Men nima uchun “HURRIYAT”ni o'qiyman?

Biz yoshlik paytimizda, shakllanayotgan paytlarimizda jurnalistikaga, adabiyotga yaqinlashib kirib kelayotgan chog'larimizda hamma yo'l-yo'riqlar, muallim-ustozlikni gazetalardan olar edik. O'sha paytlarda, ayniqsa, adabiyot gazetasi, ya'ni “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi muallimlarimiz, o'qituvchilarimiz hech qaerda aytmagan mavzularni, muammolarni ko'tarib chiqar edi. Boshqa gazetalarda ham zamonga mos qiziqarli narsalar chiqar edi. Shu narsa bizga singib qolgan.

Yillar o'tib, mana endi yozma matbuotning o'rnini bugungi zamonaviy “matbuot” asta-sekin egallay boshladi. Ya'ni bu internet, ijtimoiy tarmoqlar ko'p odamlarni yozma matbuotdan uzoqlashtirib, o'ziga tortib ketdi. Buning sababi, u yerdagi tezkorlik, u yerdagi yolg'on-yashiqdir, rostdir, aralash-quralash materiallar va boshqa ilgari o'zbek matbuotida kuzatilmagan hodisalar, qarashlar, erkinliklar ko'pchilikni ham hayron qoldirdi, ham yo'ldan ozdirdi, ham  o'ziga ko'proq jalb qildi. Hatto matbuotimizga mas'ul bo'lgan ayrim kishilar ham yozma matbuotdan ko'ra internetga ko'proq e'tibor qaratishga harakat qilishdi. Bu harakat hozir ham to'xtagan emas. Ana shunday bir paytda o'zining yo'lini saqlab qolgan “Hurriyat” – mustaqillikning ilk yillarida paydo bo'lgan sevimli nashrlarimizdan bo'ldi. Bu nashrning o'ziga xos tarixi bor, albatta. Lekin bu boshqa masala. Muhimi, “Hurriyat” mamlakatimiz bosma nashrlari ichida o'zining qiyofasini, ya'ni biz kutgan, biz orzu qilib yurgan qiyofasini asrab qoldi va shu qiyofada bugun ham mavjud. Mana shu birinchi holat, ya'ni gazetaning chin ma'nodagi gazetaligini biz aynan “Hurriyat” orqali ko'rib turibmiz. Masalan, men shunday ko'raman.

Shuning uchun birinchi navbatda “Hurriyat” gazetasini yaxshi ko'raman. Bu nashrni biz, odatda, “jurnalistlar organi” deb ataymiz. Lekin tepasida undan kattaroq joyi bor: “Mustaqil gazeta” degan. “Hurriyat” mustaqil gazeta ekanligini isbotlab kelmoqda. U yerda odamlarni erkinlikka undaydigan, erkin fikrlashga chorlaydigan, masalalarga shaffof nazar tashlaydigan, yaxshi tahlil qiladigan materiallar, shukurki, ko'p. Bugun ijtimoiy tarmoqlarni yoki o'z nomi bilan aytadigan bo'lsak, internet sohasidagi axborot tarmoqlari bilan qanday qilib ijodiy raqobat qilish mumkin? Ularda uzuq-yuluq, tezkor, rost-yolg'on gaplar ketyaptimi, endi o'quvchini oldingi paytlardagi darajada chiqadigan gazeta bilan ovutib bo'lmaydi. Bugungi o'quvchini tahlil bilan, yirik mavzularni ichiga kirib ochib berishlar bilan va ayni paytda, masalan, ma'naviyat muammolarini, bunga to'sqinlik qilayotgan muammolarni, urf-odatlarimiz, o'zimizning mentalitetimizdan uzoqlashib ketayotganliklarimizning sabablarini ochib beradigan materiallar orqali o'quvchini ushlab qolish mumkin. Aytaylik, “Amerikada suv toshdi” yoki “qaerdadir yong'in bo'ldi” deganga o'xshash xabarlar bilan gazetalar o'zini saqlab qololmaydi. Sababi, gazeta buni olib chiqquncha, bu gaplarni dunyoning yarmi eshitib bo'ladi. Uning qadri ham, qizig'i narigi tomon, ya'ni o'zlarini “tezkor matbuot vakillari” deb biladiganlar gazetalar qiladigan ishni uddalay olishmaydi. Chunki u yerdagi jurnalist, blogerlarda bunday iste'dod, hatto bunday xohish ham yo'q. Negaki, ulardagi 60-70 foizi jurnalistikaga umuman aloqasi yo'q odamlar deb hisoblayman. O'ziga xos, o'zini o'quvchilarini yiqqan, masalaga chuqur, tirik ko'z bilan qaraydiganlar ham ozchilik bo'lsa-da, bor u sohada. Lekin chuqur tahlil qiladigan jurnalistlar yo'q. Ular ko'proq tezkorlikka intilyapti. Bir gapni aytish kerak, ayrim gazetalarning maqolalaridagi sarlavhasini o'qigan zahoti nima demoqchiligi ayon bo'ladi. Ba'zi gazetalarni ikki daqiqaga yetmasdan «o'qib» qo'yish mumkin. Sababi bitta: o'sha gazetani chiqarayotgan odamlar ko'proq quruq so'zlarni ishlatishadi. Voqealarni tasvirlashda bir xillik, yuzakichilik ustunlik qiladi. Odamning yuragiga tegadigan, hech bo'lmasa, xalq maqollaridan foydalanilgan maqolalarni ham topib bo'lmaydi. Xayriyatki, bugungi kunda “Hurriyat”da “tahlil qilish maktabi” saqlanib turibdi. Men bu gazetani faqat jurnalistlarning, yozuvchi, shoirlarning gazetasi emas, butun xalqimizning suyukli gazetasi bo'lishini istayman. Xudo xohlasa, shunday bo'ladi ham. Keyingi yillarda gazeta obunachilarini yanada ko'paytirish uchun targ'ibotni ham kuchaytirish kerak, deb o'ylayman.

Yana istardimki, “Hurriyat” gazetasida yaxshi maqolalar, yaxshi fikrlar, hayotni uzoq o'ylashga majbur qiladigan maqolalar ko'payishi kerak. Shuningdek, voqealarni shunchaki ta'kidlash, tahlil qilish emas, muammolardan chiqish uchun qanday xatoliklarga, qanday sun'iy to'siqlarga duch kelinayotganligi va uni qanday yengish mumkinligi bo'yicha ham gazeta mushtariylari, gazetxonlar o'zining taklif va mulohazalarini aytadigan minbar bo'lishi kerak. Gazetani o'quvchi bilan yaqinlashtiradigan ruknlar ochish zarur. Gazetani hayotga yanada yaqinlashtirish, uning ichida yashaydigan qilish kerak. Mana, odamlar nima uchun internetsiz yashay olmaydi. Shuni gazetalarimiz ham o'ylashi kerak-da. “Nima qilsak, odamlar gazetasiz yashay olmaydigan bo'ladi?” degan fikr ustida ko'proq bosh qotiradigan davr keldi. Chunki chindan ham bugun internetdan boshimizni ko'tara olmayapmiz. Bunga sabab gazetalarning saviyasi ana shunga qaysidir ma'noda yo'l ochib berayapti. Matbuot nashrlari zamondan oldinroq yuradigan, internet qila olmaydigan ishlarni topishi shart. Jumladan, “Hurriyat” ham. To'g'ri, talqin qilishga kelganda ba'zida noto'g'ri fikr bildiradigan odamlarning etagini tutib ergashib ketib qolamiz. Bularni jurnalistlar, ayniqsa, “Hurriyat” odamlarni xato qilmaslikka, to'g'ri fikrlashga undaydigan ruknlarni topishi kerak.

Darvoqe, men kelgusi yil uchun “Hurriyat”ga allaqachon obuna bo'lganman. Shuningdek, O'zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi ham ushbu gazetani o'qib borishni istaydi.

Abdusaid KO'ChIMOV,

O'zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + 4 =