Go'zallik va betakrorlik mamlakati

Jurnalist Sharofiddin To'laganovning “Turkiya mening nigohimda” kitobini o'qib…
Turkiya – bu o'tmish va boy madaniyat, tabiatning o'ziga xos uyg'unligi bilan mashhur bo'lgan mamlakat. U Osiyo va Yevropa qit'alarini birlashtirib, dunyoga o'ziga xos go'zallik va ma'naviy boylik taqdim etadi. Turkiyaning jozibasi uning geografik joylashuvidan tortib, boy tarixi va jahonga mashhur taomlarigacha namoyon bo'ladi.
Yaqinda taniqli jurnalist Sharofiddin To'laganovning Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan chop qilingan “Turkiya mening nigohimda” kitobi bilan tanishib chiqdim.
Uni mutolaa qilar ekansiz xayolan Turkiyaga sayohatga oshiqasiz. Keltirilgan maqolalar va fikrlar Turkiyaning boy madaniyati, tarixi va bugungi hayoti haqida so'zlaydi. Muallif taassurotlari, kuzatuvlari va tadqiqotlari asosida o'quvchini Turkiya bilan tanishtiradi va go'zal diyorning turli jihatlarini ochib beradi.
Kitob nafaqat Turkiyani bevosita ko'rgan va uni o'rganishga qiziqqan o'quvchilar uchun, balki ushbu mamlakat haqida umumiy tasavvurga ega bo'lishni istagan barcha uchun ham juda qiziqarli. Muallifning til uslubi jo'shqin, ta'sirli. Kitobning har bir sahifasida Turkiyaning boy tarixiy merosi, zamonaviy jamiyati, go'zal tabiati va mehmondo'st xalqi haqida muhabbat bilan hikoya qilinadi.
Kitobning yana bir o'ziga xosligi – unda Turkiyaning madaniy boyliklari va qahramonlari bilan tanishish imkoniyatining yaratilishi. Muallif turli shaharlarning o'ziga xosliklarini, ularning tarixi va ahamiyatini tasvirlashga alohida e'tibor qaratadi. Masalan, Istanbulning qadimiy yodgorliklari, Kappadokiyaning hayratlanarli tabiati yoki Anqaraning zamonaviy jihatlari yoritilgan bo'limi o'quvchini o'ziga rom etadi.
Kitob nafaqat o'quvchini ma'lumot bilan boyitadi, balki uni Turkiyaga bevosita safar qilishga ilhomlantiradi. Undagi har bir satrdan muallifning Turkiyaga bo'lgan mehri sezilib turadi.
Nazarimda bu kitob nafaqat Turkiya haqidagi ma'lumotlar to'plami, balki ushbu mamlakatga bo'lgan ixlos va taassurotlarning chuqur ifoda etilgan namunasidir.
Joriy yilning fevral oyida uch kunlik media tur doirasida kamina ham mazkur diyorda bo'lgan edi. Ochig'i, uning ko'hna tarixi bir necha ming yilliklarni qamrab olganiga guvoh bo'lgan edim. Hududda ilk sivilizatsiyalardan tortib, ellinizm, Vizantiya va Usmoniylar imperiyasigacha bo'lgan davrlar iz qoldirgan. Istanbul shahridagi mashhur Ayya Sofiya yoki Topqopi saroyi kabi yodgorliklar mamlakatning tarixiy merosi qanchalik boy ekanini ko'rsatadi. Turkiyaning har bir shahri – bu o'ziga xos tarixiy sayohat. Misol uchun, Efes yoki Troya arxeologik qadamjolari bejizga butun jahon ahlining diqqat markazida bo'lib kelayotgani yo'q.
Shuningdek, Kappadokiyaning fantastik manzaralari, Pamukkale oppoq travertinlari yoki Antaliyaning ochiq-ko'k dengizlari mamlakatga tashrif buyuruvchilarni o'ziga maftun qiladi. Turkiya tabiatida har bir faslning o'ziga xos jozibasi bor. U yerda dengiz bo'yida hordiq chiqarish, tog'larda sayohat qilish yoki ko'llar va o'rmonlarni tomosha qilish o'ta zavqlidir. Sayohatchilar tili bilan aytganda Turkiyani bir marta ko'rgan odam, unga yana qaytishni xohlaydi, chunki bu mamlakat har bir insonning qalbida o'ziga xos iz qoldiradi. Bunga Sharofiddin To'laganovning ushbu mamlakat haqidagi kitobini o'qigan kishi ham shaksiz, imon keltiradi.
Islom EGAMBERDI o'g'li.