Azaliy qadriyatlarimiz bezavol timsoli

Insonda ona bitta bo'lgani kabi, ona tili ham yagona. Har kim qondosh, qarindosh, Vatan tushunchalarini ilk bor ona tilida anglaydi. Shuning uchun bo'lsa kerak, til, millat, Vatan tushunchalari doimo yonma-yon ifoda etiladi. U millatning ruhi, qalbi, ta'bir joiz bo'lsa, butun borlig'i sifatida ta'riflanadi.

Kuni kecha poytaxtimizdagi “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O'zbek tili bayrami munosabati bilan O'zbekiston xalqiga bayram tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o'qib eshittirdi.

“Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda bo'lgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat'i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada har qanday xalq uchun o'ta hassos va ta'sirchan bo'lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o'ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz. Zero, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko'p millatli butun xalqimizning birgalikdagi sa'y-harakatlari, aql-zakovati, ma'naviy-ma'rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi”, — deyiladi

Prezident tabrigida.

Darhaqiqat, ming yillik tariximizga nazar tashlasak, jannatmonand yurtimizni qayta-qayta bosib olgan yovuz kuchlar xalqimizni millat sifatida yo'q qilib yuborish maqsadida o'z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinimizdan judo qilishga uringan. Lekin imoni butun, matonatli xalqimiz eng og'ir, mashaqqatli davrlarda ham o'z ona tilini — milliy g'ururini omon saqlab qola olgan.

Tantanali tadbirda e'tirof etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini tobora yuksaltirish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi kabi tuzilmalar tashkil etildi.

Umumta'lim maktablari, oliy o'quv yurtlarida o'zbek tilini o'qitishga bo'lgan e'tibor kuchaydi. Tilimiz targ'iboti, savodxonlikka oid maxsus elektron platformalar tayyorlanib, ishga tushirilmoqda.

Aytish kerakki, o'zbek tili endilikda BMTdek nufuzli tashkilotlarning minbarlarida, yirik siyosiy uchrashuvlarda baralla yangramoqda. Ayni paytda bir qator xorijiy davlatlarda o'zbek tilini o'rganishga doir ma'rifiy markazlar faoliyat olib bormoqda.

Nodir XOLBO'TAYEV,

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari:

— Bu kun nainki mamlakatimiz, balki jahon miq­yosida ham tabarruk kun sifatida nishonlanmoqda. Bayram tadbirlari erta tongdan Navoiyning haykali poyiga gullar qo'yishdan boshlangani bejiz emas. Negaki, biz Alisher Navoiyning nurli shaxsiyatiga, ijodi, faoliyatiga har qancha ehtirom ko'rsatsak oz. O'zbek tili bayrami bir kunlik tadbir emas. Ona tilimizning borligi, mudom barqarorligi biz uchun katta bayramdir.

Inomjon AZIMOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi direktori:

— Markazimiz faoliyat boshlaganiga to'rt yil bo'ldi. O'zbek tilini o'rganish bo'yicha xorijlik va yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillaridan ko'plab takliflar kelib tushmoqda. O'zbek tilini o'rganish bo'yicha kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan ko'plab tinglovchilarga sertifikatlar topshirdik. Ayni paytda o'nta guruhda o'zbek tili o'qitilmoqda. Shu bilan birga, markazda alohida maktab ham faoliyat ko'rsatmoqda.

Im Chyon Myon,

koreyalik magistrant:

— Men O'zbekistondagi oliy o'quv yurtining magistratura bosqichida o'qish uchun kelganman. O'zbekistonni, o'zbek tilini juda yaxshi ko'raman. “KOISA” tashkiloti orqali O'zbekistonga kelganimda, bu yurt meni o'ziga rom etdi. Odamlari juda mehribon, hamisha yordam berishga tayyor, juda mehmondo'st ekan. O'zbek tili yurakdan sevadigan tilimga aylandi. Dun­yodagi barcha xorijliklarni o'zbek tilini sevishga va uni hurmat qilishga chaqiraman.

Nasumi ShIDA,

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San'atshunoslik instituti tadqiqotchisi:

— Yaponiyaning Osaka shahridan dissertatsiya ishimga ma'lumot to'plash uchun kelganman. Bir yildan buyon Boysun gilamchilik san'atini o'rganib kel­yapman. Menga O'zbekiston va uning odamlari juda yoqdi. Men bu yerda o'zbek tilini ham o'rganyapman. Dissertatsiyam uchun bu muhim. Hozircha o'zbek tilida biroz so'zlashishni o'rganib oldim. O'zbek tili juda chiroyli va jozibador til. Hozir ham o'zbek tilida so'zlashish men uchun juda qiziqarli. Bitta so'zning ko'plab sinonimlari mavjudligi, kayfiyat, holatga qarab turli so'zlarni qo'llash imkoniyati menga juda yoqadi. To'g'ri, o'zbek tili xitoy tiliga o'xshamaydi, ammo kuchli istak va qunt bo'lsa, bu tilni yaxshi o'rganish mumkin ekan.

Bayram dasturida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan xorijlik hamda turli millat va elat vakillaridan iborat talabalar o'zbek shoirlari she'rlaridan namunalar o'qidi. Ularning o'zbek tilini o'rganishga bo'lgan qiziqishi, e'tibori, ona tilimizga bo'lgan chin hurmati va muhabbati samimiy e'tirofida g'oyat jo'shqin va zavqli tarzda yangradi.

Yurtimizda o'zbek tilini rivojlantirish borasidagi islohotlar, 14 ta tilni mukammal bilgan Saidrizo Alizoda haqidagi videoroliklar, O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar” asari asosidagi spektakldan lavha, Ogahiy, Mirzo Bobur obrazida tarannum etilgan she'rlar bayram dasturida ishtirok etgan har bir yurtdoshimizda katta qiziqish uyg'otdi hamda san'at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi bayram kechasiga o'zgacha fayz bag'ishladi.

Islom Egamberdi o'g'li,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + fifteen =