So'zga “ziqna”, o'zi saxiy muharrir
Dunyoda inson tomonidan qog'oz ixtiro etilganidan keyin oradan bir necha asrlar o'tib, kitob dunyoga keldi. Kitob insoniyatning eng muqaddas buyumi sifatida asrlar osha yashab kelmoqda. U odamning eng sodiq do'sti. Shu sababli ham inson uni qadrlaydi, ehtiyot qiladi, asraydi. O'zi uchun aziz bo'lgan kitobini birovga bergisi kelmaydi, ziqnaligi tutib qoladi. Yaxshi ko'rgan kitobini yo'qotib qo'yib yig'laganlar, topganda quvonchini yashirolmaganlar qancha…
Hozirgi kunda kitobga bo'lgan munosabat, uning shakl-shamoyili o'zgardi. Turli bichimdagi kitoblar turi ko'paydi. Shuni alohida qayd etishni xohlardimki, kitobning qadri tushmadi, balki ortdi. Yaxshi kitob qidirayotganlar, uning qayta nashr bo'lishini kutayotganlar auditoriyasini hisobga olib, shunday fikr bildirmoqdaman.
Masalan, “O‘zbekiston” NMIU tomonidan 2016 yilda detektiv asarlari bilan dunyoga tanilgan mashhur ingliz adibasi Agata Kristining “Izquvar Puaro” nomli kitobi 5 000 nusxada chop etildi. Tasodifni qarangki, o'sha vaqtda televidenieda “Izquvar Puaro” haqida ko'p seriyali film ham namoyish etilayotgandi. Hikoyalardagi qahramonlarning taqdiri kitobxonni o'ziga mahliyo qilib qo'ygandi. Kitob qo'lma-qo'l bo'lib ketdi.
Oradan bir yil o'tib, kitob ikkinchi marotaba 10 000 nusxada nashr etildi. Buning sababi kitobga talab ko'pligida edi. Kitob yaxshi tarjima qilingani, sodda va ravon tilda ifoda etilgani sababli o'quvchini o'ziga tortdi. Albatta, bunda undagi hikoyalar tarjimoni Izzat Ahmedovning mahorati va mehnatini alohida ta'kidlash o'rinlidir. Buni ushbu kitob nashriyotda to'rt marta nashr etilganining o'ziyoq fikrimni tasdiqlaydi.
Izzat aka kitobning har bir nashrida matnga badiiy sayqal berishdan charchamasdi. Aslida, bu ish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Izzat Ahmedov mohir muharrir bo'lganligi unga asqotdi, desak xato bo'lmaydi. U juda sinchkov, so'zga “ziqna”, ortiqcha so'z ishlatgisi kelmaydi. So'zni o'z joyida ishlatishni yaxshi biladi. Ma'lumki, so'z muharrirning eng kuchli quroli hisoblanadi. Izzat aka matbuot sohasiga kirib kelganiga ham bir necha o'n yillar bo'ldi. Uning dastlabki maqolasi 1974 yili Surxondaryo viloyati (hozirgi “Surxon tongi”) gazetasida chop etilgandi. U shu yillar mobaynida jurnalistikaning turli janrlarida qalam tebratib, respublikamizda nashr etiladigan “Toshkent oqshomi”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” (hozirgi “Jadid”), “Turkiston” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) kabi gazetalarda yuzdan ortiq maqolalari bilan ishtirok etgan.
Izzat aka 1991 yili tashkil etilgan “Muloqot” jurnaliga ishga qabul qilindi. Jurnalda katta tajribaga ega ijodkorlar to'plangandi. Yosh izlanuvchan Izzat Ahmedov ana shu tajribali ijodkorlardan tarjima va tahrir sirlarini o'rgandi. U jurnalda ishlagan uch yil mobaynida bir umrlik hayotiy va ijodiy tajribalarni to'pladi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
U 1993 yili yangi tashkil etilgan “Xabar” gazetasiga muxbirlik vazifasiga ishga taklif etildi. Gazeta jamoasi bilan gazetachilikning barcha mashaqqatlarini totib ko'rdi. Gazetadagi 13 yillik ish faoliyati davomida muxbirlikdan bosh muharrir o'rinbosari darajasigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Albatta, uning unib-o'sishida yaxshi insonlar ko'maklashdi, qo'llab-quvvatlashdi. Tabiiyki, bu ishlar va mehnatlar besamar ketmadi. O'zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbariyati Izzat Ahmedovning kamtarona xizmatlarini e'tiborga olib, “O'z kasbining ustasi” nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.
Shu yillar mobaynida I.Ahmedovning “Tojmahaldagi muhabbat”, “Tog'larga qor yoqqanda” nomli kitoblari dunyo yuzini ko'rdi. Shuningdek, “Dunyo malikalari”, “Buyuklar muhabbati”, “Monte Kristoning sirli xazinasi”, “Telefon qilgan baliq”, “Ummon ostidagi dur”, “Xarobadan chiqqan mashhurlar” (1- va 2-kitoblar) kabi to'plamlarini tayyorlab, nashr ettirdi.
Izzat Ahmedov 2011 yildan boshlab “O‘zbekiston” NMIUda avval oddiy, so'ng katta muharrir lavozimida ishlab kelmoqda. U nashriyotda chop etilgan “Rus adabiyoti durdonalari” (100 jildlik) kitoblarini nashrga tayyorlashdagi faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, u nashriyotda chop etiladigan siyosiy adabiyotlarning asosiy muharriri hamdir. Izzat aka o'z bilimini yoshlarga o'rgatishdan charchamaydi. Shu sababli ham u “Ustoz noshir” maqomiga ega. Izzat aka 1995 yildan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, 2022 yildan esa O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi hisoblanadi.
2023 yilda Izzat Ahmedov tarjimonlik sohasida katta ishga qo'l urdi. U o'zi uchun qadrdon bo'lib qolgan Nodar Dumbadzening “Qo'rqmang, onajon” nomli romanini o'zbek tiliga tarjima qildi. Ushbu kitob G'afur G'ulom nomidagi NMIUda ko'p ming nusxada nashr etildi. Kitob Nodar Dumbadze asarlarining muxlislariga munosib sovg'a bo'ldi. Izzat aka bungacha ham mashhur gruzin yozuvchisining bir nechta hikoyalarini o'zbek tiliga tarjima qilib, “Hislarimni qo'zg'ama” nomi bilan nashr ettirgan edi. O'z kasbining bilimdoni, mohir tarjimon va yetakchi muharrir Izzat Ahmedov yoshlarning sevimli ustozi hamdir. Hassos adibga ijod yo'lingiz hamisha yuksalaversin, deymiz!
Bahrom AKBAROV,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.