Gazetasiz xalq tilsiz odam kabidir

(“Ovozi tojik” nashri 100 yoshga to'ldi)

Yaratganga shukrki, nafaqat moddiy, balki ma'naviy jihatdan ham boy-badavlat xalqmiz. Dunyoda ilk bor gazeta qachon chiqqan bo'lsa, yurtimizda ham kitob, jurnal, gazeta o'sha zamonlardan buyon nashr etilib kelinadi.

Ne ajabki, bugun ne bir zamonki, ayrimlarga gazeta uncha yoqmay qolg'on bo'lsa-da, baribir yurt rahnamosining qo'llab-quvvatlovi, yuksak e'tibori tufayli gazeta-jurnallar to'xtab qolgani yo'q, chiqib turibdi.

Xususan, bir necha tillarda nashr etilayotgan gazetalarning ham chop etilayotgani yorug' ishdir. Shu jumladan, tojikzabon mushtariylarning nashri “Ovozi tojik” hukumatimiz muassisligida nashr etiladigan ziyo minbarlaridan biri hisoblanadi.

Shu kunlarda ushbu nashr chiqa boshlaganiga bir asr bo'ldi, 100 yoshga to'ldi. Gazeta o'tgan asrning 20-yillarida siyosiy-ijtimoiy voqea o'laroq sahnaga chiqdi.

1924 yilning 25 avgustida “Ovozi tojiki kambag'al” gazetasining birinchi sonida Sadriddin Ayniyning “Sod-Ayn” imzosi bilan chop etilgan maqolasida “Gazetasi bo'lmagan har millatning go'yoki tili yo'qdir. Ya'ni, gazetasiz xalq tilsiz odam kabidir”, deyiladi.

Jamiyat hamda ziyo va adab ahli o'rtasidagi bir vosita sifatida gazetaning nashr etilishi qanchalik favqulodda muhim, hatto aytish mumkinki, millat uchun bir mayoq bo'lganini tasavvur qilish qiyin emas. Ustoz Ayniy va gazetaning birinchi bosh muharriri Abdulqayum Qurbiy (Hamroyev) gazeta orqali jamiyatga ziyo olib kiradi.

Abdulqayum Qurbiy gazeta ishini yuritish yo'lida jadidchilik harakati vakili, ma'rifatparvar iste'dod sohiblaridan edi. U yigirmanchi yillarda bir nechta tojikcha nashrlarga nafaqat asos solgan, balki ularda mas'ul muharrir sifatida ham faoliyat yuritgan. “Ovozi tojik” gazetasi ta'sis etilib, unga Qurbiy bosh muharrir bo'lguniga qadar Toshkent va Samarqandda bir necha nashrlar chop etilar va oradan hech qancha vaqt o'tmay, turli ijtimoiy sabablar tufayli yopilardi. Qurbiy har safar bundan ta'sirlanar va yangi gazetani tashkil qilish payida bo'lardi. Jumladan, “Shu'lai inqilob” haftanomasini chop qilish to'xtatilgandan so'ng Qurbiy xonadonida Alizoda, Javdat va Rojiy kabi ijodkorlar ishtirokida bo'lib o'tgan yig'inda yangi gazetani ta'sis etish g'oyasi yuzaga keladi. “Ovozi tojik” ana shu yig'ilish va kengashning mahsuli bo'ldi. Keyinchalik o'sha zamonning taniqli adib va ijodkorlari Payrav Sulaymoniy, Hoji Muin, To'raqul Zehniy, Rahim Hoshim va Nisor Muhammad gazeta bilan hamkorlik qila boshladilar. Qurbiy hokimiyat vakili sifatida Sharqiy Buxoro, Xo'jand, O'ratepa, Pomir va Falg'ar tomonlarga xizmat safarlari chog'ida joylardagi ziyo ahlini gazeta tashkil qilishga undardi. Jumladan, u “Bedorii tojik” gazetasini ta'sis etganlardan biri hisoblanadi.

O'sha davrdagi qiyinchilik sababli rahbarlik qilish va gazetani chop etish jarayoni ancha mushkul edi. Jumladan, gazetchilikdan xabardor bo'lgan Rahim Hoshim o'z xotiralarida shunday yozadi: “Qog'oz hamma vaqt ham topilavermasdi. Qurbiy va Alizoda gazetani vaqtida chop qilish uchun savdogarlardan nasiyaga qog'oz olgan kunlarni bilaman”.

Gazetaning birinchi mas'ul muharriri Abdulqayum Qurbiy haqida “Ovozi tojik” bilan bog'liq 50-yillardagi va undan keyingi solnomalarda ma'lumot uchramaydi. Qurbiyning nomi oqlangandan keyingina manbalarda uning tarjimai holi, hukumat va matbuotdagi faoliyatini o'rganish boshlandi. Bu nomning tilga olinmaganiga sabab — u 1937 yili “inqilobga qarshi” degan ayblov bilan 10 yil muddatga qamaladi va o'sha yili uzoq yurtda vafot etadi. 1986 yili Samarqand viloyat sudi o'z hukmi bilan “Ovozi tojik”ning birinchi bosh muharriri Abdulqayum Qurbiyning pok nomini oqlaydi. Hozir Samarqand shahrida Qurbiy nomi bilan ataladigan ko'cha boshida unga yodgorlik lavhasi o'rnatilgan.

Keyinchalik gazetaga Muhammadjon Hasanov, Shahobiddin Sadrullin bosh muharrir bo'lgan.

Gazeta 1938 yilda vaqtincha o'z faoliyatini to'xtatadi. So'ngra “Haqiqati O'zbekiston”, 1950 yildan boshlab “O'zbekistoni surx” nomi bilan chop etiladi. Shundan buyon gazeta tanaffussiz, faqat bir necha marta nomi o'zgarib nashr qilinmoqda.

Boshqa barcha davriy nashrlar singari “Ovozi tojik” ham hokimiyat fikri va g'oyasini aks ettiruvchi gazeta edi. O'sha paytdagi tizim va siyosiy o'zgarishlarga bog'liq ravishda hayotning sur'atini jamiyatdagi kayfiyat yo'nalishiga ko'ra yoritardi. Ammo gazeta nashr qilingan barcha davrlarda o'zbek va tojik xalqlari, hatto O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi do'stlik, birodarlikni targ'ib etish asosiy izchil yo'nalishlardan edi. Shubhasizki, sovet davridagi salkam yetmish yillik tarixida gazeta turli evrilishlarni boshdan kechirdi. Dastlab kichik hajmdagi bir sahifada bosilgan bo'lsa, 80-yillar oxirlariga kelib, haftada besh marotaba chop etiladigan, adadi ham ba'zi yillari 35 ming nusxaga yetadigan katta gazetaga aylandi.

Hozir gazeta mamlakat Yangi O'zbekiston nomini kasb etgan bir zamonda o'quvchilar qo'liga yetib bormoqda. Gazeta O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi nashri hisoblanadi. Jamiyat hayotining yangi davri va respublika rahbariyatining siyosati xalqning kayfiyatiga shunday o'zgarish olib kirdiki, buni so'z bilan ifodalash mushkul. Tabiiyki, xalqning kayfiyati va holati gazeta-jurnallar sahifalariga ko'chadi va birgalikda jamiyat hayotining suratini aks ettiradi.

Ayni shu gapni “Ovozi tojik” haqida ham aytish mumkin. Bularning barchasi nashrning kelgusidagi mavjudligiga ishonch va ilhom belgisidir. Respublikada yashayotgan turli xalqlar va elatlar uchun yaratilgan qulay muhit va munosib sharoit “Ovozi tojik” sahifalarida ham keng yoritiladi. Zero, gazeta mushtariylari va o'quvchilari ham ularning bir qismi bo'lib, bu muhitni o'z jonu tanlari bilan his qiladi.

Respublikamiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakat ichida va qo'shni mamlakatlarda millatlararo totuvlikni ta'minlashga doir uzoqni ko'zlagan va oqilona siyosati bunga zamin yaratgan.

Aytish kerakki, “Ovozi tojik” chiqa boshlaganidan toki shu kungacha tarixiy-madaniy va milliy mushtaraklik nuqtai nazaridan qo'shni va do'st Tojikiston bilan juda mustahkam va yaqin aloqalarga ega. Bizni yagona madaniy-adabiy muhit va boshqa ko'plab muhim qadriyatlar o'zaro bog'lab turadi. O'tgan yuz yil davomida gazeta sahifalarida birodar Tojikistondan maqola va rasmlar doimo berib borilgan va o'zining alohida o'rniga ega bo'lgan. Bugun ham ikki respublika munosabatlari, ikki yetakchi — Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi bilan yuksak va beqiyos ittifoqchilik, do'stlik darajasiga ko'tarildi.

Shu kunlarda “Ovozi tojik” o'zining 25 kishilik ijodiy jamoasi, 4 mingdan ortiq adadi bilan har bir mushtariy va muxlislar qalbiga ma'rifat, madaniyat, bilim va zakovat nurini taratib, bir asrga teng to'yini kelajakka ishonch bilan nishonlamoqda.

Bu qutlug' sana barchamizga muborak bo'lsin!

Tojiboy IKROMOV,

“Ovozi tojik” gazetasi

bosh muharriri o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 11 =