Qozog'istonning azmu qarori

So'nggi haftalarda Qozog'iston jamoatchiligi atom elektr stansiyasi qurilishi masalasini qizg'in muhokama qilmoqda. Bu, ta'bir joiz bo'lsa, “yo najot, yo halokat” masalasiga aylangan. Zero, mamlakatning energetika jabhasida oshib borayotgan ehtiyojini qoplash ko'p jihatdan AESga bog'liq bo'lib qolmoqda. Tanganing ikkinchi tomoni bo'lganidek, AES qurilishi bilan bog'liq xavotirlar ham mavjud. Shu bois Qozog'iston rahbariyati bu masalani umumxalq muhokamasiga qo'yishni ma'qul deb topdi.

Eng uzoq davom etgan kampaniya

6 oktyabr, yakshanba kuni Qozog'istonda AES qurilishi bo'yicha referendum bo'lib o'tdi. Mamlakat xalqi “Siz Qozog'istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimiz?” degan savolga javob berdi.

Ushbu referendumga tayyorgarlik mamlakat siyosiy tarixidagi eng uzoq davom etgan kampaniya deb baholanmoqda. Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2023 yil 1 sentyabrdagi murojaatnomasida referendum o'tkazish g'oyasini ilgari surgan edi.

Mamlakat mas'ullariga ko'ra, referendumga hozirlik ishlari o'shandayoq boshlandi. O'tgan bir yil mobaynida hududlarda jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi, ekspertlar, jamoat faollari va ziyolilar atroflicha fikr almashdi.

Qozog'iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) ovoz berish uchun 12 million 284 ming 487 nafar fuqaroni ro'yxatga oldi.

Referendum uchastkalarining umumiy soni 10323 tani tashkil etdi. Ushbu muhim siyosiy tadbirda qonunchilikka rioya etilishini 30 davlatdan kelgan 177 nafar kuzatuvchi o'rganib bordi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, ovoz berish huquqiga ega 7 million 820 ming 204 nafar qozog'istonlik (elektoratning 63,66 foizi) konstitutsiyaviy huquqidan foydalandi. Ularning 5 million 561 ming 937 nafari (71,12 foizi) AES qurilishini qo'llab-quvvatlagan bo'lsa, 2 million 45 ming 271 kishi qarshi ovoz berdi. MSK yakuniy qarorni tegishli muddatda e'lon qiladi.

Dunyo davlatlaridan borgan ko'plab jurnalistlar qatori biz ham Ostona shahridagi bir necha ovoz berish uchastkalarida bo'lib, jarayonni bevosita kuzatdik. Ovoz berish huquqiga ega aholi erta tongdan o'zi ro'yxatdan o'tgan uchastkaga kelayotganini ko'rish mumkin.

Nogironligi mavjud saylovchilarga ham alohida e'tibor qaratilgani seziladi. Xususan, uchastkalarda qulaylik yaratish uchun panduslar, taktil belgilari, brayl alifbosi bilan jihozlangan kabinalar, maxsus quloqchinlar va kompyuterlar o'rnatilgan.

Etti o'lchab bir kesish zarurati

Prezident Q.Toqayev joriy yil 2 sentyabr kuni bo'lib o'tgan parlament palatalarining qo'shma yig'ilishida global energiya tanqisligi kuchayib borayotganini hisobga olib, ishonchli va ekologik toza energiya manbalari, xususan, atom energetikasini rivojlantirish zarurligini urg'ulagan edi.

“Bugungi kunda 30 ta rivojlangan va rivojlanayotgan davlatda 200 ga yaqin AES faoliyat ko'rsatmoqda. Biz ham mamlakatimizning uzoq muddatli milliy manfaatlari va o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda kelajak haqida o'ylashimiz kerak”, — degan edi Q.Toqayev.

Qozog'iston AES qurishga azmu qaror qilgani bejiz emas. Mamlakatda 2023 yilda elektr energiyasi iste'moli hajmi 115 milliard kVt/soatga yetgan. Ishlab chiqarish 112,8 milliard kVt/soat, qo'shni davlatlardan import hajmi 3,4 milliard kilovatt/soat, eksport 1,4 milliard kVt/soatni tashkil etgan. To'g'ri, bir qarashda ishlab chiqarish va iste'mol o'rtasida tafovut u qadar katta emas. Binobarin, ishlab chiqarishni biroz oshirgan holda ehtiyojni qoplash mumkindek. Ammo muammo shundaki, Qozog'istonda elektr energiyasining asosiy qismi (70 foizi) ko'mirni yoqish orqali olinadi. Ko'mir esa atrof-muhit, havo ifloslanishining asosiy manbalaridan ekani sir emas. Boz ustiga, mamlakatdagi elektr energiyasi ishlab chiqaradigan uskunalarning 70 foizdan ortig'i eskirgan.

Qozog'iston uran zaxirasi bo'yicha dunyoda ikkinchi o'rinda, uni qazib olish bo'yicha esa birinchi o'rinda turadi. Kurrai arz bo'ylab aniqlangan umumiy zaxiraning 14 foizi qozoq zaminida jamlangan. Mamlakatda uranning tasdiqlangan zaxirasi 900 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi.

“Biz uran qazib olish bo'yicha dunyoda birinchi o'rindamiz. Ushbu noyob energetik xomashyoni ruda yoki birlamchi mahsulot shaklida xorijga sotish bilan cheklanmay, uni Qozog'iston xalqi kelajagi uchun, sanoat taraqqiyoti uchun sarflashimiz kerak emasmi?” — dedi Qozog'iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev OAV vakillari bilan suhbatda.

Mamlakatda AES qurilishi, birinchi navbatda, xomashyo mo'l-ko'lligi va beminnatligi bilan asoslanmoqda. Shu bilan birga, energiya balansini diversifikatsiya qilish an'anaviy uglevodorodlarga qaramlikni kamaytirishi, yanada barqaror energiya tizimiga o'tishga xizmat qilishi ta'kidlanmoqda.

“Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi boshqaruvchi direktori Jaqip Xayrushev mamlakatda AES barpo etilishi energiya xavfsizligini ta'minlash va taqchillikni kamaytirish uchun zarur, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu turdagi inshootlarni qurishning dastlabki xarajati katta bo'lishiga qaramay, istiqbolda energiya ishlab chiqarishning arzonligi va reaktorlarning uzoq muddat xizmat qilishi tufayli AESlar iqtisodiy jihatdan foydali sanaladi.

Musbat va manfiy qutblar

AES qurish xamirdan qil sug'urgandek oson kechadigan yumush emas, albatta. Ish risoladagidek tashkil etilmasa, avariyalar, halokatlar ro'y berishi mumkin. Qozog'iston jamoatchiligini ham masalaning ayni shu jihati xavotirga solmoqda. Energetika mas'ullari esa AES zamonaviy texnologiyalar asosida, xavfsizlikning yuqori standartlari asosida barpo etilishi, xatarlarning oldi olinishiga ishontirmoqda.

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda dunyodagi ayrim davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarni texnologiyalar orqali o'ziga qaram qilishga urinayotganini inkor etib bo'lmaydi. Sirasi, atom energetikasiga oid yirik loyihalarda tarozining bir pallasida energetik farovonlik tursa, ikkinchisida iqtisodiy suverenitet turadi. Bu jihatdan haqli savol tug'iladi: Qozog'iston AES quruvchi davlatlarga texnologik jihatdan qaram bo'lib qolmaydimi?

Rasmiy Ostona AES qurilishida pudratchilar nainki iqtisodiy omillar, texnologik ishonchlilik nuqtai nazaridan ham saralanishi kerak degan pozitsiyada.

Qozog'iston to'rt davlatning katta quvvatli reaktor texnologiyalarini ko'rib chiqmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun “CNNC” (Xitoy), “KHNP” (Janubiy Koreya), “Rosatom” (Rossiya) yoki “EDF” (Fransiya) kompaniyasi pudratchi sifatida tanlanishi mumkin.

Prezident Q.Toqayev 6 oktyabr kuni ovoz berish uchastkasida jurnalistlar bilan muloqotda AES qurilishi uchun bir davlat shirkatini emas, balki ilg'or texnologiyalarga ega kompaniyalarning xalqaro konsorsiumini tanlagan ma'qul ekanini ta'kidladi.

Dastlabki xulosaga ko'ra, AES uchun Olmaota viloyatining Balxash ko'li qirg'og'idagi Ulken qishlog'i tanlangan. Ma'lumot o'rnida, bu hudud Toshkent shahridan qariyb 800 km masofada joylashgan. Energetika vazirligi joyni tanlash bo'yicha tadqiqotlar MAGATE tavsiyalariga muvofiq amalga oshirilganini ma'lum qilgan.

Loyihani moliyalashtirishning turli yo'llari mavjud. Bu borada xususiy sarmoya, xalqaro moliya tashkilotlari kreditlari, davlat g'aznasi va davlat-xususiy sheriklik variantlari ko'rib chiqilmoqda.

Jahon amaliyotiga ko'ra, AESda bir necha ming kishilik mutaxassislar faoliyat yuritadi. Demak, yuksak malakali kadrlarni tayyorlash ham kun tartibidagi asosiy masala sanaladi.

Qozog'iston taqdirulamal ahamiyatga ega masalada tanlov qilmoqda. AES qurilishi kabi ulkan loyihalar davlat bilan raiyat yalakat mag'izdek jips bo'lishini talab etadi.

Sobir SALIM.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =