Oddiylik – ma'naviyat libosi

Respublika Tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati shu yil 5 dekabr kuni bo'lib o'tgan onlayn auksionda jami 4,1 mlrd so'mlik avtoraqamlar sotilgani haqida ma'lumot berdi. Shu kuni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan avtomobil raqamlarining umumiy soni 680 tani tashkil etib, tuzilgan bitta bitimning o'rtacha qiymati 6,1 mln so'm bo'lgan. Bu savdolarda eng arzon avtoraqam narxi 1,9 mln so'm bo'lsa, eng qimmat raqam 474 mln so'mga sotildi.

Yaxshiroq tushunishimiz uchun taqqoslasak: birja savdosida qay bir yurtdoshimiz mashinasi avtoraqamidan atrofidagilarning og'zi ochilgancha kuzatib qolishi yoki kutib olishi uchun (boshqacha sabablar uncha yopishmayapti-da!) eng qimmat narx – 474 mln so'm, ya'ni Toshkent shahridan ikki xonali uy olish mumkin bo'lgan mablag'ni sarflagan. Agar onlayn auksion xaridorlaridan, boring, elliktasi 300 mln so'mdan yuqori narxda bo'lgan avtoraqamlarni sotib olgan bo'lsalar, bu ellikta bir yoki ikki xonali (poytaxtda, viloyatlarda buncha pulga butun boshli hovli olsa bo'ladi!) xonadon xarid qilish mumkin bo'lgan pullarni mashinaga o'rnatib yuriladigan bir shapaloq temirdagi uchta raqam uchun sovurildi, degani. Eng arzon deb aytilayotgan narx – 1,9 mln so'm; kuni turli ahvolda bo'lgan bemorlarga muolajalar qilishdan tortib ularning har xil hojatlarigayam xizmatda bo'lgan tibbiyot hamshiralariyu bekalarining oylik maoshlaridan ortiq bo'lsa ortiqdir, kam bo'lmasa kerak.

Robindranat Tagorning “Kishilarning kimligini uning bilganiga qarab emas, uning nimaga quvonishiga qarab bilsang bo'ladi”, – degan fikri xayolga keldi-da… salkam yarim milliard so'm evaziga 000, 555, 999 kabi avtoraqamlarni avtouloviga taqvolib yurganlarning nimaga quvonishidan maymunlar kulsa arziydi.

Bu fikrimizga kimdir: “Egasi bo'lganidan keyin pulini xohlaganicha rasamad qiladi. Ishingiz nima?” – desa, haqi bordek. Faqat… avvalo, o'sha boyvachchalar ham o'zimizning farzandlarimizki, ularning bu harakatlaridan tashqi dabdabaga o'chlik, manmanlik, oshkora kibru havo kasaliga chalinganlikning belgilari ko'rinadi. Kishi qo'lida moddiy boylikning ortishi uning qalbida ma'naviy fazilatlar, xalqning o'zligi ifodasi bo'lgan qadriyatlarga ixlosning kamayib, yupqarib, yo'qolib borishiga sabab bo'lsa, balki jamiyat bunday teskari ta'sirga qarshi kurashmog'i shart. Yana muhimi, umri Vatanni obod etish, xalq rizqu nasibasini undirish va turmush farovonligini oshirish, yosh avlodni ta'lim-tarbiyali etish, ilmu fanni rivojlantirish, iqtisodiyotni yuksaltirish yo'lida og'ir mehnat, tinmay izlanish bilan o'tayotgan yurtimizning har bir fuqarosi O'zbekistonning barcha tabiiy, moddiy, ma'naviy boyliklarining teng huquqli egasidir. Xalqning zahmat bilan topgan boyliklari qandaydir yo'llar bilan ayrim kimsalarning qo'lida to'planib qolsa-yu, bu mablag'ni sanoqli “uddaburonlar” qimmatbaho mashinalariga qimmatbaho avtoraqamlar taqib yurishlariga; hoyu havaslariga isrof qilishlarini nazoratga olishga, buning hisob-kitobini so'rashga haqli emasmizmi?

Respublika Tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati axborotida yana shunday ma'lumotlar bor: “To'qqiz oyda birja savdolarida 152 mingdan ortiq avtomobil raqamlari sotilgan bo'lib, ularning umumiy qiymati 620 mlrd so'mni tashkil etgan. Avtoraqamlar xaridida 97 foiz jismoniy, qolgan 3 foiz qismi esa yuridik shaxslarga to'g'ri keladi”.

Beixtiyor, ayni navqiron yoshida og'ir kasallikka chalinib vafot etgan xorijiy bir davlatmand hayotining oxirgi kunlarida: “Men har kim ham sotib olishga imkoni yetavermaydigan mashinada borgan joyimga undan ancha arzon bo'lgan ulovda ham borishim mumkinligini; falon yuz ming dollarlik poyabzalning oddiy krossovkadan farqi uncha katta emasligini… juda kech angladim”, – degani yodga tushdi. O'sha marhum zamondoshimiz o'zi o'ta badavlat esa-da, ma'nan qashshoqligini, kech bo'lsa-da, mardlik bilan tan olgan edi. Agar u kabi insonlarga o'z vaqtida ota-onasi, ustozi, yaqinlari orasidan “Haykalning go'zalligi ko'rinishida, kishiniki esa ishida” (Pifagor) ekanini tushuntirib, anglatib qo'yadigan chin mehribon topilsa, dunyo­da xayrli va foydali ishlar ko'proq bo'larmidi, inshaalloh.

Shu gaplarni qoralab o'tirganimda tashqarida izg'irindan darak berganday shamol uvilladi, keyin qor yog'a boshladi. Tabiat muvozanatini saqlovchi, yerlar va havodagi yuqumli kasalliklar viruslarini o'ldiruvchi, pokiza rizqu nasibalarni undirguvchi oppoq qor elangan un kabi borliqni tezda qoplay boshladi. Bolalar quvonchi cheksiz, endi ular uyga sig'may qolishdi… Shunday paytlarda beixtiyor olisu yaqindagi qarindoshlar, qadrdonlar, elu elatingni o'ylaysan. Yurak uvishdi: “… o'tgan yili olgan ko'mirlarining deyarli yarmi tosh chiqqan ekan, bu yil qanday ekan? Ko'mirlari bormikin, ishqilib?”, “…lar ancha keksayib qolishdi. Gaz yo'q, bir oylik pensiyamga bir arava o'tin olyapmiz, bir haftaga yetmayapti, deyishgandi. Nima qilishyaptiykin?” “…ning eri xorijda ishda. Ikki bolasi bilan isitilmaydigan eski uyda…”

Keyingi yillarda Respublikamizda qashshoqlik, kambag'allikni kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan katta tadbirlar natijasida ming-minglab xonadonlar iqtisodiy jihatdan qaddini tikladi. Davlatimiz ichki siyosatining bosh yo'nalishlaridan biriga aylangan bunday tadbirlar izchil davom etmoqda. “Inshaalloh, mamlakatimiz aholisi yaqin yillarda insonni har jihatdan kamsitadigan, xorlaydigan qashshoqlikdan  chiqadi”, degan ezgu o'ylar bilan o'zingga taskin berging keladi-yu… ammo qishning bir kuniyam – qish; qay faslda bo'lmasin, yo'qchilikning bir kuniyam oson  o'tmaydi; umrning bir kuni, bir soatiyam – g'animat, hamma insonday yashagisi keladi. Shunday paytda “2024 yilda sotilgan eng qimmat avtoraqam 517,1 mln so'mga xarid qilingan bo'lib, uni Toshkent shahridan yuridik shaxs qo'lga kiritgan. Ikkinchi o'rinda 10 iyul kuni 508 mln so'mga sotilgan avtomobil raqami turadi” degan rasmiy ma'lumotni o'qib… oramizda “Qandini ursin!” deydiganlar ham topilishi shubhasiz. Ammo aksariyat ko'pchilikning bunaqa dabdababozlik, manmanlik, isrofgarchilik, moddiyotni ko'z-ko'z qilishdek ma'naviy ahvolidan ensasi qotishi, g'azablanishi turgan gap. Eng achinarlisi – ayrimlarimizning himmatimiz, saxovatu shafqatimiz, oqibatimiz evaziga chin dunyoga olib ketishimiz mumkin bo'lgan tengsiz boylik – savob ishlarga rag'batimiz temir mashinamizga bo'lgan ishqimiz oldida xoru xas ekani.

Tasavvur qiling, yurtimizda ikki kishining mashinasiga o'rnatilgan avtoraqamlarning qimmati – bir milliard so'mdan ortiq! Bu mablag' qancha oilani qashshoqlikdan tamoman qutqarishi mumkinligini hisob-kitob qilib ko'ring. Va… cho'ntagining teshigidan tushgan pullarga bunaqa raqamlar sotib olayotganlar (yuqoridagi ma'lumotlarga asoslansak) yuzlardan o'tib, minglardan hatlayotganini anglash mumkin.

1914 yili “To'y” dramasida to'ydagi keraksiz, ortiqcha sarf-xarajatlardan qarzga botib, hayoti barbod bo'lgan qahramon obrazini yaratgan ziyoli Hoji Muin: “Boshqa millatlar topgan pullarini ilm va maorif, millat yo'liga sarf qilib, kundan-kun taraqqiy topsalar, jaholat va nodonligimiz sababidan bizlar topgan molimiz, bog' va hovlilarimizni to'y va aza, uloq yo'liga xarajat qilib, o'zimizni bir parcha nonga muhtoj va xor qilmoqdamiz”, – deb qayg'urgan edi.

Allohga shukr, bugun O'zbekistonimiz mustaqil, shaharu qishloqlarimiz obod, turmush farovonligi, odamlarning aqliy-ma'naviy salohiyati darajasi dunyoning taraqqiyot yo'liga kirgan mamlakatlari qatorida qayd etilmoqda. Ammo… “beli og'rimaganning non yeyishini ko'r”, “o'roqda yo'q, mashoqda yo'q, xirmonda hozir” deganlaridek, xalq boyligini talon-toroj qilishda, behudaga sovurishda ham yangi-yangi rekordchilar chiqyapti.

Beixtiyor savol tug'iladi: yarim milliard so'mni bitta avtoraqam sotib olishga sarflayotganlarning hammasi tinmay foyda oqib kelayotgan katta bir ishning boshidan tutgan odamlarmikin?

“Oddiylik aql va iste'dodning yaqin qarindoshi”, – degan edi faylasuflardan biri. Soxta yaltir-yultur va dabdabaga ishqibozlik – qo'lingdan odamlarni xursand etadigan, manfaatlantiradigan tayinli ish kelmasligining dalili emasmi? To'g'ri, pul-boylik topish oson emas, hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Ammo hayot tajribalaridan ma'lumki, kishi mehnatu zahmat chekib peshona teri bilan topgan har bir tangasining qadriga yetadi, uni behuda sovurmaydi, hatto eng muhim ehtiyojlariga ham tejab-tergab sarflaydi.

Yil yakunlari bo'yicha barcha sohada hisob-kitoblar qilinyapti. Yakunlanayotgan yilimizda Respublika Tovar-xomashyo birjasi orqali sotilgan qimmatbaho avtoraqamlarning umumiy miqdori qancha bo'lgani va bu mablag' o'rtacha hisobda qancha oilalarning qashshoqlikdan chiqib ketishiga imkon berishi mumkinligini hisoblab, elga ma'lum qiladigan bilimdon-nuktadon topilishidan umidimiz bor. Yangi yilda, zora, bu qusurlar tarixga aylansa?

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two − two =