Gap ko'rgan odamlar
O'tgan asrning 60-yillarida bir guruh hamqishloqlar Xovos tumanining yangi ochilgan “Farhod” xo'jaligi 5-bo'limiga ko'chib keldik. Hammayoq bo'zalam. Yumronqoziqlar inlaridan chiqib, bizlarni kuzatadi-da, bir zumda ko'zdan g'oyib bo'ladi. Yangi joyda chodir-chamanimizni o'rnata boshladik. Kimdir omonat chayla tikladi, boshqa birov yerto'la qazidi. Shu yer bizning abadiy qo'nalg'amizga aylandi. U paytlarda elektr chirog'i qayda deysiz? Oqin gaz qayda deysiz? Odamlar shunchaki tirikchilik — tirriqchilik uchun kurashib yashashardi. Lekin bir narsa ustuvor edi: hamqishloqlar nihoyatda odamoxun, ahil-inoq, mehr-oqibatli edi.
O'shanda esimda qolgan bir voqea ushbu bitikni yozishimga turtki berdi. Ko'p kuttirmay, qilichini qayrab qish keldi. Hamqishloqlar gap-gashtak tashkil qilishdi. Gapdoshlar orasida yoshi ulug'lar ham, o'rta yoshlilar ham, navqironlar ham bor edi. Har haftada navbati bilan gapjo'ralar uyma-uy ko'chib yurishardi. Gap navbati biznikiga kelganida, bir uy odam yig'ildi. To'rdan joy olgan Xudoyqul amakim Haqqulov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) gap-gashtakning raisi ekan. Biz, bolalar xizmatda edik. Obiyovg'on tanovul qilingach, qizg'in suhbat boshlanib ketdi. “Suhbat u yoq, bu yoqdan, goh boshdan, goh tuyoqdan” (Abdulla Oripov satri) deganlaridek, avval hamqishloqlar bahorda amalga oshiriladigan yumushlar, dehqonchilik va chorvachilikni yo'lga qo'yish haqida gaplashishdi. Keyin kitobxonlikka o'tildi. Yassaviy bobomizning “Hikmatlar”ini padarim yoqimli ovozda o'qidilar. Keksalar yoshlarga turli pand-nasihatlar qildilar. Gap-gashtak oxirida Xudoyqul amakimning aytgan bir nasihati qulog'imga muhrlanib qoldi:
— Og'a-inilarim, gap-gashtakni biz faqat ovqat yeyish, qorin to'yg'azish uchun tashkil qilmaganmiz. Bu o'ziga xos tarbiya, mehr-oqibat maktabi hamdir. Ko'cha-ko'yda yurganingizda gap-gashtakdan olgan yaxshi xulq-atvoringizni namoyon qiling. Tevarak-atrofdagilar: “Bular gap ko'rgan ekan desinlar!”
Darhaqiqat, o'sha paytlari radio, televizor degan matohlar anqoga shafe edi-da. Qish o'tib, bahor eshik qoqqach, gapdoshlar bir mushtga aylanib, hashar yo'li bilan imoratlar tiklashdi, to'y-to'ychiqlar qilishdi. Go'zal qishloq barpo bo'ldi. Bola ko'nglimda o'sha paytdagi gap-gashtak mehr-oqibat, go'zal xulq-atvor yo'g'rilgan qadriyat sifatida ongu shuurimda naqshlanib qolgan.
Maqolamizga fakt yig'ish asno bir necha kitoblarni ko'zdan kechirdik. Gap-gashtak xalqimizning qadim qadriyatlaridan biri ekanligiga amin bo'ldik. Bu marosim mamlakatimizning turli go'shalarida turlicha nomlanarkan. Toshkent viloyati va Farg'ona vodiysida “gap”, “navbat”, janubiy viloyatlarda “gashtak” (“gapi gashtak”), “xalfana”, Xorazmda “qator ziyofat”, “o'tirishma”, “gurung” nomi bilan yuritilar ekan. Bundan tashqari, “gap”ning o'rtaliqda masalliq to'plab tayyorlanadigan turlari — “to'kma” va “xalfana” ham mavjud. Biroq gap-gashtak haqida birorta maxsus kitob bitilganiga guvoh bo'lmadim. (Bu haqda qarang: 12 jildlik “O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi”, II jild, 570-571-betlar: 5 jildlik “O'zbek tilining izohli lug'ati”, I jild, 485-bet).
Albatta, davrlar o'tishi bilan bu milliy qadriyatimiz mazmunan boyidi, mohiyatan yangilandi. Ilgarilari, asosan, qishloqlarda qish faslida tengqurlar gap o'ynagan bo'lsalar, bugungi kunga kelib sinfdoshlar, kursdoshlar, mahalladoshlar, kasbdoshlar o'rtasida ushbu udum butun yil davomida amal qilmoqda. Keyingi paytlarda hojilar o'rtasida ham gap o'ynash urfga aylanib bormoqda. Hatto xotin-qizlar ham gap yeyishning (gender tenglik deb o'ylasalar kerak-da) kiftini keltirishmoqda.
“Gap”ning jug'rofiyasi kengaygani sari ayrim ibratli jihatlari zaxa yemoqda. Yaqinda bir hoji otaning “gap”ida bo'ldik. Ularning “gap”ida bitta qo'chqor so'yish majburiyat ekan. To'rt xil obi taom tayyorlandi. Pishiriq va meva-chevalarni aytmasa ham bo'ladi. Hangomalari ham o'ziga yarasha: quyuq-suyuq. O'ylanib qoldim: “gap”ning xarajatlarini qisqartirib, ortganini yetim-esirlarga berilsa, savobi chandon ortiq bo'lmaydimi?! Axir mahallalarda qozoni haftalab go'sht ko'rmaydigan oilalar istalgancha topiladi. Hajga borgan odamning beli baquvvat ekanligini bilamiz. Otning kallasidek to'lovi bor. Makkai mukarrama, Madinai munavvaradan qaytgach, muborak dinimizning arkonlarini astoydil bajarish hojilarning vazifasi emasmi? Demak, mas'ul idoralar hajga otlanayotgan kishilarning ma'naviy dunyosini ham yaxshilab ko'rikdan o'tkazsalar, nur ustiga nur bo'lardi. Hojilar ko'paygani bilan jamiyatimizda ma'naviy iqlim sog'lomlashmasa, ne foyda?!
Gap-gashtakning obro'-e'tiborini ulug'lagan voqealarga ham guvohmiz. 1998 yilning kuzida O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymon Gulistonda bir qo'chqorning boshini olib, sirdaryolik shoiru shuarolarni chorlagancha gap-gashtak tashkil qildilar. Navbat tarzda tashkil etilgan gap-gashtak adabiy gurung shaklini oldi. Har navbatda yangi yozilgan asarlar o'qilib, o'rtaliqda muhokama qilinadigan bo'ldi. Chiroyli yozilgan asarlar kitob holida chop etishga tavsiya qilindi. To'ra akaning o'zlari, xususan, Hasan Abduvohidov, Abdug'ani Abdurahmonov, Baxtiyor O'tanov kabi sirdaryolik shoirlarning ilk kitoblariga so'zboshilar yozib berdi. “To'ra Sulaymon gap-gashtagida” O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zolari, adabiyotshunoslar, filologiya fanlari doktori Anqaboy Quljonov, filologiya fanlari nomzodi Umrzoq O'ljaboyev, falsafa fanlari nomzodi Ravshanbek Mahmudov, mashhur felyetonchi Saminjon Sultonov, adiblar Hamroqul Rizo, Muxtor Nosir, Jo'ra Umarqulov va boshqalar bor edi. Kezi kelganda, gap-gashtakka sirdaryolik ayol ijodkorlar ham mehmon sifatida taklif etilardi.
Garchand To'ra aka 2005 yil olamdan o'tgan bo'lsalar-da, hali-hamon gap-gashtak davom etmoqda. Xalq shoirining vorislari, professor Qozoqboy Yo'ldosh, shoir va olimlar, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zolari Hayot Shodmon, Ilyos Quvondiqov, Tursunboy Rahmonov kabi ijodkorlar “To'ra Sulaymon gap-gashtagi”ni davom ettirishmoqda.
Yaxshi ish ulgi bo'lar, deganlaridek, To'ra akaning gap-gashtagiga taassub qilib, biz, sirdaryolik jurnalistlar ham shunday udumga qo'l urgan edik. Har oyda bir o'tadigan gap-gashtagimizda bir gapdoshimiz jahon adabiyotining bir durdona asarini o'qib, ma'ruza tayyorlab kelardi. Obi taomdan keyin o'sha gapdoshimiz o'qigan kitobidan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashardi. Bir oy miyonasida biz ham ana shu kitobni mutolaa qilib kelardik. Qarab turibsizki, qizg'in bahs-munozara boshlanardi. Fikrlar to'qnashardi. Aqlimiz charxlanardi. Ana shu tariqa jahonga mashhur adiblar Gabriel Garsia Markes, Ernest Xeminguey, Rabindranat Tagor, Najib Mahfuz, taniqli qirg'iz adibi Chingiz Aytmatov, o'zimizning sevimli yozuvchilarimiz Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Odil Yoqubovlarning asarlarini hijjalab tahlil qilganmiz. Ayniqsa, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romani ustidagi tortishuvlarimizda fikrlarimiz bir to'xtamga kelmay bo'linib ketgandi. Zero, u paytlari mavlononing birorta asari ona tilimizga o'girilmagan edi-da. Mutarjim Odil Ikrom tarjimasidagi 6 jildlik “Ma'naviy masnaviy”ni mutolaa qilgach, bul zotning ruhiy olami cheksizligiga iymon keltirdik. Endi shu asar muhokama qilinsa, butunlay boshqacha fikrlar aytgan bo'lardim.
Xalqimiz — o'ta donishmand. Oddiy marosimlarni ham falsafaga, ma'no-mazmunga to'yintiradi. Gap-gashtakning asl mohiyati — insonlarni yaxshilikka, mehr-oqibatga, yakdillikka, ma'rifat va ma'naviyatga undash saqlanib qolgan. To'g'ri, to'qlikka sho'xlik qilgan ba'zi guruhlar gap-gashtakni maishatga aylantirayotgani ham bor gap. Ular bilan mahalla-ko'y, keng jamoatchilik shug'ullanishi kerak. Nima uchundir mening ongimga bolaligimda Xudoyqul amakimdan eshitganim: “Gap-gashtak — tarbiya o'choqlaridan biri. Gap ko'rgan odamlar boshqacha bo'ladi”, degan aytimi muhrlanib qolgan. O'zim ham gap ko'rgan odam ekanligimdan faxrlanib yuraman.
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.