Imtihon
yoki Finlyandiyada poraxo'rlik yo'q. Nima uchun?
Finlyandiyada korrupsiya bo'lmagan, ommaviy poraxo'rlik hozir ham yo'q va kelajakda ham bo'lmaydi, deyishadi. Buning sabablari shuki:
Azaldan finlyandiyaliklarda dabdabali hayot kechirishga qiziqish, intilish yo'q. Ular bunday turmush tarzini o'rta asrlardan qolgan illat va hashamdor hayot kechirish faqat tarixning o'sha davrlariga qaytish, deb bilar ekan.
Finlar o'z millatdoshlari, vatandoshlari hisobiga boyishni xalqi kelajagiga xiyonat; faqat nasli buzilgan, zoti ayniganlar o'z qardoshiga bunday munosabatda bo'ladilar, deb biladilar. “Agar sen razil bo'lmasang, o'g'rilik qilma”, — degan matallari bor.
Poraxo'rlikni o'z farzandlariyu nevara-chevaralari, ularning haqiga xiyonatkorlik hisoblaydilar va buni shunday talqin etadilar: “Sen poraxo'r, o'g'ri bo'lsang, avlodlaring ham xuddi shu “maktab”da o'qiydi, hayotini shu yo'lda davom ettiradi. Ma'naviy majruhlargina o'z farzandi va avlodlariga dushmanlik qiladilar”.
Finlar: “O'g'ri doim qilmishlari oshkor bo'lib, haqiqat tantana qilishidan hadiksirab, xavotirda yashaydigan qo'rqoq odam, — deb izohlaydilar. — Bunday kishilar hayotda hech qachon erkin bo'lolmaydilar, ular jamiyat ichidagi quvg'indirlar. El ulardan nafratlanadi”.
Finlar farzandlarini qaergadir tanish-bilishning o'rtaga tushishi (tanka bo'lishi) yoki “yo'lini topish” orqali joylashtirishni o'z dilbandiga qattiq zarar keltirish, yomonlik qilish, deb biladilar. Chunki qing'ir usullar bilan o'qishga, ishga joylashgan, nimalargadir erishgan bola hayot yo'llarida juda katta qiyinchiliklarga duch keladi. Finlar bolalariga yengil hayot yo'lini “sovg'a qilish” bilan ota-ona o'z dilbandining baxtli bo'lishidan ko'ra muammolar girdobiga tushishiga sababchi bo'ladi, deydilar. Bu muammolar farzandning mustaqilligi yo'qligida, yoshiga nomunosib ravishda rivojlanishdan orqada qolishi, ma'nan norasoligi, o'z kuchi bilan hech narsaga erisholmaydigan notavonga aylanishida ko'rinadi. “Faqat ahmoq odamlargina bolalarining kelajagini muammolarga giriftor qilib ketishi mumkin”, — deydi finlar.
(Ayni shu ma'lumotlarni o'qish arafasida qadrdonim so'zlab berdi: yirik, e'tiborli tashkilotning yangi rahbari ko'p yillardan buyon ishlab kelgan xodimni “bugungi kun talablariga javob bermaslik” mezoni bilan ishdan bo'shatib, o'rniga “o'zi yaqindan tanigan, ayni sohani ipidan ignasigacha yaxshi biladigan” yangi mutaxassisni ishga olib, jamoaga tanishtirdi. Yangi xodim ishlaydigan xonasiga kirib kelib, o'tirganlardan so'radi: “Bu qanday bo'lim? Nima ishlar bilan shug'ullanadi? Ayni borada chiqqan qarorlar, hujjatlar bilan tanishib olishim kerak endi…”)
Ijtimoiy tarmoqda e'lon qilingan yuqoridagi ma'lumotlarni o'qib, finlyandiyaliklarga dastlab havasim keldi. Birdan: “Halollik, o'zgalarning haqiga xiyonat qilmaslik, ota-ona bolalarini halol luqma bilan boqib ulg'aytirishining nechog'liq muhimligi, hasaddan nafratlanib, havas bilan yashash, inson o'ziga ravo ko'rgan harki kattayu kichik yaxshiliklarni boshqalarga ham ilinishining xosiyatlari, mehr-muruvvat ulashishda bolaning “o'zingniki” yoki “begonasi” bo'lmasligi… nainki moddiy ne'matlar borasidagi oldi-berdilarda, balki muomala-munosabatlarda ham bir-birlarining haq-huquqlari chegarasini muqaddas deb bilgan xalqimizda asrlar davomida xuddi shunday, balki bundan ham yuksak hikmat, e'tiqodlarga asoslangan an'ana, qadriyatlar turmush tarzi bo'lib kelgan-ku!” — degan fikr ko'zimni ochgandek bo'ldi.
…Mahallalardagi qator hovlilar darvozalariga qulf solinmasligi, tunda daydi kuchuklar kirib narsalarga tegmasligi uchungina shunchaki zanjir bo'lishi; savdo ahli namoz yoki boshqa sabablar bilan ketadigan bo'lsa, ish rastasining ustini choyshab bilan yoki do'kon eshigini yuziga yopibgina qoldirishi; mevazor bog'lar, qovun-tarvuz, sabzavot polizlari shundoq ochiqlikda bo'lsa-da, ularga birov beso'roq kirmasligi; boymi, kambag'almi — olim yoki hunarmand ustaga shogirdlikka berayotganda bolasi ilmu hunar o'rganish yo'lida astoydil mehnatu mashaqqat tortishi uchun “eti sizniki, suyagi meniki” degan bitimga rozi bo'lishi; homilador ayol hattoki xayolan nimalargadir intiq-intizor, zor bo'lmasin deb, hali tug'ilmagan bolaning-da haqini ta'minlash ajdodlarimizning oddiy hayot tarzi bo'lgan-ku!
Evropaning mashhur olimu faylasuflari dunyo tamaddunining oltin halqalari bo'lgan Birinchi, Ikkinchi Renessans qadim Turonzaminda ildiz otib, rivojlanib, insoniyat tarixiga zarhal sahifalar bo'lib yozilgandan keyin yevropaliklar uni bir oz o'zgartirib, moslashtirib davom ettirganliklarini rasman e'tirof etadilar. Renessanslar tamal toshini qo'yganlar… Forobiy, Xorazmiy, ibn Sino, Farg'oniy, Buxoriy, Zamaxshariy, Termiziy, Alisher Navoiy… (alhamdulillah, bu olimu ulamolar silsilasini uzoq sanash mumkin) asarlarida va ular haqida bizga yetib kelgan tarixiy ma'lumotlarda yaraqlab turadigan fazilatlari — halollik, halollik va yana yuksak darajadagi halollik! Ajdodlarimiz o'zlari tishlagan luqmaning, farzandlariga tutiladigan rizqu nasibaning, jamiyat a'zolari o'rtasidagi oldi-berdilar va munosabatlarning halolligiga gard tushishini ikki dunyo saodati inqirozining boshlanishi deb bilganlar.
Shularni o'ylab… Yo'q, his-tuyg'ularga berilish, momoyu bobolarimiz ibratlari haqida she'ru dostonlar o'qish, chiroyli entikishlardan foyda chiqqanda, balki, jamiyatimiz allaqachon korrupsiya yukidan qutulib ketgan bo'larmidi? Bu borada qat'iyat bilan har kuni har qadamimizda amaliy ishlarga o'tish bugun oldimizga qo'yilgan tarixiy maqsad — Uchinchi Renessans sari yuksalish pillapoyalari bo'lishi mumkin.
Toki “Mening bolam, mening yaqinlarim, mening uyim, mening hayotim, mening yurish-turishim, mening maoshim, mening obro'yim qanday qilib bo'lmasin, boshqalarnikidan yaxshiroq, chiroyliroq, balandroq bo'lishi kerak!” degan qora qurtni qalbimizdan sug'urib tashlab, “Naslim toza bo'lishi uchun bolalarimga mehnatimga yarasha topganimdan rizq-nasiba yediraman; mening mansabu mavqeim boshqalarning haq-huquqini o'zlashtirishimga, kamsitishimga imkon bermaydi; falonchining bilimi, malakalari, o'z ishiga sadoqati yuksak darajada bo'lganligi uchun u rag'bat, martabaga loyiq; bolalarim mansabim soyasida sudralib yurib emas, mehnat va intilish bilan yetgan bilimu mahoratlari bilan jamiyat rivojiga hissa qo'shishi kerak; bu vatandagi barcha ezguliklar, yaxshiliklar, imkoniyatlarning kengayishi, ko'payishiga vatandoshlarim bilan birdek mas'ul bo'lganimiz kabi, ulardan birdek bahramand bo'lishga hammamiz haqlimiz” degan e'tiqod amali hayotimiz tomirlariga toza havo kabi oqib kirmog'i shart.
Yoshlarni vatanparvarlik, xalqparvarlik, bag'rikenglik ruhida tarbiyalash mas'uliyatining mag'izi — ular ongiga halollik, xolislik, jamiyat a'zolarining har jihatdan tengligini tarix saboqlari, hayot haqiqatlari, kundalik turmushimiz amaliyotlari orqali ishonchu e'tiqod darajasida singdirishdir. So'zimiz bilan ishimiz bir joydan chiqmas ekan, tilda qanchalar yaqin bo'lmaylik, dilda ajdodlar qaddu qadrini baland etgan turmush tarzidan uzoqlashib boraveramiz.
…1980 yillar. “Saodat” jurnalida ishlardim. Bosh muharririmiz shoira Zulfiya sobiq sovet Xotin-qizlar qo'mitasi prezidiumi a'zosi bo'lsalar-da, u idoraning tadbirlari, yig'inlariga sira bormasdilar. Taklifnoma kelishi bilan o'rinbosarlariga: “Xolidaxon, siz borib keling”, — derdilar. Hayron bo'lardik: “Moskvada maza qilib aylanib kelmaydilarmi?” Shunda bir voqeani so'zlab bergandilar: “Bir yili Moskvaga, Xotin-qizlar qo'mitasi tadbiriga chaqirishdi. Idoraga kirib borganimda, xodimalardan biri:
— Zulfiya, O'zbekistonda uzum pishdimi? – deb so'radi.
— Ha, g'arq pishdi, – dedim.
— Nahotki ikki kilogina olib kelish mumkin bo'lmasa? – dedi yana u.
— Mumkin, – deb javob berdim men. — Lekin bizning xalqimizda ayollarning ko'chada og'ir yuklar ko'tarib yurishi uyat sanaladi. Shuning uchun men katta sumkalar olib yurmayman…
Shu muloqotdan so'ng Zulfiya opaga nisbatan qo'mitaning deyarli barcha a'zolari munosabati o'zgaradi: rasmiy sovuq muomalalar, boshqalarga qaraganda ikki karra ko'p savol-javobu hisob-kitoblar. Buning ustiga, tadbir tugagan kuni ittifoqdosh respublikalardan kelgan barcha vakillarga samolyot uchun chiptaga buyurtma berilgani-yu, Zulfiya opa “eslaridan chiqib” qolganini aytishganda, ustoz: “Men bu dargohning ostonasini qaytib bosmayman”, — deb chiqib ketgan ekanlar.
Qalbimda ota-onam, mahalladoshlarim, ustozlarim, katta avloddan eshitgan, ularda ko'rganim bu kabi voqealar chiroq kabi yonib turadi, bu yorug'likni shaxsiy xudbinliklar, nafs vasvasasi bilan xiralashtirish, o'chirish, ular ibratidan yuz o'girish… Alloh saqlasin. Zero, ongu shuuri oppoq qog'ozdek bo'lgan naslimiz tarixning biz haqimizdagi sahifalaridan qanday saboq olishini istaymiz?
Bir necha yil avval yig'inlarning birida Prezidentimiz “halollik vaksinasi” haqida so'z yuritgan edi. Bu bilan birinchi navbatda “adolat peshvo”lari hisoblangan qonun ustuvorligiga mas'ul shaxslar, katta-kichik amaldorlarga qarata halol ishlash, korrupsiyaga faqat og'izda emas, amalda rioya qilish haqida kuyunib gapirgan edi. Ammo ming afsuski, hamon turli axborot vositalarida “qaysidir prokurorning 90 ming AQSh dollarini pora sifatida olayotganda ushlangani-yu yana qaysidir sobiq amaldorning chet elda falon million dollarga teng mulki borligi” ochiqlanganiga oid xabarlarga ko'zimiz tushmoqda.
Nima ham derdik, bu hayot bir imtixon ekan-da. Undan qanday o'tish har kimning o'ziga — vijdoniga bog'liq, albatta. Faqat kun kelib barcha-barchasiga javob berishni hamma ham o'ylamas ekan. Bu besh kunlik dunyoda kelmasa, chin dunyoda jamiki amallarimiz, savobu-gunohlarimiz uchun javob berish barchaga birdek teng – sinov deyiladi muqaddas kalomlarda.
Shunday. Faqat bu “sinov”ga hamma ishongan, O'zidan qo'rqqanida edi…
Muhtarama ULUG'OVA