Boylik qutqusi

yoxud ko'rmaganning ko'rgani qursin
Tarixiy dalillar tasdiqlaydiki, insoniyat ilk davrlarda faqat bir toifa bo'lgan: bor-yo'g'i tirikchilik g'amidagi eng ibtidoiy yashash tarziga ega yarim yovvoyi odamlar to'dasi. Yillar, asrlar o'tadi, mehnat qurollarining takomillashuvi bilan ehtiyojdan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. To'planib qolgan xom-xatala, balki tussiz, maza-matrasiz yeguliklarni taqsimlashda yaxlit to'da ikkiga ajraladi. Demak, ajralishning ilk nuqtasi — ortib qolgan yegulik! Va necha ming yillar o'tib ham bu ikki qavmni farqlaydigan belgi — yegulik (to'g'ri, keyingi tamaddunlar libos va boshpanani ham qo'shgan) — qaysi taraf bo'kib iste'mol qiladi, qaysi taraf esa bir burda nonga zor — bu ikki qirg'oqning farqi hamon mohiyatan shu ikki belgi bo'lib qolmoqda.
Ming yillarning shafqatsiz sinovlari: urush-talashlar, tuzumlar va hukmronlarning almashinib turishi, ijtimoiy tartiblar va munosabatlarning o'zgarishi ham bu ichki mantiqni o'zanidan chiqara olmadi va ayni yuksalgan taraqqiyot pallasida ham kuchi-imkoniyati borlar faqat bo'kib, isrof qilib, to'kib-sochib, boshqalarga ko'z-ko'zlab yeb-ichish bilangina farqlanmoqda. Taassuflar bo'lsinki, bunday manzara ayni kunlarda butun dunyoda umumiy qiyofa kasb etmoqda.
Mabodo boylarning o'zini oqlaydigan va pardalaydigan bir necha qavat sun'iy liboslarini yechib tashlayversak, oxirida uning ichidagi dildiragan bir vujud ko'zga tashlanadi va barcha jonsarakliklar, o'zini o'tga, cho'qqa urishlar, yolg'onlar, aldovlarning zamirida shu akashak (to'g'ri, boy odam, odatda, semiz va lorsillagan bo'ladi) vujudning zamzamalari yotgan bo'ladi. Axir qancha sa'y-harakat qilinmasin, boy odamda oltinchi barmoq yoki uchinchi ko'z paydo bo'lmagan-ku! O'sha-o'sha — “loyimni azal qorgan O'zingsan”.
Qarang-a, qancha qirg'inlaru urushlar, qon to'kishlaru jon olishlar azal me'morining ilk ijodini — Odam suratini o'zgartira olmabdi-ya! Afsuski, odam zoti hamon ko'zga ko'rinmas mayllarning tazyiqi iskanjasida zug'um va zo'ravonliklardan qutula bilmabdi. Mudom harakatga chorlovchi maqsad — “yana va yana bo'laversin”, xullas, yugurib-elishlardan murod — ko'proq boylik (bu so'zni juda keng ma'noda qo'llayapmiz) orttirish!
“Boylik” tushunchasining ma'nosi kengayib, bugun u hukmronlik, “kangul”ning botiniy istaklari so'zsiz amalga oshishi, o'zgalarning unga, ya'ni boylik egasiga qulluq qilib turishi-yu, uning boshqalardan (masalan, ilm va ijod ahlidan) aqlli va dono hisoblanishigacha keng masshtabni tashkil etmoqda va qamrovning bunchalar kengayganidan boylik yana ham jozibali va ohanraboli bo'lib bormoqda. Jarayon teran va keng ko'lam kasb etib, boylikni ixtiyoriy rad etuvchilar va unga jon-jahdi bilan intiluvchilardan iborat ikki qirg'oq o'rtasida tabiatan bu ikki nuqtai nazardan xoli, maqsadi “Lo'lining eshagini sug'or — pulini ol” qabilida kun ko'rishga moyil uchinchi toifa shiraga aylangan asalaridek boylik va uning egalari — boylar atrofida o'ralashib, “katalizator” vazifasini bajaradilar va beixtiyor ko'zga ko'rinmas front — jang maydoni hosil bo'ladi.
Endi boylar tinchgina yashab, oqib kelayotgan “mullajiring”larni qurtdek sanab olib, o'zlari ham halovatda qurtdek yashashdan voz kechib, uchinchilarning qutqusi bilan boyliklarini himoya qilish, uni yomon ko'zlardan asrashga kirishib ketadilar.
Agar ularga bu haqiqatni eslatsangiz, tan olmaydilar. Balki zaruratdan o'z burchlarini bajarayotganliklarini iddao qiladilar. Bu bosqichda allaqachon “Mol achchig'i — jon achchig'i”ga aylangan, bunday sharoitda boylik sehriga asir bo'lib, bandga tushib qolganlar hatto jonlarini qurbon qilib bo'lsa ham boyliklarini himoya qiladilar (deylik, suvda oqib ketayotgan bir xalta tillani ko'rgan boy o'zini o'ylab o'tirmay oqimga otgan; yoki korxonasiga o't ketganini ko'rgan tadbirkor lahza mulohaza qilib o'tirmay olov ichidagi binoga o'zini uradi). Demak, boylik endi shunchaki ortib qolgan mahsulot yoki zarurat bo'lmaganda keraksiz matoh emas, balki hayot yo mamot masalasiga aylangan bo'ladi, “Boy bo'lsamgina tirikman, aksincha, jonsizman” degan aqida amal qila boshlaydi, o'z-o'zidan boylik jiddiy ijtimoiy ahamiyatga ega kuch darajasiga chiqqan bo'ladi.
Endi masalaning botiniy jihatlaridan o'sib chiqqan zohiriy manzaralarini ko'zdan kechiraylik…
Agar ortib qolgan mahsulotni taqsimlash etimologiyasiga razm solsak, bu yumushni dastlab qabiladagi eng kuchli, jismoniy baquvvat va dovyurak kishi amalga oshirganiga ishonch hosil qilamiz. Demak, boylikni taqsimlash kuchga tayandi va asrlar o'tsa-da, bu tamoyil o'zgarmadi. Boylik kuchlilarning irodasini ifodaladi, ular atrofida aylandi, oxir-oqibat boylikning o'zi kuch timsoli bo'lib qoldi: kim boy bo'lsa, o'sh kuchli. Asrlar qayrog'ida ishqalanib, boylikni musodara etishdagi “jasurlik”, “dovyuraklik” singari sof insoniy fazilatlar yemirilib, uning o'rnini “olg'irlik”, “chaqqonlik” va nihoyat, “tadbirkorlik” singari xususiyatlar egalladi.
Vaqt, xalq taqdiri garovda turgan pallada bor-yo'g'i o'z boyligini saqlab qolish uchun dushman tarafga o'tib olganlar ko'p bo'lgan. Masalan, rus bosqini paytida Samarqand dushmanga qattiq qarshilik ko'rsatadi, lekin katta boyligidan voz kechishni xohlamagan yahudiy savdogarlar shahar darvozalarini xufiyona ochib beradilar. Holbuki, Jo'rabek va Bobobek boshliq Kesh lashkari dushmanni chekintirib, quvib kelgan, agar Samarqand muhofazasi davom etganda, bosqinchini tor-mor etish naqd edi. U shaharga kirib, jon saqlab qolgan.
Buyuk islohotchi va fotih Napoleon hayotidan shunday ibratli misol bor.
Ma'lumki, Napoleon feodal munosabatlar poyoniga yetib, sanoatlashish yuzaga kelayotgan paytlarda tarix sahnasida harakat qiladi. U Fransiyada boylar, ya'ni savdo-sanoat burjuaziyasi qatlamini yuzaga keltirish va ularni kuchaytirish maqsadida tadbirkor va ishbilarmonlarga ko'plab imtiyozlar beradi, soliqlar yukini yengillashtiradi. Shunday qilib, boylar tabaqasi paydo bo'ladi. Tabiiy, ular kuchaygach, mamlakat hayotiga ham aralasha boshlaydi. Jumladan, Napoleon Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirganda, harakatni dehqonlar hosilini yig'ishtirib olguncha bir-ikki oy kechiktirib turishni talab qilishadi. Napoleon ular bilan hisoblashishga majbur bo'ladi va oqibatda urush cho'zilib, qahraton qishga to'g'ri kelib qoladi.
Har qanday sarkardadan ham kuchli bo'lgan rus qishi fransuz armiyasiga yetarlicha tashvish orttiradi va Napoleon armiyasi yengiladi. Bu boylarning birinchi zarbasi bo'ladi. Ikkinchi zarbasi esa imperator yengilib, Parijga qaytgach yuz beradi: boylar o'z manfaatini o'ylab, shahar darvozalarini yopib oladilar, mag'lub qo'shinning shaharga kirishiga va jon saqlashiga imkon bermaydilar… Bu holatlarni akademik Yevgeniy Viktorovich Tarle o'zining “Napoleon” kitobida batafsil sharhlagan.
Bu mulohazalar bir yoqlamadek tuyulayapti: nima, boy bo'lish aybmi? Dunyoni kambag'allar, qashshoqlar boshqarsinmi? (Ular ham boshqarib ko'rdi, 74 yil. Oxirida o'zlari o'z qo'llari bilan “dohiylari”ni badnom qilib, keyin ag'darib tashlashdi. “Kambag'alga erk bersang, chorig'i bilan to'rga chiqadi” degani shunday bo'lsa kerak). Aslida, xuddi shu nuqtada borliqning, dunyoning taqdiri hal bo'ladi: boylar kim tarafida?
Ma'lumki, rejali iqtisodiyotdan bozor tamoyillariga o'tish jarayonida MDH hududida ko'plab sun'iy boylar paydo bo'ldi. Ularning ayrimlari futbol klublari, qimmatbaho yaxtalaru shxunalar va yana boshqa aql bovar qilmaydigan xazinalarga ega bo'lganliklari bor gap. Ana shunday vaziyatda birdaniga boyib ketganlar boyishning sun'iy mexanizmlarini yaratdilar va “tez boyib qolganlar” qatlami yuzaga keldi. O'tgan yillar davomida ularning qiyofasi ham, turmush tarzi ham o'zgardi, ya'ni boyishning yovvoyi qonuniyatlari yaratildi va amaliyotga joriy qilindi. Ularni ma'rifatli yoki yuksak intellektga ega odamlar deb bo'lmasdi, ular shunchaki ish odamlari edi. Bu muhit sobiq ittifoqning hamma hududlariga tarqaldi, bizda ham uning epkinlarini kuzatish mumkin bo'ladi. Xullas, boylik va ma'naviyat ikki qutbga ajralib qoldi.
…Boylik ko'yiga tushgan odam bu sa'y-harakatning zaxmlariga, qoqilishdagi yara-chaqalariga ma'naviyatdan malham qo'yib bormasa, o'z harakatlarining zamirida ezgulik mujassam ekanligini (“Nima bo'lsa ham bola-chaqam, elim-yurtimning kelajagi uchun qilayapman” degandek) har doim esda tutmasa, bu zot alamzada, takabbur, izzattalab kimsaga aylanishini jonli misollar ko'rsatib turibdi. Ma'naviyatni o'ldirib topilgan boylik, rostdan ham, afyunga aylanar ekan. Boy iztiroblar bilan topgan xazinasini ezgulikka emas, boshqalarning ustidan turli yo'llar bilan kulishga, zaif odamlarni masxara qilishga, o'zini ko'z-ko'zlashga, bekorchilardan alamini olishga sarflaydi. Mabodo unga nasib etayotgan boylik o'zining halol mehnati, insof-imoni evaziga kelayotganini bilsa, xazinasini yaxshi amallarga yo'naltiradi. Demak, jamiyatda boy bo'lishning ana shunday muhiti yuzaga kelishi shart: kreditlar me'yorida, bank-moliya xizmati qonun doirasida ishlaydi, ishlab chiqarish va mahsulot realizatsiyasida sun'iy to'siqlar bartaraf etilgan, soliqlar og'irlik qilmaydi…
Bugungi ayrim boylarning ma'naviyatida o'tkinchi hayotning tabiati aks etayapti, desak, yolg'on bo'lmaydi. Boylik izlash bo'lajak boyni qay ko'ylarga soldi? Keyingi 25-30 yillar oralig'ida bu kuch qanchalab munis, sutdek toza, boladek beg'ubor qalblarni mahv etdi, ularni shunchaki soyaga, qulga, sharpaga aylantirib yubormadi? Biz shu yo'qotishlarga guvoh bo'ldik. Yaqinda bedarak bo'lib ketgan bir tanishimizni yo'qlab bordik. Katta hayot ostonasiga birga qadam qo'ygan, ulg'ayishning azoblarini yonma-yon kechirib, uchirma bo'lgach, hamma o'z rizqini quvib ketgan edi, uning beg'ubor qalbi, samoviy orzulari, halol-pokdomonligi ko'z oldimizda turardi. Biz ana shu insonni ko'rishni istagandik. U esa o'zgarib ketgan ekan.
Mo'min-qobil, yaxshi ijrochi edi, baxtini berib, o'ziga to'q oilaga kuyov bo'libdi, ishlari baravj ketganini eshitib yurardik. Birinchi taassurotdanoq yumushlari ancha rivojli ekanini tushunib oldik. O'zini qancha o'rasa ham yetarlicha kibrga ega bo'lgani, yeb-ichish va maishatga o'ch ekani ko'rinib turardi. Hashamdor yemakxonaga boshladi va stolni belini sindiradigan qilib buyurtma berdi. U bilan ayni holatda yotoqxonada yashagan yillarimiz, qotgan nonni ham ko'zimizga surib yegan kunlarimizni hozir eslash uyat hisoblanardi. Biz ham salomga yarasha alik degandek, o'rnida bo'lmasa ham karillab, maqtanib o'tirdik: vaziyat shuni taqozo qilardi.
Tanishimiz turmush tarzi shundan iborat, degan ko'nikmaga allaqachon asir bo'lib ulgurgan ekan. Uning tutumini ko'rib, hayotdan ancha orqada qolgandek mahzun ham bo'ldik. Yana o'ylab ko'rsak, afsuslanadigan hech narsa yo'q ekan. Boylik hali hayotdan to'la zavqlanib yashash degani emas ekan. Tanishimiz allaqachon kitobni qo'liga olmay qo'ygan, gazeta-jurnal hozir ham bormi, deydi; televizordan faqat ko'ngilochar dasturlarni ko'rar, siyosat bilan umuman ishi yo'q. Vaqtini tadbirkorligini rivojlantirish rejalari, hisob-kitoblar, pul sanash bilan o'tkazar ekan. Fe'li ham o'zgarib qolibdi. Uyida mashinalar turibdi, bizni nuqul taksida olib yuradi, yemakxonalarga o'n kishiga yetadigan buyurtma beradi-da, qolganini tashlab chiqaveradi. Jiddiy masalalar: millat taqdiri, yoshlar ma'naviyati singari mavzularda emas, bachkana gaplardan gurung qiladi, hovli-joylari, tanishlarini maqtaydi. Ochig'i, mehmonlarga uning bunday turmush tarzi yoqmadi. Bu hayotda zavq yo'q-ku, ezgulik yo'q-ku.
O'zi sabil boylikning me'yorini bilish kerak ekanmi? Bir tanishimiz juda nozikta'b, go'zallikni qadrlaydigan, eng asosiysi, haromdan hazar qiladigan odam edi. Boshida hammasi joyida ketdi, odamgarchiligi ham. Haliyam she'rlar yozar, yangi chiqqan asarlar haqida kuyinchaklik bilan fikr bildirardi. Lekin yugurib-elib, ishlarini rivojlantirib oldi. Davlat idorasida ishlardi, “davlat odamlari” uni qayta tarbiyaladi-yov. Ularning tutumlarini ko'rib, turmush tarzi o'zgardi, ya'ni “oladigan va beradigan” bo'ldi. Puli ko'paydi, chamasi, avval kiyinishi, keyin muomalasi o'zgarib bordi. Endi yurish-turishida kibr, izzattalablik kuchaya boshladi. Bir lahza “pul topish” tashvishidan bo'shamaydi. Keyin asta-sekin biz qadrlaydigan barcha fazilatlardan ham mosuvo bo'la boshladi. Hozir u zerikarli odamga aylangan. Qalbi allaqachon tap-taqir bo'lib qolgani ko'rinib turibdi.
Qishloqqa borganda ham “semirib” qolganlarga razm solamiz. Dimog' osmonda, o'tgan kunlarini unutgan, atrofiga past nazar bilan qaraydi, oyog'i yerdan uzilgan. Odamlar bir xalta un olsa, u o'n xalta oladi, boshqalar bir kosa qatiqqa zor, u beshta sigir sog'adi. Ammo… “qancha bo'lsa, shuncha bo'laversin”, qabilida birovga bir burda non bermaydi tekinga. Qishloqning biror koriga yaramaydi. Aksincha, ma'rakaga borsa, ikki tovoq osh yer ekan, yana sergo'sht, ilikli va yog'li bo'lishini tayinlar ekan. Qiziq manzara. Bu “manzara”larni bezab turganlar — boylik va uning egalari!
Jamiyatimizda paydo bo'lgan bu toifaning fe'l-atvorini kuzatib, kishi jiddiy mulohazalarga boradi. Avvalo, xalq aytganidek, “Ko'rmaganning ko'rgani qursin”. Suv ham qumloq joyda to'xtaydi, deganlari singari boy bo'lish ham oson emas, bu to'g'ri. Lekin unga atalgan o'sha xazinani ezgulik yo'liga sarflasa bo'ladi-ku. Boylar “ezgulik” degan so'zni tushunarmikan? Kim bilsin? Endi bu yog'i boybuvalarning ma'rifatiga qolgan. Axir olis tarixda Iskandar Zulqarnaynning o'sha ibrati porlab turibdi-ku: “Qo'llarimni tobutdan chiqarib qo'yinglar. Dunyoni egalladim, biroq bo'sh qo'l bilan ketayotganimni hamma ko'rib qo'ysin”.
Aslida, insoniylikni boylik orttirish zamzamalariga qurbon qilmay, odamgarchiligini yo'qotmagan kishi uchun uzoq tarixdan ibratli misol qidirib yurish ham shart emas. O'zini shu bo'zning bir uchi deb bilsa, o'z taqdirini shu xalq taqdiri bilan payvastalikda ko'rsa, issiq-sovuq kunlarda yelkama-elka turishni ixtiyor qilsa, ota go'ri qozixona emas. Afsuski, shu kunlarimizda o'zi ham ma'rifatini oshirishga qayg'uradigan yoki ma'naviyatni targ'ib qilish borasida biror xayrli ish qilayotgan boylarni kam ko'rayapmiz. Puli ko'paysa, haj yoki umraga boradi, juda nari borsa, masjid quradi. Lekin bugun yoshlar tarbiyasidagi illatlar kitob o'qimaslikdan, maktab tizimidan ekanini farosat bilan tushunib, biror kutubxona yoki maktab qurish tashabbusini izhor etmaydi. Millatimiz shu darajada rivojlanmas ekan, jamiyatda saxovatli ma'rifatparvarlar paydo bo'lmas ekan, topganimizni odamlarni qayta tarbiyalash yumushlariga sarflayveramiz.
Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqiga ohu va sher tasviri tushirilgan. Sher — ilm tolibi. Ya'ni ma'rifat istagan kishi. Ohu esa ilm! Ohuni tutish uchun sher qudrati va shiddati kerak. Xalqimizda “Ilm yovvoyi” degan naql bor. Ilmni egallash, demak, ma'rifat yo'liga kirish, ya'ni ma'naviyatli bo'lishga jazm etish kuchni, majbur qilishni talab etadi. Davlat ham o'z kishilarining kelajagini o'ylasa, ularni ma'rifat yo'liga majbur qilish vazifasidir. Zero, hech kim o'z mayli bilan ohuni band etishga kirishmaydi. Sherdagi nafs davlatda odamlarni ilm olishga majburlash tarzida namoyon bo'lishi joiz.
…Odamzod taraqqiyoti tosh qurollardan murakkab elektron texnikalargacha ulg'aydi. Uning hayotida avval boshdanoq boylik muhim omil bo'lgan edi va bu daraja baqamti tarzda yuksalib bordi. Demak, ayni yuksak taraqqiyot bosqichida bemisl qudrat kasb etgan moddiy boylik va uning egalari jamiyatni ham shu darajada qiziqtiradi. Bu borada hech kim betaraf bo'la olmaydi. Albatta, biz ushbu mulohazalar bilan “hamma boylar yomon, ma'rifatsiz, tuban yo'lda” demoqchi emasmiz. Ammo “haqiqiy ma'nan boy kishilar, aytaylik, Alisher Navoiy singari ma'rifatli, saxovatpesha boylar nega juda kam?” demoqchimiz. Shubhasiz, boylik va boylar mavzusida hammaning o'z nuqtai nazari bor. Ular bilan o'rtoqlashish ko'p muammolarga yechim topgan bo'lardi…
Hakim SATTORIY