Birgina so'z talqini

Alisher Navoiyning “Xazoyinul maoniy” kulliyoti (“G'aroyibus sig'ar”, “Navodirush shabob”, “Badoe'ul vasat” hamda “Favoyidul kibar” devonlari)da “yigit” degan so'z yuzga yaqin g'azalda uchraydi, ularning o'nga yaqinida esa bu kalima radif bo'lib kelgan – har baytda takrorlanadi. Demak, Navoiy g'azallarida “yigit” so'zi ikki yuz martaga yaqin qo'llangan. Bu so'z devonlar debochasida, qit'a, muxammas va soqiynomalarda ham mavjud.
Shoir g'azallaridagi “yigit” so'zi talqinida adabiyotshunoslar va umuman ahli ta'b orasida birmuncha g'alati munosabat hukm suradi. Ba'zilar ayni mavzuni chetlab o'tishga harakat qiladi, uni taqiqlangan, tabu qo'yilgan masala deb biladi, o'zinigina emas, o'zgalarni ham “ehtiyot qilish” uchun intiladi. Shunday qarashlar oqibati bo'lsa kerak, hozirgi kunda shoirning
Yo'lunda tufrog' o'ldum, ey sabo, o'tsang g'uborimg'a,
Quyun bo'l, dog'i eltib sadqa qilg'il guluzorimg'a
deb boshlanadigan g'azaliga bastalangan ashula matni almashtirilib… xorazmlik shoir Safo Ochilning “ravo denglar” degan jo'n bir she'ri o'sha kuyga solib, qo'shiq qilib aytilyapti. Holbuki, Navoiyning bu g'azalini to'g'ri talqin etadigan bo'lsak, boyagiday noo'rin qarashga mutlaqo o'rin qolmaydi. Mana, g'azaldagi ayrimlarni taraddudga solgan o'sha “qaltis” bayt:
Yigitlar ishqini gar ixtiyor etmay desam, qo'ymas
Yigitlik birla oshiqshevaliq o'z ixtiyorimg'a.
Tushunmagan odam shoir yigitlarga bo'lgan ishqini aytayapti, deb o'ylab, “senzura” talablarini qo'yishga boshlaydi. Aslida esa…
“Yigitlar ishqi”, hatto grammatik jihatdan olib qarasak ham, yigitlarning ishqi deganidir, ya'ni yigit kishiga xos ayolga bo'lgan ishq-muhabbat deb tushunish kerak, yigitlarga bo'lgan ishq, deb emas.
Tasavvufda, zaminiy muhabbat so'fiy oshiqni yo'ldan ozdiradi, deb uqtiriladi. Bu o'rinda xoslar ishqi (so'fiylar ishqi)ga oddiy “yigitlar ishqi” qarama-qarshi qo'yilyapti. Shoir yigitlar kabi ishqni ixtiyor etmayin desam-da, yigitligim (yigit yoshida ekanligim) va fe'limdagi oshiqshevaligim (muhabbatparastligim) meni o'z ixtiyorimga qo'ymaydi, deb noliyotir. Yigitlik va yigitlik davridagi ishq — o'tkinchi narsa, oshiqshevalik esa jibilliy xislat, u tug'ma bo'ladi va bir umr kishining tiynatida qoladi. Chunonchi, “O'tkan kunlar” romani qahramoni Otabek go'zal Kumushni ko'rib sevib qolishi — yigitlikka xos, ammo uning xizmatkori Hasanali xojasining oshiqsheva ham ekanini “Muhabbat juda oz yigitlarga muyassar bo'ladigan nozik yurak javharidir”, degan bir kalima bilan ifsho qilgan. Ya'ni, Otabek kabilarning ishqi yigitlik ayyomi o'tgach tamom bo'lmaydi, bir umr yuragida qoladi. U asl yor — Yaratgan zotga, hayotga, odamlarga, ezgulikka… muhabbatdir. Shuning uchun ham bu g'azalni Alisher Navoiyning pok tiynatiga aslo to'g'ri kelmaydigan bir gumonga suyanib talqin etish, alaloqibat, yo'qqa chiqarish mutlaqo nojo'ya. Navoiy etagini bu dunyoning aldoqchi lazzatlaridan batamom uzgani, pokdomon bo'lib, rindona hayot kechirgani, o'ta nozikta'b bo'lganini, o'z ichki dunyosiga birovlarning aralashishiga yo'l qo'ymaganini yaxshi bilamiz.
To'g'ri, o'tmishda butun dunyoda, jumladan, Sharq olamida ham, turli sabablarga ko'ra, axloqiy aynish ommaviy tus olgan hollar bo'lgan. Va bu ijtimoiy hodisa so'z san'atiga ko'chgan joylar ham yo'q emas. Xususan, takyaxonalarda, o'zgalar ko'zidan chetda uyushtirilgan bazmlarda ana shunday “ishq” tarannum etilgan qo'shiqlar ham ijro qilingan. XIX asr oxirlarida ijod qilgan ayrim shoirlarning manzumalarida so'fiyona ruh barham topib, uning o'rniga “men asraganda sen yoshgina erding” deganday motivlar uchrab qoladi. Yodingizda bo'lsa, Mirzakarim qutidorning hovlisidagi mehmondorchilik oyoqlaganda xonadon sohibasi Oftob oyim oqsoch ayol To'ybekadan mehmon yigit (Otabek)ning kelishgan, ko'rkam ekanini eshitgach, “Biron bachcha-machchadir-da”, deya uncha e'tibor qilmaydi (“O'tkan kunlar”). Demak, o'sha davr jamiyati uchun bu favqulodda bir hol bo'lmagan. Shuningdek, biz bugun dunyoning ofati deb biladigan narkotiklik — nasha va ko'knor chekish esa bir piyola choy ichishday jo'n bir hol edi, barcha jamoat joylarida chilim xo'randalarning xizmatiga shay turgan. Ko'chayu bozorlarda esa odamlarga chilim chektirib, shundan pul topadigan “poyaki” degan odamlar tirikchilik qilishgan. Va hokazo.
Biroq madaniyat yuksalgan, axloqiy poklik jamiyatning idealiga aylangan XV asr sharoitida shahvoniyatni ochiq kuylash tasavvurga ham sig'mas edi. Hazrat Navoiyning o'shanday talqinlarga yo'l beradigan narsa yozishi mumkinligini esa, ayniqsa.
Unda, Navoiy sarvinoz qizlarnigina emas, kelishgan yigitlarni ham madh etib, ularning go'zalligini kuylaganligini qanday tushunish kerak, degan bir savol yuzaga chiqishi tabiiy. Chunonchi:
Anglamonkim hurmu erkin, yo malakmu yo pariy,
Kim bashar jinsida andoq ko'rmaduk hosil yigit.
Yanayam ajablanarlisi shuki, “Xazoyinul maoniy” kulliyotida, boya aytganimizday, “yigit” so'zi biron ikki yuz bora kelsa, uning muqobili bo'lgan “qiz” kalimasi nihoyatda oz — o'n martaga yo yetadi, yo yo'q. Uning ham asosiy qismi “raz qizi” — uzumdan qilingan qizil sharob, faqat ayrim o'rinlardagina qiz farzand (masalan, Rasululloh qizi Fotima) degan ma'noda qo'llangan. Bo'y yetgan ayol degan ma'no esa “dilbar”, “jono”, “yor” singari ko'plab kalimalar bilan ifodalangan.
Nega shunday?
Gap shundaki, turkiy tillar dinamik xossaga ega — tez o'zgaradi. So'z ustiga so'z paydo bo'ladi, biri ikkinchisi bilan almashib turadi, aksar so'zlarning ma'nolari yangilana boradi va o'zgarib ham ketadi. Bizning misolga qaytsak, Navoiy zamonida “yigit” so'zi hozirgi o'zbek tilidagi yosh erkak (va unga aloqador ma'nolar)nigina emas, avvalo, kamolga yetgan insonni bildirgan. Ushbu so'zning etimologiyasi ham buni tasdiqlaydi: “yigit” — “etuk” (etik — yetilgan) degan ma'noni bildirgan. Ikkinchi bo'g'in dissimilyatsiyalanib, “yet+ik” — “yi+git” shaklini olgan.
Yigit so'zi hamma ma'nosi bilan tojik tilidagi “javon”ga uyqash. Javon — avvalo, yosh yigitdir. Ammo o'zbek va boshqa turkiy tillarda bu ikki so'z keyinchalik o'zaro tafriqqa uchrab, “yigit” — yosh erkakni, “javon” (juvon) esa yosh ayolni anglatadigan bo'lib qoldi. Demak, Navoiy zamonida yigit — voyaga yetgan, barkamol inson degan ma'noda qo'llangan. Bu — bir.
Ikkinchidan, shoir “yigit”ga muhabbatini izhor etarkan, uning hadafi, ko'zda tutilgan asl yor — Yaratgan zot ekanini yodga olsak, biruborni ayol jinsiga mansub qilib tasvirlashni talab etish noo'rin ekani ayonlashadi. Qur'on oyatlari (“Ixlos” surasi) buning dalilidir; uni hamma biladi.
Va nihoyat, uchinchidan, ahli ta'bga mafhum, ammo avomga esa mavhum bo'lib kelayotgan bir gap. Nima uchun shoirlar yorni, asosan, qiz sifatida, o'n sakkiz yoshli sarvinoz qiyofasida tasvirlaydilar, degan savolga javoban aytish kerakki, ahli she'r azaldan asosan erkaklar bo'lgan, ular Olloh yaratgan mavjudotlarning eng mukammali inson, insonlar orasida eng ko'rkam va jozibadori esa bo'y yetgan go'zal qizdir, degan tushunchadan kelib chiqib, ishq izhori bo'lgan she'rlarida yorni ana shunday beqiyos go'zal qiz qiyofasida tasvir etishgan. Er kishi uchun eng go'zal xilqat — jozibali ayoldir. Bu qarash umumiylik xossasiga ega.
Biroq mutafakkir zotlar maxluqotning gultoji bo'lgan insonlarning eng mukammal (qaddi-qomati mutanosib va bejirim) vakili — er kishi ekanini uqtiradilar. Navoiyning zmondoshi Leonardo da Vinchi (1452-1519) ham “Vitruvian odami” rasmida buni tasvirlagan. Navoiy ham, da Vinchi ham zamonasidan ancha ilgarilab ketgan va o'z yuksak maqomida turib, avomning sodda malomatidan hadiksiramaydigan shaxslar bo'lishgan.
Navoiy aytadi:
Ne ajab xam qad bila sarg'arsa ruxsorimki, bor
Dilbarim bir qomati ra'no, yuzi gulgun yigit.
Bu o'rindagi “yigit” so'zi zamirida so'fiyning yori turganini qayta boshdan dalillab o'tirishning hojati yo'q. Chunki oshiq — foniy odam. U, albatta, qariydi, biroq yor hamisha “qomati ra'no, yuzi gulgun”. Yor mudom sarvqomat, chehrasi doim porloq.
Xastadur jonim mening, to bordi jononim mening,
Bo'lmasun gar borsa jononim mening, jonim mening.
Gul to'kulmish sug'a, bormish sarv o'zidin go'yiyo,
Chehra ochmish bog' aro sarvi xiromonim mening.
Daf'a-daf'a qon aro jismimdadur bir-bir tugan,
Lolaedur go'yiyo har dog' ila qonim mening.
Tilga olmish telba ko'nglumni yana xayli raqib,
Qolmish itlar og'zida majnuni uryonim mening.
Men anga hayronu el ming zaxm ursa bexabar,
Bexabar zaxm urg'uchilar dog'i hayronim mening.
Xalqdin pinhon meni mast ayla shoyad, ey rafiq,
Sokin o'lg'ay shammae bu dardi pinhonim mening.
Ey Navoiy, bo'lmasa bir piri komil himmati,
Ul yigit bedodidin yo'q maxlas imkonim mening.
Biroq afsuski, Navoiyning so'zlariga bugun avomning tishi o'tishi mushkul, u ko'zda tutgan ma'nolarni anglash har kimga nasib etavermaydi. Oqibatda, ulug' shoir nima deyayotganini anglamay turiboq, ba'zilar o'zicha xulosa chiqarib qo'yadi. Bu jo'yali ish emas. “Yigit”, “yigitlar ishqi” kabi ifodalarning tagiga yetmasdan, bir o'qiboq obivatellarcha talqin etish yaramaydi. Navoiy-ku, bu orqali o'z yuksak maqomidan bir baxya ham pastga tushmaydi, ammo ruhi ozor topib qolishi turgan gap. Darvoqe, shoirning o'zi yuqorida darj etilgan g'azalning bir baytida bunga ishora qilgandek ham:
Men anga hayronu el ming zaxm ursa bexabar,
Bexabar zaxm urg'uchilar dog'i hayronim mening.
Ya'ni, avom menga ming bor ozor yetkazsa, bexabarman va bunga o'zim ham hayronman, ammo ozor berayotganidan o'zlari bexabarlar ham mendan hayron…
She'riyat — o'ziga xos bir olam. Uning o'z tili, o'z anglamlari bor. Shuning uchun ham she'r boshqa, nazmbozlik boshqa. Shavkat Rahmonning bir misrasini eslang-a:
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar?
“Er qiz” — Shavkat Rahmonning beqiyos topildig'i, “yomonam yaxshi” degan kabi, ma'noni aks yo'lda kuchaytirish usuli. Endi, buni ham, ba'zilar Navoiyni talqin etganiday, “er qiz bo'lmaydi”, deb chaynab o'tirish mumkinmi?
Zuhriddin ISOMIDDINOV