Estrada xonandasi bo'lish osonmi?
Etmish yosh dovoni hazilakam emas, o'tgan yillarning quvonch-u tashvishlari bizni shu kunlarga yetkazdi, ko'ngilda qoniqish hissi uyg'onganidan shukurlar qilaman. Maktabdan so'ng oliy o'quv yurti ta'limi, sahnalarni zabt etish, tanlovlardagi hayajonlar va nihoyat, munosib shogirdlar chiqarish…
Shogirdlarim ba'zida: “Necha yildan beri kuylaysiz?” — deb so'rashadi. “Hali tilim chiqmay turib, ashula boshlaganman”, desam mubolag'a bo'lmas, chunki oilamizda har doim kuy-qo'shiq yangragan. Men esa kichkintoyligimda ularga jo'r bo'lishga harakat qilgan ekanman. Axir qush uyasida ko'rganini qiladi-da.
Menga ayrim yoshlar: “Estrada xonandasi bo'lish osonmi?” yoki “Qo'shiq aytishdan oldin tuxum yutasizmi?” deb qiziq savollar berishadi. Ularga javoban: “Yoqimli ishtaha”, deyman, xolos. Agar ovoz bo'lmasa, kuylash uchun yuzta tuxumning ham kuchi yetmaydi. Har qanday sohani egallashda oson yo'l axtarish yaramaydi, chunki u keyinchalik pala-partish ishlashga o'rganib qoladi. Estrada xonandaligida ham o'ziga yarasha qoida, talab va qonunlar bo'lib, ularni o'zlashtirish uchun ancha mashaqqat chekish lozim.
Ko'pincha xonandaning chiroyli kiyinishi, muxlislarning olqishlari ostida sahnaga chiqishi, qizil yo'lakchadan o'tishi yoshlarning havasini keltiradi. Lekin ular sahna ortidagi mashaqqatli mehnatni tasavvur qilolmaydi. Hatto qo'shiqchining sahnaga ko'tarilishi va o'zini risoladagiday tutishi ham oson emas. Tomosha zalida o'tirgan yuzlab odamlarning ko'z o'ngida kuylash nari tursin, hatto bir so'zni yoqimli ayta olish katta mas'uliyat talab qiladi. Men bir gal sahnaga chiqqan yosh xonanda hayajon zo'ridan yuzi qizarib sahnadan tushib ketganiga guvoh bo'lganman.
Bo'lajak estrada xonandasi faoliyati faqat harakatlar bilangina emas, balki tabiiy-fiziologik talablarga ham bog'liq. Ya'ni bu kasb ba'zi bir odatlarni, jumladan, tamaki chekish, spirtli ichimlik ichish, ayrim taomlarni iste'mol qilishni cheklashi mumkin.
Xonanda kuylayotganida gavdasini va hatto boshini to'g'ri tutishi muhim. Chunki bosh oldinga yo orqaga egilgan, chap yo o'ng tomon burilgan bo'lsa, ovozni siqib qo'yishi mumkin. Odatda, ovoz o'pkadagi dam orqali tepa tanglayga urilib, tashqariga chiqadi. Agar qo'shiqchi gavdasini nojoiz tutsa, ovoz bo'g'iq yoki xunuk eshitiladi.
Ustozim birinchi darsda mashqlarga o'tishdan oldin men bilan uzoq suhbatlashib, oldimga allaqancha talablar qo'ygan edi. Masalan, necha soat uxlashim, kun tartibim, qanday jismoniy mashqlar (faqat ovoz uchun emas) bajarishim kerakligini tushuntirgan. Hatto vokal darsidan necha soat ilgari tushlik qilishimgacha aytgan. Axir juda to'q qorin bilan qo'shiq aytib bo'lmaydi-da.
Ovoz, odatda, xonanda uyqudan uyg'onganidan keyin uch soat o'tgach ochiladi. Vaqti kelmay kuylash ovoz pardalariga ziyon keltirishi mumkin. Shu bois nahorgi oshda kuylaydigan xonandalarga qoyil qolaman. Ustoz ovozga zo'r bermay suhbatlashish va baqirmaslikni alohida uqtirgan.
Bo'lajak xonanda botiniy eshitish qobiliyatiga ega bo'lmasa, uning uchun sohaga yo'l yopiq deyavering, chunki bunday kamchilikni hech bir narsa, hech qanday mashq yo'li bilan to'g'rilab bo'lmaydi.
Qo'shiqchi-shogirdning hech bo'lmaganda kichik (bo'lsa ham) ovozi, usul, ritmni aniq seza olish qobiliyati bo'lsin. Aks holda, xonanda ovozi bilan sozanda chalayotgan kuy poyma-poy ketib, uyg'unlik yaralmaydi.
Yaratganning meni usta va mohir, sohaning sir-asrorini yaxshi bilgan ustoz Said-Azim Murodxonovga ro'para qilganiga shukur qilaman. U kishi shogirdlar bilan munosabatlarda sinchkov, g'amxo'r va ehtiyotkor edi. Pianino yordamida ovoz diapazonimni (daromad pardadan avj pardagacha bo'lgan oraliq) tekshirib, ovozimning qanday ekanini tasniflab (bariton yo tenor), so'ng shunga yarasha imkoniyatimni avaylab, asta pastki pardadan to yuqori (juda yuqorimas) pardalargacha olib chiqib, so'ngra yuqori pardadan yana pastki pardalarga yo'naltirardi.
Ustozim ovozimni yaxshilab sozlagandan so'nggina dars dasturidagi ashulani kuylashga o'tardik. U kishi o'qishning uchinchi yili o'tmagunicha mustaqil kuylashga ruxsat bermagan. Chunki shogird darsda o'zlashtirgan ko'nikmalarni yo'qotishi mumkin.
Har bir vokal sohasining ustozi shogirdning kuylashda qanday nafas olish va nafas chiqarish lozimligini obdan tushuntiradi, so'ng ijrosini sinchiklab tekshiradi. Chunki ovoz o'pka yordamida tashqariga chiqadi. Bunday ovozni ba'zan “qorin ovoz” deyishadi. Agar xonanda kuylayotganida nafas olish yo'li va usulini yaxshi o'zlashtirmagan bo'lsa, ovozi ichida qolib ketaveradi. Musiqa tarixidan ma'lumki, hatto ba'zi buyuk ijrochilar ovoz kuchining ellik foizigacha ichida qolib ketar ekan. Jumladan, Berkinboy Fayziyev, Jo'raxon Sultonov, Ma'murjon Uzoqov, Sattor Yarashev va boshqa ustozlarimizning ovozlari xuddi shunday kuchli ekanidan mikrofonning keragi bo'lmagan.
Bo'lajak estrada xonandasi milliy madaniyatimizni, jumladan, uning tarkibidagi musiqiy merosni o'rganishi, o'zlashtirishi kerak. Men uchun bolalikdan Jo'raxon Sultonov va Ma'murjon Uzoqovlarning kuylash usullari namuna bo'lib kelgan.
Birinchi ustozim otam — O'zbekiston xalq artisti G'anijon Toshmatov edi. Kasbimning ko'plab ko'nikmalarini ulardan olganman, milliy madaniyatimiz tarixini o'rganganman. Ularning maslahat va o'gitlaridan bugungi kungacha foydalanib kelaman. Jumladan, o'zbek xalq qo'shiqlaridan terma yasab, jaz orkestri jo'rligida ijro etganman.
Padari buzrukvorim institutni bitirmagunimgacha meni vokal-cholg'u ansamblda kuylashimga qarshi bo'lgan. Chunki ovozim hali yaxshi yetilmagan edi, ansamblga qatnashib, yuqori pardani olganda ovoz pardalarimga zarar yetkazishim mumkin ekanini tushuntirgan.
Odatda, yosh qo'shiqchilar o'z faoliyatini qaysidir hofizga ergashib, taqlid qilib, vaqti kelganida o'z yo'lini topadi. Yoshlik davrimizdagi tengdoshlarimning aksariyati, ularning orasida men ham, Botir Zokirovga o'xshab kuylashga harakat qilardik.
O'sha vaqtlarda estrada san'atiga yengil janr sifatida qaralib, jiddiy e'tibor berilmagan. Bugungi kunda yoshlarni estetik va axloqiy tarbiyalashda estrada san'atining ahamiyati munosib baholanib, uni rivojlantirish chora-tadbirlari ko'rilmoqda. Bunga birgina misol sifatida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti tashkil etilishini ko'rsatish kifoya. Men ushbu dargohda yoshlarga saboq berib, bilim va mahoratimni shogirdlarimga yetkazishga harakat qilayapman. Ularning har biriga diqqat-e'tibor bilan qarayman. Yoshlarning ovoz pardalari o'ta nozik bo'lgani sababli ozgina nojoiz tarbiya ularning kelajagiga zarar yetkazishi hech gap emas.
Albatta, shogirdlarimning muvaffaqiyati meni quvontirmay qo'ymaydi. Sobiq shogirdlarimning aksariyati hozir turli o'quv maskanlarida yoshlarga saboq berishmoqda. Jumladan, iste'dodli shogirdim Sevara To'lanova Chexiyaning Praga shahrida o'tkazilgan “Diamond voice” xalqaro ko'rik-tanlovida gran-pri, Qozog'istonning Astana shahrida bo'lgan Roza Baglanova nomidagi xalqaro ko'rik-tanlovda uchinchi o'rin, Belarusning Vitebsk shahrida, xalqaro “Slavyanskiy bazar” festivalida maxsus mukofot, Botir Zokirov nomidagi Respublika ko'rik-tanlovida birinchi o'rin sohibi bo'ldi. Eng muhimi, uning Yurtboshimizning qo'lidan “Kelajak bunyodkori” medalini olishga sazovor bo'lgani g'oyat quvontirdi.
Hozir yana bir necha shogirdlarimni xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda ishtirok etishga tayyorlayapman.
Mansur TOShMATOV,
O'zbekiston xalq artisti,
O'zbekiston davlat filarmoniyasi
jaz orkestrining badiiy rahbari.