Manglayni quyoşga kuydirib
(Atoqli qozoq şoiri Qazibek Isa ijodi haqida muxtasar söz)
Qozoq xalqining XX asr boşida yaşab, ijod qilgan atoqli şoiri va davlat arbobi Saken Seyfullin öz davrining katta adibi, maʼrifatparvar olimi Axmet Baytursunovga “öz millatini çin sevadigan, haqiqiy millatparvar”, deya taʼrif bergan edi. Va baʼzi ziyoli zamondoşlari faqat şaxsiy manfaatini közlab, or–nomusini, hatto iymonini sotgan bir paytda, uning öz xalqi or–nomusini himoya qilişga, şu iş uçun öz jonini ham tikişga tayyorligini aytadi. Çindan ham bunday millatparvarlik, xalqparvarlik eʼtirof va iftixorga arzigulik sifat bölib, bugungi zamondoşlarimiz orasida ham bunday fazilatlarga ega insonlar borki, şulardan biri atoqli qozoq şoiri Qazibek Isadir.
“Garmsel”, “Qizil yulğin”, “Totli çanqoq”, “Sirimni aytdim dalaga” — bularning hammasi taniqli qozoq şoiri, mohir publitsist, jamoat arbobi Qazibek Isaning qalamiga mansub bölgan şeʼriy töplamlarning nomlari. 1962 yilning 23 aprelida Qozoğistonning hozirgi Turkiston viloyati Yettisoy tumanida joylaşgan Birinçi mamir ovulida, jöğrofiy termin bilan aytganda, yurtining eng janubidagi issiq mintaqada, Qizilqöm çöli etagida tuğilgan şoirning şeʼriy töplamlari şunday nomlanişi ham tabiiydir.
Köpçilik uçun çöl tabiatining tasviri rangsiz, mudroq va zerikarli bölib tuyulişi mumkin. Lekin bolaligi uşbu qaynoq makonda ötgan şoir özining “Qizil yulğin guli” şeʼrida çöl tabiatini tasvirlaganda kamalakning deyarli yetti rangiga xam murojaat qiladi:
Taʼrif qila olmay rangingni, yulğun,
Yildan-yilga örtar könglimni bir mung.
Qizğişmi, bözmidi yo binafşa rang,
Tovlanib körganni etding hangu mang.
Qizilqum — bir gözal, atrof tevarak,
Bizni alvon yulğin çorlaydi, yurak…
Şoirning şeʼrida çöl ranglarining bu qadar tovlanişi bekorga emas. Çunki bölajak ijodkorning bolalikdagi orzusi jurnalist yoki rassom böliş edi. Uşbu orzusi uni Qozoğistonning öşa paytdagi poytaxti Almati şahriga yetaklab keldi. Abay nomidagi pedagogika institutining tasviriy sanʼat va grafika fakultetida tahsil oldi. Lekin ijodkorning öz intervyularidan birida aytganidek, u Almatiga rassom bölib kelib, ovuliga şoir bölib qaytdi. Şu bois özi öqigan maktabda tasviriy sanʼat bilan birga til va adabiyot fanlaridan ham dars bera boşladi. Rassomlik va şoirlikning qay birini tanlaşda ança qiynalganligi uning “Nomaʼlum rassom” şeʼrida ham seziladi:
Tuzalmas bir dardga davo topganday,
Böyoqlar sirini dilda tutdim pok.
Ijodkorga nasib şöru talx manglay,
Goh sözga könglimni beraman, Van Gog.
Ana şunday ikkilanişlar orasida yurar ekan, qöşni va qardoş ellardagi kabi Qozoğistonda ham istiqlolning iliq şamoli esa boşladi. Ona yurtidagi uşbu uluğvor özgarişlardan qançalik iftixor tuyğusini sezganligini “Mustaqillik” şeʼridan bilib olamiz:
Mana Mustaqillik — otdi tongimiz!
Şu bizning baxtimiz,
qutluğ bongimiz!
Vujudida iqtidor va yoşlik ğayrati jöşib turgan Qazibek Isa yana Almati şahriga talpina boşladi. Endi bu şahar bir paytlar markazga böysunuvçi ölkaning emas, Qozoğiston Respublikasi deb nomlangan mustaqil davlatning poytaxtiga aylangan edi. Qazibek Isa Almati şahridagi ilk demokratik naşr “Jas qazaq” gazetasida özining jurnalistik faoliyatini boşladi. Dastlab “Örken” gazetasida işladi. Şu sohada deyarli ön yillik tajriba töplagandan söng özining “Jas qazaq uni” (“Yoş qozoq ovozi”) gazetasini oçdi. Bugungi kunda bu gazeta “Qazaq uni” (“Qozoq ovozi”) nomi bilan öz öqirmanlariga ega bölib kelmoqda. Qazibek Isaning özi esa hozirda Qozoğiston Respublikasi Parlamenti Majlisining deputati. Uning bugungi kasbiy va siyosiy faoliyati esa “Murod” sarlavhali şeʼridan olingan mana bu misralarda tölaqonli namoyon bölgandek:
Manglayni quyoşga kuydirib,
Tovonimni toşga tildirib,
Şu qozoq xalqining haqqini
Qaytariş uçun yuribman.
Ha, hozirça aytganlarimiz Qazibek Isaning ijodiga uning hayotidagi muhim bosqiçlarga hamohang tarzda nazar taşlab ötiş edi, xolos. Ana endi adib şeʼriyatining teran qatlamlariga kirib borişga harakat qilib köraylik. Şoir ijodida yaqqol közga taşlanadigan jihatlardan biri — uning şeʼrlarida insondagi tabiiylik bilan ijtimoiylikning töqnaş kelişidir. Masalan, şoir “Tuya izlagan bola” şeʼrida şaharga yaqin yerda yaşaydigan va yöqolgan tuyasini izlab şaharga kelgan bolani kuyunib tasvirlaydi.
Aylanayin, oppoq ekan köngli, şaʼni,
Aldamagan, aldamagan heç kimsani.
Kötargança yurayinmi köçalarda,
Köring, deya eng buyuk bir möʼjizani.
…Bola köngil ne deyişin bilaman men,
Tipirçilar, tinim bilmas yuragim.
Past-balandi köp bölgan bu şahardan,
Tuyasini tez topsin, şu tilagim.
Vatanining bepoyon dalalarida qad kötargan qadim obidalar, aziz-avliyolarning maqbaralari, ona yurt ötmişida teran iz qoldirgan tarixiy şaxslar siymosi ham şoir şeʼrlarida öz ifodasini topgan. Qozoğistondagi Qaratau toğining kungay betida, Turkiston şahridan 35-40 km şimol tomonda joylaşgan Ukkoşa ota quduği haqidagi şeʼrida uşbu avliyo nomi bilan ataladigan quduqqa uç bora çelak taşlab, sönggi uçinçi urinişda suv çiqara olganligini öziga xos mahorat bilan tasvirlaydi.
Iş böldi bu qoladigan köp esda,
Uç intildim, çiqmadi u birpasda.
Quduqdan bir totli suvni kötargan
Qora çelak xosiyatsiz emas-da.
Buyurgani bilmam endi qanday taʼm,
Şör peşona yuvilgandir şu bilan.
Tanbeh berib olgandan söng onam ham
Siypar edi öğlining manglayidan.
Hayot yöli doim çaqir-söqmoqli,
Yaratgandan boşqa yöqdir yaqini.
Alloh sevgan bandasiga aylanib,
Tavba qilib… qaytdi qozoq oqini!..
Mustaqillikka erişgan qöşni va qardoş davlatlar qatorida, Qozoğistonda ham til masalasi eʼtibortalab masalalardan biridir. Qazibek Isa kasbiy faoliyatida ham, ijodiy faoliyatida ham til masalasini nazaridan çetda qoldirmay kelmoqda. Şu örinda qozoq xalqining atoqli şoiri Muxtar Şaxanovning: “Haqiqiy şoirlar hamma zamonda özini uluşdan tortdi, maʼnaviy manfaat çöqqisi — haqiqat uçun kuraşdi”, — degan sözlari yodga keladi. Heç mubolağasiz ayta olamiz, Qazibek Isa — haqiqiy şoir. Çunki u öz xalqining manfaati, tili va qadriyatlarining sofligi uçun, kerak bölsa, yurt tinçligiga raxna solmoqçi bölgan taşqi taʼsirlarga ham qarşi kuraşa oldi. Adabiyot maydonida ham, boşqa maydonlarda ham aççiq haqiqatni ayta oldi.
Sadqai jon, der maydonga çiqsa kim,
Asra, otameros axir bu tilim.
Til degani yurak bölar, urib turgan,
Yuragingni yöqotmagin, ona elim.
Ha, bir maqola kölamida muayyan bir şoirning ijodini tölaligiça tavsiflab çiqiş qiyin. Özi aslida buning hojati ham yöq. Şuning uçun sözimizni şoir şeʼridan olingan mana bu misralar bilan xulosalaşni maʼqul kördik:
Barini aytişga bormi zarurat,
Erta saralanar bari muqarrar,
Sen şoir haqida bilasan faqat,
Uning şeʼrini his etsang agar…
Tursunali AHMEDOV,
Özbekiston Yozuvçilar
uyuşmasi aʼzosi.
