Haj ziyoratidan so'ng…

Hojilarni dabdabali kutib olish, katta ziyofatlar berish nega avj olmoqda?

 Muborak haj ibodati — islom dinining eng muqaddas va sharafli amallaridan biri. Har bir mo'min-musulmonning ko'nglida haj ziyoratiga borish orzusi bo'ladi. Alloh taoloning inoyati bilan bu muborak amalni ado etganlarga barchaning havasi kelishi shubhasiz. Muborak hadislarda: “Albatta, amallar niyatlarga bog'liqdir. Banda uch narsa: dil, til va badan orqali amalga oshirilgan amallar evaziga savobga erishadi”, deyiladi. Hamyurtlarimizning bu go'zal niyatlari zaminimizdagi tinchlik va xotirjamlik, farovon hayot tufayli ijobat bo'layotgani barchaga ayon.

Har bir ziyoratchi ulug' haj ibodatiga yetkazgani uchun Allohga behisob shukronalar keltirib, hojilik maqomiga munosib bo'lish uchun ibodatlarni ixlos bilan ado etishga, go'zal odob va ibratli fazilatlarni qalbga joylab, shularga xosu mos tarzda harakat qilishga intiladilar. Shuningdek, haj va umra ziyoratini ado qilganlar ibodatlari yanada mukammal bo'lishi uchun kelgusida ibratli hayot kechirishni, ya'ni o'z yurtlariga qaytgach, mahalladoshlari va qavm-qarindoshlariga doimo o'rnak bo'lish, jumladan, xayrli ishlarni davom ettirish, beva-bechoralar, nogironlar va kasalmand kishilar holidan xabardor bo'lish, qo'llaridan kelgancha yaxshilik qilish, bosh­qalarni, ayniqsa, yoshlarni egri yo'ldan qaytarish, to'g'ri va halol yashashga undash, insonlar o'rtasida do'stlik, birodarlik va ahillikni ta'minlashga munosib hissa qo'shishni niyat qiladilar. Lekin keyingi paytlarda ayrim hoji yurtdoshlarimiz tomonidan bu ibratli va xayrli maqomni yuqori martaba bilib (albatta, ibratli hoji ota va hoji onalardan uzr so'raymiz), o'zlarini boshqalardan har jihatdan yuqori tutish, alohida izzat-hurmat talab qilish, ayniqsa, turli yig'inlarda davralarning to'ridan joy olish, me'daga, asabga tegadigan ortiqcha so'zamollik va nasihatgo'ylik qilish kabi holatlar ko'zga tashlanayotganligi turli e'tirozlarga sabab bo'layapti.

Shu o'rinda ushbu amal bilan bog'liq bir jihatga alohida to'xtalish joizdir. Hojilarni kutib olish, ularning xonadonlarida yoki hashamatli to'yxonalarda katta tantanalar — ehson tadbirlari o'tkazish, yig'ilganlarga turli sovg'a-salomlar tarqatish kabi ortiqcha sarf-xarajatlar, isrof­garchiliklar haqida ulamolar, masjidlarning imom-xatiblari, mahalla faollari qanchalik gapirishmasin, baribir bunday holatlar kun sayin ortib bormoqda. Yaqinda hojilardan biri ehson marosimiga taklif etdi. Aytilgan joyga bormaslik hurmatsizlik sanaladi. Katta to'yxonadagi tadbir to'y yoki ziyofatdan sira qolishmasdi. 400-500 kishilik to'kin dasturxonda hamma narsa bisyor. Hoji otalar va hoji onalar davrani to'ldirib o'tirishibdi. Duolar aytilib, tilovat qilingach, hammaga ehson-tuhfa tarqatildi. Bu dabdabaga kattagina mablag' sarflangani shundoqqina ko'rinib turibdi.

Avvallari mahallalarda, masjidlardagi amri ma'ruflarda to'ylar bilan bog'liq ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish, to'y-tantanalarni ixchamlashtirish haqida gapirilardi. Hozir esa mavzu biroz o'zgardi. Haj ziyoratidan keyingi dabdababozlik ham bot-bot tilga olinayapti. Joriy yilda ham minglab yurtdoshlarimiz haj ziyoratiga borib kelishdi. Kimlardir ushbu ziyoratga borish uchun yillab mehnat qilib, boshqacha aytganda, misqollab yig'ib-terib mablag' to'plagan, kimlarningdir borish-kelish xarajatlarini farzandlari ko'targan va hokazo. Hajdan qaytgandan keyingi sarf-xarajatlar, aslida, nima uchun? Turgan gapki, hojilar ushbu ma'rakalarda tarqatiladigan ehson-tuhfalarni o'sha qutlug' joylardan jomadonlarini to'ldirib ko'tarib kelishmaydi. Aslida, o'sha arzimas matohlarni ularning oila a'zolari yurtimizdagi bozor va do'konlardan xarid qilib, tayyorlab qo'yishadi. Emishki, yig'inlarda ulashilgan, hojilarning qo'li tekkan bu buyumlar tabarruk sanalarmish. Shu sarflangan mablag' aytaylik, mahalladagi muhtoj oilalarga, xasta va nogiron kishilarga, yetimlarga sarflansa, yanada savobliroq ish bo'lmaydimi?

Shu o'rinda ziyorat uchun to'plagan mablag'larini xayrli va savobli yumushga sarflagan saxovatli insonlar haqida to'xtalsak joiz bo'lsa kerak. Sirdaryo viloyati Yangier shahridagi “Nav­ro'zobod” mahallasida istiqomat qilayotgan Bonu hamda Abdiqul Mamatovlar 2020 yili umra safariga otlanishgan chog'larida yurtimizda koronavirus tufayli karantin e'lon qilindi. Xonadon sohibi va sohibasi to'plagan mablag'larini savobli ishlarga sarflashga ahd qildilar, ya'ni kitoblar xarid qilib, xonadonlarida mahalladoshlari uchun “Bonu opa ziyo maskani” nomli kutubxona tashkil etdilar. Bundan tashqari, karantin tugagach, shahardagi bir guruh (12 nafar) nogiron bolalarni to'plab, poytaxtga sayohatga olib bordi. Saxovatpesha insonlar bu xayrli ishini haligacha davom ettirishmoqda.

Yaqindagina muqaddas haj ziyoratidan qaytgan hoji onalardan biri — Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Gulandom Nomurodova bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

— Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi muqaddas joylarni, jumladan, Ka'batullohni ziyorat qilib, barcha haj amallarini ado etib, qalban poklandik, dillarimiz ravshan bo'ldi, – dedi Gulandom hoji ona. — Buning uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Men ham bir hoji ona sifatida safardan qaytgach o'tkaziladigan katta yig'inlar, ehsonlar, ortiqcha xarajatlarga qarshiman. Avvalo, menga ham shunday imkon berilgani, tabarruk manzillarga borib kelish nasib etgani uchun Allohga beadad shukrlar qilaman. Prezidentimizdan, hukumatimizdan minnatdorman. Oila a'zolarim, farzandlarim meni oddiygina kutib olishdi, yaqinlarim, qo'ni-qo'shnilar va jamiki yo'qlab keluvchilarga bir piyola choy uzatib, ular bilan safar taassurotlari haqida suhbatlashdik. Yaratgandan ularga ham shunday kunlar nasib etishini so'rab, duolar qildik. Safarimiz chog'ida ellikboshilarimiz (rahbarlarimiz) ham bu haqda ko'p marta aytishgandi. Muftiy hazratlari ham suhbat o'tkazganlarida, ma'ruzalarida shu mavzuda gapirgan edilar. Haj ziyorati insonni ko'p narsaga, ya'ni shukrona aytish, bilib-bilmay gunoh qilishdan tiyilish, odamlarga yaxshilik ulashish, muhtojlarga imkon qadar ko'maklashish va boshqa ezgu amallarni ado etishga o'rgatar ekan. O'zim o'ttiz yil hamshira bo'lib ishlaganman. To'rt nafar farzandimning hammasi oliy ma'lumotli mutaxassis. Katta o'g'lim harbiy xizmatchi. Uch farzandim shifokor. Sakkiz nafar nabiram bor. Bizning mahalla ham 2020 yili Sardoba suv omborida bo'lgan toshqindan katta talafot ko'rgan edi. O'sha og'ir kunlarda mahalladoshlarimning yonlarida bo'lib, mushkulini oson qilishda ishtirok etganman. Nasib etsa, bundan keyin ham mahallamizdagi xayrli va savob yumushlarda yanada faol qatnashaman. Yaratgandan hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lishini tilab, duolar qilaman.

…Ha, hoji onaning ushbu so'zlari va uning ezgu ishlari boshqalarga ham ibrat bo'lishiga ishonamiz. Zero, hojilik maqomi eng go'zal insoniy fazilatlar bilan yanada sayqal topib, pok va halol hayot kechirib, el-yurt uchun xizmat qilishga da'vat etmog'i kerak.

Xolida PARDABOYEVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + seven =