O'zlikning barhayot o'zanlari
Dunyodagi eng chiroyli mato atlas bo'lsa, uning tayyorlanishiga sarflanadigan mehnat, mahorat, zahmat, qanoat, mehru muhabbat darajalari ham shunga yarasha. Bu chetdan qaragan odam — mening fikrim.
Atlasning kashf etilishi, naqsh-gullari bilan bog'liq hikoyatlar, afsonalar ko'p. Shu bilan birga, kuzatuvlarimga asoslanib aytaman, aksariyat o'zbek ayolining hayotida atlas bilan bog'liq orzular, voqealar, unutilmas lahzalar oz bo'lmasa kerak.
Eng quyuq ranglardagi haqiqiy kamalaklarni Marg'ilon ko'chalarida bolaligimdan ko'rib o'sgandekman. 1960-yillar… “Yangi bog'” mahallamizdan katta ko'chaga chiqib ikki kilometrlar masofada bo'lgan maktabim tomonga yursam ham yoki unga qarama-qarshi tomon shahar markaziga yo'lim tushsa ham, piyodalar bilan avtoulovlar yo'lini ajratib turadigan kattayu kichik daraxtlar qatori bo'ylab tortilgan ipaklar bog'lamlarini, ularni tekislab, taroqlab yurgan chaqqon, yuzlari nurli otaxonlarni ko'rardim. Mayin sochdek ingichka-yu harir ipak tolalaridan tayyorlangan bu bog'lamlarni “abrband” deyishardi; ya'ni “bog'langan bulutlar” ma'nosida. Nega bunday atashgan, axir bulutlar faqat oq, kulrang bo'ladi-ku!
Balki, hunarni san'atga aylantirgan kosib ajdodlarimiz bulutlarni quyosh nurlari yorib o'tganda hosil bo'ladigan kamalakka qiyosan atlas to'qishga tayyorlab band-band qilib qo'yilgan ipaklar boylamlarini shunday atashgandir.
Asrlar davomida hamma jarayonlari xonadon sharoitida bajarilgan bo'lsa-da, ranglar mutanosibligi, gullaru naqshlarning joy-joyiga tushishi, ipagu arqog'ining mislsiz bejirim va tekis to'qilgani bilan dunyo go'zalliksevarlarini hayratga solib kelgan xonatlas — XXI asrda ham o'zbekning, O'zbekistonning betakror, betimsol bir qiyofasi.
…Madrasa ta'limini olgan, yoshlikdan kosib bo'lgan otam mulla Muhammadxon Marg'ilon “Atlas” ishlab chiqarish birlashmasida ishlaganlarida, kechki paytlar ovqat olib borardim. “Galanter sexi” deyishardi, to'qilib tayyor bo'lgan atlas matolar bu sexda, sodda qilib aytganda, dazmollanardi. Quloch yetmas ikkita temir cho'g'dek g'altaklar bir-biriga ishqalangan holda aylanar, ohor cepilgan matolar ularning orasidan o'tib, ikkinchi tomonidan oynadek yaraqlab chiqardi. Bu baland, ishlab chiqarish asbobu uskunalari tig'iz bo'lgan xonada nafaqat temir anjomlar, havolargacha yonayotganga o'xshardi. Ishchilar tinmay muzdek suv ichishardi. Dadam o'sha val (g'altak) lardan chiqayotgan atlaslarni har kuni o'n soatlab kuzatib, to'g'rilab, taxlab turardilar; nafaqaga chiqadigan yillari bahorda qizilo'ngach saratoniga uchrab, yozda vafot etdilar.
Bugun bitta chit matoning bo'yoqlarda bosiladigan guliga yong'oqdek kattalikda yangilik kiritganga ham mualliflik huquqi beriladi. Ko'z o'ngimdan Marg'ilon bozorlarida, “Atlas” ishlab chiqarish birlashmasi ko'rgazma zalida ko'rganlarim o'tadi: “Bargi karam”, oq-qorayu qizil, sariq “Yabas”, “Namozshomgul”, “Kreml”, “Shoxmot”, “Yahudiy”, “Navro'z”, “Tovus”… Birgina qadimiy “Bargi karam”ning gulini, naqshini, rangini asrlar davomida ayolu qizlarga birdek sevimli bo'ladigan darajaga keltirguncha, qancha kosib bobolarimiz mehnatu izlanishda bo'lgan ekanlar?
Lekin bizning avlodga ayni atlas yarashadigan yillarda “Kreml”, “Shoxmot”, “Yahudiy”, “Tovus” nomli shohi atlaslarni tumanlarda raislar, raykom sekretarlarining xotinlari, shaharlarda yirik korxonalaru shahar partiya qo'mitalari kotiblarining malikalari, ularning xotin-qizlar masalalari bo'yicha o'rinbosarlari egnidagina ko'rardik.
Keyingi o'n yilliklarda atlas, asosan, sahnalarda qoldi. Aslida, ayrim tadbirlarda milliylik ifodasi sifatida kiyiladigan, ko'rgazmalarga qo'yladigan bo'lib qolgan mumtoz atlas matosi madaniyatimiz, hunarmandchiligimizning o'rnini boshqa hech narsa bilan to'ldirib bo'lmaydigan noyob boyligi, qadriyati. Yoshi katta buvilar, onalar aytganlaridek, afsuski, “hozirgi atlaslarning to'qilishi, ranglari, chidamliligi o'tgan asrning atlaslaridek emas”. Ammo Marg'ilon, Namangan shaharlarida ota-bobolarining kosiblik hunarini davom ettirayotgan sulolalar vakillari bor. Balki ularga katta avloddan qolgan tajribalarni tiklash, ishlab chiqarishga joriy etish, hunar sirlarini yoshlarga o'rgatish uchun yordam, qo'llab-quvvatlash kerakdir?! Bugun atlasu adras matolardan asl o'zbek xotin-qizlari hech qachon kiymaydigan ajnabiy bichimlardagi liboslar tikib, xorij xonimlariga namoyish etgandan ko'ra (ular hech qachon atlasning qadrini bilmaydi, qadriga yetmaydi!), Respublika Madaniyat vazirligi atlas nusxalarini ko'paytirish, sifatini oshirish, sohaga oid tajribalarni qayta tiklashga xizmat qiladigan tanlovlar uyushtirsa, amaliy seminarlar o'tkazsa, hunarmandlaru xalqning minnatdorchiligi yog'ilardi!
Mamlakatimiz sobiq tuzum davrida yemirilgan ittifoqning paxta plantatsiyasiga aylantirilgani, bog'u rog'lar, polizlardan tortib uylarning ostonasigacha paxta ekilganiga qaramay, xalqimiz paxtadan to'qiladigan tabiiy matolar, uning chigitidan olinadigan mahsulotlarga hech qachon yolchimagani haqida ko'p gapirganmiz, eshitganmiz. O'ylab qarasam, o'sha yillari boboyu buvilarimiz, ota-onalarimiz qish chiqar-chiqmas uylarini ipak qurti boqish uchun bo'shatib, o'zlari bola-chaqasi bilan ayvonlarda, hovlilarda kasalliklarga nishon bo'lib yashab tonna-tonna pilla yetishtirgan, mustabid tuzumning harbiy sanoatini g'oyat qimmatli mahsulot bilan ta'minlagan, ipakdan yer yuzini o'rab qo'yishgayam yetgulik atlaslar to'qigan bo'lsa-da, mehnatkash xalqimizning o'zi hech qachon yolchib atlas kiymagan ekan.
MEN KO'RMAGAN ATLAS KO'YLAK
Onam (Alloh rahmatlariga g'arq etsin!) to'qson yoshda omonatlarini topshirganlar. O'shanda men ellik yoshda edim. Onam bilan yarim asr yashab, bilganim shuki, butun hayoti davomida Malikaxon oyimning ikkita atlas ko'ylagi bo'lgan. Ha, kiygan emas, bo'lgan.
Onamning xotiralaridan:
— Qahatchilik yillari yangi kelinchak edim (demak, 1930 yillar — muallif). Uyimizda sotib, makka, arpa nonga almashtirilmagan narsaning o'zi qolmadi. Oxiri o'tirgan kigizimizniyam bir kishi arzimagan pul berib olib chiqib ketdi. Kelinlik sepim bo'lgan olti tepkili atlas ko'ylagim, bitta tilla uzugim bilan tilla isirg'am qoldi. Dadang bir kuni endi shularni sotib, yegulik olib kelmoqchi ekanliklarini aytganda… yosh ekanman-da, ichimda buni xohlamadim. “Men onamdan so'rab kelay”, degan bahona bilan ota uyimga ketdim. Borib bo'lgan gapni onamga aytdim, xafa bo'ldim. “Kuyov o'zi olib bergan narsasini o'zi sotadimi?” — deb o'pkaladi onam. Lekin shu zahoti tashqarida xomtok qilayotgan akam biz o'tirgan uy ostonasiga keldi, u hamma gapimizni eshitib turgan ekan. “Muhammadxon o'zi olib bergan narsasini, boshqa iloji bo'lmasa, sotadi. Yana imkon topganda, yana olib beraveradi, — dedi shartta. Keyin menga buyurdi. — Xo'pmi? Boring uyingizga!”
Voqeaning davomini onam kulib gapirardilar:
— Soddalikni qarang, o'zim sotilishini istamagan narsalarni shundoq tokchada qoldirib ketgan ekanman. Uyga qaytib kelsam, ularning o'rnida yarim xaltachada makkajo'xori uni turardi.
MEN KO'RGAN ATLAS KO'YLAK
Hoyu havaslar ko'chasidan umuman o'tmagan onam ellik yoshga yetmasdanoq to'q rangli sidirg'a matolardan tikilgan ko'ylaklarga o'tib oldi.
Hammamizning kiyimlarimiz taxlanib turadigan ikkita tokchali, bir quloch keladigan javonimizning chap burchagida onamning oq-qora rangli sakkiz tepkili atlas ko'ylagi taxlanib turardi. Bu libos to'ylar, marosimlarda kiyishga atab tikilgan, onamning egnida bir marta ko'rganman. O'shanda tog'amnikiga to'yga ketayotgandik. Oyog'iga yaltillagan kovush-mahsi, egniga o'sha oq-qora atlas ko'ylagini kiygan onam ko'zimga juda chiroyli ko'ringan, uning doim shunday qiyofada yurishini istardim.
…O'shanda hali maktabga bormasdim. Eridan ko'ngilsiz bo'lib qaytib kelgan, biznikida yashayotgan Otikaxon ammamning ko'zi yoridi, qizaloq tug'ildi. Ammam sariq kasaliga chalingan ekan, dardi kuchayib ketdi. Do'xtirlar chaqaloq sog'lom, uni uyga olib ketish mumkinligini, ammo onasining ahvoli og'ir, ancha davolanishi kerakligini aytishibdi, buni kattalar tashvish bilan gapirishardi. Chaqaloqqa Obida deb ism qo'yildi. Unga tug'ilganlik haqidagi guvohnoma olinsa, uyga ruxsat bo'larkan. Biroq ammam erinikidan o'z ixtiyori bilan ketib qolgani uchun, pochcha murg'ak qizalog'i haqida gaplashishniyam istamabdi.
Shundan so'ng dadam bilan onam chaqaloqni o'zlariga yettinchi farzand qilib hujjatlashtirishdi, Ulug'ova Obidaga tug'ilganlik haqida guvohnoma olindi. Onam ikki yashar singlimga qo'shib Obidaxongayam onalik qila boshladi. U paytdagi holatlarni yaxshi eslayman, onam oyog'ida beshik tebratib, do'ppi tikardi, do'ppini sotish uchun bozorga ketganda, men soatlab beshik tebratardim. Ko'zlarining oqigacha sap-sariq bo'lib ketgan ammam uzoq vaqt shifoxonada yotdi.
Shunday vaziyatda onam kutilmaganda yanayam sertashvish bo'lib (ko'chaga juda kam chiqadigan odam), kun-kun ora boshiga oq ro'molini tashlab, qayoqqadir borib keladigan bo'lib qoldi. Kechki ovqatdan keyin dadam bilan uzoq-uzoq nimalarnidir gaplashishar, bizga umuman eshittirishmasdi. Hozir biz ayollarning ko'cha, bozoru do'kon, xiyobonlarda shunchaki aylanib kelishimiz hech kimni ajablantirmaydi. Lekin o'shanda onamning quruq bo'yi bilan soatlab qaerdadir yurib kelishidan men ham hayron edim. Singillarim ba'zan uxlamay injiqlik qilishar, shunday paytlarda betoqatlikdan yig'lagim kelardi. Bu holat ancha davom etdi. Nihoyat, bir kuni onajonim darvozadan horigan, ammo xotirjamroq kirib keldi. Men zimdan uning yuzini kuzatardim. Shu daqiqalarda eng yaqin dugonasi, qo'shnimiz Momoxon xolam kirib qoldi. Onamni ko'riboq:
— Nima gap? — deb so'radi xolam.
— Bor, ukalaringning oldiga kir, — dedi onam menga. Ochiq derazadan uning gaplari ichkarigayam eshitildi. — Xudoga shukr, bo'ldi. Endi tinchisa kerak. Haligi atlas ko'ylagim bor edi-ku, shuni suddagi… opaga (o'tganlarning bilib-bilmay qilgan gunohlarini Alloh afv etsin! — muallif) oborib berdim.
Sekin borib kiyim javonini qaradim: onamning atlas ko'ylagi yo'q edi.
Ammam shifoxonada ko'p yotdi, undan keyin uyimizga kelganidan keyin ham ehtiyotini qilishdi. Obidaxon bizga tug'ishgan singildek bo'lib qoldi.
Yillar o'tib, ulg'ayganimda eshitdim: o'shanda atrofimizdagi yaqinlardan biri “Bular chaqaloqqa beriladigan 3 so'm suyunchi pulini olish uchun birovning bolasini o'zlariga farzand qilib hujjat olishdi”, — deb otam bilan onamni sudga bergan ekan…
O'ZIMNING ATLAS KO'YLAGIM
Dadam “Atlas” firmasida ishlasalar-da, atlas dunyosida bo'lsalar-da, o'smir yoshimgacha bu matodan ko'ylak kiymaganman. Qizlarini “siz”lab ulg'aytirgan dadajonim har kuni ish joyida yuz, ming metrlab biri-biridan chiroyli atlaslarni kuzatarkan, shulardan bir kiyimlikkina bizga olib berolmayotganidan har kuni armonda yurgan bo'lsa, ehtimol.
Ettinchi sinfda o'qiyotganimda, olti tepkili atlasdan ko'ylak qilib berishdi. Qanchalik quvonganim, uning ranglari, tikuvchiga olib borganlarimiz… hayitmi yo bayrammidi, atlas ko'ylagimni kiyish uchun tezroq kelishini kutganlarim hech esimdan chiqmaydi.
Yana bir ajoyib oqshom! Kechki ishlarni saranjom qilganimizdan keyin mahalladagi qizlar dugonamning tashqi hovlisida to'p o'ynardik. Bir kuni berilib to'p otayotgandim, ko'zim tashqi darvoza yonidan o'tib ketgan dadamga tushib qoldi. O'sha zahoti ko'chaga otildim, dadamga yetib oldim, qo'llariga yopishdim. Dadam judayam xursand edilar, buning sababi o'sha lahzadayoq ma'lum bo'ldi: otajonim yo'l-yo'lakay qo'llaridagi qora sumkaning ichidan qog'ozga o'ralgan narsa oldilar, menga bir tomonini ochib ko'rsatdilar: ko'pchilik yaxshi ko'radigan, sariq ranglari yaraqlab turadigan “Yabas” atlasi edi.
— Sizga, — dedilar.
Mehrlari tovlanib, uyga kirishimizni ham kutmay, meni tezroq xursand qilish uchun otam o'sha paytda deyarli hamma qizlarning orzusi bo'lgan sakkiz tepkili atlasni qo'limga bergan lahzalar o'smirligim bilan yoshligim o'rtasidagi jonli surat bo'lib qolgandek…
Yillar bilan umr fasllari o'zgaradi, ayollar umrining barcha fasllariga munosib atlaslar bor. Chiroyli bo'lgani, ko'pchilikdan qolmaslik uchun, kirchimolligi, qulayligi, noyobligi… jismoniy va ma'naviy ehtiyojlar talablariga moslab kiygan kiyimlarimning son-sanog'i yo'q. Ularning aksari yodimdan chiqqan. Lekin hayotim davomida menga nasib etgan barcha atlas ko'ylaklarim, ularning bichimi, egnimdagi fayzu tarovati hech yodimdan chiqmaydi.
Egningdagi libos umring, yurak tomirlaring, qalb dunyolaring bilan bog'lanib, uyg'unlashib ketgan ona xalqning mehnati, mehri, ijodi, san'ati namunasi bo'lsa, uning ko'rku tarovati, iftixori, muhabbati ham tengsiz bo'larkan.
Muhtarama ULUG'OVA