“Jurnalistlik toşi juda oğir, noni ğoyat qattiq…”
Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist, ÖzA Boş direktori,
senator Abdusaid KÖÇIMOV bilan suhbat
Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi tomonidan navbatdagi yangi loyiha — “Ustozlar nima deydi?” dasturini doimiy ravişda tayyorlaş yölga qöyilganidan yaxşi xabardorsiz.
Uşbu loyiha orqali ommaviy axborot vositalarida uzoq yillardan beri faoliyat olib borayotgan, şuningdek, ayni kunda keksalik gaştini surayotgan ustoz jurnalistlarning tajribalari, hayot va ijod yöli bilan media soha vakillarini, jamoatçilikni taniştiriş, milliy jurnalistikamizning bugungi holati, uning rivoji yölida amalga oşirilayotgan işlar, sohamizga oid dolzarb masalalar xususida fikr almaşişni yölga qöyiş közda tutilgan.
Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist, Özbekiston Milliy axborot agentligi (ÖzA) Boş direktori, senator Abdusaid KÖÇIMOV “Ustozlar nima deydi?” dasturining galdagi mehmoni böldi. Quyida ayrim juzʼiy qisqartirişlar bilan uşbu suhbat matni bilan tanişişingiz mumkin.
— Abdusaid aka, yarim asrdan köproq faoliyati jurnalistika bilan boğliq va mehnatlari eʼtirof etilgan ijodkor sifatida fikringizni bayon etsangiz: jurnalistning asosiy quroli nima va jurnalist qalamining kuçi qanday namoyon böladi?
— Buni xuşomad deb hisoblamaysizlar. Avvalo, Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi “Ustozlar nima deydi?” loyihasini taşkil etgani uçun alohida minnatdorlik bildirmoqçiman. Sababini izohlasam, xalqimizning juda ibratli, hikmatli maqollaridan birida: “Bola — loy, ustoz — kulol”, deyiladi. Bu — ustozu şogirdlikning juda mos ramziy ifodasi. Qaçon ustoz-şogirdlik deymiz? Qaçonki ustoz-şogirdlik yaxşi yölga qöyilsa, ustozlarning tafakkur çaşmalaridan, bosib ötgan yöllaridan, orttirgan yaxşi tajribalardan yoşlar ham bahramand bölsalar, öşa sohada nimadir ijobiy özgarişlar böladi. Bu — haqiqiy ustoz-şogirdlikning mevasi.
Mana şu maʼnoda “Ustozlar nima deydi?” mavzui atrofidagi suhbat, fikrimça, nafaqat yoşlarga, balki örta va hatto keksaroq yoşdagilar, jurnalistlaru ijodkorlarga, tomoşabinlarga ham foydasi tegadi.
Endi savolingizga kelsak. Bugun juda köp masalalarda dunyo bilan böylaşiş yölidan boryapmiz. Bu kimdandir özib ketiş, kimnidir mensimaslik yoki kimlargadir özimizni köz-köz qiliş degani emas. Çunki odam, avvalo, özini, yonidagilarni tanişi va özi yaxşi yaşaşi uçun, Vataniyu oilasi tinç, obod bölişi uçun harakat qiladi. Jurnalist, ayniqsa, özidan oldingi ustozlar ögitlaridan töğri xulosa çiqargandagina darsliklarda, kitoblarda, darslarda aytilmagan, yozilmagan fikrlarni, hayotiy voqealarni anglab tahliliy fikr yuritadi.
Yana bir muhim gap: ota-bobolarimiz hamişa yoşlarga bağrikenglik bilan ğamxörlik qilgan. “Katta arava qayerga yursa, kiçkinasi ham şu yerga yuradi”, deb bejiz aytilmagan.
Yaʼni, yoş avlod özidan uluğlardan ibrat oladi. Aytişadi-ku: “Igna qayerga yursa, ip orqasidan yuradi”. Dunyo axborot vositalari nihoyatda rivojlanib, internet saytlari birinçi darajaga çiqib ketgan bugungi kunda yozma ommaviy axborot vositalari bilan elektron ommaviy axborot vositalari örtasida yaxşi maʼnodagi ijodiy raqobat kuçaydi. Mana şunday şaroitda yozma uçun ham, elektron uçun ham ustozlar ibrati, tajribasi muhim rol öynayapti va şunday bölişi kerak, deb öylaymiz.
“Elektron vositalar birinçi darajaga çiqib, yozma ommaviy axborot vositalari ölyapti” yoki “ulardan qaysi biri qoladi?” degan munozaralar tinçigani yöq, davom etişi tabiiy. Maʼlumotlarga köra, VIII asrda Xitoyda birinçi marta gazeta taşkil qilinib, imperatorning farmonlari, muhim qarorlari qoğoz örniga taxtalarga öyib yozilib ommaga yetkazilgan ekan. Undan keyin radio, söngra televizor kaşf qilindi, teatr paydo böldi… Bugungi kunda elektron ommaviy axborot vositalari gullab-yaşnamoqda. Endi yuqoridagi savolning javobiga kelsak, bugun elektron ommaviy axborot vositalari özidan ön uç asr oldingi “ajdodi”ning örnini oliş, öz faoliyatini yanada gullatib yaşnatiş uçun kuraşyapti. Lekin radio paydo bölganda gazeta yöqolmadi, televizor gazetaga örnini böşatib bergani yöq. Kinolar va hokazolar paydo böldi, ammo gazetaning örniyu ahamiyati zarraça kamaymadi, bugun ham şunday. Demoqçimanki, inson tafakkuri hamişa hamma narsaga qiziqiş bilan qaraydi. Muhimi, mana şu ikkita tölqin örtasidagi voqealar mohiyatini ilğab oliş; bu esa har bir qabul qiluvçi, yaʼni, isteʼmolçining qalbiga, tafakkuriga, dunyoqaraşiga boğliq böladi.
Bugun körib-bilib turibmiz, yozma vositalardan yoşlarimiz ançagina çetlaşayotganday. Bundan ajablanmaslik kerak. Sababi, özimiz ham dunyoda bölayotgan voqealar bilan hammadan oldinroq tanişişni, körişni va munosabat bildirişni istaymiz. Şu maʼnoda elektron ommaviy axborot vositalari çin maʼnoda özimizga, turmuşimizga har jihatdan yordami tegadigan, kerak böladigan, xullas, hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Köplar bir-biriga: “Keçqurun ham telefonni quçoqlab yotsang kerak”, — deb hazillaşadi. Bu ham tabiiy, mohiyatida hayotiy zaruratlar bor. Sababi telefonda, yaʼni internetda nafaqat bugungi dunyo voqealari, balki tarix ham, uluğ faylasuflar, olimu ulamolar hayoti bilan boğliq maʼlumotlar ham jamuljam. Biz undan istagan paytda istagan joyda foydalana olamiz. Lekin masalaning ikkinçi jihati borki, hamma narsa, hatto asal ham meʼyorida tanovul qilingani yaxşi, ortiği zarardir.
“Xöp, şunaqa ekan, yozma matbuot yaşab qolişi uçun nima qiliş kerak? Yaşab qoladimi?” degan savolni imkonimiz qadar tahlil qiladigan bölsak, yozma matbuot bir ming uç yuz yildan buyon yaşab kelayotgan ekan, demak, bundan keyin ham neça ming yillar davomida yaşaydi. Lekin buning uçun har bir qalamkaş, har bir jurnalist qalami, fikri, aql-iqtidori bilan uning umriga umr qöşişi kerak.
“Gazetalarda şu maqsad qay darajada amalga oşyapti?” degan savol bilan amaliyotga yuzlansak, bosma naşrlar bugungi kun talablaridan orqada qolmoqda. Yaʼni, köp gazetalarimizda, asosan, bölib ötgan voqealarni ixçam, anʼanaviy sayoz şarhlaş, hatto voqealar şöro zamonidan qolgan usulda yozilgani kuzatiladi. Gazeta tili degan bir yozuv odamni bezdiradi. Unda ona tilimizning xuşböy nafaslari, gözal şaklu şamoyili, betakror ohanglari sezilmaydi. Bir qop puç yonğoqdek şaqir-şuqur qiladi, lekin çaqib körsangiz, içi böm-böş… Ona tilimizni asraş, qadru nufuzini oşirişga xizmat qiladigan manbalardan bittasi yozma matbuot bölişi; voqelikning içiga, ildiziga kirib, uning barça nuqtalarini batafsil, dunyoning boşqa voqealariga taqqoslab tahlil qilib berişi kerak. Odamlarning katta bir avlodida şunga ehtiyoj bor, lekin uni qondiradigan manbalar köp emas.
Aytaylik, vazirliklarning barçasida matbuot kotiblari bor. Ularning köpçiligi ötkaziladigan tadbir, taqdimotlar oldidan tayyorlanadigan “press-reliz”ni olib, uning boşini oxiriga, oxirini boşiga “yamab” bir maqola yozgan böladi va eʼlon qiladi. Bu holni hamma bilib turibdi, agar şunga bir marta indamasangiz, ikkinçisi, uçinçisi… yana yoniga qöşiladi. Turli idoralarda, misol uçun, 50 nafar jurnalist xizmat qilayotgan bölsa, ulardan 10 nafari gözal yozadigan bölsa, öşa taşkilotning baxti. Lekin qolganlari, istaysizmi-yöqmi, mening gapim yoqadimi-yoqmaydimi, talab darajasidagi jurnalistlar emas. Şunday holatlar negizi — xatolarga vaqtida çora körmaslik.
— Ustoz, internet jurnalistlariga ehtiyoj kundan-kunga ortib boryapti. Hozirgi zamon milliy jurnalistikamizda, aytaylik, aynan internet jurnalistikasida ustoz va şogirdlik anʼanasi qay darajada?
— Hozirgi paytda bu masalaga jurnalistlar içida yoki taʼlim-tarbiya dargohlaridagina emas, davlat darajasida eʼtibor berilyapti. Bu örinda muhtaram Prezidentimizning şu yili Matbuotçilar bayrami — 27 iyunda çiqargan qarorlarini nazarda tutyapman.
Bu qarorda barça institutlardan taşqari, Özbekiston Milliy axborot agentligi, “Xalq sözi”, “Yangi Özbekiston” va boşqa önga yaqin gazetalarda ham ustozu şogirdlik anʼanalarini rasmiy suratda davom ettiriş vazifasi belgilab qöyilgan. Yana bir yangilikni juda minnatdorlik bilan aytişimiz kerak: ilgari xizmat körsatgan jurnalist taklif etilgan joylarga borib, boringki, maʼruzalar öqişi, hatto darslar ötişi mumkin edi. Lekin unga oddiy jurnalist sifatida qaralardi. Prezidentimiz hozir ularning maqomini universitetlarda dars beradigan dotsent darajasiga yetkazdi. Ustozlar hamişa şogirdlariga çin yurakdan, vaqtlarini ayamasdan bilganlarini örgatganlar. Hozir ham örgatişyapti, lekin tekinga emas, professor darajasida, dotsent darajasida turib saboq beryaptilar. Şu imkoniyatdan qanday foydalanyapmiz, natija beryaptimi — mana şu tomonini çuqurroq, tahliliy öylaşimiz kerak.
Biz köpinça çet ellarga borib tajriba örganib kelaylik, deymiz. Yaxşi niyat, lekin çet elda hamma ham quçoğini oçib turgani, qolaversa, bizga domlalik qiladigan odamlar tiqilib yotgani yöq. Özimizning tajribali jurnalist, tajribali yozuvçi, ijodkorlarimiz, Xudoga şukur, bor. Şu örinda bittagina ustozning nomini aytaman, qolgan ustozlarimizni, hamkasblarimizni kamsitmagan holda. Mana şu yozuvçi, jurnalist Ahmadjon Meliboyevning jurnalistikaga oid yozganlaridagi kuyunçaklik va tilga olingan fikrlarni agar yoşlarimiz qunt bilan örgansa, çet ellik jurnalistlardan heç qaçon ololmaydigan tajriba, kasb sirlari, mahoratini özlaştirsa böladi. Gap faqat ustozda emas, şogirdga ham boğliq. Şogird şu yölga kirdimi, sohaga özini, jonini ham bağişlaşi kerak.
Şu öquv yili boşida jurnalistika universiteti talabalari bilan uçraşuvda örni kelib qolib, ustozimizdan eşitgan gapni aytdim: “Jurnalist — eng baxtsiz odam”. Hamma hayron bölib qoldi, albatta. Keyin bu gapni tuşuntirişga harakat qildim: “Ustoz şuni nazarda tutgan ediki, jurnalist özining baxtidan, vaqtidan, taşvişlaridan voz keçib, birovlarning taşvişi, dardi bilan yaşaydi, boşqalarga baxt ulaşiş uçun qalbiyam, öziyam tinmaydi. Jurnalist, masalan, nohaqlikka uçragan odamni himoya qiliş, şuning haq-huquqini joyiga qöyiş uçun jonu dili bilan harakat qiladi. Bu jarayonda qança kaltak yeydi, kimlarga borib nimalar deydi, nimalarga duçor böladi — buni özi va Xudo biladi. Adolat yuzini oçganda esa, kuyib-yonişlari, hamma taşvişlari unutilib, baxtli odamga aylanadi.
— Blogerlar bugungi kunda juda faol. Lekin ulardan ayrimlari bergan maʼlumotlar yolğon, xato çiqişi oqibatida odamlar aldanib qolib, professional jurnalistlarga işonç ham maʼlum darajada kamayganini köryapmiz. Nega professional jurnalistlar blogerlar kabi tezkor emas?
— Tasavvur qiling, daryo tepadan oqib kelyapti. Yomğir, sel kelsa, suvi loyqalanadi. Daryo suvi yöl-yölakay tinib, ummonga yetguniça top-toza bölişi mumkin. Bu öxşatişdan murod nima? Bugun axborotlar daryosi tölib oqmoqda, unda loyqa ham, xas-çöp ham bor. Daryo suvi har xil tabiiy ofatlar, sellar, toşqinlar kamayganda tinadi va tiniqadi. Matbuot bilan boğliq savollar yeçimi ham şunday. Blogerlar köpaygani va ular matbuotda birdan mustahkam örin egallaş yölini topganini tabriklaş kerak, bu öz-özidan bölmaydi. Bunga sabab — muhit. Yaʼni dunyo voqealari bundan öttiz-qirq yil oldingiga nisbatan uç-tört yuz barobar tezlaşib ketdi. Bu tezkor voqealarni yozma matbuotda biz örgangan şaklda tezkor aks ettiriş qiyin. Çunki gazeta materiallari oldindan yoziladi, tayyorlanadi, bosmaxonaga tuşiriladi, öqiladi, keyin bosmadan çiqariladi.
Aytaylik, Yevropa mamlakatlarida, Amerikada har kuni ikki-uç soni çiqadigan gazetalar bor. Lekin ular ham bugungi şiddatli voqealarni yoritişda blogerlarga tenglaşa olmaydi. Bloger körganini, hatto ikki daqiqa ötmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilişi mumkin. Bu yerda gazetani ayblab bölmaydi. Blogerlarga mana şu muhit tabiiy yöl oçib berdi, bu — xursand böladigan voqea. Lekin ayni şu jarayonda, ayrim örinlarda jurnalistika etikasi, odobi, talablari degan masalalardan çetlaşib ketildi. Ayrim blogerlar qöygan postlarni öqib… uzr sörab aytaman, ular orasida savodli, til va yozuv qoidalarimizga rioya qiladigan, fikrlaydigan, odobni joyiga qöyadigan, jurnalistika etikasiga rioya qiladiganlari yetarli, lekin yetarli emaslari ham keragiça topiladi.
Yozma matbuot hujjat sifatida qoladi. Bloger yozgani ertaga topilmay qolişi mumkin. Boyagi öxşatişimizga qaytadigan bölsak, hayotiy voqealar sellar kelib, yomğirlar yoğib, momaqaldiroq guldurab turgan paytga monand bölganda, tezkor informatsiyaga ehtiyojmand aksariyat odamlar uning çala-çulpa, savodsiz tilda yozilganiga ham ahamiyatsiz böldilar. Şuning uçun xat, savodga eʼtibor bermaydigan blogerlar köpayib ketdi. Özimizdan ham, öquvçilardan ham xato ötdi. Yaʼni, “hurmatli bloger” yoki “hurmatli qalamkaş, şu voqeani bizga öz vaqtida yetkazganingiz uçun rahmat, lekin özimizning odatlarni, tilimizni izzat qiling-da, imlo qoidalariga rioya qiling, uka”, — demadik. Oqibatda tilga eʼtiborsizlik kuçaydi, yozuvni mensimaydiganlar paydo böldi, yolğon bilan obrö olişni şaraf deydiganlarning ketmoni uçdi. Bora-bora yolğon va xato yoziş ham ayrim kimsalarning tamagirlikkaça borişi çangida qolib ketdi, bundaylarni qöştirnoq içidagi “bloger” deyman. Eng yomoni, öşa tamagirlardan qörqib, ularni öziga şotir qilib oladigan rahbarlar paydo böldi.
Agar vaqtida hammamiz bir bölib, temirni qiziğida bosganimizda, yaʼni jurnalistga qöyilayotgan talablarni blogerlarga ham qöyganimizda, balki bunday bölmasdi. Hozir ham heç ikkilanmasdan aytaman, köp rahbarlarimiz ayrim blogerdan köngli ayniydi-yu… öşa blogerlar oldiga borib qolsa, oyoğining tagiga gilam töşaydi, lekin jurnalistga bunday iltifot körsatmaydi. Nima uçun? Çunki izzatini saqlagan jurnalist beodobçilik, yuzsizlik qilmasligini biladi.
— Davlatimiz rahbari joriy yil boşida milliy kontent masalasiga alohida eʼtibor qaratdilar. Hozir ommaviy axborot vositalarida milliy kontent yaratiş borasidagi işlar talab darajasidami? Bu borada yana qanday dolzarb vazifalar turibdi?
— Fikrimni hayotiy misoldan boşlamoqçiman. Yaqinda nufuzli odamlar iştirokidagi bir yiğilişda ötirib avval eʼtibor bermadim, lekin örtalariga kelib, bloknotimga sözlovçilar nutqidagi xorijiy sözlarni yoza boşladim. Bu sözlar — maʼruzaçilardan eşitganlarimning bir qismi: “dalşe”, “molodets”, “lyuboy”, “kanatka”, “nerealnыy”, “probka”, “komplekt”, “paket”, “davay”, “tak”, “kak raz”, “dokument”, “reşeniye”, “şlagbaum”, “xolodilnik”, “kolsevoy”, “tovar”, “vsyo”, “uroven”, “kanal”, “dvigatel”, “realnыy”, “realizatsiya”, “basseyn”, “pojarnыy”, “detskiy”, “bolnitsa”… Bunaqa sözlar önlab emas, yuzlab.
Buning sababi, yuz yildan ziyodroq bosqinçilar qöl ostida yaşagan bölsak, öşa zuğum va azoblar arqonini hali töla uzib keta olmayapmiz. Garçand çegaramiz, bayroğimiz, gerbimiz, madhiyamiz aniq va özimizniki, puldan tortib bankimizgaça, tilu maʼnaviy boyliklarimizgaça mustaqil deb eʼlon qilganmiz va mustaqil bölganmiz. Lekin şunday holatlar borki, ulardan uziliş qiyin ekan.
Prezidentimiz nega bugun milliy kontent yaratişni muhim masala qilib qöydilar? Buning sababini özimizdan, içimizdan qidirişimiz kerak. Bizning içimizda Şörodan qolib ketgan kirlar hali turibdi, biz uni yuvib taşlolmasdan beixtiyor işlatyapmiz — bu bittasi. Ikkinçi jihati — biz bugun horijiy tillarni örganişni maqsad qilib qöydik, buning uçun katta imkoniyatlar yaratildi. Bizning Milliy axborot agentligimiz xodimlari orasida inglizlar, arab, xitoyliklar bilan bemalol öşa millat tilida gaplaşadigan, yozadiganlar bor-u… özbek tilini yaxşi bilmaydi, fojia bu.
Biz qaçonki öz tilimizni yuragimizning eng töriga hurmat bilan ötqazib qöymas ekanmiz, heç qaçon milliy kontent degan narsa bölmaydi. Matbuotda bu sohada juda köplab materiallar çiqyapti, şu yerda professor Qozoqboy Yöldoşev maqolalarini eslagim keldi. Qozoqboy aka: “Nima uçun, masalan, poytaxtda rus tilida öqitiladigan maktablar köpayib ketyapti, nima uçun özbek tilida öqitiladigan maktablar unçalik emas, nega?” degan haqli savolni örtaga taşlaydilar. Rus tilidagi, ingliz tiliga ixtisoslaşgan maktablar köpayişiga heç kim qarşi emas, yoşlar qança köp tilni örgansa, şunça yaxşi. Lekin, avvalo, özbek tilini yaxşi bilişimiz kerak, gap şu haqda ketyapti.
— Xabaringiz bor, 2019 yilda Özbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilingan edi. Hamkasblarimiz kasb etikasi kodeksidan qay darajada xabardor va uning talab, qoidalariga neçoğliq amal qilişyapti?
— Kasb etikasi, boşqa etikalardan ham, avvalo, xabardor böliş, uni örganiş, biliş va mohiyatini qalbga singdiriş kerak. Şuning uçun har bir narsa, har bir fandan birinçi navbatda xabardor qilinadi. Jurnalist, avvalo, öz kasbi etikasini, öz taşkiloti tavsiya qilayotgan, döstlari körib maʼqullagan etika bandlari, talablari nimadan iborat ekanligini yaxşi bilişi, tuşunişi kerak. Respublikamiz jurnalistlarining barçasi buni biladi, xabari bor, deyolmayman. Balki, Jurnalistlar uyuşmasi faoliyatida harakatni kuçaytiriş kerak bölgan nuqtalardan bittasi şudir. Har bir jurnalistga kasb etikasi talab va qoidalarini elektron şaklda yuboriş kerak. Ular orasida: “Mana şunaqa etikamiz bor, nima deysiz şunga, siz unga amal qilyapsizmi? Yana qanday takliflaringiz bor?” degan sörovnoma ötkaziş ham mumkin.
Mana, bugun köpçilik blogerlardan xafa bölyapmiz. “Unga amal qilmaydi, buni bilmaydi”, — deymiz. Aslida ham ular buni bilmasligi mumkin. Bugun ayrim blogerlar özini jurnalistdan past deb bilmaydi, baland sanaydiganlari ham bor. Demak, bizda nomi ikki xil — jurnalist va bloger deb atalsa-da, biroq mantiqan ildizi bitta, xizmat qiladigan obʼyekti ham, vazifasi ham bitta bölgan insonlarga qöyiladigan talab ham bitta bölişi — Kasb etikasi qoidalaridan ular birdek xabardor bölişi kerak. Şu maʼnoda men xuddi Jurnalistlar uyuşmasi singari alohida blogerlar uyuşmasi taşkil qiliş tarafdori emasman. Taşkilot qança köpaysa, masala şunça çigallaşadi. Jurnalistlar, blogerlarning hammasini hozir mavjud uyuşma atrofiga jamlaş kerak. Savolingiz javobi bitta gap bilan bölmaydi; hayotning özi bu masalani örtaga qöyib, sekin-asta yeçimini topiş yöllarini örgatib boraveradi.
Xullas, haqiqiy jurnalistlarga heç qaysi zamonda oson bölmagan. Har birimizning şaxsiy tanlovimiz, könglimiz işi, öz xohişimizga köra, qiyin bölişiga qaramasdan, mana şu yölni tanlaganmiz. Jurnalist hayoti kuraşdan iborat, öz fikrimizni, maʼlumotimizni, axborotimizni imkon qadar oqlaşga harakat qilamiz va bu uçun kuraşamiz.
— Afsuski, mana şunday kuraşuvçan jurnalistlar, eʼtibor bersak, köpinça tanqidga uçraydi. Ayrim qoni qaynoq yoş jurnalistlar tanqidni töğri tuşunmaydi, hazm qilişolmaydi. Tajribali ustoz sifatida ularga qanday tavsiyalar bergan bölardingiz?
— Jurnalistika oğir, masʼuliyatli kasb, degan fikrga men ham qöşilaman. Lekin masʼuliyatli inson uçun yengil kasb yöq dunyoda.
Baʼzan menga şunday tuyuladi-da, bir-birimizga “yozuvçi yoki jurnalist Xudo alohida mehr bilan yaratgan bir yaratiq” degan maʼnoda taʼrif berganday bölamiz-da, töğrimas bu, hamma ham bir odam. Abdulla Qahhor domla: “Ijodning töqson töqqiz foizi mehnat”, — deganlar. Keyingi paytlarda uçraşuvlarda kuzataman-da, yoş-yoş yigitlar minbarga çiqib, xalq nomidan gapira boşlaganda, baʼzilar miyiğida kulib ötirişadi.
Köp odamlar ijodkor böliş niyatida yuradi, lekin yozuvçilik mehnatiga çidamaydi va umrini zoye ötkazadi. Demak, u boşqa yölni tanlaşi kerak. Bölajak jurnalistlar bilan uçraşganda: “Agar jurnalist bölmoqçi bölsangiz, hayotingizni şunga bağişlang. Bunday qilolmasangiz, (ular uçinçi kurs talabalari edi), uç yillik umrlaring zoye ketsa ketsin, boşqa kasb tanlanglar. Aks holda, kelajakda butun umringiz bekor ötişi mumkin. Şuning uçun hozirgi imkoniyatlaringdan foydalanib, töğri yölga tuşib olinglar. Qobiliyatlaringizga, qiziqişlaringizga yaraşa kasb tanlaşingiz kerak”, — degan fikrni aytganday böldim.
Jurnalistlik toşi juda oğir, noni ğoyat qattiq. Şunga çidaganlar jurnalist böladi. Modomiki şu kasbni tanladimi, qiyinçiliklariga, kaltaklariga ham, rohatiga ham çidaşi kerak. Siz maqtov haqida gapirdingiz. Biz bajargan işimizga yaraşa bir oğiz şirin söz eşitgimiz keladi. Endi, agar bajargan işingiz haqiqatan ham arziydigan bölsa, odamlar: “Rahmat qizim, rahmat, singlim, otangga balli, baraka top!” — degan gapni aytadi. Maqtov va undan keyingilari mukofotlar, ordenlar va hokazolar — odamning mehnati bahosi, eʼtirofi. Bunday maqtov hammaga kerak.
Ustozimiz Abdulla Oripov: “Agar odamlar men eşitgan maqtovlarni eşitgan bölsa edi, hozir uyini topolmay, köçama-köça daydib yurgan bölardi”, — degan edilar. Bu — maqtovni kötariş ham oson emas, degani. Nima uçun biz “ortiqça maqtov”, “maqtov odamni buzadi” deymiz. Maqtov odamni buzmaydi, maqtovni kötara olmagan, hazm qila olmagan odam buziladi.
Bunday hol, ayniqsa, televideniyeda efirga çiqadigan yoşlarda köp sodir böladi. Ular bir-ikki marta efirga çiqqanidan keyin, albatta: “Kördik, juda yaxşi olib bordingiz”, — deb aytadilar. Bundan xursand böliş mumkin, ammo hovliqib ketmaslik kerak. Baʼzi uka-singillarimiz tabiatida birdan özini dahoga aylantirib, birdan boşqalarni mensimaslik, gapga quloq solmaslik, özini şu doiradagi eng yorqin yulduz deb hisoblaş holatlari körinadi. Sanʼatkorlar orasida bunaqa “yulduzlik”ka daʼvogarlar köp, ular töğrisida körsatuv yoki eşittiriş olib boradiganlarda esa undan ham battar. Keyingi paytlarda baʼzi bir tele- yoki radioboşlovçilardan köra töy olib boradiganlarning gapi mazmunliroq bölib qoldi. Açinarlisi, televideniyeni köp odamlar köradi. Hozir ayrim teleboşlovçilarimizda boşlovçilik madaniyati tamomila yöqolib ketdi. Men bunga bir tomoşabin sifatida qarşiman. Ilgari bir sözni notöğri talaffuz qilgan boşlovçi yoki diktor tartibga çaqirilardi, jazolangan vaqtlari ham bölgan. Bu azbaroyi şu odamning yaxşi-yomonligi deb emas, uni körib turgan minglab, millionlab odamlarga nisbatan mensimaslik, deb baholangan.
Hozir ayniqsa, xususiylar, nodavlat telekanallar orasida unça-munçaga parvo qilmaydiganlar bor. Ammo biz nima bölganda ham, hamma narsani joy-joyiga qöyişga majburmiz, ularniyam majbur qilişimiz kerak, gap şunda.
— Ustoz, keyingi yillarda yurtimizda ommaviy axborot vositalari soni 55 foizga ösdi, 400 ga yaqin yangi internet naşrlari faoliyati yölga qöyildi, Milliy media maydonimizda öziga xos raqobat yuzaga keldi. Sizningça, ayni raqobatga bosma ommaviy axborot vositalari qay darajada bardoş beryapti?
— Raqobat bölmagan joyda rivojlaniş bölmaydi. Boşqa sohalarda ham şunday. Yozma matbuot bilan elektron ommaviy axborot vositalari örtasida raqobat ham şiddat bilan davom etyapti. Qaniydi, ana şu ikki vositani ikki daryoga qiyoslasak, ikki daryo qöşilib oqqanda, ularning atrofdagi daraxtlarga, tuproq, öt-ölanlarga foydasi ikki barobar oşgani kabi, bosma hamda internet naşrlarining raqobati maqsadi, intilişlari bir özanga tuşsa, odamlarga, jamiyatga foydasi beqiyos bölar edi.
Bugun yozma matbuot, elektron ommaviy axborot vositalaridan farqli ölaroq, öziga mos va xos işlar qilişi kerakligini tuşundi. Köp gazetalarda yarim sahifa, bir sahifa materiallar, maqolalar bosiladi. Buni internet bermaydi, berganda ham birov öqimaydi, çunki odamlar internetdan ixçam, qisqa, lönda, tezkor materiallarni öqişga örganişdi. Izlanuvçan bosma naşr jamoalari boşqa yönalişda, boşqa nigoh bilan, elektron vositalarda yoritilmayotgan, yoritilişi qiyin bölgan, u yerda yoritilsa ham birov qörmaydigan, öqilişi qiyin bölgan masalalarni, mavzularni öquvçilarga yetkazişga intilmoqda. Odamlar boşqa joylardan topişi qiyin bölgan va bu usulda tahlil qilinmagan, tahlili ham qiyin bölgan masalalarni yoritmoqda. Bu yozma matbuotning raqobatbardoşligini taʼminlaş yölidagi harakatlarning dastlabki qadamlari, menimça. Ijobiy maʼnodagi raqobat bardavom bölsin.
— Aytganingiz kelsin. Endi, bugungi kunda jahon media bozorida özbek milliy jurnalistikasi örnini qanday baholaysiz, uning istiqbolidan qanday umidlaringiz bor?
— Dunyoda hamma ommaviy axborot vositalarini taroziga soladigan birorta taşkilot yöq. Masalan, eng rivojlangan deganimiz Amerikaning matbuoti, yonimizdagi Rossiya matbuoti qanday? Ularni ildizi bilan tahlil qiladigan heç qanday ölçov yöq. Ammo atrofdagi yozuvlardan, aytiladigan gaplardan xulosa qilsak, har bir matbuot öz millati, davlati, xalqiga xizmat qilyapti. Aytaylik, Amerika jurnalisti Özbekistonning baxti uçun yoki özbek xalqining farovon kelajagini közlab maqola yozmaydi. Çunki u muammolarimizni biz bilgançalik anglamaydi, tuşunmaydi, şu sababli xolis va töğri yoritmaydi, bu ularning vazifasiga ham kirmaydi.
Gazetalarimiz adadi bir paytlardagiga nisbatan juda pasayib ketgan bölsa ham, özbek matbuoti vazifasini bajarib, örnini egallab turibdi; xalqimizning işlarini, muammolarini baholi qudrat yoritayapti. Yaxşi yoritayotgan gazetalarimiz ham juda köp. Xudoga şukur, muammolarni tuşunib, joni açib, uyqusidan voz keçib masalani ildizigaça oçib berişga tayyor jurnalistlarimiz ham oz emas, biz bundan faxrlanişimiz kerak. Özbek matbuoti öz ovozi, söziga ega; öz oldiga qöyilgan vazifalarini yaxşi bajarayapti. Töğri, kamçiliklari bor, zero, beayb — Parvardigor. Asosiysi, xalqimiz taşvişi, quvonçi, orzu-istaklarini xolis yoritayotgan bölsa, şu matbuotga şon-şaraflar bölsin, deyiş kerak.
Hurmatli Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev: “Men jurnalistlarning yonidaman”, “Sizlar menga işoninglar”, — deyaptilar, nima uçun? Çunki hali bizda jurnalistning töğri gapini oçiqköngillik bilan xolis qabul qiladigan odamlar, ming afsuski, köp emas. Ayniqsa, örta böğin va maʼlum bir darajadagi rahbarlar içida. Yaqinda bizning Axborot agentligimiz muxbiri yozgan töğri gapi uçun olti-yetti oy davomida juda aziyat çekdi, özi qolib bolalariga, qarindoşlarigaça turli yöllar bilan tazyiqlar böldi. Lekin qarab turmadik, kuraşdik, haqiqatni oxiriga yetkaziş yöllarini topişga harakat qildik va bunga erişdik. Jurnalist haq ekanligini taʼminladik. Men bitta narsani aytaman-da, agar senga nisbatan tanqidning 90 foizi tuhmat bölsa-yu, 10 foizi rost bölsa ham, şuni aytgan odamni hurmatlaş kerak, çunki u sen xatolardan xolis bölişingni istaydi.
— Abdusaid aka, kasblar çorrahasida jurnalistlikni tanlab turgan yoşlar orasida katta ğayrat, şijoat bilan şu sohada jonbozlik körsatişga, matbuotda öz nomlari, örinlariga ega bölib, xalq işonçi va mehrini qozoniş niyatida öqib, yozib, izlanayotganlar oz emas. Jurnalist qaçon maşhur va sevimli böladi?
— Men Özbekiston jurnalistikasida yoşlar tölqini mavj urib kelayotganini kuzatib, faxrlanib turganlardan bittasiman. Yoşlarimiz orasida (ijodida til va tahlil yönalişida kamçiliklari bölişidan qatʼi nazar) şu kasbga işonç bilan hayotini boğlagan qalamkaşlar bor. Ular kelajakda bugungi oqsoqollarimiz, oldingi ötgan ustoz jurnalistlar kabi yuksak darajalarga, katta izzat-ikromga erişişiga işonaman. Faqat buning bitta talabi bor: kimki mehnatdan, uçraşi mumkin tösiqlardan, har xil kutilgan va kutilmagan voqea-hodisalardan, hatto maqtovlardan ham özini himoya qila olsa, heç qaçon izlanişdan töxtamasa, albatta, maqsadiga yetadi. Eng muhimi — qalbdagi yuksak eʼtiqod. Xalqimiz, Vatanimiz ozodligi, obodligi, farovonligi barqarar bölişiga hissa qöşişga çin maʼnoda kamarbasta inson doim elu yurtga sevimli böladi.
— Samimiy suhbatingiz uçun taşakkur.
Nargiza AZIZOVA suhbatlaşdi.
