiiy adabiyotlar, ijtimoiy-siyosiy, sohaga oid kitoblar xarid qilinadi. Shuningdek, Federatsiya tizimidagi 77 ta bolalar sog'lomlashtirish oromgohida 75 ta kutubxona tashkil etilgan bo'lib, ularning umumiy fondi 42 ming 342 ta adabiyotdan iborat. Yozgi mavsumda oromgoh kutubxonalari qo'shimcha kitoblar bilan ta'minlanadi.

* * *

Masalaga nashriyotlar misolida qaraydigan bo'lsak, sohadagi yirik muassasa – birgina “Sharq” NMAKda yiliga 100-120 nomda, 150 mingga yaqin tirajda kitoblar nashr etilmoqda.

***

Kitob sohasidagi peshqadam muassasalardan hisoblanmish O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2018–2023 yillar mobaynida 512 nomdamillion 310 mingta kitob chop etilgan. Jumladan, joriy yilning o'zida 49 nomda 146 mingdan ziyod adadda kitoblar nashr qilindi.

Qiziq ma'lumot

Mavzuni o'rganish jarayonida Davlat bojxona qo'mitasidan qiziq ma'lumot oldik. Qarangki, bu tizimda xorijiy davlatlardan respublikaga kirib keladigan kitoblar soniga emas, vazniga qarab hisoblanar ekan.

Qo'mita xabariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasiga:

2023 yilda 13 ming 769 tonna;

2024 yilning 10 oyida esa 7 ming 779 tonna kitob mahsulotlari import qilingan.

2023 yilda kitoblarning salkam 7,8 tonnasi, 2024 yilda esa 13 tonnasini turli lug'at va ensik­lopediyalar tashkil qilgan. Kitoblar dunyoning 36 ta davlatidan keltirilgan.

Shaxsiy ibrat ko'rsatayotganlar

Odamlarimiz orasida kitobga chin ma'noda mehr qo'ygan insonlar, shukrki, ko'pchilikni tashkil etadi. Buni shaxsiy mablag'lari hisobidan o'z maktabi, qishlog'i, mahallasi uchun kutubxona tashkil qilayotgan yurtdoshlarimiz misolida ham ko'rish mumkin.

Masalan, Andijon viloyatining Marhamat tumanida tadbirkor Qobiljon Obidov tomonidan bunyod etilgan uch qavatdan iborat zamonaviy “Kelajak nuri” kutubxonasida 50 ming nusxadan ziyod kitob va 300 mingdan ortiq elektron adabiyotlar mavjud. Bu yerda 10 ta ish o'rni ham yaratilgan.

Kutubxona 30 dona eng so'ngi rusumdagi zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan. Kompyuterlar  internet orqali O'zbekiston Milliy kutubxonasi va viloyat axborot kutubxona markazi tarmog'iga ulangan. Kutubxona bir vaqtning o'zida 300 nafardan ziyod kitobxonga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega. Kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida “Book” kafe tashkil etilgan. Mazkur ziyo maskanida turli tanlovlar, zakovat o'yinlari, atoqli adiblar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari va adabiy kechalar o'tkazib kelinmoqda.

Taniqli shoir Barot Isroil o'zi istiqomat qilayotgan Ohangaron tumanining Toshsoy qishlog'idagi hovlisida shaxsiy mablag'i hisobidan ikki qavatli kutubxona qurdirgan. Kutubxonaning birinchi qavati to'laligicha katta o'quv zali (bir vaqtning o'zida 80 nafar kitobxonga xizmat ko'rsatadi), ikkinchi qavati esa kitob fondi, ko'rgazma zallari, kichik qiroatxonadan iborat. Kutubxonada 10 mingdan ziyod kitob bor.

Kuni kecha gazetada o'qidim. Jizzax viloyatining chekka Jiydali qishlog'ida yashovchi Nargiza Qo'shmonova “Nima uchun faqat men kitob o'qiyman? Nega boshqa qishloqdoshlarim bu ne'matdan bebahra qolishi kerak?” degan ezgu niyat bilan o'z qishlog'ida “Umid” nomli mo''jazgina kutubxona tashkil qilibdi, mingga yaqin kitob to'plabdi. Omadini bersin.

Endi hisoblab chiqaylik

Esda tutaylikki, yuqorida keltirilgan fakt va raqamlar – imkon qadar yig'ilgan ma'lumotlar, xolos. Hali bizning hisobimizga kirmay qolgan kitob­lar qancha.

Xalqimiz kitobni sevadigan, ma'rifatparvar xalq. Demak, xonadonlarda, atoqli ilm-fan va madaniyat namoyandalarining uylaridagi mavjud kitoblar soni ham salmoqli miqdorni tashkil etishi shubhasiz.

Endi bor ma'lumotlar asosida xomaki hisob-kitob qiladigan bo'lsak, ayni vaqtda mamlakatimiz kutubxonalarida 128 million 692 ming 867 ta kitob mavjud. Yana xorijdan kirib keladigan 21 tonnadan ortiq kitob mahsulotlari ham bor.

O'zbekiston aholisi 2024 yilning 1 oktyabr holatiga ko'ra, 37,4 million kishilik nufusga ega. Shundan hali faol kitobxonlik davriga kirmaydigan 0-7 yoshdagi bolalar 7 millionga yaqinni tashkil qiladi. Demak, xalqning kitob o'qiydigan 30 milliondan oshiqroq vakiliga kamida 128 million 692 ming 867 ta kitob to'g'ri keladi.

O'zingiz ayting, yana shu holda ham kitob yetishmaydi, deb da'vo qilishga haqqimiz bormi?

Afsuski…

Bir paytlar, mustaqillikning dastlabki davr­larida, eslasangiz, kutubxonalarni mafkuraviy yaroqsiz kitoblardan tozalash harakati bo'lib o'tgan edi. Chunki sobiq tuzum davrida chop etilgan aksariyat kitoblar istiqlol g'oyasiga to'g'ri kelmas edi. O'sha davrlarda man-man degan adiblarning 10 tomlik tanlangan asarlaridan faqat birgina-oriqqina jildi kelgusi davrga o'tishga muvaffaq bo'lganini ham ko'rdik. “Uzumni shirin qilgan Partiyaga ming rahmat” qabilidagi sobiq kompartiyaga va “dohiy bobolar”ga qarata aytilgan hamdu sanolar bilan limmo-lim asarlar o'z umrini yashab bo'lgan edi.

Bunday “asar”lardan voz kechilgani yaxshi, albatta, lekin hazrat Alisher Navoiy bobomiz: “Bo'rk o'rnida bosh eltur”, deganlaridek, bugungi til ta'biri bilan aytganda, “salla desa, kalla olib keladiganlar”ning “sharofati” bilan birgina “O'zSSR davlat nashriyotida chop etildi” degan tamg'a tufayli qanchadan-qancha o'zbek va jahon mumtoz adabiyoti namunalari ham makulaturaga topshirib yuborilgani achinarli. Agar shu “tozalash” kampaniyasi oqilona tarzda tashkil etilganida edi, mamlakatimizning kitob fondi yanada ko'proq bo'lardi.

Aholida, oilalarda qancha kitob bor?

Buni biz bilmaymiz. Hartugul, barcha mavjud kutubxonalar fondidan kam bo'lmasa kerak. Chunki ashaddiy kitobxon yurtdoshlarimiz ko'p.

Birgina misol. O'zbek adabiyotshunoslik fani rivojiga o'zining munosib hissasini qo'shib kelayotgan taniqli olimlardan biri Suvon Meli badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, falsafa va ezoterikaga oid 60 mingdan ortiq kitob to'plagan.

O'zim ham javonlarimga sig'magan kitoblarimning bir qismini o'qigan maktabimga, qolganini mahallamizning yangi ochilgan kutubxonasiga sovg'a qildim. O'qiyman degan odamga kitob topib berish kerak, degan fikrda qiziqadiganlarga kitob tarqataman. Uyda eng zarur va qadrdon kitoblarim qolgan, lekin shular ham oila a'zolarimizning har biriga 10–15 tadan to'g'ri keladi.

Uyingizda kitob bo'lsa – ma'naviy boysiz

O'tmishda – kitoblar hali ommaviy adadlarda chiqmaydigan, qo'lda sanoqli nusxalarda ko'chiriladigan va shu bois juda qimmat sotiladigan bir zamonlarda uyida kitobi bor xonadon moddiy jihatdan boy hisoblangan. Hozir kitobi bor oila ma'naviy boy hisoblanadi.

Atoqli o'zbek adibi Abdulla Qahhor: “Xonadonda chiroq bo'lmasligi mumkin. Lekin kitob bo'lmasa, bu go'shaning kunduzlari ham zimistondir”, deb yozadi. Kim ham xonadoni zimiston bo'lishini xohlaydi, deysiz.

Yana bir muhim ma'lumot

O'zbekiston Chingiz Aytmatov, Maxtumquli asarlari eng ko'p nashr etiladigan mamlakatlardan hisoblanadi. Bundan faxrlansak arziydi.

Chingiz Aytmatovning farzandi Eldor Aytmatovning xotirlashicha, mashhur adib har gal O'zbekistonda kitobi nashr etilganida, “Qirg'izistonda kitobim chiqsa, 4-5 million odam o'qiydi, O'zbekistonda kitobim chiqsa, 22 milliondan ziyod odam o'qiydi”, deb juda xursand bo'lar ekan.

Kutubxonalar fondini boyitish uchun qancha mablag' ajratilmoqda?

Iqtisodiyot va moliya vazirligidan olingan ma'lumotga ko'ra, 2024 yilda respublikamizda mavjud davlat kutubxonalari hamda axborot-kutubxona muassasalarining kitob fondlarini to'ldirish va yangilash xarajatlari uchun davlat byudjetidan qariyb 21,4 milliard so'm miqdorida mablag' ajratilgan.

Xususan, O'zbekiston Milliy kutubxonasi uchun 10 735,1 million, axborot-kutubxona markazlariga 8 910,8 million, ko'zi ojizlar kutubxonalari uchun 1 440,8 million, pedagogika kutubxonasi uchun 144,4 million, Respublika bolalar kutubxonasi uchun 80,0 million, tibbiyot kutubxonalari uchun 77,7 million so'm miqdorida mablag' ajratilgan.

O'rni kelganda bir fikr

Yaqinda gazetada Jizzax viloyat axborot-resurs markazi (bolalar kutubxonasi) rahbari Anvar Yo'ldoshevning shunday fikrini o'qib qolgandim:

“2006 yil 20 iyunda “Respublika  aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorga asosan shu paytga qadar Madaniyat vazirligi tasarrufida bo'lgan kutubxonalar ikkiga ajratildi. Viloyatlardagi ommaviy (universal) kutubxonalar Aloqa vazirligiga, tuman markaziy kutubxonalari Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga, bolalar kutubxonalari esa Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkazildi va Axborot-resurs markazlariga aylantirildi.

Menimcha, bunda vazirliklarning davlat byudjetidan oladigan ulushi va byudjetdan tashqari topgan mablag'laridan bir qismi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilishi nazarda tutilgan bo'lsa kerak. Ammo amalda kutubxona bilan aholi o'rtasidagi rishtalar uzildi. Eng achinarlisi, Xalq ta'limi tizimidagi kutubxonalarning ahvoli yaxshilanmadi.

Qizig'i keyin boshlandi. Kutubxonalarning Aloqa vazirligi tasarrufida bo'lishi unchalik ham to'g'ri emasligi ma'lum bo'lgach, bunga tezda chora topila qoldi. Ya'ni, kutubxonalar nomiga “axborot” so'zi qo'shildi.

Qarabsizki, Axborot-kutubxona markazi (AKM) paydo bo'ldi. Bolalar kutubxonalari esa Axborot-resurs markazi (ARM) deb yuritila boshladi. Kutubxonachilar bir yumalab madaniyat xodimidan aloqachiga va ta'lim tizimidagilari texnik xodimga aylandilar.

Dunyoning hech bir mamlakatida kutubxonaga “axborot” so'zi qo'shilmagan va biz bu borada birinchi bo'ldik… Kitobxonni “foydalanuvchi”, elektron kitoblarni “ma'lumotlar bazasi” deb ataydigan bo'ldik. Hamma zamonlarda ham kutubxona mutolaa maskani bo'lgan. Kutubxonalarga 4-5 ta kompyuter o'rnatilsa, axborot markaziga aylanib qolmaydi. Bu vositalarning o'z vazifasi bor, ya'ni kitobxon kitob so'rab kelsa, bu asarning qog'oz varianti bo'lmasa, elektron varianti bilan kitobxonni ta'minlash yoki o'sha asarni boshqa kutubxonalardan topish imkonini beradi (bu sohada mualliflik huquqiga zid bo'lgan harakatlar ham yuzaga keladi).

Respublikamizdagi mavjud kutubxonalar o'z nomi bilan yuritilishi tarafdorimiz.  Majburlab tiqishtirilgan “axborot” so'zini olib tashlash kerak. Har doim kutubxonalar ommaviy kutubxonalar, bolalar kutubxonalari, ta'lim muassasalari kutubxonalari… deb atab kelingan, AKM yoki ARM deb emas.

Barcha kutubxonalarni bitta tizimga birlashtirsak, samaradorlik yuqori bo'ladi.

 Yangi kitoblar

Yuqorida hisoblangan 128 million 692 ming 867 ta kitobga har yili yana kamida 40–45 millionta kitob qo'shilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminis­tratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma'lumotiga ko'ra, ayni paytda respublikada 602 ta noshirlik sub'yekti faoliyat olib boradi. Shundan 54 tasi, ya'ni 9 foizi davlat ulushiga ega bo'lsa, qolgan 548 tasi, ya'ni 91 foizi xususiy sektorga tegishli. Bu ko'rsatkich 2020 yilda – 168 ta, 2021 yilda – 252 ta, 2022 yilda – 364 ta, 2023 yilda – 458 tani tashkil qilgan. Noshirlik sohasida faoliyat boshlagan tadbirkorlik sub'yektlari soni 2020 yilga nisbatan qariyb 3,5 barobar, ya'ni 364 taga oshgan. Demak, nashriyotlar soni har yili o'rtacha 100 taga ko'payib bormoqda. Nashriyotlar sonining oshib borishi, albatta, kitoblar sonining ham oshishiga olib keladi.

Bir yilda mazkur nashriyotlar tomonidan, e'tibor qiling, 2023 yil davomida 15 ming 867 nomda salkam 40 million nusxa; 2024 yilning 10 oyi davomida 12 ming 770 nomda qariyb 45 million nusxa adabiyotlar nashr etilgan.

Ozgina lirik chekinish

“Qalb tarbiyasi degan narsa bor, – deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Eshqobil Shukur. – Qalbni tarbiyalash adabiyotning juda katta vazifasi. Qalb tarbiyalandimi, insonda hamma narsa tarbiyalanadi. Masalan, Abdulla Qodiriyning kitobini o'qiyapsiz yoki bolangiz o'qiyapti. Bolangiz-ku, bolangiz, o'zingiz tarbiyalanasiz o'sha paytda. Sizga hech qachon Abdulla Qodiriy nuqib o'rgatmaydi, o'z-o'zidan, tabiiylik bilan tarbiyalaydi. Sahifama-sahifa qalbingizni, fikringizni, tafakkuringizni, didingizni tarbiyalab boradi. Shuning uchun ham kitobning qadri muhim.

Yaqinda Ozod Sharafiddinovning bir gapini o'qib, qoyil qoldim. Bolalar aynib ketyapti, yoshlar yomon bo'lib ketyapti, deyapmiz. Nima qilish kerak, deyapmiz. Buning arzon va juda oson yo'li bor. Hamma bolalarni kitobxon qilish kerak. Bolaga kitob o'qishni o'rgating, shunda boshqa ortiqcha xarajatlarning keragi ham bo'lmay qoladi. Kitob o'qiydigan bola bosh­qacha bo'ladi. Shuning uchun adabiyotning vazifasini har qanday vaziyatda ham esdan chiqarmasligimiz kerak”.

Kitob savdosi

Yuqorida respublikada 602 ta noshirlik sub'yekti faoliyat olib borayotganini aytib o'tdik. Xo'sh, ular nashr etgan kitoblar kitobxonlar qo'liga qay tarzda yetib boradi?

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminis­tratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma'lumotiga ko'ra, yangi nashr etilayotgan kitoblar respublika hududida faoliyat yuritayotgan 682 ta kitob savdo do'konlari orqali sotiladi. Shu bilan birga, 30 ga yaqin nashriyot va kitob savdo do'konlari tomonidan joriy etilgan yetkazib berish xizmati hamda onlayn savdo platformalari orqali ham kitob sotuvi yo'lga qo'yilgan.

Kitob savdosi mutaxassislarining fikri

Bir vaqtlar binoyidek ishlagan “O'zdavkitobsavdo” davlat unitar korxonasi bugungi kunda past samaradorlik bilan ishlayotgani uchun faoliyati to'xtash arafasida.

Bozor iqtisodiyoti shundayki, unda bo'shliq bo'lmaydi. Avvalgi kitob savdosi tizimi tugayotgan bo'lsa, hozir bu soha tabdirkorlar qo'liga o'tgan. Xususan, 2003 yili tashkil etilgan “O'zdavkitobsavdota'minot” MChJ xususiy korxonasi barqaror ishlab kelmoqda. Tashkilotning yillik savdosi ayni vaqtda o'rtacha 4 milliard so'mni tashkil etayotgani, o'ylaymizki, birgina mana shu raqamning o'ziyoq, odamlar kitob sotib olayotgani, demak, o'qiyotganini ko'rsatadi.

“O'zdavkitobsavdota'minot” MChJ xususiy korxonasi direktori Shahzod Nazarov shunday dey­di:

“Umumiy hisoblaganda, bugungi kunda O'zbekiston bo'yicha kitob savdosi yiliga o'rtacha 240 milliard so'mni tashkil etadi. Shundan 120 milliard so'mlik kitob savdosi maktabgacha va maktab ta'limi tizimiga to'g'ri keladi. Qolgani boshqa tizimlar va aholi hissasiga to'g'ri keladi.

2019 yilda O'zbekistonda kitob savdosi mus­taqillik yillaridagi eng yuqori ko'rsatkichga erishgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kitob masalasiga alohida e'tibor qaratgani natijasida o'sha yili kitob sotuvlari hajmi oldingi yillarga nisbatan 30-35 foizga ko'tarilgan. Biroq keyinchalik koronavirus pandemiyasi, 2020 yildan soliq imtiyozining bekor qilinishi tufayli yana savdo hajmi pasaya boshladi. O'sha yildan kitob do'koni qurish yoki kitob do'koni uchun ijara to'lovlarida imtiyozlar olib tashlandi. Natijada kitob do'konini yuritayotgan tadbirkor spirtli ichimliklar do'koni to'laydigan darajadagi ijara haqini to'lolmay qoldi.

2020 yilda nashriyot faoliyati uchun litsenziya talabining bekor qilinishi kitob nashr etish ishlarini biroz jonlantirdi. Garchi holat 2019 yildagi darajaga qaytmagan bo'lsa-da, yangi kitoblar soni orta boshladi. Ana shu yangilikning mevasi sifatida 2024 yilda yangi kitoblar nashr etilishi bo'yicha ko'rsatkichlar ancha yaxshi bo'ldi. Misol uchun, oldingi yillarda umumiy nashr etilayotgan kitoblar orasida yangi asarlarning hissasi 10-15 foizdan oshmas edi. Asosan qayta nashr etilgan kitoblar bo'lardi. 2024 yilda bu ko'rsatkich 30-35 foizni tashkil qildi.

Men shu sohada faoliyat yuritayotgan inson sifatida kitob targ'iboti bo'yicha davlat buyurtmasini tashkil qilishni taklif etaman. Kitob targ'ibotiga bag'ishlangan ijtimoiy roliklarni ta'sirchan zamonaviy shakllarda televidenie, radio va internet orqali tizimli berib borishni yo'lga qo'yish kerak. Ayni qaysidir kitobni emas, umuman, kitob o'qishni targ'ib qiladigan reklamalarni ko'paytirish zarur. Misol uchun, ma'naviyat sohasiga ajratilayotgan 64 milliard so'mlik byudjet mablag'larining 5 milliardi shu roliklarga ajratilsa, yaxshi natijaga erishsa bo'ladi. Bu ishga tadbirkorlar ham o'z mablag'lari bilan hissa qo'shishga tayyor. Lekin davlat qo'llovisiz tadbirkorlarning o'zlari buni qilolmaydi.”

* * *

Kitob savdosi bo'yicha tilga tushib kelayotgan yana bir muassasa – “Asaxiy” internet do'konining “Asaxiy Book” bo'limi orqali oyiga o'rtacha 100 mingta, chorakda 300–350 ming, yiliga esa 1 milliondan ortiq kitoblar sotilmoqda ekan.

Zangiota tumanidagi, xalq tili bilan aytganda, “Kanstovar bozori”ni hammamiz yaxshi bilamiz, lekin bu savdo maskanida, masalan, bir kunda qancha kitob sotiladi – buni bilmaymiz.

* * *

Endi “Kitob markazi” va “Kitob dunyosi” savdo tarmoqlari rahbari Shuhratjon Oxunjonovning fikr­lariga quloq tuting:

“Yoshlar kitob o'qimaydi, degan fikr xato. Ular kitob o'qiydi, aksincha, biz kitob sohasida ishlaydiganlar ularga yangi va sifatli kitob­larni yetkazib berishda oqsayapmiz, xolos.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikni rivojlantirish masalasiga qaratayotgan alohida e'tibori yurtimizda chinakam o'zgarish­lar davrini boshlab berdi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilgan kitobxonlikni rivojlantirish to'g'risidagi qaroridan ruhlangan holda, men “Kitob olami” xususiy korxonasini tashkil etganman. Tashkilotimizda 100 ga yaqin odamni ish bilan ta'minlaganmiz. Qisqa vaqt mobaynida tashkilotimizning bir yillik pul aylanmasi 43 million so'mdan 4 milliard so'mga yetdi.

Bugun mamlakatimiz bo'ylab o'nlab “Kitob markazi” va “Kitob dunyosi” deb nomlangan tarmoq savdo markazlarimiz bor. Korxonamiz aholi va yoshlar o'rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida hududlarda turli tanlovlar o'tkazib keladi. Masalan, birgina 2021 yilning o'zida Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlaridagi kitobxon o'quvchilar uchun jami 10 ta avtomobil hamda ko'plab nominatsiyalar bo'yicha qimmatbaho sovg'alar taqdim etildi. Viloyatlardagi barcha uy ta'limidagi bolajonlarga homiylik asosida qiziqarli kitoblar berdik. Hozirgi kunda doimiy ravishda “Eng kitobxon maktab” va “Eng kitobxon oila” loyihalari doirasida chekka qishloq va mahallalarda ijodiy uchrashuv hamda kitob yarmarkalarini o'tkazyapmiz.

Bugungi kunda tashkilotimiz doirasidagi kitobsevarlar soni 3 millionga yetdi. Nasib qilsa, 2025 yilga borib doimiy kitobxonlarimiz sonini 10 millionga yetkazmoqchimiz. Bugun men 100 nafarga yaqin yoshni ish bilan ta'minlagan bo'lsam, ikki yildan keyin mana shu 100 nafar yoshning har biri kamida 100 nafardan tengdoshiga ish beradi. Men bunga qat'iy ishonaman.

Kitob orqali nafaqat moddiy jihatdan yutuqlarga erishdim, balki insonlarga ziyo, ma'naviyat tarqatishdek sehrli olamga kirib keldim. Ehtimol, ayrim tanishlarim aytganidek, kitob o'rniga boshqa biznes bilan shug'ullanganimda, bundan bir necha barobar ko'proq daromadga ega bo'lishim mumkin edi. Ammo bugun men yurakdan his etayotgan, insonlarga ma'rifat ulashishdek baxt va huzurni topa olmasligim aniq. Shuning uchun ham hech qachon kitob dunyosini tark etmayman. O'zbekiston – kitobxonlar yurti!”

 * * *

Kitob savdosi bo'yicha amerikalik taniqli adib Archibald Maklishning ham ibratli fikri bor:

“Kitoblar, haqiqiy kitoblar o'z-o'zidan sotilib ketmaydi. Kitobning muqovasi qanchalik chiroyli bo'lmasin, unda kitobning mazmun-mohiyati qanchalik mahorat bilan aks ettirilgan bo'lmasin, kitobning tashqi ko'rinishi odamlarda uni albatta sotib olib o'qib chiqish kerak ekan, degan fikrni uyg'otolmaydi.

Haqiqiy kitoblar ularning qanday kitobligini biladigan va ularga hurmat bilan munosabatda bo'ladigan odamlarning g'ayrat-shijoati tufayli sotiladi. Bu g'ayrat-shijoat esa avvalo kitobni varaqlab chiqayotgan o'quvchini ishontirishga qaratilgan bo'lishi kerak. Eng hurmatli tanqidchi yozgan eng benazir taqriz ham o'quvchining o'quvchi bilan gurungidan kamroq foyda keltiradi. Bunday gurunglarda esa har doim o'z kitoblarini ham, o'z xaridorlarini ham yaxshi biladigan kitobchi eng obro'li suhbatdosh sanaladi.

Agar kitob savdosida shunday sotuvchilar qolmasa, bu savdo hamma narsani ulkan va yorqin reklama plakatlari hal qiladigan, muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik haqida esa olingan daromadga qarab baho beriladigan sovun yoki konserva savdosi kabi oddiy, o'rtamiyona savdoga aylanadi.”

Targ'ibot ishlari qanday olib borilmoqda?

Albatta, aholi, jumladan, yoshlar o'rtasida kitob o'qishni ommalashtirish va rag'batlantirishda turli targ'ibot tadbirlarining muhim o'rni bor. Biz kitob targ'iboti bo'yicha olib borilayotgan ishlar holatini uch tashkilot – Yoshlar ishlari agentligi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyati misolida o'rgandik.

* * *

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2017 yildan buyon an'anaviy tarzda o'tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi haqida yuqorida aytib o'tdik. Yosh oilalar o'rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan “Yosh kitobxon oila” tanlovini o'tkazish orqali 160 ming kitobxon oila, shuningdek, “Zukko kitobxon” tanlovi orqali 80 mingdan ortiq kitobxon qamrab olingan.

“Mutolaa” loyihasi doirasida 3 ming 200 dan ortiq kitoblarning audio va elektron variantlari tayyorlanib, mobil ilovaga joylashtirilgan. Bugungi kunda 1,1 milliondan ortiq kitobxon ushbu mobil ilovadan foydalanmoqda (2 million 609 mingta kitob o'qilmoqda).

“Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida jahon adabiyotining 50 nomdagi eng sara ilmiy-ommabop kitoblari tanlab olinib, o'zbek tiliga tarjima qilingan. “Jadidlar” rukni ostida 8 ta kitobdan iborat to'plam 23 ming (jami 184 ming) nusxada chop etilib, har bir ta'lim maskani, vazirlik, idora va muassasalar kutubxonalariga yetkazilgan.

Qomusiy olimlar, ma'rifatparvar allomalarning ilmiy va ma'naviy merosi haqida “Uyg'onish” rukni ostida 7 ta kitobdan iborat to'plam 20 ming (jami 140 ming) nusxada chop etilib, ta'lim mas­kanlari, vazirlik, idora va muassasalar kutubxonalariga yetkazilgan. Milliy qahramonlarimizning bolalarga xos personajlarini yaratish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Jasorat”, “Ildiz” va “Jajji akademik” kitoblar to'plamlari nashrga tayyorlangan.

“Ma'rifat karvoni” loyihasi doirasida 4 milliondan ortiq kitoblar yoshlarga yetkazib berilgan.

* * *

Ayni paytda, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va uning hududiy bo'limlari tomonidan ham kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Joylarda besh tashabbus loyihasi doirasidagi “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Ibrat” chet tillari tanlovi”, “Mental” va “Zakovat” loyihalari doirasida 4 ming 971 ta “Ma'rifat ulashib”, “Kitob karvoni” aksiyalari tashkil qilinib, ta'lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarga adabiy-ma'rifiy mavzulardagi 48 ming 401 ta adabiyotlar beg'araz yetkazib berildi.

“Besh tashabbus” loyihasi doirasida 12 ta oliy ta'lim muassasasida “Uchinchi Renessans jadidlari – 2024” kitobxonlik forumlari tashkil qilindi.

Shuningdek, 29 ming 139 dona kitob Markazning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo'limlariga yuborildi.

“Mening ilk kitob javonim” loyihasi doirasida maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 2 ming 200 dona, joylarda ma'naviy-ma'rifiy soha rivojiga munosib hissa qo'shib kelayotgan turli sohadagi yosh xodimlarga “Eng yosh ma'naviyatchi – 2024” tanlovi orqali 2 ming 500 ga yaqin kitoblar sovg'a qilindi.

“Kitob o'qish madaniyati oiladan boshlanadi”, “Ota-ona o'z farzandiga yaxshi tarbiyadan bosh­qa meros qoldirmaydi” kabi mavzularda 1 ming 630 ta ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazilib, aholining keng qatlami o'rtasida “Kitob ulash!” aksiyasi tashkil qilindi va 22 mingdan ortiq kitob maktab, mahalla va oilaviy kutubxonalar va aholi vakillariga taqdim etildi.

“Oyina.uz” portalida 4 bosqichda “Kitoblararo 80 kun” marafoni tashkil etildi.

* * *

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitobxonlik mavzusida badiiy-ma'rifiy tadbirlar muntazam tashkil qilinmoqda. 2018–2024 yillarda Uyushma homiyligida chop etilgan 1 million nusxadan ziyod kitoblar  mahallalar, ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, Mehribonlik va Saxovat uylariga “Kitob aksiyasi” tadbirlari doirasida sovg'a qilindi.

2021 yilda 100 jildlik “Rus adabiyoti durdonalari”, 2022 yilda 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” kitoblar majmuasi chop etildi.

“Birinchi kitobim” loyihasida 2010 yildan 2024 yilga qadar jami 201 nafar yosh ijodkorning 196 nomdagi kitobi 3 million 210 ming nusxada nashr qilindi.

Shuningdek, 16 jildlik “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, 100 jildlik “Jahon bolalar adabiyoti xazinasidan”, “O'zbek adabiyoti xazinasidan” ko'p jildlik asarlar majmuasi nashrga tayyorlanmoqda.

Harbiy xizmatchilar va kursantlar qalbida vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasorat tuyg'ularini mustahkamlash, ularning jangovar ruhini oshirish, bu borada ta'sirchan targ'ibot ishlarini olib borishga qaratilgan “Mard askarga sovg'a” turkumida 18 nomda ixcham kitoblar to'plami nashr etildi.

Uyushmada muntazam ravishda yangi nashr etilgan kitoblar taqdimotlari o'tkazib kelinmoqda.

Yaxshi kitoblar yo'qmi?

Nega yo'q bo'lar ekan. Bugun yaxshi kitoblar yozil­yapti ham, chop etilyapti ham. O'qishga yaxshi kitoblar yo'q, deya bahona aytguvchilarga ayrim misollarni keltirib o'tmoqchimiz.

O'zining asarlari va tarjimalari bilan jamiyatimiz tafakkurini bir pog'ona yuksakka ko'targan, bugun tabarruk yoshda ham faol ijod qilib kelayotgan atoqli adib va tarjimon, O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov qalamiga mansub kitoblar soni 30 dan oshiq ekan. Va ustozning yana shuncha miqdorda jahon adabiyotining eng sara namunalaridan qilgan tarjimalari bor – Dostoyevskiy, Mopassan, Xeminguey, Folkner, Aytmatov… Eh-he! Birgina Jeyms Joysning “Uliss” romanini o'girishning o'ziyoq har bir mohir tarjimon ijodiy faoliyatiga oliy maqom baxsh etadi.

O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zamning nashr etilgan kitoblari soni – 40 dan ortiq. Birgina oxirgi 3 yilning o'zida – 2021-2024 yillar oralig'ida adibning 12 ta kitobi nashrdan chiqqan. O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning kitoblari soni ham 40 dan oshiq.

Bir o'zi bir institutning ishini bajarayotgan ijodkorlarimiz, olimlarimiz bor. Masalan, ustoz shoir va olim Mirzo Kenjabek so'nggi yillarda faol mehnat qilib, 20 dan ziyod kitoblar yozgan, tarjima qilgan va nashrga tayyorlagan.

Yana bir zahmatkash tadqiqotchi Abdusattor Jumanazar tomonidan tayyorlangan kitoblarga razm soling: “Xilvat ahli”, “O'rgimchak kitobi”, “Nasaf”, “Vaxshuvor”, “Mashrab”, “Buxoro ta'lim tizimi tarixi”, “Yakkabog'”, “Tug'li hikoyalar burji”, “Samarqand ta'lim tizimi va madrasalari tarixi”, “Qoratosh”, “Bulung'ur” va boshqa so'nggi yillarda chop qilingan 10 dan ziyod to'plamlar. Orada “Amir Abduahadxon. Feterburg' safari” tarjima asari nashr etilgan, res­publika matbuoti va ilmiy to'plamlarda 200 dan ortiq maqolasi e'lon qilingan. Bulardan tashqari, tinib-tinchimas olim “Qissayi Shoh Mashrab”, “Qalqon qo'shig'i”, “Movarounnahr ilmiy markazlari”, “Armiya bilan hamqadam, hamfikr, hamnafas” kabi to'plamlarda hamkorlik qilgan. Hozirgi paytda “Xorazm ta'lim tizimi va madrasalari tarixi” asari ustida ish olib bormoqda.

Zamonamizning zabardast adibi Isajon Sultonning oxirgi 3 yilda “Alisher Navoiy”, “Ma'suma”, “Bilga Xoqon”, “Abu Rayhon Beruniy” singari 5 ta romani o'quvchilar qo'liga tegdi. Shuningdek, 5 ta yirik asari xorijda nashr etildi, adabiy mukofotlarga loyiq topildi. Ayni paytda, yana 2 ta yangi romani nashr arafasida.

Men bu ro'yxatga hali iste'dodli shoirlarimizning o'nlab she'riy to'plamlarini kiritganim yo'q. Bularning hammasi yaxshi, miriqib o'qiladigan kitob­lar.

O'zim misolimda aytadigan bo'lsam…

Ayni paytda o'qish niyatida ajratilgan o'nlab eski va yangi kitoblar mening vaqtimni kutib turibdi. Agar ularning muxtasar ro'yxatini zikr etadigan bo'lsam ham, ko'pgina oq varaqlarni qoralashga to'g'ri keladi.

Bir paytlar hazrat Alisher Navoiyning 10 tomlik to'la asarlar to'plamini tugal o'qib, undan kompyuterda 500 betga yaqin ko'chirmalar olgan edim. Ularga doim ko'z tashlab turganim bois, mutafakkir shoirimizning o'lmas misralari xayolimda aylanib yuradi. Yaqinda to'la asarlar to'plamining elektron nusxasini topdim, yana mutolaaga sho'ng'idim. “Naso­yimul muhabbat”ni uchinchi qayta o'qidim, turli nashrlarda… Fikrimcha, bu dunyoga birgina Alisher Navoiy asarlarini o'qish uchun ham kelib-ketsang arziydi.

Mavzu doirasida bir taklif: Alisher Navoiyning 10 tomlik to'la asarlar to'plami O'zFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan nashrga tayyorlanib, 2011 yili G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan. Yaqin odamingizga hadya sifatida bersangiz arziydigan muhtasham to'plam. Lekin o'qish uchun to'g'ri ma'noda og'irlik qiladi – stolgami, xontaxtagami qo'yib o'qish kerak. Ko'tarib yurish ham noqulay. 1983 yilda “Fan” nashriyoti shoir asarlarini 20 tom ostida jamlagan, uni bugungi kunda topish qiyin.

Buyuk mutafakkir asarlarining qo'lyozmalari va nashrlari taqdiri hamma zamonlarda ham shunday – qimmat va serhasham bo'lgan, shekilli.

Alisher Navoiy ijodini xalqqa yaqinlashtirishni xohlar ekanmiz, avvalo, shoir asarlarini o'qish va ko'tarib yurish uchun qulay, ixcham shaklda nashr etish zarur, deb o'ylayman. Bu, mayli, 50 jild bo'lsin, lekin o'zingiz bilan doim olib yurishga qulay – shakliyam, narxiyam cho'ntakbop bo'lsin.

Xayrli ish

Yaqinda “Osmon yerga yaqin” nomli kitob qo'limga tegdi – “Mikrokreditbank” ATB jamoasi va “Ijod NAShR” nashriyoti hamkorlikda yo'lga qo'ygan “Chig'anoq” loyihasi doirasida chop etilibdi. Bank va nashriyot jamoalari yurtimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga hissa qo'shish niyatida mazkur loyihaga qo'l uribdi. G'oyat xayrli ish.

 Eng yaxshi ibrat – oilada

“Nimagaki erishgan bo'lsam kitobdan minnatdorman, qaysidir xato ishdan qaytgan bo'lsam ham, – deydi ijodkor va jurnalist Aziz Norqulov. – Esimni taniganimdan buyon uyimizda adabiyot, turli badiiy asarlar, ona tilimiz jozibasi, shevalar haqida gaplashganmiz. Otam o'qituvchi bo'lib ishlagani, o'zi ham ijod bilan shug'ullangani uchun uyimizda katta kutubxona doim bo'lgan. Shu bois, eng yaxshi ibrat – oilada, deb bilaman. Bugun mendan ulgu olib, farzandlarimda ham kitobga qiziqish balandligini ko'rib, xursand bo'laman.

Hozirgi yoshlarga, ularning imkoniyatlariga va bundan unumli foydalanayotganlariga havas qilaman. Yoshlar kitob o'qimay qo'ydi, mutolaadan uzoqlashib ketdi, ma'naviyatni oshirish kerak, kabi gaplar ko'p quloqqa chalinadi. Rostini aytish kerak, ko'ngilni ko'taradigan, umidni oshiradigan holatlar ham yetarlicha.

Milliy kutubxonamizga ko'p boraman. Erta tongdan yoshlar kitoblarga muhr bosdirish uchun nav­batda turganini ko'raman. Men ham ular safiga qo'shilaman. Ichkaridagi o'quv zali doim to'la bo'ladi, kitobxon yoshlar sig'may qoladi. Birinchi kirganimda joy topilmaganidan xursand bo'lib ketganman. Kitob o'qimay qo'ygan yoshlardan noliydiganlarni shu dargohga olib kelib, ko'rsatgim kelgan.”

Donolar nima deydi?

“Millatni bosma so'z yaratishi” (B.Anderson), “Taraqqiyotning umumiy ko'lamida har bir xalqning o'rni o'sha xalq o'qiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanishi” (E.Labule) haqidagi fikrlarni o'qigansiz.

Mashhur adib Xorxe Luis Borxesning ham kitob haqida e'tiborli fikri bor: “Inson qo'lidagi turli-tuman qurol-yarog', asbob-uskunalar orasida eng g'aroyibi, shubhasiz, kitob sanaladi. Qolganlarini uning jismoniy davomi deyish mumkin. Mikroskop va teleskop – ko'zning davomi, telefon – ovozning, omoch va qilich – qo'lning. Biroq kitob – butunlay boshqa narsa, kitoblar – xotiralar va tasavvurlarning davomidir. Kitob odamzotning xotirasi xazinasidir”.

“Kitobni jonsiz buyum deb hisoblamaslik zarur, zero, kitob uni yaratgan dahoning salohiyatiga teng ravishda hayotiy kuch-qudratga ega”, deb yozadi ingliz shoiri Jon Milton. Bu so'zlar mavlono Jaloliddin Rumiyning “So'z insonning qiymati qadar qadrlidir” degan lutfini eslatadi. Yana bir adib Aleksandr Genis bu fikrlarni boshqacharoq ifoda etadi: “Biz yozuvchi asarini uning o'zidan ko'ra muhimroq deb hisoblaymiz, chunki u umrining eng yaxshi daqiqalarini asariga bag'ishlagan”.

Yapon yozuvchisi va mutafakkiri Daysaku Ikeda esa nafaqat yozuvchiga, ayni paytda kitobxonga ham jiddiy va to'g'ri talab qo'yadi: “Yaxshi o'quvchi bo'lish ham yaxshi yozuvchi bo'lishday gap – bu har bir shaxs ko'tarilishi lozim bo'lgan ma'naviy maqom”.

“Garang odam birov gapirib berganiga qarab musiqaning sehrli kuchini anglamaganidek, men ham butun umr davomida bironta kitob o'qimagan insonning fikrlash tarzini anglay olmadim” – bu avstriyalik faylasuf yozuvchi Stefan Sveygning fikri. Haqqoniy fikr.

Hazrati Bobur o'z vaqtida Samarqand hokimi Sulton Ahmad Mirzoga ta'rif berib: “Hech narsa o'qimagan, omi kishi erdi, shul sababdin bor ixtiyori beklarining ilgida (qo'lida) edi”, degan nihoyatda chuqur ma'noli, hayotiy xulosani bayon etgan.

Qarang, ulug' ajdodimizning fikrida bizning zamonamiz uchun ham qanday ibratli jihatlar bor. Afsuski, kitob o'qimasligi bilan maqtanadigan amaldorlar, pul topib, aqlu farosat topmagan “tadbirkor”lar oramizda yo'q emas. Kitob o'qimaslik – aqlning yalang'ochligidan dalolat, kitob o'qimasligi bilan maqtangan odam esa xuddi ko'chada yalang'och yurgani bilan maqtangan kimsadek bo'ladi. Darvoqe, buyuk ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiy o'zining mashhur “Padarkush” dramasiga “O'qimagan bolaning holi” deya bejiz tagsarlavha qo'ymagan!

Qissadan hissa

Yaxshini yaxshi desang, yaxshiligi ortadi, yomonni yomon desang, yomonlikka tortadi. Chindan ham, G'arb yozuvchilaridan biri aytganidek, kishiga cho'chqasan deb aytaversang, oxir-oqibat u hurillab yuboradi.

Hech kim o'qimayapti, deb o'qiyotgan odamning ham hafsalasini pir qilmaylik, aksincha, o'qimayotganlarni ham o'qishga qiziqtiraylik. “Yo'q-yo'q” deyaverib, borini ham yo'q qilib qo'ymaylik. O'qiyotgan insonlarni targ'ib etaylik.

Hammamiz bilamiz, aksariyat odamlar tabiatan ergashuvchi bo'ladi. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi bir holatdan ham kuzatish mumkin. Odatda, qaysidir fikr yoki lavhaga birinchi bo'lib izoh qoldirgan kishi o'zidan keyingi deyarli barcha izohlarga o'zan ochib beradi. Bitta-ikkita qarshi munosabatlar umumiy oqimda ko'rinmay ketadi. Demak, kimdir hech kim o'qimayapti, desa, boshqalar ham o'qimay qo'yishi, aksincha, hamma o'qiyapti, deyilsa, odamlar o'qishga mehr va ixlos qo'yishi mumkin. Ayni mutolaa asnosida insonda ergashuvchanlik odati yo'qolib, mustaqil fikrlash tuyg'usi shakllanadi.

Qissadan hissa shuki, O'zbekiston – kitobxon mamlakat, mamlakatimizda kitob fondi ham, kitobxonlar soni ham yetarlicha. Va da'vatimiz shundayki: bugun ko'pchilik kitob o'qiyapti, siz ham albatta o'qing!

Ikrom BO'RIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2024 yil

6 dekabr 50-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 4 =