Muallim, muallim, yodingizdami?

Bolaligim Buxoro viloyati (hozirgi Navoiy viloyati) Qiziltepa tumanidagi Po'lat qishlog'ida o'tgan. U paytlar yer yumshoq edi, chunki noxos yiqilib tushsak-da, hech qanday og'riq sezmay, yugurib turib ketardik. Osmon juda yaqin edi, yoz tunlari tok so'rida yotardik va yulduzlar ustimizga to'kilgudek bo'lardi.

Besh yoshlar edim, chamamda, qo'shnimiz oq kosada anjir olib chiqdi. Anjir degani menga shunday yoqib tushdiki, kunora yegim kelardi, ammo bog'imizda yo'q edi.

U paytlarda qo'shnilarni bir-biridan ajratib turuvchi baland devorlar bo'lmasdi. Hattoki bog'larimiz bir-biriga tutashib ketgan, shunchaki bu bog'lar orasida uzun yo'lkalar bo'lardi. Yo'lkaning narigi yog'i qo'shniniki, bu yog'i bizniki deganday.

Kunlardan bir kuni onamning ko'zlarini shamg'alat qilib qo'shnining bog'iga o'tdim. Chunki bu bog'da ta'mi og'zimdan ketmagan anjir bor edi. Qora, mushtdek-mushtdek keladigan anjirlarga ko'zim tushishi bilan qult etib yutindim. Ammo anjirlar baland shoxlarda edi, men esa besh yoshlik qizaloqman. Anjir daraxtining kattaroq bir shoxiga osilib oldim. Shu payt boshqa novda ko'ylagim ichiga kirib qoldi va men beixtiyor ko'tarildim. Endi qiya yotgan holda bolday shirin anjir mevalariga qo'lim yetardi. Men esa tinmay uzib yerdim. Anjirga obdan to'ygach, pastga tushishga urindim. Qanchalik urinmay, tusha olmasdim. Tipirchilab-tipirchilab charchaganmanmi, uxlab qolganman. Uyimizda esa to's-to'polon boshlangan. Onam bechora meni izlab qaramagan biror joy qolmagan. Butun qishloq ahli jam bo'lib, ariq bormi, pana-pastqam joy bormi, meni qidirishgan. Xullas, bobom meni boshqacha yaxshi ko'rar edi. Xuddi aqldan ozganday ko'cha o'rtasida o'tirib olib, ho'ngrab meni chaqirgan ekan. Hovlimiz yonboshidagi hovuzni barcha qishloqdoshlarimiz uzun-uzun xodalar, panshaxalar bilan titkilab chiqishgan. Men esa u yerdan ham topilmaganman.

Anjir daraxtining yo'g'on novdasiga ilingan ko'ylagim sababli pastga tusha olmaganman. Qay vaqtdir ko'zimni ochsam, to'rt tomondan ismimni aytib chaqirayotgan ovozlarni eshitdim va negadir xo'rligim kelib chinqirib yig'lab yubordim. Shu payt boqqa ne ish bilandir chiqqan qo'shni kelin yig'i ovozini eshitib, qo'rqib ketadi va qaynonasini chaqirib keladi. Biz taraflarda anjir daraxtining ajinasi bo'ladi degan gap bor, xullas, kichkina “anjirxo'r ajina” — shu alpozda topilganman.

O'sha yili kuzda bobom bog'imizga ikkita anjir niholi o'tqazganlar. Bu daraxtlar yaqin-yaqingacha ham meva berardi. Ba'zan bozorlarda qora anjirni ko'rib qolsam, beixtiyor kulib yuboraman. Xotiramda o'sha beg'ubor kunlarim tiklanadi…

Dadajonim haydovchi edi. Onam esa uy bekasi. Uy bekasi deyman-u, daladan beri kelmasdilar. Davlat har yili foydalanish uchun olti sotix yer berardi va buning evaziga paxtani ekishdan to yig'ishtirib olishgacha bo'lgan davr ichida paxtazorning mashaqqatini chekishlari shart bo'lardi. Ba'zan bog'chadan zerikkan kunlarim onamga ergashib dalaga borardim. Yo'l bo'yi onam menga nainki odamlarni, balki maysalar, daraxtlar, tuproq va hattoki chumolilarni ham hurmat qilish lozimligini uqtirib borardilar. Balki tabiatga bo'lgan mehrim o'shanda shakllangandir. Harflarni o'rgana boshlaganimda olti yoshlar edim, chamasi, dadam kitob o'qishni yaxshi ko'rgani boismi, mehmonxonamiz ravog'i kitoblarga to'la bo'lardi. Ishdan horib-charchab qaytishlariga qaramay, menga va singlimga ertak o'qib berish odatlariga aylangandi dadamning. Uyimizda barcha cholg'u asboblari: naydan tortib, rubobu doiragacha bor edi. Nayda juda chiroyli musiqa chalar edilar. Juda ham go'zal suratlar chizar edilar. Meni tezroq harf tanib, kitob o'qishga chorlagan kuch — dadamdagi iste'dod bo'lsa, ajab emas. Chunki qalbdagi go'zallik, ezgulik yuqumli bo'ladi. Hali maktabga bormay o'qishni o'rganib olgandim. Keyin esa hijjalab ertak, doston kitoblarini o'qiy boshladim.

Uyda 20 quti asalari, yuzdan oshiq tovuq, talaygina qo'y va sigirlar bor edi. Dadam ana shularga qarashga ham vaqt topar edilar. Mehrning tilini onamdan, mehnatdan qochmaslikni dadamdan o'rgandim.

Hali-hali eslayman, maktabga chiqish uchun shunchalar hovliqardimki, bilganimcha kun sanar edim. Nazarimda, maktab sehrli makonga o'xshardi. Dadam Buxoro shahrida ishlar edilar. Hali maktabga chiqmasimdan menga maktab sumkasi, kitobu daftarlar, kiyim-kechaklar olib kelganlar. Ularni hammadan berkitib, qo'riqlab yashardim. Va nihoyat, maktabga tengdoshlarim qatori zo'r hayajon bilan borganman. Bir hafta qatnashganimdan so'ng yoshim yetmagani bois sinf rahbari sekin tashqariga olib chiqib, boshimni silab:

— Sen yanagi yil kelasan, — deb uyga qaytarib yuborgan.

Maktabdan uygacha bo'lgan masofada bor ovozim bilan yig'lab qaytganman, hatto ancha payt kasal bo'lib qolganman. 1968 yil maktabga chiqdim, mening shodligim dunyoga sig'masdi, o'sha qish juda sovuq kelgan. Tun bo'yi qor yog'ib, ertalab ko'z ochib bo'lmas darajada izg'irin edi. Choyimni apil-tapil ichib, maktabga otlanganman. Onam maktabga bormasin deb eshikni qulflab qo'yganlar. Men esa derazadan oshib maktabga yo'l olganman. Maktab anchagina olis edi. Yiqilib-surinib bir amallab borganman. Sinfimizga kirib borganimda, sinf rahbarim ikki-uch o'quvchi bilan muzlagan xonada o'tirardi. Meni ko'ra solib:

— Shuncha uzoq yo'ldan nega kelding? — degan kuyungancha, keyin esa yelkasidagi issiq ro'molga o'rab qo'ygan.

U paytlarda siyohdon bo'lardi. Peroni unga botirib olib, keyin yozardik. O'sha kuni hattoki siyoh muzlab qolgan va biz qo'limiz qovushmay, qalam bilan yozganmiz. Sal vaqtdan keyin sinfdoshlarimning onalari olib ketishgan. Men va yolg'iz muallimam qoldik sinfda. O'qituvchimning yelkamga yopgan ro'moli bois ancha ilib qolgandim (bu haqda she'r ham yozganman). O'sha kuni ustozim meni ko'tarib olib uyimizga eltib qo'ygan. Ularning oldida qarzim juda ko'p edi. Bilmadim, shundan biror misqolini ado etoldimmikan?!

Bizning davrimizda o'qituvchilarning qadri baland edi. Shuning barobarida juda bilimli edi ular. Yozgi ta'tilda o'nta badiiy asar o'qishimiz shart edi. Ikki-uch sinfdoshimizni hisobga olmasak, biz qishloq bolalari dalaning ishi, o't o'rish, mollarga qarashdan ortib, o'nta badiiy asarni, albatta, o'qirdik. Ayniqsa, menga maza edi. Dadam juda ko'p kitob olib kelardilar. “Shahzoda va gado”, “Zumrad shahar sehrgari”, “Uch qalb”, “Professor Douelning boshi”, “O'n besh yoshli kapitan”, “Tom Soyerning sarguzashtlari” nomli kitoblarni zavq bilan o'qiganman. Hali-hanuz bu qadrdon kitoblarning muqovalari, rangi, suratlari yodimda. Kitoblarni tanlab o'qish haqidagi fikrlarni unda bilmasdim. Qo'limga tushgan kitob men uchun nonday aziz edi. Maktabda garchi barcha fanlardan a'lo bahoga o'qisam-da, adabiyotni ayricha yaxshi ko'rardim. Ona tili va adabiyot fanidan respublika olimpiadasida uch yil qatnashib, yaxshi o'rinlarni egallaganman.

O'sha paytlarda o'quvchilarning davomati va bilimini tekshirish uchun maktabimizga tez-tez komissiya kelib turardi. Sinf rahbarimiz — til va adabiyot o'qituvchisi, dilkash, mehribon Ochiloy opa Ashurova bir kuni:

— Ertaga hamma toza-ozoda bo'lib darsga tayyorlanib kelsin, komissiya keladi, — dedilar.

Tun bo'yi darsga tayyorlandim. Tongda turib onamga yordam bo'lsin deb sigirni sog'dim, so'ngra sho'x va qaysar buzoqchani onasini to'yib emishi uchun qo'yib yubordim.

Toza-ozoda bo'lib maktabga otlanayotgan paytim onam:

— Bolam, buzoqni bog'lamaganmiding, hech qaerda yo'q, — deb qoldilar.

Qo'limda maktab sumkam bilan buzoqni topish uchun ko'chaga qarab otildim. Ne ko'z bilan ko'rayki, buzoqcha shataloq otib, hamma yoqni changitib, ancha uzoqda yugurib borardi. Miyamda bugun komissiya keladi degan fikr urchuqdek aylanadi. Buzoqning ortidan shamoldek yuguraman. Bilmadim, yo'ldagi toshlarga qoqilib necha marta yiqildim. Shu qadar tez yuguramanki, qulog'im ostidan shamollar shuvullab o'tadi. Buzoqqa qarab yalinaman:

— Iltimos, ortingga qayt, bugun komissiya keladi…

U bo'lsa yuzimga mo'ltirab qaraydi va yugurishda davom etadi. Va nihoyat, uni tutib, hovlimizga kirgizib yubordim-da, darvozani yopdim. Endi maktabga qarab yugurishimni ko'rsangiz. Ertalabki toza-ozodaligimdan asar qolmagan. Chang-chungga botganman. Maktabga kirib kelishim bilan sinf rahbarimga duch keldim:

— Tinchlikmi, qizim, it quvdimi? — dedilar rangi-holimga qarab.

Men esa hansirab:

— Buzog'imiz… buzog'imiz qochib ketdi, — deyman, xolos.

O'qituvchim jilmayib, bejirimgina sumkachalaridan dastro'mol olib menga uzatdilar-da:

— Bor, yuz-ko'zingni yuvib olgin, — dedilar.

Shu voqeani eslasam, hali ham xijolat bo'lib ketaman.

O'quvchilik yillarim eng bebaho davr ekan. Bir qo'limizda ketmon, bir qo'limizda kitob bo'lardi. O'shanda garchi dala ishlarining mashaqqatidan bezor bo'lgan bo'lsak-da, bugun sinfdoshlarimiz bilan suhbatlashganimizda, bot-bot dalani sog'inganimizga iqror bo'lamiz, o'quvchilik yillariga qaytgimiz keladi.

1978 yilda Qiziltepa tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomli 12-maktabni oltin medal bilan tugatdim.

Har gal qishloqqa qaytganimda, qadrli maktabim yonidan o'tarkanman, qandaydir otashin tuyg'u ruhimga tirmashadi va sekin shivirlaydi: “Qaniydi, yana o'quvchi bo'lib maktabga qaytsam…”

Yoshlik tugamaydi, deb o'ylagandim. Afsuski, u kutilmaganda tugab qolar ekan. Qanchadan-qancha qilinadigan ishlarim chala qoldi va men uchun armonga aylandi.

Bugungi kun yoshlari ancha ziyrak, uchqur. Ammo ularni texnika boshqarayotgani yurakka vahm soladi. Nima bo'lganda ham yoshlikni behuda shamollarga sarflamang. Bugungi kun bolalariga she'r bilan tilak bildirsam-da va yana “Ro'mol” nomli she'rimni havola qilsam:

 

Niholsan, ertaga daraxt bo'larsan,

Bo'ronni yenguvchi chin ahd bo'larsan.

Istagim, Vatanning peshonasiga

Yarqiragan tole ham baxt bo'larsan.

 

RO'MOL

 

Qish. Ming to'qqiz yuz oltmish sakkizinchi yil,

Borliqning qalbidan sizardi nola.

Muzlab o'tirardik sinf xonasida

Darsdan qolmaydigan to'rt-beshta bola.

 

Muallim, muallim, yodingizdami?

Sovuqdan tishimiz tegmasdi tishga.

Karaxt tortib qolgan barmoqlarimiz

Kelishmasdi sira bir harf yozishga.

 

Siz ko'ngil ufidan chiqqan quyoshday

Isitib qo'ydingiz qo'llarimizni

Va so'ngra bahorga boshlab bordingiz

Qishning o'rtasida o'ylarimizni.

 

Negadir yelkamga yopdingiz shunda

Chiroyli va issiq ro'molingizni.

O'shanda o'zgacha bir mehr bilan

Quchoqlagim kelgan xayolingizni…

 

…Qancha yillar o'tdi, fasllar o'tdi,

Goh sezdim, sezmadim tarovatini.

G'amning ayozidan junjikkan paytim

Qo'msayman shu ro'mol haroratini…

 

Muallim, muallim, yodingizdami?!

 

Halima AHMEDOVA,

shoira.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 8 =