She'r, kuydan afzaldir dil so'zlar
Xullas… biz, ayollar to'yu marosimlarga boradigan bo'lsak, bozordagi pishiriqlardan tugun qilib olishga o'rganganimizdek; ko'ylak etagi yoki shimning pochasini qayirib tikish kerak bo'lsa, tikuv sexiga olib borib chok bostirib keladiganlar kun sayin ko'payib borayotganidek; markaziy shaharlarda oshxonamizdagi qozonda “jiz-biz” qilishdan ko'ra ko'chadan ovqat olib kelishga buyurtma berishimiz oddiy holatga aylanib qolayotganidek; bog'cha bolamizni bayram tadbiriga tayyorlashda uning sochini o'zimiz yuvib, tarab, chiroyli o'rib qo'yish o'rniga, to'rt-besh yoshli qizalog'imizniyam sartaroshxonaga olib borib, o'sha yerda jingalagu chambarak qildirishimiz urfga kirayotganidek; uyimizda sog'u durkun qizlarimiz, kelinlarimiz bo'la turib, xizmatchi yollab uy-joylarimizni tozalatib, kir-chirlarimizni yuvdirib olishimiz yangilik bo'lmay qolganidek; dil qo'msaganda, vaqti-vaqti bilan yaqin qadrdonlar bilan ko'ngil ko'ngildan suv ichmog'ini niyat qilib bir-birimiznikida bir piyola choy ustida diydorlashmoq o'rniga kafelar, restoranlarda yasan-tusanimizni namoyish etib, kayfiyatimizni chog'lab o'tirishni yoqtirganimizdek… (sanayversam, asosiy gapga o'tishim uzoqlashib ketadi-yov!) har kuni yuzma-yuz kelishning imkoni bo'lmagan QADRDONLARIMIZGA, AYNIQSA, ENG AZIZU G'ANIMAT ZOTLAR — OTA-ONALARIMIZGA mehru muhabbatimiz, sog'inchimiz, tilaklarimizni bayon etishda ham tayyor vositachilar, beminnat yordamchilar topib olayapmiz.
Ya'ni, ota-onalarning yoki yon-atroflaridagi odamlarning telefoni orqali ota-ona, ularning ulug'ligi, duolarining bebaholigi, qalblarining oftobu so'zlarining malhamligi haqida so'z ustasi o'qigan she'r yoki mashhurmi (havaskormi) san'atkor ijro etgan qo'shiqni ketma-ket yo'llaymiz. Va bu bilan kechasiyu kunduzi bir og'iz samimiy so'zimiz, yo'qlovimiz, yuz-ko'zimizni bir ko'rishga intizor bo'lgan g'animatlarimiz oldidagi vazifamizni bajarib qo'ygandek his qilamiz o'zimizni.
To'g'ri, xalq og'zaki ijodiyu terma qo'shiqlarida ham, mashhur va tetapoya shoirlar ijodida, san'atkorlar repertuarida ona, otani ulug'lovchi yetuk she'rlar, qo'shiqlar juda ko'p. Ular jamiyatda ota-ona qadr-qimmatini anglatish, yuksaltirish, qalblarga ular muhabbatini chuqurroq singdirishga xizmat qiladi. Lekin… keling, ikki holatni xayolan tasavvur etib, ular yuzasidan mulohaza yuritib, xulosa chiqaraylik: farzandini sog'ingan, bir ko'rishga zor bo'lib daqiqalar sanayotgan volidai mushfiqaga ona haqidagi eng olijanob, ta'sirli, go'zal fikrlarni o'zida jamlagan she'r yoki qo'shiq azizmi yoki dilbandining soddayu samimiy: “Ona, onajon, yaxshimisiz? Men sizni yaxshi ko'raman. Sizni sog'indim” degani afzalmi? Mening javobim — ikkinchi holatni tasavvur etishning o'zida ko'zlarimga duvillab to'lgan yoshlarim. Zero, beixtiyor oqqan yoshlarda aldov, riyo yo'q.
…Bundan o'ttiz yillar oldin Toshkentdan Marg'ilonga boradigan bo'lsam, oldindan ogohlantirmay, uyimizga kutilmaganda kirib borishni odat qildim. Chunki kelishimizni avvaldan bilsalar, to'qsonni qoralab borayotgan onajonimning tayyorgarchilik tashvishiga tushib qolishlarini bilardim. Ko'pincha Farg'onaga samolyotda uchib, bir soatlardan keyin hovlimizga kirib borsam, onaizorim o'zlarini yo'qotib qo'yardilar:
— Voy, bugun qanday yaxshi kun ekan! Qandog'am ajoyib kun ekan! Ertalabki poezd o'tib ketganiga nechchi soat bo'ldi? Qanday kelding, qaysi tomondan kelding, bolam?
— Osmondan tushdim, ona, osmondan, — derdim tomog'imga tiqilib kelgan titroqli tuyg'ularimni yashirishga urinib.
— Ha… bir soatcha oldin Farg'ona tomonga samolyot uchib o'tgandi…
Ichimdan zil ketardim: “Ey nodon, sen toki yo'lga chiqquncha necha marta rejangni o'zgartirding? Bu yerda onang har kuni Farg'ona tomonga uchib o'tgan har bitta samolyotni umid bilan kutib, kuzatib o'tiribdi…”
Onalarning bag'ri keng. Bolalariga nisbatan bitta joni qirqtaga aylanib, hayotning o'tidan kirib suvidan chiqadi. Ona qalbining yana bir kashfiyoti desakmi, ulug'vorligi desakmi — o'z bolasining bitta sovg'asini qirq va undan ortiqroq in'omlar o'rnida qabul qiladi, o'z jigarbandining bitta mehrli so'zidan she'riy dostonu kitoblar o'qigandan ham ko'proq quvonishi, baxtiyor bo'lishi mumkin. Shuni unutmaylik, mayli, jimjimador, jarangdor bo'lmasin. Onamizni o'z dil so'zimiz, mehru hurmatimiz ifodasi bo'lgan soddayu samimiy so'zlar bilan yo'qlaylik, ahvolini so'raylik. Qo'ng'izki bolasini “oppog'im”, tipratikan “yumshog'im” der ekan… farzandning “Ona! Onam!” degan so'zi munisu mushfiqalar uchun eng dilobar kuydan ham dilbarroq, malhamdan ham malhamroq emasmi? Keragu nokerak o'rinlarda nimaningdir ilinjida biyronu so'zamol bo'lib gunohga botgandan ko'ra, otamizni, onamizni va jamiki yaqinlarimizni, duogo'ylarimizni “Assalomu alaykum” bilan yo'qlaylik, ovozini eshitaylik. Bu g'animat imkoniyatning savobi ham onalar martabasi kabi ulug' bo'lsa, ajabmas.
So'zlari saralab tanlangan,
Ohanglar sayqallab yangragan,
Eng nomdor shoirlar to'qigan
Ham mashhur notiqlar o'qigan,
Ovozi bulbullar kuylagan,
Nafasi malhamlar so'ylagan —
She'r, qo'shiq, so'zlarni ko'chirib,
Qushlardek peshma-pesh uchirib,
Har kuni yo'llaysan nomimga…
Shukrlar, shukrlar boringga.
Lek qalbda bir tilak, jon bolam,
Men uchun tengi yo'q xon bolam,
Dardlarim malhami — ovozing,
She'r, kuydan afzaldir dil so'zing.
Sog'indim, qalbimga shifo ber,
“Ona-a”, — de, “Onam!” — deb sado ber.
Dunyoni unutib goh yod qil,
Vayronman, “Onam!” — deb obod qil.
Muhtarama ULUG'OVA