Bir balosi bo'lmasa…

yoxud sodda yurtdoshlarimizni chuv tushirayotgan ayrim “tabib”lar va ularning tegirmoniga suv quyayotgan loqaydlik illati xususida

Tongda xotirjam ko'z ochib quyosh va osmonni tinchu beg'ubor ko'rish, dasturxoningda nasiba borligidan ko'ngling to'qligi, mehnat bilan qalbing, turmushingni obod etishga yo'llaring ochiqligi qanchalar ulug' ne'mat ekaniga shukr qilasan. Chunki xalqu yurtlari bir-biriga suvlar, quruqliklar, tog'u daryolar, iqtisodiyotiyu madaniyatlari bilan chambarchas bog'lanib ketgan dun­yomiz  yaxlit jismdirki, uning bir joyidagi og'riq, dard boshqa joylariga ham ozmi-ko'pmi ta'sir etmay qolmaydi.  Shu boisdan dunyo afkor ommasini o'ylantirayotgan, yechim izlashga chorlayotgan muammolar, masalalarga e'tiborsizlik, loqaydlik  o'z-o'zingning, kelajak avlodingning taqdiriga befarqlikdir.

Bozorlardagi to'kin-sochinlik, fayziyoblikdan ko'zingga yosh keladi. Lekin buning ham qadriga yetmov kerak.

Chegaralarimiz yaqin yo olismi, yer kurramizdagi rangi, millati, tili, urf-odatlari turlicha bo'lsa-da, insonday yashashga haqli bo'lganlarning omonu xotirjamligidan, xayrli ishlaridan quvonib, ularni qo'llab-quvvatlashga; xuddi shuningdek, nohaq jabru zulm ko'rayotganlarning azobu uqubatlarini qo'limiz, tilimiz, hech bo'lmaganda, qalbimiz xayrixohligi, duoyu hamkor ovozimiz bilan yengillatishga yaramasak, ilmu odamiylik fanida yer kurrasi ahliga ibrat, ustoz bo'lib kelgan ajdodlarning avlodlarimiz, deyishning ma'nosiyu qadri bormi?!

Lekin afsus, dunyoda million-million odamlar ochlik, vatangadolik, kasalliklar, huquqsizlikdan zoru abgorlikka mahkum bo'layotganiga guvoh bo'la turib… biz bir yigitning qiyofasidan tortib ovozigacha quyib qo'ygandek o'xshashligini, ularni bog'lovchi yana qancha dalillarni ko'ra-bilib turib, shu yigit shu odamning o'g'limi, deb yillar davomida kattayu kichik davralarda, ijtimoiy tarmoqda yoqa yirtib muhokama qilsak; to'ylarda erkaklar orasiga tushib olib selkillatishi mumkin bo'lgan barcha a'zolarini “o'ynatgan raqqosa”larni tomosha qilishdan charchamasag-u, yana oilaviy ajrimlar ko'payib ketyapti, deb “jonkuyarlik” qilsak; minbaru sahnalarga nima maqsadda emas, qanday kiyim kiyib chiqish asosiy tashvishimiz bo'lsa; o'zi shundog'am qo'li, tili uzun bo'lganlarga maddohlikdan ichu tashimiz siyqalashib ketganidan uyalmasak…

Ayni kunlarda esa ijtimoiy tarmoqlarimiz “bozori”ning har ikki ko'chasidan birida farg'onalik bir tabibning hech kimni nazar-pisand qilmagan qiyofasiyu atrofida haqiqiy olomonga xos voqeliklar chiqib kelyapti. Ularning qolipi bir xil: ko'cha, bir guruh odamlar ikki qatorga sochilgan, kim tik, kim hassada, kim nogironlar aravachasida.

Kutilmaganda chet ellik yoki taniqli domla-imomlardan biri qimmatbaho mashinasida odamlarning o'rtasigacha kirib kelishi ham mumkin. Ikki-uch shotirlarini ergashtirib o'zini mashhur tabib deb atagan «tabib» chiqib keladi.

Na yoshiga, na dardiga, na ahvoliga qarab degan qoida yo'q, “xaloskor” o'tib borayotib kutilmaganda bitta bemor (ko'pchiligi ayollar)ning oldida to'xtaydi, uning boshiga bir qo'lini qo'yib, “Nima bo'lyapti?” — deb so'rash asnosida ikkinchi qo'li bilan uning yelkalarini, orqasini, sonlariyu …ni silay boshlaydi. “Nima bo'ldi?” — deb so'raydi takror-takror hazilakam o'yin o'ynayotgandek. Ikki-uch bor shu savolni qaytarganidan keyin bemor og'riq kamaygani, dardi “yo'qolganini” aytadi, keyin hassasini tashlab… hozirgina o'n yil, besh yil, bir yildan buyon yurmayotgani, yurolmayotganini aytib turgan bemorlar yurib ketadi. Keyin navbatdagi, navbatdagi bemorlarda ham xuddi shu holatga o'xshash narsalar qaytariladi…

Ijtimiy tarmoqning yana boshqa sahifasida esa Yo'lchi Ismoilov degan bir jonkuyar faol inson “O'zini tabib deb e'lon qilgan kishining  qilmishlari na tabobatga, na shariatga to'g'ri kelmasligini; u odamlarni aldab, oldiga kelganlarning hammasidan sidirg'asiga 100 000 so'mdan shilib olayotgani, ammo davo topmaganlar puliga ham, vaqtiga ham kuyib, hatto ahvoli og'irlashayotganini;  “tabib”ning nayranglaridan yurtdoshlari ta'nayu malomatga qolayotgani, eng asosiysi, odamlar aldanayotganini” aytib, ichki ishlar, ayrim huquq-tartibot idoralari, Sog'liqni saqlash vazirligiga yozma murojaat qilganini ma'lum qiladi. Lekin uning aytishicha, mas'ul idoralardan tayinli javob yo'q hali…

Va yana: ijtimoiy tarmoqda surxondaryolik, qashqadaryolik, samarqandlik, navoiylik, qoraqalpog'istonlik, tojikistonlik, qirg'izistonlik, turkmanistonlik va boshqa joylardan Farg'onaga kelib, “tabibdan davo topdim” degan, o'zlarining yashash joylari va kimliklarini aniq aytib, duo qilib turganlar ham oz emas. Davo topmadim, deganlarning aksariyati ismu sharifini aytmay, telefon orqali Yo'lchi Ismoilovga dardini ochgan.

Garchi, shuncha yashab yoshiyu dardi, kasalining tarixi xilma-xil bo'lgan bemorlarning bir xil “silash”dan sanoqli soniyalarda bunaqa yurib ketganini, og'riqlari taqqa to'xtaganini, ko'zi ravshan ko'ra boshlaganini ko'rmagan bo'lsak-da, ikki o'rtada kimga ishonib, kimga ishonmaslikni, kimni rostgo'y deb, kimni yolg'onchiga chiqarib ayblashni bilmaysan. Chunki ixtiyorimizda “darddan tuzaldim” degan kim va qaerdanligini aytgan ancha-muncha erkagu ayollarning ham, telefonda “ahvolimda umuman o'zgarish bo'lmadi” degan ismu sharifi noma'lumlarning ham og'zaki gapidan boshqa dalil yo'q.

Lekin bu ilojsiz holat emas. Axir keyingi yillarda mamlakatimiz shifoxonalari, tashxis markazlari eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani haqida Sog'liqni saqlash vazirligi mas'ullari, vazirlikning viloyat, shahar-tuman bo'limlari rahbarlarining ma'ruzalarida ko'p eshitganmiz-ku. Nahotki “necha yillik dardimga tabibdan shifo topdim”, “Shifoxonalarda shuncha davolanib hech foydasini bilmaganman” deb, manzili va kimligini aniq aytib turganlarning kasallik varaqasini ko'tarib, haqiqatan ham u avval  dardmand yo sog' bo'lganini aniqlash, ayni kunda salomatligi qanaqa ekanligini tahlillar, tekshirishlar orqali aniqlash mumkin bo'lmasa?! Buning o'rniga, men eshitgan telefon orqali bo'lgan va yozib olingan ikki suhbatda Sog'liqni saqlash vazirligining xodimlari jamoatchi faol Yo'lchi Ismoilovning “Xatimga javob olishim kerak bo'lgan muddat keldi, qachon javob olaman?” degan savoliga: “Xatingiz o'rganilyapti”, “Bu bizning ishimiz emas, ichki ishlar shug'ullanishi kerak” degan fikrni qayta-qayta aytib, suhbatni qisqa qilish payida bo'ldilar. Odamlar salomatligi haqida Sog'liqni saqlash vazirligi xodimlari bitta oddiy faol inson qadar qiziqmayotgani (jon kuydirish, tibbiyotning sha'nini himoya qilish haqida og'iz ochishgayam hojat yo'q)ga “qoyil qolasiz”.

Ha, jonkuyar faolning “Qariyalar, nogironlar ovora bo'lib, dardi og'irlashyapti. Shunga tezroq chek qo'yaylik”, — deganiga Respublika Sog'liqni saqlash tizimi ishlariga eng mas'ul idorada o'tirganlardan ayrimlarining shunday javobini eshitdik. Ular ayni kecha-kunduzda ham “tabib”ning na tibbiyot madaniyati, na oddiy insoniylik etikasi, na gigiena talablariga javob bermagan tarzda shundoq ko'chaning o'zida yuzlab odamlar ustidan kulgandek qilayotgan xatti-harakatlarining ildizini ilmiy-tahliliy o'rganib, uni elga oshkor qilib shunga qarab chora ko'rish, ishonchli yo'ldan borish o'rniga, huquq-tartibot xodimlarining chora ko'rishlarini kutishyapti. Tabibga esa qay bir uyushmaning berib qo'ygan qog'ozi dastak, ichki ishlar xodimlariga uni ko'rsatib “Mana hujjatim!” — deydi. O'rtada… masalan-da, ilojsizlikdan uchta nevarani hayhotday hovlida yolg'iz qoldirib, kelinini tirgak qilib Surxondaryodan vodiyga kelgan, bor pulini to'lash evaziga “tabib”ning masxaraomuz so'zlariyu mensimasliklarini ko'rib-eshitib, yomg'irdek dardi qorga aylanib uyiga ne azoblarda yetib olgan nogiron onaxon kabi sarsonu sargardonlar dardini kimga aytsin? Shifokorgami? Qaysi shifokorga?

Beixtiyor Bedilning satrlari yodga tushib ketdi:

Soch va tirnoqlarga qarab ibrat ol,

Qon yo'q joyda yo'qdir his va tuyg'u ham.

Ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchilari, “tabib”dan shifo umidida uning mahalla-ko'chasiga kirib chiqqanlar orasida uni olg'ir, yolg'onchi, soxta tabib ekani yuzu so'zlaridan, xatti-harakatlaridan ko'rinib turganini aytib, “shunchayam sodda, go'l, bilimsiz bo'lamizmi?” deb yozg'irganlar ham kam emas. Ammo bir otaxonning gapi e'tiborli: “Mana, men ham necha yillardan buyon oyoq og'rig'idan azob chekaman. Ba'zida og'riqning qattiqligidan tong ottirish ham qiyin bo'lib ketadi. Shifoxonalarda davolanganman, mashhur do'xtirlargayam uchrashganman. Juda borsa, tezda ta'sir qiluvchi kuchli doridan ukol qilib qo'yishadi, og'riq vaqtincha yengillashganga o'xshaydi-yu, bir hafta-o'n kundan keyin avvalgidan ham kuchliroq bo'lib yana boshlanadi. Shuning uchun men o'zim ham tabibni bir yilcha kuzatganman, borsammikin, deb o'ylaganman. Cho'kayotgan odam xasga yopishibdi, deganlaridek, dard azobidan tinka-madori qurigan, asablari charchagan dardmand shifo istab nimalar qilmaydi, qaerlarga bormaydi…”

Mana, siz va biz ham beixtiyor ijtimoiy tarmoqlarda “trend” bo'layotgan “tabib” voqeasiga aralashib ketdik. Siz va biz, tarmoqdagi “shov-shuv”ga sho'ng'ib ketgan, uni kuzatayotganlar va davralarda ham ayni mavzuni muhokama qilayotganlar yuz minglar, balki necha yuz minglarni tashkil etarmiz. Ayni shu mavzu atrofidagi bahsu munozaralarga sarflangan vaqtlarni hisoblasak va undan olingan natijani o'ylasak, yurak orqaga tortadi. Holbuki, shu g'animat fursatlarimiz va kuch-quvvatimizni ilm yoki hunar o'rganishga, boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishga, mehnat bilan xonadonimizni obod etishga, mehru oqibat rishtalarini mustahkamlashga, yangi bir tadbirkorlik ishini boshlashga, orzumizdagi rejalarni jur'at bilan boshlashga, ibratli yaxshiliklarga qo'shilishga sarf etishimiz mumkin edi. Biz (tabobat ilmiyu amaliyotida alifni kaltak deya olmaydiganlar)  mavzuni ming yil chaynasak-da, naf chiqishi amri mahol. Chunki bizning mulohazalarimiz aksariyat hollarda ilmu tajribaga emas, hissiyotlarga asoslangan.

Aholisi azaldan ilmu ma'rifatliligi bilan ajralib turgan Qo'qon shahrida an'anaviy tabobat ham, xalq tabobati ham rivojlangan. Har bir mahallaga shifokorlar biriktirilgan. Ular “tabib” ish boshlagan dastlabki kunlardanoq uning faoliyatiga ilmiy yondashib, ish tartibi bemorlarni davolash amaliyoti talablariga qay darajada javob berishiga, shuningdek, mijozlarning ahvoli, fikr-mulohazalariga e'tiborli bo'lishlari, shikoyatlar sababini o'rganib, belgilangan tartibda chora ko'rilishi shart edi. Shunda ovorayu sarsongarchiliklar, noroziliklar, dardlar ustiga chipqonlar chiqishi, fursatu mablag' isrofgarchiliklarining oldi olinib, xalqning oq xalatlilarga ishonchu ixlosi ortgan bo'lardi.  Xullas, ijtimoiy tarmoqlardagi bitta shu mavzudagi bahslarni kuzatganlar, unda qatnashganlar o'sha vaqtlari, kuch-quvvatlarini bittadan nihol ekib, parvarishini boshlashga sarflashsa, katta bir bog' barpo bo'larmidi!

Bu bir misol. Aytaylik, qay bir hududlarda yo'llar asfaltlanmagan, qahratonu saratonda bu yo'llarda yurish odamlarga azob… Shunday holatda yo'lsozlar ko'chalarning yozda tuprog'u qishda loy bo'lgani uchungina emas, kattayu kichik bu noqulayliklar tufayli nolib, turli idoralarga shikoyat bilan arz qilib, yillar davomida bu muammoni o'zaro muhokama qilib umrlari besamar o'tayotganiga ham sababchi bo'lmaydimi?!

Qay bir hududlarda chiroqlar doimiy ravishda o'chib qolayotgan bo'lsa, o'sha joyning elektr tarmoqlari mas'ullari xonadonlar ma'lum soatlarda qorong'ida qolganliklari uchungina emas, shu muammo bilan bog'liq ravishda kelib chiqadigan noroziliklar, mish-mishlar, bu borada davlat idoralariga ishonchsizliklarning sababchilari emasmi?!

Ayni fikr barcha sohaga taalluqli. Hammamiz o'zimiz uddasini olgan va javobgar bo'lgan ishni kasb mas'uliyati, davlat qonunlari talablari darajada bajarsak, elning kuch-quvvatini yemirib, umrini sovuradigan “bekorchilikdan bema'nigarchilik” qabilidagi shov-shuvlar, taraflarga bo'linib olib foydasiz bahslashuvlar, bilib-bilmay oqlashu qoralashlar, ginayu adovatlar iskanjasidan ozod bo'lib borardik, qalblarimiz ko'proq nurga, ziyoga, yaxshilikka, insoniy ulug'vorlikka intilgan shijoatga aylanarmidi, inshoolloh.

Yana bitta gap: yuqorida asosan bir “tabib” haqida to'xtaldik. Ammo bunday “tabib”lar yurtimizda bitta emas, ancha. Mana, kuni kecha qaysidir telegramm sahifasida qumqo'rg'onlik soxta mulloning, iymonsiz kimsaning “dam solish, o'qish” bilan aldab huzuriga kelgan xotin-qizlarga tajovuz qilishi haqida yozishdi. Qo'lida muqaddas kitob, lekin hayvoniy hirsini qondirish uchun muqaddas kalomlarni pesh qilib qabihlik qilayotgan kimsa. Nima deyish mumkin? Bunaqa vijdonsiz, qallob nusxalarga qonuniy chora, jazo shak-shubhasiz tezkorlik bilan ko'rilishi kerak. Netongki, jamiyatda kechayotgan bunday xunuk voqealarga loqaydlik, e'tiborsizlik juda qimmatga tushmoqda.

Xalqimizda “bir balosi bo'lmasa, shudgorda quyruq na qilur” degan gap bor. Qiziq, joyi kelsa, bir bechorayu sho'rtumshuqning emin-erkin pista sotishiga yo'l qo'ymaydigan nazorat organlari nima uchun necha yuzlab kishini chuv tushirayotgan bunday soxta tabiblar faoliyatiga ko'z yumib turishibdi? Loqaydlik, beparvolik va harakatsizlik ortida nima yashirin? Yoxud “tabib”ning chindan ham “ko'r ko'zlarni” ochayotgani, umr bo'yi yurolmayotgan cho'loqlarni chopqillatib yuborayotgani haqiqatmi? Agar shunday bo'lsa, tegishli muassasalar tomonidan bu ochiq-oydin e'tirof etilishi, bunday bo'lmasa, bu qalloblikka zudlik bilan tegishli chora-tadbirlar ko'rilishi lozim emasmi?!

Umuman, bu gap — boshqa soxta “tabib”lar, ko'zbo'yamachi “mullalar”u, folbin va kinnachilarning “faoliyati”ga ham tegishli.

Qonun — qonunchiligini qilmasa, bemorlar ovorayu sarson, qalloblar gullab-yashnab yuraverishi hech bir adolat mezoniga to'g'ri kelmaydi!

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 9 =