So'z musavviri

Shoira Xosiyat Rustamova ijodiga chizgilar

She'r — bu ko'ngil kechinmasi, hayrat, muhabbatdan tug'ilgan tuyg'ular tasviri.

Shoirning botini qanchalar pok bo'lsa, tasavvurlari shaffof, hislari go'zal, she'rlari ham yashovchan bo'ladi.

Taniqli o'zbek shoirasi, O'zbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Xosiyat Rustamova ijodida olam va odam, zamin-u zamon, tabiatning yorqin tasviri, ayol qalbining nozik xilqatlari mavzulari ustunlik qiladi.

Frans Kafka yozganidek: “Kimki go'zallikni ko'ra bilish qobiliyatini saqlay olsa, hech qachon qarimaydi”.

Go'zallik, aslida, nisbiy tushuncha. Ammo shunday go'zallik borki, u hech qachon o'zgarmaydi. Bu qalb go'zalligidir.

Xosiyat Rustamova ham ana shunday go'zal qalbli shoira.

U tabiatni, insonlarni sevadi. She'rlarining mazmun-mohiyati bosh mavzusi ham tabiatdir. Qushlar, daraxtlar orqali insonlarni va tabiat o'rtasidagi holatlarni tasvirlaydi. Qalbni nima go'zallashtiradi?

Albatta, ezgulik, yaxshi amallar, birinchi navbatda muhabbat, Yaratganning go'zal yaratiqlarini sevish orqali qalb yanada go'zallashadi.

 

Ishon, Seni xafa qilmayman boshqa,

Kech bo'lsa ham chiqdim. Qop-qora adir.

Bir osmon yulduzni ko'tarib boshga —

Sening yo'llaringda turibman axir.

 

Ushbu satrlarda tabiatning tarovatini so'zlarda jaranglatib, ayol qalbining nozik kechinmalarini yorqin ranglarda tasvirlaydi shoir.

Bu holat, bu jarayon, bunday kechinma faqatgina muhabbatga mubtalo bo'lganlargagina tanish…

So'zning sehri, asl shoirning mahorati, poetika mo''jizasi, fikr qudrati Xosiyat Rustamova ijodida yaqqol namoyon bo'ladi.

Bahor kelishi bilanoq osmonning chehrasi ochilib, quyoshning yuzida tabassum porlab, butun borliqda hayot harorati seziladi.

Ushbu she'r orqali ko'z o'ngimizda bahorning dilbar qiyofasi jonlanadi:

 

Bosar nozik nihollarni g'am,

Yoqmas g'arblik qushlarning xulqi.

Bahor eshik qoqishi bilan

Yeru ko'kning ochilar qulfi…

 

Ijod ahli mudom ezgu o'ylar, samoviy xayollar og'ushida o'zining sirli olamida yashaydi.

Aslida ham haqiqiy shoirlik mana shu…

Mensiz hushdan ketar daraxt-u borliq,

Shamol kimning tutib o'ynar sochidan.

Men ketsam — tun o'lib qoladi aniq,

Men ketsam — oy o'lib qolar ochidan.

 

Shamol shoiraning sochidan tortib, erkalab o'ynoqlaydi, daraxt uning darddoshiga, oy esa sirdoshiga, tun sodiq do'stiga aylanadi.

Chinakam poetik manzara, shoirona o'xshatish.

Inson zoti borki, mudom muhabbatga muhtoj, uning asiri.

Dunyoni ushlab turgan yagona kuch ham muhabbat.

 

Ko'zimning yoshlari yuvib g'uborni —

Yig'lagim kelgandi o'shanda ichdan.

Ayta olasanmi,

Esingda bormi,

Qanday sharob edi men ichgan?

Qancha sovuq suvga yuzimni chaydim,

Shunda ham ko'rinar ranglar faqat oq.

Boshim aylanmasa, mast bo'lmasaydim —

Bu dunyoda qolmasdim uzoq.

 

“Oyning o'n beshi yorug', o'n beshi qorong'i” deganlaridek, hayot doim bizni quvonchlar bilan siylayvermaydi. Inson boshiga sinovlar kelganida, o'zini yaxshiroq anglaydi. Dunyoga nima uchun kelgani, nima maqsadda yashayotgani xususida mulohaza yuritadi.

Hayot atalmish ne'matning ulug'ligi, inson otlig' sharafga loyiq ko'rilganligimiz, bizlarga berilgan umrni yashab o'tishimiz haqida so'z boradi.

“Shoirning boshi aylanishi”, tiriklik ne'matidan voz kechib ketolmasligi ham hayotga bo'lgan ulkan muhabbatidan dalolatmi?

Qaydam. So'z shoirning qismati deyishadi…

Shoirning she'rlari hayotida ham aks etadi.

Alloh bu borada Xosiyat Rustamovaga juda saxiylik qilgan.

 

Men bormagan joylarga —

She'rlarim borar hali.

Shoira asarlari shu paytgacha o'ttizdan ortiq mamlakatlarda chop etilib, dunyo yuzini ko'rdi.

 

Hech narsasi yo'q odamlarning,

Umidi bor ertangi kundan,

deb yozadi shoira bir she'rida.

 

Har birimiz bu hayotda orzular bilan, ezgu xayollarimiz umidi bilan yashaymiz. Faqatgina umidning o'zi bilan emas, ko'zlagan maqsadga erishish uchun bugundan harakatni boshlab, muvaffaqiyatlar mevasiga umid bog'lasak, to'g'ri bo'ladi.

Ushbu satrlar she'rxonni chuqur o'yga toldiradi, tafakkur qilishga undaydi.

 

Jonimni ichyapman tomchi-tomchilab.

To'kilib boryapman xazonlar kabi,

Yam-yashil bog'larni ko'rib tushimda.

Ayt, meni kimlardan

Asrading, Rabbim!

Qaerga ketyapman shu ketishimda?!

 

Xosiyat Rustamovaning ijodiga nazar solar ekanman, nafaqat katta iste'dodga, balki haqiqiy ulug' shoirlarga xos yuksak qalbga ega ekanini-da anglash mumkin. Shoira o'zbek she'riyatiga samoviy nafas beruvchi, so'zlar orqali inson ruhiyatining eng tub joylariga yetib boradigan kuchli she'rlar yaratgan benazir ijodkordir.

Xosiyat Rustamova she'rlari oddiy hayotiy tafsilotlardan ilohiy hislarga qadar keng qamrovli — so'zlarning sehrini kashf etib, inson qalbiga yetib boradigan o'ziga xos xosiyatli ovozga ega. Uning ijodi faqat mazmuniy teranligi bilan emas, balki qalban nafisligi bilan ham ajralib turadi. Bu shoiraning har bir so'zida, har bir satrida yurakning yuksak mehr va muhabbat bilan to'lib-toshishi seziladi.

Odatda, buyuk shoirlarning qalbi daryo kabi keng, ummon kabi chuqur bo'ladi. Xosiyat Rustamova ham ulkan qalbi va yuksak iste'dodi bilan ajralib turadi — insonlarga mehr ila, yaqinlari va muxlislariga chin dildan ehtirom-la yashaydi.

Shoira Xosiyat Rustamova menimcha,  she'riyatining yana bir ustuvor jihati — ularning har bir misrasi ichida yashiringan chuqur falsafiylik bo'lib, so'zlar orqali insonni hayratda qoldirishni, dunyoni yangicha nigohda ko'rsatishni mohirona uddalashidadir!

Go'zallikka, muhabbatga talpinayotgan Xosiyat Rustamovaning ijod va hayot yo'llari muhabbatdek ulug'vor bo'lsin.

Jahongir NOMOZOV,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =