“Suratlar – mening hayotim, kundaligim”

O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O'zbekiston xalq rassomi Akmal Nur bilan suhbat

Iste'dodli rassom, rangtasvir ustasi Akmal Nur 1959 yil 27 fevralda Namanganda tug'ilgan. U O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O'zbekiston xalq rassomi,“Fidokorona xizmatlari uchun”, Yaponiya imperatorining “Chiqayotgan quyosh” ordeni sohibi hisoblanadi. 2022 yildan shu kunga qadar O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning “Ichimdagi ichimdadir”, “Layli va Majnun”, “Boshlanish” asarlari mashhur.— Eng avval, ijodkorlik to'g'risida savol bilan yuzlanmoqchiman: suratlarning tilga kirishi, unga qaragan odam bir asarni o'qigandek bo'lishi, tasavvur olami kengayishi uchun ijodkordan nima talab etiladi? Rassom bo'lib shakllanishda inson nimalarga e'tibor berishi kerak?

Boshlanish. 2023

— Ikki karra ikki to'rt aniq-tiniq misol kabi yechim bo'lganida, rassomchilik sohasida ta'lim olgan ko'plab talabalarimiz, tasviriy ijodga ozroq qiziqqan odamlar ham  katta rassom bo'lib ketar edi. Ming afsuski, “Mana shunday yo'l tutsa, shu ishlarni qilsa, rassom o'z tomoshabiniga ega bo'ladi”, degan aniq qonun yo'q.

Bu — his-tuyg'ular dunyosi. Shuning uchun rassom o'zini aldamagan holda matoga ko'ngil bitiklarini tushirishi, aniqrog'i, bitishi kerak. Tomoshabin esa ko'ngildan chiqqan asarnigina ko'ngil ko'zi bilan o'qiy oladi. Bugun jamiyatning har bir a'zosida turli sabablar bilan katta-katta muammolari, dardlari, aytolmagan gaplari, tugatolmagan va oxiri yo'q ishlari bor. Shularga yechim bera oladigan, dardlariga malham bo'la oladigan asar yaratish, taqdim etish kerak. Imkon qadar tomoshabinni noreal yoki xayoliy, ilohiy dunyoga olib kirish kerak. Shundagina tomoshabin asarda yashaydi, uni tushunadi, oz bo'lsa-da taskin topadi. Natijada ijodkor va tomoshabin o'rtasidagi muloqot yuzaga keladi.

— Rassomchilik Siz uchun, bir ifoda bilan bildirganda, nima? Kasbmi, ko'ngil ishimi yoki boshqa?

— Bunga aniq javob berish qiyin. Chunki rassomchilik mening hayot tarzimga aylanib qolgan. Men usiz yasholmayman, desam, juda ham mubolag'a bo'lar-u, shunga o'xshash bir holat… Balki, inson ijod qilmay ham yashar, lekin qiynalib, bo'g'ilib yashasa kerak deb o'ylayman. Shoirni olsak, ko'ngliga kelgan satrlarni qog'ozga tushirolmasa, qo'li kesilgandek bo'ladi. Shu kabi rassom ham chizmasa tura olmaydigan bo'lib qoladi. Suratlar — ko'ngil bitiklari, xayoldan o'tayotgan, o'zi ko'rmoqchi bo'lgan hayot ifodasi. Rassomchilikni kasb deyish ham biroz xato, nazarimda. U ko'ngil ishi, Allohdan berilgan dard va kislorod. Usiz nafas ololmaysiz, yashay olmaysiz.

— Ijodkor uchun yaratgan har bir asari farzandidek qadrli. Siz uchun shu “farzand”laringizdan qay biri sevimliroq?

— Eng og'riqli savol. Chunki badiiy asar — u she'r bo'ladimi, proza bo'ladimi, ijodkorning farzandi. Ma'lum yillar xuddi ona farzandini to'qqiz oy ko'tarib yurib, niyatlar qilib, azoblar bilan dunyoga keltirgani kabi holatlardan o'tib, asar yaratiladi. Men bozorchi rassomlar haqida aytmayapman. Ularni yomonlash niyatim ham yo'q, tirikchilik qilishyapti. Yozuvchi-shoirlar ko'ngil bitiklarini yozib qo'yishadi va yozganlari doim ular bilan birga yashaydi. Lekin rassom uchun qiyin, chunki u yaratgan asarlarning egasi boshqa bo'ladi. Muzeylarda tursa mayli, lekin ko'plab shaxsiy kolleksiyalarda qanday sharoitga tushishi, taqdiri nima bo'lishi noma'lum. U sizning yurak qo'ringiz mahsuli axir. Ammo u kimning qo'liga tushadi, bir puldor odammi yoki olibsotarningmi? Shu o'ylar sabab rassom farzandi bilan judayam-judayam qiynalib vidolashadi. Menimcha, farzandlarim kabi aziz asarlarimni juda yaxshi ko'rsam kerak, ular qing'ir-qiyshiqmi, xirami, juda zo'r chiqmaganmi, ular baribir men uchun qadrli, mening ma'lum lahzalardagi ko'ngil holatlarim ifodasi. Ko'nglimga nima kelsa, chizaman. Suratlar mening hayotim, bosib o'tgan davrlarim, kundaligim.

— Ijodingizda muhabbat yetakchi o'rinda turadi. “Oqdevor oshiqlari”, “Muhabbat daryosi”, “Muhabbat olmasi”, “Muhabbat rishtasi” kabi. Yoshlik, ilk muhabbat, sevgi armonlari haqida so'zlab bersangiz. Axir ijodkor o'z asarida o'zining dunyosini ifodalaydi. Muhabbat siz uchun, sizning ijodingiz uchun qanchalik muhim?

Ichimdagi ichimdadir. 2024

— Timur Zulfiqorovning “Xo'ja Nasriddin” kitobidagi menga yoqqan bir misra yillar o'tgan sari yodimda takrorlanaveradi:

Jannatda qor yog'di,

Do'zaxda bahor.

Ko'p takror aytib yuraman, asarlarimda ham murojaat qilaman. Hozirgi kunda ham qilayotgan ishlarim Odam Ato va Momo Havoga bag'ishlangan. Qachonlardir biz muhabbat, ko'ngil istaklari  sabab jannatni tark etdik. Juft bo'lib yashashni jannatdan afzal bildik. Ya'ni go'zal makonni muammolarga to'la hayotga, yerga almashdik. Almashishga almashdig-u, lekin qachonlardir hamma narsadan ustun qo'ygan muhabbatning qadrini ham yo'qotdik. Odam Ato va Momo Havoning jannatdan quvilishiga sababchi maxluqlar bo'lgan ekan. Jannatning go'zal qushi bo'lgan tovus ularni hech kim ko'rmasin deb berkitib turgan ekan. Ilon esa ularni o'zining xunuk ovozi bilan da'vat qilgan ekan. Hozir shularni ifoda qiluvchi asarlar ustida ishlayapman. Maktab paytlarimizda Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, Sherali Jo'rayev tomonidan qo'shiq qilingan satrlarni yod aytardik:

Dunyo degan shundayin

                                anglab bo'lmas sir ekan,

Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan.

Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan…

…Seni eslab yig'layman,

                                     birinchi muhabbatim,

Eslab bag'rim tig'layman,

                                      birinchi muhabbatim…

Kolleksiyamdagi “Oq devor oshiqlari” nomli asar bu — mening yoshlik davrim, o'tmishim. Men g'alatiroq odam bo'lsam kerak, deyman. Istarasi issiq, chiroyli kimniki ko'rsam, yaxshi ko'rib qolaverardim va orqasidan ketardim. Muhabbat kichkina narsa emas, u ilohiy bir his. Ba'zida o'sha davrdagi muhabbatimni bugungi yoshlar muhabbatiga solishtiraman. Husnixat bilan, bexato, chiroyli xatlar yozar edik. Hozir shifokorlarni qarang, tushunmasin deb yozadimi? Yozuvi bir ahvol. Yoki bo'lmasa ishxonada ba'zida tashkilotlardan muhim hujjatlar keladi — yigirmatalab xato. O'sha paytlar she'r, muhabbat haqidagi kitoblarni o'qir edik. O'sha davrdagi muhabbatimizda sof, bokira hislar bor edi. Islom dinimizda go'zal narsalar bor. Nikoh paytida yigit va'da beradi: “Nikohimga olayotgan qizni baxtli qilaman, kelajagini ta'minlayman, chiroyli oila boshi bo'laman”, deb. Hozirda bularga ko'p hollarda hech qanday amal qilinmayapti, og'izdagina aytiladi, xolos. Muhabbatning qadri oyoqosti qilinayotgan davrda yashayapmiz. Navoiy hazratlarining “Layli va Majnun” dostonini oling, nega Majnun boshini olib cho'lga chiqib ketadi? Layliga uylansa bo'lmasmidi? Buning iloji bor edi-ku. Yo'q, u Layliga bo'lgan sof muhabbatni, ilohiy holatni saqlab, shunday hayotda yashashni afzal ko'rdi. Cho'lda sherdan qushlargacha uning dardiga dardkash bo'ldi. Biz mana shu ilohiy va pok his-tuyg'ularni yo'qotib qo'ydik. Bir og'iz “Sizni sevaman” degan so'zga jur'at topa olmay qancha qiynalar edik. Bu so'zning salobatini, muhimligini, so'zni aytgandan so'ng uning ortidagi vazifalarni his qilardik. Hozir his-tuyg'usiz otilgan o'qdek aytiladi, yana qaytiladi. Muhabbat olamida pragmatik dunyo yo'q. Ikki karra ikki to'rt bo'lmaydi. Hisob-kitob kerak emas. Sevgan inson ikkinchi tomonning kelib chiqishi, mansabi, iqtisodiy tomoni, tashqi ko'rinishi  uchun sevmaydi. Bugun sevgi ham hisobli. Ota-onasi, yasama chiroyi, boyligi uchun. Muhabbat haqidagi asarlarimda o'sha pok, beg'ubor, yosh davrlarimni eslayman. Yaxshi ham insonda yoshlik bor.

— “Ichimdagi ichimdadir” nomli ko'rgazmangizda “ichimda qarama-qarshilik bor” degan ekansiz. Sir bo'lmasa, sizni qalbdagi qanday qarama-qarshiliklar qiynaydi?

— Men osmon bilan yerning orasida edim. Ijod va ilhom. Mehnat va uning natijasi, ya'niki, quvonch ko'zyoshi. Taqdir taqozosi bilan bir kun ichida oyog'imdan tortib yerga tushirib qo'yishdi. Qanday deysizmi? Badiiy akademiyaga rais bo'ldim. O'sha kunlarda bu yerdagi hayotni tom ustidagi ustaxonamda turib naqadar go'zal, munosabatlarni esa a'lo deb tasavvur qilar edim. Reallikda esa… Yerga tushdim-u, odamzodning qanchalik botqoqlikka botib ketayotganini ko'rdim. Tobora… tobora yaxshi emasdek. Shu ketishda qilayotgan ishlarimiz, niyatlarimiz ham yo'nalish olib, nafsga qul bo'lib boraverar ekan, tubanlikning tubiga tushaveramiz. Har sabablar bilan, ba'zida ayta oladigan, ba'zida ayta olmaydigan tug'yonlarim bor. Bir tomondan qalbim “ayt”, deydi, bir tomondan “aytma”. Nima qilasan aytib dushman orttirib, baribir foydasi yo'q, deydi. Bu — ikkinchi men. “Ichimdagi ichimdadir” mening ham. Bir masalaga doim ikkita javob olaman va “qaysi biri to'g'ri?” deb bosh qotiraman. Ular doim bir-biri bilan to'qnashadi. Shu sabab ko'ngil og'rig'i bilan chizgan suratimda oq va qora ikki ho'kizning to'qnashib turganini tasvirlaganman. Birining ichi qora, tanasi tasviri ichida turli yirtqich, yomonlikka chaqiradigan hayvonlar bor. Axir ko'p odamlarni ko'rdim… Ulardan qochib yashagim keladi. Ulardagi bunday ulkan vajohat, nafs meni tashvishga soladi. Afsus qilaman, menda ham ozroq bor bular. Ulardan qo'rqaman. Oq tomonidagi tasvirlar esa oddiy bir rassom holati: oddiy bir oshiq, hayotni, odamlarni sevgan chog'im. Ikkisi ruhimda doim olishadi. Bundan azob chekaman. Men uchun eng azoblisi — ko'nglimdagi gapni ayta olmasligim, bugun rahbar bo'la turib qilmoqchi bo'lgan ishlarimni amalga oshirolmasligim. Yana to'laqonli ijod bilan shug'ullana olmasligim. Xayrli va katta ishlar boshlab qo'yganman, ko'ksimda esa ijod g'alayon qiladi. Boshlaganlarimni davom ettira oladigan odam topsam, deyman…

Hamma ham sizni kasb nuqtai nazaridan kelib chiqib tushunavermaydi. Gadoning dushmani gado bo'ladi. Siz qanchalik yuqoriga ko'tarilsangiz, kim ekanligingizni boshqalar biladi. Mavqeingiz pasaysa, do'stlaringizni bilar ekansiz. Hayotning shu kabi maktablari bo'lar ekan. Men bu maktablarning har kunlik yangi talabasiman. Rahbar sifatida tushundimki, aslida, men katta bir karvonning karvonboshisiman. Uning qay tomonga borishi o'zimga bog'liq. Lekin bu yo'lda juda ko'p to'siqlarga duch kelar ekansan. Yo'ldan chiqadigan va yo'lda qoladigan hamrohlarga duch kelaman. Bu doim meni chegarada bo'lishimga, fikr qilishimga, harakatda bo'lishimga majbur qiladi. Buning uchun ularga “rahmat” degan bo'lar edim.

— Rassomlikdan rahbar lavozimiga kelgunga qadar nimalarni yo'qotdingiz, nimalarni topdingiz? Odamlar orasida “yuqori lavozimga chiqqan kishining “do'stlari” ko'payadi”, deyishadi.

— To'g'ri aytasiz, “do'stlar”, “tanishlar” ko'paydi. Hammasi ham yomon emas, orasida yaxshi, men hurmat qilganlarim bor. Ko'p insonlar bilan tanishdim, ulardan ko'p narsa o'rgandim. Lekin do'stlarimni ham yo'qotdim. Yo'qotishimga ular emas, o'zim, egallab turgan lavozimim sabab bo'ldi. Chunki endi ular bilan ko'rishishga imkonim yo'q. Lekin laganbardorlar juda ko'p bo'lar ekan. Hozir undaylarni pista chaqqanday oson bilaman. Manman, kibrli odamlar bezdiradi. Ular bilan bir-ikki pog'ona pastda turib gaplashsamgina gapimiz kelishadi. Nainki gaplari, ishoralarida ham “men sendan ustunman” degan ifodani uqtirishadi. Mayli-da, pastroqda turaman, shunda masalaga to'g'ri yechim qila olamiz (kulib).

— Yosh iste'dodlarni yuzaga chiqarishda Badiiy akademiya tomonidan qanday loyihalar tashkil etilmoqda?

— Hozirgi kunda Badiiy akademiyaning ikki qavatida amaliyot xonalari tashkil etilgan. Bilasizki, rassom oliy ta'limni bitirgandan so'ng unga oyoqqa turib olishi uchun o'zining ustida ishlashiga ustaxona kerak bo'ladi. Shu narsalarni e'tiborga olib, qachonlardir yaxshi natija bergan sharoitni qayta tikladik. Yoshlar ichidan o'nlab iqtidorli yoshlarni imtihon orqali tanlab olamiz va hamma sharoitlarga ega ustaxonalar, ish haqi bilan ta'minlaymiz. Yoshlar faqat ijodni o'ylashi kerak. Bundan tashqari, rassom ijodiy safarlar orqali dunyoga chiqishi kerak. Akademiya bu borada turli safarlar tashkil qilmoqda. Yaqinda uchta rassom Janubiy Koreyada, o'nga yaqini esa Xitoyda, beshtasi Qirg'izistonda ko'rgazmalar tashkil qilishdi. Bundan tashqari, har birining akademiya tomonidan shaxsiy ko'rgazmalari tashkil etiladi. Bu yosh rassom uchun maktab va o'z yo'lini topishida ko'mak bo'ladi.

— Badiiy san'at sohasida yana qanday kamchiliklar, muammolar bor?

— O'zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti, P. Benkov nomidagi  ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi, ixtisoslashgan san'at maktablariga javob beradi. Bular barcha viloyatlarda bor. Ko'plarini rekonstruksiya qildik, boshqa joyga ko'chirdik, yangidan qurdik. Yaqin orada Toshkent viloyati Nurafshon shahrida san'at maktabimiz ochilishi kerak. Endi ulg'ayib kelayotgan o'smir yoshlarga kelsak, maktabdagi o'quvchilar iste'dodli, ulardan ko'nglim to'q. Oliy bilimgoh masalasida esa, ochig'i, ahvol yaxshi emas. Ochiq aytaman, oliy ta'lim muassasasini bu sohadan uzoq rahbarlar boshqaradi. Xusumatim yo'q, shunchaki haqiqatni aytaman, ular soha odamlari emas. Bu sohaning o'ziga yarasha muammolari, qiyinchiliklari bor. Biz O'zbekiston tasviriy san'ati, xalq amaliy san'atining kelajagini ta'minlab beruvchi yoshlarni tarbiyalashimiz kerak. Bir yoqda kirish imtihonlari paytida bo'lajak talabadan onlayn hujjatlar talab qilinadi, imtihonlar esa hamon test tizimida. Men bunga qarshiman. Uning o'rniga talabadan o'zi qo'li bilan chizgan rasmlarini qabul qilishimiz va surat chizish amaliy imtihonini joriy etishimiz kerak. Universitetda olib kelingan rasmni bittada o'zi chizganmi-yo'qmi, bilib ayta oladigan ustozlar bor. Lekin biz shu kunda, kerak bo'lsa, qassoblarni qabul qilishga majburmiz. Shuning uchun biz, ming afsuski, ko'proq rassom emas, haydovchi, sotuvchi yetishtirib chiqaryapmiz. Sohaga ijodga yaqin bo'lmagan odamlar aralashar ekan, bu daraxtdan meva ololmaymiz. Bugun oliy o'quv dargohlarida bakalavr, magistraturaga qabul jarayonida til bilish sertifikati so'raladi. Lekin bizning sohada til bilish muhim emas, chindan ham shunday. Butun dunyo rassomlari bir-birining tilini tushunadi, qizig'i, surat ixlosmandlari ham… Afsuski, yaxshi rassom maktabi bergan attestat bilan qolib ketyapti, mutaxassis bo'lolmayapti, chunki u til bilishga layoqatli emas…

— Rassom uchun uning ijodiy hayotida badiiy adabiyotning o'rni qanday? Shaxsan o'zingiz qaysi adabiyot vakillarining asarlarini mutolaa qilasiz?

— Avvalo, har bir rassom tarixni yaxshi bilishi, tarixiy asarlar o'qishi kerak. Jahon va o'zbek durdona asarlarini mutolaa qilishi kerak. Afsuski, mutolaa madaniyati yo'qolib bormoqda. Telefon, ijtimoiy tarmoqqa asir bo'lib qoldik. Kitob bilan telefon hech qachon tenglasha olmaydi. Kitobdagi ijobiy ta'sirni telefonda ololmaysiz. Bo'sh vaqtim bo'lsa, kitob o'qiyman. Oxirgi paytlarda Chingiz Aytmatov asarlariga qayta-qayta murojaat qilyapman. Chunki yozuvchida hayotga, odamlarga nisbatan chuqur mushohadalar bor. Shavkat Rahmon, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Iqbol Mirzo,  Farida Afro'z, Zebo Mirzo she'rlarini o'qiyman. Ular mening ishlashimga turtki beradi, holat uzatadi. Bir paytlari ularni ijodiy ustaxonaga chaqirib, to'plardim. U davrlarni juda qo'msayman. Kimdir she'r o'qirdi, qo'shiqchi do'stlarimiz yangi qo'shig'ini kuylardi. Boshqa soha vakillari ham kelar edi. Maqsad esa san'at edi. Vaqtim kamaygani sabablimi, bu go'zal dunyomizni yo'qotib qo'ydim. Ular ham yo'qotishgan bo'lsa kerak. Vaqti kelib bu davrani qaytarish niyatidaman. Ulug' shoirlardan Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar bilan ko'p suhbatlashganmiz. Abdulla aka umrining oxirgi yillarida ayollari aravachada poliklinikaga olib kelganlarida uchrashib qolgandik, o'shanda menga bir gap aytgan edilar: “Akmaljon, xalq sizni ijodkor sifatida biladi. Oxirigacha shunday bo'lib qoling. Qolgan narsalar sizga vafo qilmaydi”, degan edilar. Shu paytda yonimizga taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov kelib: “Abdulla akangiz to'g'ri aytyaptilar, Akmaljon. Mana, bir necha kundan beri yotibman. Hech kimga keragim yo'q”, dedilar. Shunday odamlar tirikligida qadriga biz yetdik, goho yo'q. Ko'plarimiz doim poezd o'tib ketgandan keyin nog'ora qoqamiz. Tirikligida e'tibor bermaymiz, mashhurligini, daholigini ayta olmaymiz

— Yuqorida aytganimizdek, rahbarlik sabab, istaysizmi-yo'qmi, badiiy ijodga vaqtingizning barini sarf qilolmaysiz. Ilhom kelgan vaqtda Siz majlisda bo'lib qolishingiz ham mumkin. Tabiiyki, o'zingizni cheklaysiz. Bu holatda sizga nima tasalli beradi? Ilhomni jilovlay olasizmi?

— Rahbarlarimiz meni kechirishsin. Agar yig'ilishlarda surat chizgim kelsa, o'sha yerda chizaman. Chizmasam bo'lmaydi. Bo'lmasa, chiqib ketishim kerak. Bu noto'g'ri tuyular, hurmatsizlikdir. Ammo men hammani hurmat qilaman. Chindan. Nima qilay, men rassomman. Chinovnik emas.

— O'n uch yil avvalgi mashhur rassom va bugun katta bir rahbar. O'rtada farq ham juda katta, albatta. Shunday emasmi?

— Ha, farq juda katta. Hozirda esa dunyoning boshqa tomonlarini ko'rishga ham to'g'ri kelayapti. Kimgadir yo'q deyishimga to'g'ri kelayapti. Men o'zimda to'laqonli ijodkorni sezmayapman. Ijodni butkul to'xtatmadim, lekin bu kam. Ijodkor hamma narsadan xoli bo'lishi kerak. Shuning uchun ham rassomlarimiz darveshsifat hayot kechirishadi. Lekin bugun suratlar maydoniga hozirgi rassomlarimizning o'zlaridan oldin “men”lari, nafslari kirib keladi. Iqtisodiy mukammallikni birinchi darajada qadrlashadi. Mashhurlikka, unvonlarga ruju qo'yishgan. Qarang, unvonim bor (boshini ko'rsatib), shoxim yo'q. Jahon ko'rgazmalariga boring, unvoningizga qarab emas, qilgan ishingizga qarab baho berishadi. Diplomingiz qizilmi, ko'kmi, qiziq emas. Biz esa shu narsalarga qulmiz. Go'yo qizil diplom olsa, kelajakda buyuk rassom bo'lib qoladigandek. Diplom, unvoningiz bo'lmasin, xalq nazarida bo'ling. Xalq nazari Nobeldan ham katta yutuq, unga erishish esa qiyin ekan. Nazardan qolmaylik.

— Bir ko'rgazmangiz nomini “Men ko'ngil ekologiyasi bilan shug'ullanaman” deb nomlagan edingiz. Buni qanchalik bajardim deb o'ylaysiz?

— Yo'ldaman. Bajarish yo'lidaman. Bu ish bilan bir umr shug'ullanishni istayman. Chunki men o'zimning ko'nglimdan uzoqqa keta olmayman. Buyurtma uchun asar yarata olmayman. Ko'nglimda yo'q narsani yarata olmayman. Balki, telbadirmiz. Telbaligimiz sabab rassom bo'lgandirmiz. Qat'iy tartibda, rejali yurgan odam rassom bo'la olmaydi. Ba'zida bir tomonga ketadigan xayolimiz bor, o'shandagina ko'rgan odamni o'ziga tortib oladigan, ko'ngil ko'zi ko'radigan asar yaratiladi. Aytishadi-ku: “Ko'zni yumgil, ko'zga aylansin ko'ngil”.

— Shogirdlaringiz haqida gapirsangiz. Yana bir savol: qaysi shogirdingizni “Bu mendan ham yaxshi rassom bo'lib yetishadi”, deb ayta olasiz?

— Mana bu qiz, mana bu yigit “mening shogirdim” deb aytolmayman. Chunki o'sha yosh rassom “bu mening ustozim” deyishi kerak. Agar u rostakamiga mening ijodimdan nimadir olgan bo'lsa. Rahim Ahmedov,  Nig'mat Qo'ziboyev, Vladimir Ivanich Burmakin, Peruv, Taldikin, Bahodir Jalolov, Shuhrat Abdurashidov — ustozlar, dunyo miqyosida esa Rafael Santi, Sandra Batichelli, Mikolanjelo, Rene Magrit. Ularning qo'lida o'qimagan bo'lsak ham, o'zimga ustoz deb bilaman. Chunki ko'p o'rganganman. Lekin hech kimni shogirdim deya olmayman. Agar kimdir mendan nimadir o'rgangan bo'lsa, unda uni eshitish kerak.

— “Hurriyat” gazetasiga tilaklaringiz…

— Avvalambor, Ibrohim G'afurov, Abdulla A'zam bilan suhbatlar qilib juda to'g'ri yo'lni tanlabsizlar. Chunki, zamonamiz odamlari mana shunday ulug'larimizni, ularning fikrlarini bilishi kerak. Shunday suhbatlar yoshlar uchun juda foydali manba bo'la oladi. Bu uchun “Hurriyat”ga  rahmat aytaman. Nafaqat gazetamizda, balki hayotimizda “Hurriyat” umrboqiy bo'lishini istab qolar edim.

Suhbatdosh: Gulnora Shermatova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 2 =