Illatning ildizi qaerda?

So'zsiz, bu illatning ildizi oilaviy muhit va ta'lim-tarbiyaga borib taqaladi. Ta'lim-tarbiya, asosan, ona tomonidan olib borilishi barchaga ayon. Lekin ularning aksariyati, deyarli sakson foizi (balki, undan ko'pi) o'z yaratig'iga ma'rifatdan, ma'naviyatdan, madaniyatdan, ilmdan, axloqdan, mustaqil fikrlashdan saboq berish o'rniga, farzandining boshqalardan ajralib turishiga e'tibor beradi. Va buni bog'cha tarbiyachisining zimmasiga yuklaydi. Bolasiga e'tiborli bo'lish uchun unga sovg'a-salom beradi. Buning aksariyatini pul tashkil qiladi. Nadomatlar bo'lsinki, bu o'rinda tarbiyachi o'z burchini, ya'ni sovg'a-salomsiz barcha tarbiyalanuvchilarga birday qarash, birday muomalada bo'lishni unutib, sovg'a berganlarning bolasiga alohida e'tiborli bo'la boshlaydi: ovqatini yegizib, yuz-qo'lini artib qo'yib, unga poki-piyoda bo'ladi.

Bola buni tezda anglab yetadi va o'zi qilishi kerak bo'lgan yumushni bajarmasdan, tarbiyachi qilishini kutadi. Natijada mustaqil harakat asta-sekin so'nib boradi. Bu hol esa o'zgaga qaramlikni yuzaga keltiradi. Oqibatda mustaqil harakat qilishni deyarli unutadi. Bu ham insoniy, ham ijtimoiy illat odat tusiga kirib, milliy mentalitet unsuriga aylanib, undan mustahkam o'rin egallaydi. Ne ajabki, bu holatni muqaddas kasb egasi bo'lgan o'qituvchi ham takrorlaydi. Bu jarayon shu darajaga borib yetadiki, u davlat tamoyiliga aylanadi. Agar o'tmish tarixiga nazar tashlasak, sho'rolar davlati boshqaruvi shu tamoyil asosiga qurilganini ko'ramiz. Barchamizga ayonki, bu davrda xalq mustaqil harakat qilish u yoqda tursin, mustaqil fikrlash, o'z o'ylaganlarini bayon qilishdan ham mahrum edi. Ular uchun kerak bo'lsa, “jonajon partiya” o'ylaydi va ishga yo'naltiradi.

Ma'lumki, xalqi mustaqil fikrlamaydigan, harakat qilmaydigan jamiyatda taraqqiyot ham bo'lmaydi, barcha narsa turg'un holatda qoladi. Ya'ni turg'unlik hukm suradi. Bizning o'tmish hayotimizning yetmish yili shu holda kechganiga tarix guvoh. Bu holatni sog'lom aql va mustaqil fikrlovchilar yorqin tasavvur qila oladi.

Buning ildizi, yuqorida qayd qilganimizdek, baribir tarbiyaga borib taqaladi. Ko'rib o'tganimizdek, bizda ta'lim-tarbiya mustaqil harakat qilish asosiga, zaminiga qurilmagan. Shuning oqibatida ko'pgina jabhada xorijiy mamlakatlardan orqadamiz. Chet elning ham yengil, ham og'ir sanoatda yetakchiligi, ilg'orligi, peshqadamligi, faolligining tub zamini mustaqil fikrlash, mustaqil harakat qilish asosida ish tutishidadir. Albatta, mustaqil harakat, mustaqil fikrlash deganda kishi xayoliga kelgan narsani amalga oshirishga intilishini, undan keladigan natijani o'ylamay, mulohaza qilmay harakatga kiritishini emas, balki har tomonlama fikrlab, mulohaza qilib, natijasi ijobiy bo'lishiga ishonch hosil qilgach, faoliyat olib borishini nazarda tutamiz. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda mustaqil harakat qilishga keng yo'l ochib berilgan. Ayrim davlatlarda bu qonun tusiga kirgan. Aytaylik, Norvegiyada aynan shunday. Bu hol o'z samarasini berganligi har tomonlama taraqqiy etgan davlat ekanligida ko'rinadi.

Mustaqil harakat qilishning naqadar hayotbaxsh va samaradorligini anglash uchun hayotga nazar solish kifoya. Bu borada muhit katta rol o'ynaydi. Agar o'ziga to'q oila farzandlari boqimanda bo'lsa, boquvchisini erta yo'qotib, nochor holga tushib qolgan oilaning farzandlari o'zgalarning turtkisi bilan emas, muhitning ta'sirida mustaqil harakat qilishi tufayli ro'zg'orini to'zib ketishdan saqlab qolgan oilalar o'tmishda nihoyatda bisyor bo'lgan. Bu hol bugungi kunda ham ko'zga tashlanyapti. Bu jarayon, tabiiyki, qishloqlarda yaqqolroq o'z ifodasini topyapti. Bunga ikkita hayotiy misol keltirish bilan cheklanamiz. Bular to'qima emas, realdir. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi qishloqlarning birida yuzaga kelgan voqea-hodisa bunga misol bo'lishi mumkin. Bu oila a'zolari hozirda hayot bo'lganlari, oila boshliqlari hurmatga sazovor insonlar sanalganligi uchun ism-sharifini keltirishdan andisha qildik. Ota xo'jalikda bo'lim boshlig'i, ona shu yerda bosh xisobchi bo'lib, xo'jalik tugatilguncha ishlashgan. Ular uch o'g'ilning ota-onasidir. So'zsiz, bolalar ota-onaning ardog'ida voyaga yetishdi. Uch o'g'il oliy ma'lumot olguncha ota-ona balogardon bo'lishdi. Katta o'g'il Toshkent davlat texnika universitetining mexanika fakultetini, o'rtanchasi qurilish fakultetini, kichigi esa Olmaliq kon-metallurgiya institutini bitirgan. O'z-o'zidan aniqki, ularni nufuzli oilalarning qizlariga uylantirishgan. Ikki katta o'g'il alohida “dom”da yashashgan. Nadomatlar bo'lsinki, ular yolchitib o'qimaganligi uchun nobop kadrlar bo'lib yetishdi. Oqibatda kasbni eplayolmay, ishdan haydaladi, xotinlariga boqimanda bo'lishadi. Ular ortiqcha yemakxo'r joniga tekkani uchun, befayz xotinni eri uyidan quvganday, erlarini uyidan quvishadi. Ikki bekorchixo'ja ota-onaning pensiyasiga ko'z tikkanini ko'rgan onaning asabi qaqshab, insultga chalinib, to'shakka mixlanib qoladi. Albatta, bu fojiadan kishi ota-onaga qanchalik achinsa, bolalaridan shunchalik nafratlanadi. Yaqinda menga ro'para kelayotgan abgor ota yo'lini chapga solib, mendan o'zini olib qochdi. Chamamda, o'g'illariga bergan tarbiyasidan uyaldi. Bolalarining qilmishidin otaning uyalishini hech kimning boshiga solmasin, degan fikr xayolimdan kechdi. Nima ham derdik, qilmish-qidirmishdir. Demak, bolaning yaxshilikdan xoli xatti-harakatiga, mustaqil biror yumushni bajara olmasligiga ota-ona mas'uldir. Buni unutmaslik kerak.

Ikkinchi misol: o'sha xonadondan uch uy narida boquvchisini erta yo'qotgan oila istiqomat qiladi. Oila boshlig'i traktorchi bo'lib ishlagan. U og'ir kasallikdan hayotdan erta ko'z yumadi. Biror hunarga ega bo'lmagan ona to'rt bola — ikki o'g'il, ikki qiz bilan beva qoladi. O'g'ilning kattasi o'n to'rt, kichigi o'n ikki yoshda. Lekin bolalar “Bersang yeymiz, ursang o'lamiz” deyishmaydi. Birdan “ulg'ayishib” oilaning boquvchisiga aylanadi. O'qishdan keyin fermerlar dalasida ishlaydi. Ayniqsa, kuzda ishlari yurishadi. Piyoz hosilini yig'ishadi. Kuniga yuz ming so'mdan ortiq pul topishadi. Bir kunini ham bekor o'tkazishmaydi. Kattasi radiotexnika kollejini bitirib, shu soha bo'yicha yaxshi mutaxassisga aylandi. Uni yo'qlab qo'shni qishloq, hatto tumanlardan odamlar keladi. Aka-uka birlashib, “Nexia” mashina olishdi. Oilasi to'q va farovon yashayapti. Hatto qizlari borlar ularga turmushga berish uchun og'iz ochishyapti. Buning barchasi mustaqil harakat qilish hamda oldiga maqsad qo'yishdandir. Demak, mentalitetimizdagi bo'ysunuvchanlik, qaramlik unsurini chiqarib tashlab, o'rniga mustaqil harakat qilish, mulohaza yuritish, fikrlash unsurini kiritish kerak. Shunda ishimiz olg'a bosishi muqarrar bo'ladi. Lekin masalaning yana bir tomonini e'tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Bu ham bo'lsa, mustaqil o'ylovchining maqsadi mohiyatini chuqur anglashi. Ya'ni bu maqsad asosida qanday niyat yotadi? Uni amalga oshirsa, insoniyatga, hayotga, tuzumga, jamiyatga qanday naf keltiradi? Insonning ongini oshirib, dunyoqarashini yuksaltira oladimi, hayotni ekologik jihatdan musaffo eta oladimi, tuzumni xalqning barcha ehtiyojini to'liq qondirish jihatidan o'zgartira oladimi, jamiyatda tinchlik-barqarorlikni, xalqlar do'stligini ta'minlay oladimi? Shu muammolar qamrab olinganmi, degan masala o'z ifodasini topgan bo'lishi kerak. Demak, mustaqil o'ylash oldiga katta mas'uliyat qo'yiladi. Shunda uning amalga oshishi insoniyat, hayot, tuzum, jamiyat uchun samaralidir. Mustaqil o'ylash, harakat qilishning hayot, tuzum, jamiyat taraqqiyotidagi o'rnini dunyoqarashi keng, bilimdon shaxslar anglab yetishlari muqarrardir. Ular bu boradagi fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda bayon qilishyapti. Eng muhimi, ta'lim-tarbiyada bu masalaga e'tibor qaratish fikrini ilgari surishyapti. Bu borada Prezidentimizning O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan aytgan quyidagi so'zlariga qat'iy amal qilishni o'zlariga vazifa qilib olishyapti: “Barchamiz yaxshi bilamiz, insonning ongi, dunyoqarashi o'zgarmasa, jamiyat o'zgarmaydi. Jamiyat o'zgarmasa, taraqqiyot ham bo'lmaydi. Lekin odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim o'zgartira oladi? Yangi O'zbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, ibn Sinolari, Farg'oniylarini kim kamolga yetkazadi?

Albatta, bunday ezgu va ulug'vor vazifani, tom ma'nodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz — ustoz va murabbiylar qodirsiz.

Bugun azamat yoshlarimiz jahon maydonlarida o'z kuchi va bilimi, iste'dodi bilan ulkan marralarni qo'lga kiritayotganini ko'rib, quvonib turibmiz. Bu g'alabalar, avvalo, ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi, desak, to'g'ri bo'ladi.

Shu bois sizlarning sha'ningizga, muhtaram ustozlarimiz sha'niga qancha yaxshi gaplarni aytsak, go'zal ta'riflar bildirsak, qanday ezgu tilaklarni yo'llasak, o'ylaymanki, bu ham adolatli haqiqat bo'ladi”.

Bu adolatli fikrlar zamirida ham mustaqil o'y, mushohada borligi ongga sezilib turibdi. Demak, ezgu maqsadli xatti-harakatimiz asosini mustaqil o'y va mushohada tashkil etmog'i lozim. Shundagina tuzum va jamiyat xalq hamda insoniyat ezgu maqsad yo'lida taraqqiy etadi. O'ylaymizki, bundan barcha yoshlar va jamoatchilik tegishli xulosa chiqaradi.

Hakimjon KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =