To'kinchilik yaxshi, ammo…

Tabiat borliq olamning ko'rki bo'lsa, mevali daraxtlar ona tabiatning ziynatidir. Ayniqsa, bahor, yoz, kuz, qish — to'rt fasl ham o'z mo''jizalarini to'la namoyon etishi uchun qulay tabiiy imkon va sharoit mavjud bo'lgan bizning yurtimizda mevali daraxtlarni parvarishlash har tomonlama foydalidir.

Vatanimizning saxiy quyoshida barcha mevalar g'arq pishadi. Ularni bog'larda, hovlilarda, ko'cha va yo'laklar chetida uchratishingiz mumkin. Afsuski, ko'cha va yo'lak chetlarida o'sgan mevali daraxtlarning hosili ko'pincha nest-nobud bo'ladi.

Har kuni shaharning markaziy ko'chalaridan biri bo'ylab ishga qatnayman. Ko'chaning bir tomonida turli xil manzarali, mevali daraxtlar ekilgan. Shu kunlarda o'rik g'arq pishib, tagiga, yo'laklarga to'kilgan. Yo'lovchilar esa pishib to'kilgan mevani bosib o'tishadi. Har kuni shu manzara takrorlanadi: mevalar to'kiladi, yer sarg'ayadi, uvol bo'lgan meva supurib olinadi. Ertasi kuni esa yana shu ahvol: to'kilgan mevalar yana toptaladi. Vitaminlarga boy mevani terib oladigan odam topilmaydi. Axir meva ham ne'mat, uvol emasmi?

Shunday holatlarni inobatga olib, ko'cha va yo'laklar chetiga mevali daraxtlar emas, manzarali daraxtlar ekilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Kashtan, qayin kabi daraxtlar bahorning ilk kunlarida gullab, chiroyli ifor taratsa, yoz jaziramasida soya beradi.

Shu o'rinda o'quvchilik yillarim yodimga tushadi. Yozgi ta'tilda bobomlarnikiga borardik. U yerda to'yib meva-cheva yerdik. Ha, qishloqda ham o'rik­lar, olmalar yerga to'kiladi. Ammo qish­loq odamlari yerdagi mevalarni uvol qilmasdan terib, quyoshda quritib, meva qoqi qilishadi. Ma'lumki, meva qoqining inson salomatligiga foydasi ko'p. Bobom kimning yuragida salomatlik bilan bog'liq muammo bo'lsa, o'rik sharbatidan tanovul qilishni tavsiya etardilar. Sababi, o'rik sharbati yurakni baquvvat qilib, inson salomatligiga ijobiy ta'sir qiladi. Bundan tashqari, o'rik danagining mag'zi asab tizimi uchun davolovchi vosita ekan.

Shahar ko'chalarida kezib, ayrim joylarda tut ham yerga to'kilgan holatlarni ko'rasiz. Aslida, tutning ham inson uchun foydali tomonlari bisyor. Masalan, ulug' bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino oqtut bargini angina, tish og'rig'ida tavsiya qilgan.

Shularni inobatga olib, bir taklif: Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga qo'shimcha yelim xaltalar berilsa, ular to'kilgan mevalarni terib, qayta ishlanadigan maxsus joylarga topshirishsa, nur ustiga a'lo nur bo'lardi. Zero, tabiat va atrof-muhitni asrab-­avaylashga har birimiz burchli va mas'ulmiz. Axir tabiat ne'matlaridan kelajak avlod ham bahramand bo'lishi kerak.

Muhammadsodiq TO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + thirteen =