Kitobxonlik oiladan boshlanishi kerak

Xalqimizda “Ko'p o'qigan ko'p biladi”, degan naql bor. Kitob eng qimmatbaho boylik. U moddiyat va ma'naviyatning uyg'unligini ta'minlab beruvchi, jamiyatning rivojlanishida asosiy kuchdir.

Aslida, insoniyatning buyuk kashfiyoti ham kitob bo'lgan. Tarix zarvarag'ini sayqallantiruvchi, asrlarning tili va zaboni, kelajakning sarmoyasi bo'lgan kitobga e'tibor va kitob o'qishga bo'lgan mehr haqida to'xtalmaslikning esa iloji yo'q.

Kitob va kitobxonlik haqida so'z yuritar ekanman, beixtiyor bolaligim va o'smirlik yillarim yodimga tushdi.

Qishlog'imizda binosi eski, ammo kitob bilan liq to'la kutubxona bor edi. Bu maskan men uchun qadrli bo'lib, kunora kitob olardim. Bolalar adabiyoti javonida rang-barang kitoblar bo'lib, kutubxonachi yoshimizga qarab kitob berardi. Yillar o'tgan sayin o'qiydigan kitoblarimizning saviyasi ham ortib bordi. Avval bolalar adabiyoti va o'zbek adabiyotini o'qidim. Keyin esa jahon adabiyotini mutolaa qilishga kirishdim. Adabiyotlar menga hayot haqida ta'lim bera boshladi.

Men ko'p kitob o'qiganimni emas, o'qigan kitoblarim mening hayot mezonimni belgilab berganligini, yashash uchun mayoq bo'lganligini alohida ta'kidlamoqchiman. Kitob insonning fikrini charxlash bilan birga, qalbini poklaydigan buyuk kuchga egadir.

Kitob ma'naviy ozuqa ekan, kitobxonlik madaniyatini oshirish, jamiyatda ma'naviy kuchni shakllantirishimiz lozimligini davr­ning o'zi ko'rsatib turibdi. Kitob o'qishni ma'naviy ehtiyojga aylantiradigan vaqtga yetib keldik.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi ko'ngilni xira qiluvchi xabarlar, boqimandalik kayfiyatidagi chiqishlar, axloq va odob normalariga rioya qilmasdan bir-birini haqoratlash, ba'zi post­lardagi g'ij-g'ij imlo xatolar savodsizlikdan boshqa narsa emas. Savodsizlik bilimsizlikdan, bilimsizlik esa kitob o'qimaslikdan kelib chiqadi.

Davlatimiz tomonidan Axborot-kutubxona markazlari va Axborot-resurs markazlari ishini takomillashtirish bo'yicha bir qancha me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan va bevosita ijobiy ishlar samarali yo'lga qo'yilgan.

O'zbekiston Respublikasining 2011 yilda 13 aprelda qabul qilingan “Axborot-kutubxona faoliyati to'g'risida”gi Qonuni, Prezidentimizning 2019 yil 7 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasi aholisiga Axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Qarori asosida aholiga AKM va ARM xizmatlari joriy etilgan.

Mazkur qonun va qarorda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bo'yicha bir qancha ustuvor vazifalar ham belgilab berilganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ammo bu borada yechimini kutib yotgan masalalarimiz ham talaygina. Bolalar adabiyotining kam nusxalarda chop etilayotganligi og'riqli muammolarimizdan bittasidir. Bu haqda Prezidentimiz o'tgan yili 22 dekabrda yurt ziyolilari bilan bo'lgan uchrashuvda so'zlagan nutqida alohida ta'kidlaganlari bejiz emas.

Albatta, kitobxonlik oiladan boshlanishi kerak. Ota-onalar farzandi uchun ertaklar aytib berishi, vatanparvarlik ruhidagi doston, maqol va masallarni o'qib berishi — bolaning ongini o'stirishi bilan bir qatorda, uni kitobxonlikka tayyorlab boradi. Bu esa bevosita onalarimiz kitobxon bo'lishi lozimligini ham anglatadi. Kitobxonlikni shakllantirib olishimiz uchun esa kitobxon onalarni tayyorlashimiz kerak. Oilada ayolning, onaning o'rni beqiyos. Mutafakkir jadid bobomiz “Onalar — butun bashariyatning tarbiyachilaridir”, degan bo'lsa, fransuz faylasufi Jan Pol jamiyatga shunday xitob qiladi: “Siz bizga yaxshi onalarni bering, biz sizga yaxshi farzandlarni beramiz”. Demak, har bir ona jamiyatga yaxshi farzandni kamolga yetkazishi uchun mas'ul ekanligini his etishi va o'zining dunyoqarashini, bilim va ko'nikmalarini oshirib borishi judayam muhim.

Ona bosqichma-bosqich farzandini kitobxonlikka tayyorlab borishi, bolaning yoshiga qarab yaxshi kitob tanlab berishi hamda kitob o'qishiga bevosita yordam qilishi lozim. Bolaning xarakteriga va dunyo­qarashiga qarab kitob tanlab berilishi — uning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini oshiradi, kitobxon bo'lib shakllanishiga yordam qiladi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida ertak qahramonlari asosida rasmli targ'ibot olib borilishi ham bevosita bolalarni kitobxonlikka tayyorlab boradi.

Shuningdek, maktab kutubxonalari ishini yanada takomillashtirish, kutubxonalar jamg'armasini turli xil adabiyotlar bilan yanada boyitib borish, maktab o'quvchilarining qiziqishiga qarab kitoblar targ'ibotini yo'lga qo'yish judayam muhimdir. Bu esa bevosita maktab kutubxonachisidan yuqori malakani, bilimni va fidoyilikni talab etadi. Maktab kutubxonachisi har bir bolaning kitob o'qishiga bevosita rahbarlik qilishi, bolaning ruhiyati va qiziqishiga qarab adabiyotlar tanlab berishi lozim.

Shu maqsadda Axborot-kutubxona va Axborot-resurs markazi xodimlari aholi orasida so'rovnomalar o'tkazishi va onalarning qay darajada kitobxonlikka tayyorligini aniqlashtirib olishlari kerak. Bu so'rovnoma maktabgacha ta'lim va umumta'lim maktablarining mutaxassislari o'rtasida ham o'tkazilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob­lar targ'ibotini yoritib beruvchi media mahsulotlar ko'paytirilsa hamda debatlar o'tkazib borilsa ham yaxshi natijaga erishilardi.

Jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun oilalarda sog'lom ma'naviy muhitni shakllantirish, har bir oilada shaxsiy kutubxonalar tashkil etish, ota-ona farzandining kitob o'qishiga bevosita ko'makchi bo'lishi kerak.

Biz kitobxonlikni oiladan va mahalladan boshlasakkina, ko'proq natijaga erishamiz. Buning uchun esa joylardagi mahalla guzarlarida ko'chma kutubxonalar hamda xonadonlarda shaxsiy kutubxonalar tashkil etilsa, kitob o'qishda avvalo oilada ota-ona, kattalar ibrat, namuna bo'lsalar, maqsadga muvofiq bo'lardi.

Pardaxol NORQOBILOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + two =