“Adabiy laylatul qadr”

10 aprel — Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun

 

Bilasiz, jadidlar el bolalarini o'qimishli qilish uchun yangi maktab yaratayotganda, yurt qaddini ko'tarmoq istab millat farzandlarini chet ellarga o'qishga yuborishganda, xalqni savodli qilish uchun gazeta-jurnallar chiqarishganda o'zlari va boylarni xayriya yumushlariga jalb qilganlar. Bugun ham shunday ishlar davom etyapti. Xususan, kuni kecha poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyida adib tavalludining 130 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan sarlavhadagi nom — “Adabiy Laylatul qadr” deya atalgan kecha shunday xayrli tadbir bo'lgani bilan esda qoldi.

Dastlab, uy-muzeyning shinam hovlisida keng jamoatchilik vakillari uchun “Zakovat” intellektual o'yini tashkil etildi. Bellashuvda adabiyot, san'at va boshqa soha vakillaridan iborat “Siz o'shamu?!”, “Asaxiy.uz”, “Zabarjad Media”, “Mushtum”, “Toshpo'lat tajang”, “Kuchli jurnalistlar”, “Beruniy izdoshlari”, “Sharqshunoslar”, “Katta o'yin”, “Julqunboy”, “Oyina.uz”, “Zakiy” jamoalari qatnashdi. Inchunin, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari — Ma'mura Zohidova, Sa'dulla Qur'onov, Mansur Jumayev, Dilmurod Do'st, Javlon Jovliyev va kamina “Julqunboy” jamoasi bo'lib o'yinda faol qatnashdik. Shaxsan ilk marta bunday zakovat bahsida qatnashayotgan edik. Boshqalar ham shunday edi, chog'i. Shuni hisobga olsak, 24 ta savoldan 8 tasiga to'g'ri javob berib, yomon natija ko'rsatmadik. Ba'zan to'g'ri javobimiz bo'la turib, noto'g'risini belgilab ham qo'ydik. Zakovatda bilim bilan birgalikda, mantiqiy fikrlash katta rol o'ynar ekan. Aslida aksar to'g'ri javoblar bizga berilgan tarqatma materiallarning ichida edi. Qolaversa, savollarning ko'pi Abdulla Qodiriy ijodi va u bilan bog'liq bo'ldi. Bu ijodiy bellashuvda qatnashgan ishtirokchilarga juda yoqdi, albatta.

“Zakovat” natijalariga ko'ra, “Zabarjad Media” ja­moasi 1-o'rinni, “Sharqshunoslar” jamoasi 2-o'rinni, “Siz o'shamu?!” jamoasi 3-o'rinni qo'lga kiritdi. G'olib va ishtirokchilarga homiylar tomonidan kitoblar va boshqa qimmatbaho sovg'alar berildi.

Abdulla Qodiriy ijod maktabi o'quvchilari tomonidan qo'yilgan sahna ko'rinishlari, yozuvchi ijodidan o'qilgan she'rlar, Qodiriy maktabi o'qituvchilari tomonidan adib she'rlari asosida aytilgan qo'shiqlar kechaga yanada mazmun bag'ishladi.

Shundan so'ng muzey fondini qo'llab-quvvatlash maqsadida xayriya auksioni o'tkazildi. Natijada 15 000 000 so'm mablag' to'plandi. Bu pullar muzey faoliyatini yanada yaxshilashga sarflanadi. Kim oshdi savdosiga qo'yilgan qimmatbaho kitob va san'at durdonalarining aksari sotib olingan xaridorlar tomonidan ularning istaklariga binoan yana muzey fondiga qaytarildi. Ushbu buyumlar tag­lavhasiga sovg'a qilgan kishining ismi-sharifi yozib qo'­yiladigan bo'ldi.

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi kutubxonasiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 100 ga yaqin kitoblari topshirildi. Kitoblarni muzey direktori Xondamir Qodiriy qabul qilib oldi.

Ushbu tadbirga Abdulla Qodiriy ijod maktabi va uy-muzeyi mezbonlik qildi. Inchunin, maktab direktori Hilola Nazirova bularning hammasiga bosh-qosh bo'ldi.

Shuni yana alohida aytish joizki, bugun 10 aprel o'zbek romanchiligining peshvosi, ulug' yozuvchi Abdulla Qodiriy tavalludiga 130 yil to'ldi.

Tadbir yakunida mehmonlarga iftor dasturxoni yozildi.

Fozil FARHOD

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − five =