Teatrga bordim. siz-chi?
Inson o'z xatosi, kamchiligini tan olishni ham bilishi kerak. Ming afsus, bu masalada ko'pchiligimiz oqsaymiz. Buning ustiga, to'rt tomondan maqtovlar yog'ilib tursa… Axir kamchiliksiz kishi, xatosiz ish bo'lmaydi, deydilar. “Beayb parvardigor”, degan gapni takror-takror eshitganmiz. Bu so'zlarni yozishimdan maqsad bor. U ham bo'lsa, shaxsan o'zim bir xatomni tan olishdir. Aniqrog'i, ancha davr mobaynida teatrga bormaganim, yaxshimi, yomonmi, o'rtachami, ishqilib yaratilayotgan sahna asarlarini ko'rishdan uzoqlashganimni aytib qo'ymoqchiman. Axir jadid bobolarimiz, Behbudiy domla-yu Hamzaday buyuklar o'z aytar so'zlarini xalqqa teatr orqali aytganlaridan xabardor odam teatrdan uzoqlashib yursa, turmushning ikir-chikirlari bilan band bo'lib, oldidagi teatrga borib, sahna asarlarini ko'rishni unutib qo'ysa boshqalardan xafa bo'lishi mumkinmi?!
Teatr haqida gap ketsa, bolalik yillarim esimga tushadi. Qo'qondagi Hamza nomli teatrning ko'plab sahna asarlari qishlog'imiz klubida tez-tez namoyish qilinardi. Sahnayam sahna edi-da. Bir eshigi yopilsa, ikkinchisi ochilib ketardi. Endi o'sha aktyorlarning azoblarini ko'z oldimga keltiryapman. Gogolning “Uylanish” spektaklidan tortib, o'zbek dramaturglarining ko'plab asarlarini o'sha klub sahnasida ko'rganman. Hozir u klublar savdo do'konlariga aylanib ketgan…
Qo'qon teatrida poytaxtdagi otaxon teatrda faoliyat yuritgan aktyorlardan qolishmaydigan san'atkorlar faoliyat yuritgan, degan xulosaga kelganman. O'zbekiston xalq artistlari Zanjirali Mirzatov, Rashidxon Sodiqov va Madaminjon Jo'rayevlarning bir-biridan yorqin ijrolarini ko'rganimga ham 55 yildan oshibdi. Ularning har biri sahnani muqaddas deb bilgan haqiqiy ijodkorlar edi. Ishonmasangiz, televidenie fondida saqlanayotgan bo'lsa, Said Ahmadning “Ufq” romani asosida sahnalashtirilgan asarni ko'rishingiz mumkin. Kuzning izg'irinli va qish kunlarida ham teatr jamoasi qishlog'imizga gastrolga kelib qolardi. O'sha kunlari ko'pchiligimiz uchun bayram bo'lar, klubda qo'yilgan har bir sahna asari esdan chiqmas xotiraga aylangandi…
Toshkentga kelgach, talabalik davrida Shukur Burhondek buyuk insonni ko'rmoq maqsadida “Qiyomat qarz” spektakliga uch marotaba kirib hayajonlanganlarim, “Men Chiliga ishonaman” spektakli orqali teatr kuchi qay darajada ekanligini bilganlarim, “G'ariblar” asarini ko'rgach, bir necha kun o'ylanib yurgan kunlarim ham ortda qoldi. Olim Xo'jayev, Sora Eshonto'rayevaday zabardast san'atkorlar mahorati teatr olamidan uzoq odamlarni ham hayratga solganligini ko'rganman, kuzatganman. Keyinchalik bir necha yil teatrdan uzoqlashib ketibman. Menga o'xshaganlar ko'p bo'lsa kerak, deb o'zimni ovutgandek ham bo'laman. Yillar davomida bor-yo'g'i 5-6 spektaklni ko'rganman, xolos.
Keyingi 2-3 yilda taniqli adib, shoir va dramaturg Qo'chqor Norqobil asarlari otaxon teatr qatori boshqa teatrlarda ham ketma-ket qo'yila boshlandi. Bir balosi bo'lmasa… O'sha bir “balo”ni yaqinda bildim. To'g'risi, Muqimiy nomidagi teatrga borib, hammasini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Hamrohim – taniqli jurnalist Ahror Ahmedov.
Armonsiz inson yo'q. Qorako'llik To'xtamurod domlani yaxshi ko'rib qolgandim. Uning maktab ochganligidan, o'quvchilari erishgan yutuqlardan ham xabardor bo'lganman. Bir necha yil avval shifoxonada qisqa muddat davolanishga to'g'ri keldi. Bir kun kechqurun uch nafar oq xalatli, gap-so'zidan “bo'ladigan bola”ga o'xshab turgan talabalar bilan suhbatlashib qoldim:
— Qaerliksiz, do'xtir bolalar?
— Qorako'ldanmiz.
— Bo'lmasa, bir-ikki savolim bor.
— So'rang, aka.
— Jumayev domlani taniysizlarmi?
— Shogirdlarimiz. Shuning uchun hammamiz grantga o'qishga kirganmiz.
— Ustozlaring vazir, kazo-kazolarning farzandlarini, hatto o'z nevarasini ham imtihondan o'tmagani uchun maktablaringga qabul qilmaganmish, qizi otasi bilan arazlashib, bir necha yil gaplashmay yurgan, deb eshitganman. Shu gaplar rostmi yo biz o'rganib qolgan yolg'on to'qimalarmi?
— Ibi, nima deyapsiz? Hammasi to'g'ri. Internat-maktabimiz uchun domla hatto minib yurgan mashinasini ham sotib yuborgan. Maktabimizga faqat bilimli, o'qiyman degan bolalar qabul qilingan.
“Bo'ladigan bola”lar bilan suhbatimiz shu yerda tugagandi. O'sha kuni To'xtamurod domla bilan nasib etsa, albatta, suhbatlashaman, deb niyat qilgandim. Ammo domlaning hayotdan ko'z yumganligini eshitgan kunim “bu ham bir armonga aylandi”, deb afsus, nodamat chekkanman.
Lekin orzu-armonim ushaldi. Jumayev domlani teatrga borib ko'rdim. Salkam ikki soat oralig'ida uning dardiga sherik bo'ldim, maktab ochaman, deb yelib-yugurgan ustoz azoblarini kuzatdim. Bir-ikki joyda ko'zim yoshlandi. Bunisi keksalik alomati, deganday bo'ldim. Lekin qahri qattiqlar ham yig'laydigan sahnalar bor spektaklda. O'zimcha unga “millat qahramoni” deb baho bergandim. O'sha qahramonimni hayotda bo'lmasa ham, sahnada ko'rdim.
Spektakl bosh qahramonining so'zlari:
— Xalq ham, Vatan ham kimlarningdir zug'umi ostida irib-chirib yotmasligi kerak, bilasanmi? Bizning Vatanimizni bilimli avlod qutqaradi, buning uchun yetuk maktablar kerak, ana shundagina bizlar oyoq ostida qolib ketmaymiz.
Spektakl oxiridagi To'xtamurod domlaning monologi tomosha zalini larzaga soladi. O'z rolini mahorat bilan ijro etgan Mehmonali Salimov, Mas'uda Otajonova va barcha aktyorlarga minnatdorlik qarsaklari tinmaydi. Sahna asarining yuki degan gap bor. “Bizga maktab kerak yoxud zamon Avloniysi” asarining yuki juda og'ir. Har bir aktyor ana shu yukni his qilgan holda o'z rolini ishonchli talqin etgan. Xullas, bu spektaklni ko'rgach, o'ylaysiz, o'ylanasiz, haqiqiy sahna asarining kuchini ko'rasiz. Dramaturg Qorako'lga bekorga bormaganligiga amin bo'lasiz. Iqtidorli ijodkor yuragidagi dardlarni sahnaga olib chiqqan. Teatrning yoshgina bosh rejissyori Doston Haqberdiyev dramaturgning aytar gaplarini tushungan. Ikki ijodkorning bir-birini tushunishi o'z samarasini bergan.
O'sha kuni Sirdaryodan bir avtobusda o'qituvchilar, o'quvchilar kelishibdi. Ertasiga “Men teatrga bordim”, deb nomlangan maqola yozmoqchi bo'ldim. Yozolmadim. Chunki gunohim bor. Qorako'l qochib ketibdimi? Spektaklni ko'rdim-ku, deb o'zimni ovutdim. Lekin bir gapni aytmasam bo'lmas.
Hali To'xtamurod Jumayev domlaning azobli kunlari esimdan chiqmay turganda, kuni kecha Qo'chqor ukam qo'ng'iroq qilib qoldi:
— Aka, Muqimiy teatrida yana bir asarim qo'yildi. Vaqtingiz bo'lsa, o'tarsizlar.
— Albatta boramiz!
Bordik, bu gal safimizga qo'qonlik yozuvchi do'stimiz Nosir Zohid ham qo'shildi.
Kuz emasmi, biroz yoqqan yomg'ir o'z kuchini ko'rsatganday, havo top-toza tuyuldi menga. Tarixiy teatr oldidagi yozuvlarni o'qiyman: “Osmon hamma gapni eshitadi”. Qo'chqor ham qisqaroq qilib, asarini bir so'z bilan nomlab qo'yaqolsa bo'lmasmikan? Xotirasi butunlar eslab qolaveradi. Bizlarni ham o'ylang, inim! Shunday telba-teskari o'ylarga ham bordim.
Endi yangi drama haqida. Yuqorida yozganimday: “Osmon hamma gapni eshitadi”… Asar nomi go'yoki tomoshabinni o'ziga jalb qilish, jarangdorlik kasb etishi uchun ataylab shunday qo'yilgan bo'lsa kerak, degan fikrga borasiz. Shoshilmang, spektaklni ko'rgach, bu adibning yuragidan otilib chiqqan nido ekanligiga ishonch hosil qilasiz! Osmon hamma gapni eshityapti. Ammo biz, yerdagilar-chi? Bilib, eshitmaganga solayotganlar qancha? Gap shunda!
Shu barchaga barobar osmon ostidagi odamlar: men, siz, u qanday yashayapti? Asar bosh qahramoni Mo'min afg'on urushi qatnashchisi. Nogiron bo'lib qaytganlardan biri. Ayrim kimsalar uning ismiga “kontuj” so'zini ham qo'shib aytishadi. Uni, urush jarohati kamlik qilganday, farzandsizlik azobi ham ezadi. Yagona ilinji go'zal tog' tabiatini asrab qolish… O'rmon yaratish… Qarz-qavola bilan bo'lsa ham u har kuni o'zi yashayotgan hudud, toqqa yaqin joyda ko'chat ekish bilan andarmon. Biroq o'z kunini ko'rayotgan, o'zi tayyorlagan loyiha bo'yicha (urushdan oldin u arxitektura institutida ikki yil tahsil olgan) sayyohlik majmuasi yaratishni niyat qilgan Mo'minga ayrim mahalliy to'ralar tinchlik berishmaydi. Qanday qilib deysizmi? Buni spektaklni tomosha qilish jarayonida bilib olasiz… Uning azoblarini birgama-birga ko'tarishga ahd qilgan Olga ham ming azob o'tida qovuriladi. Uning aybi nima? Bu go'zal qizning umri “kontuj” bilan o'tayapti.
Asar bosh qahramoni insoniyatni bosib kelayotgan xatardan saqlamoqchi. Ona tabiatni asramoqchi! Shu maqsadda hech narsadan qaytmaydi. Kurashadi. O'z loyihasini mahalliy ochko'z va noinsof kimsalardan biri o'zlashtirib, o'ziniki qilib olganini bilib qolgach, uning kurashi yanadi avjga chiqadi. Bir necha bor yuqori idoralarga xat jo'natadi, poytaxtga boradi, alaloqibat g'olib chiqadi. Shunday ekan, aslida kim jinni? Faqat o'zini o'ylaydigan, hayotini yolg'on ostiga qurgan hokim va uning gumashtalari jinni emasmi? Hokimning “dum”laridan tortib, mahalla raisi va poytaxtdan borgan oliftalar jinni emasmi? Sahnadan: “Odamlar, ko'zingizni oching!” degan hayqiriq keladi. Rejissyor Doston Haqberdiyev boshchiligidagi aktyorlar jamoasi hayot haqiqatini mohirlik bilan sahnaga ko'chirishgan. Iste'dodli bastakor Oydin Abdullayevaning asar ruhiyati, ziddiyatlar va keskin qarama-qarshiliklarga mos holda yaratgan musiqalari dramaning yanada ta'sirchanligi oshishiga xizmat qilgan.
Spektakldagi bosh qahramon rolini talqin etgan aktyor Umid Shodmonovning rollarini ko'p ko'rganman. Lekin uni qaytadan kashf qildim. Go'zal Olga obrazini qoyilmaqom qilib ijro etgan aktrisa Inobat Umirovaning mahorati tomoshabinlar qalbida cheksiz hayrat uyg'otgani shubhasiz. Umid ham, Inobat ham spektakl davomida o'z obrazlari ichida yashagani, o'z qahramoni qismati, qalb kechinmalarini butun borlig'i bilan his qilganini anglaysiz.
Spektakl davomida hayajonini bosolmagan tomoshabinlar har bir sahna so'ngida aktyorlarni qarsaklar bilan olqishlab turishdi. Bu asar va uning ijrochilariga tomoshabinning xolis va samimiy bahosi edi. Hozirgi uch-to'rtta qo'shiq aytib-aytmay, o'z narxini falon dollarga chaqishdan uyalmaydigan, o'zlariga ortiqcha baho qo'yib olganlarni bu fidoyi, sahnani qismat deb bilgan chinakam san'atkorlar bilan aslo taqqoslab bo'lmaydi. Ana haqiqiy san'atkorlar! Spektakl tugagach, har bir rolni maromiga yetkazib o'ynagan barcha aktyorlarni tomoshabinlar oyoqda tik turib, davomli qarsaklar bilan olqishladi.
Teatrdan chiqayotib, sherigimiz Ahror Ahmedov Tojikistondan kelgan bir tomoshabin bilan qilayotgan suhbati qulog'imga chalindi:
— Aka, zo'r spektakl ko'rdim. Ko'z yoshlarimni tiyolmadim. Haqiqiy hayot bu! Zo'r asar ekan. Xudo xohlasa, yana kelib ko'ramiz, — dedi mehmon.
Teatrdan chiqib, bir oz piyoda yurdik. “Xalqlar Do'stligi” saroyining yonidan o'tayotib, shu hashamatli madaniyat maskaniga qaradim. Chiroqlar porlab turibdi. To'rt ming kishilik zal to'la bo'lsa kerak. Hozircha uloq qo'shiqchiman degan “birrovchi”larda. Aslida teatrda bo'sh o'rin qolmasligi lozim.
Mana shunday sermazmun sahna asarlari qo'yilishi davom etsa, vaqti kelib teatrda joy topilmay qolishiga shubha yo'q. Zero, teatrlar tomoshabin bilan fayzli. Teatr ham yaxshi bir kitob yoki romanning o'rnini bosishi mumkin.
Shu bois bir-birimizga “Men teatrga tushdim, siz-chi?” degan savolni berish, nazarimda, juda o'rinli eshitiladi.
Anvar ABDUVALIYEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.