Men anglolmayotgan haqiqatlar

Har yili bahor keladi. Qirlar, adirlar, hamma yoq gullab-yashnaydi. Kimning bog'i bo'lsa, yanada serhosil ko'chatlar o'tqazib, ko'nglini ko'taradi. Orzu, havas — insonni yuksaklarga yetaklaydi.

Lekin meni bir narsa ajablantiradi. Qalbimni, butun vujudimni qiynaydi. U ham bo'lsa har yili ekilayotgan va bir necha oy o'tib qurib qolayotgan archalar. Minglab, o'n minglab, hatto millionlab ko'chatlar ekiladi, ekiladi, ekiladi… Har yili shunday. Balki eski zamondan qolgan hisob uchundir, bilmadim. O'tgan o'n besh, yigirma yil ichida ekilgan archalarni hisoblasak, xalqning qanchadan-qancha puli ko'klarga sovurilganini his qilasiz. Lekin sarflangan mab­lag'ning hisobiga yetolmaysiz. Buni na rahbarlar, na ekologik olimlar, na shu ishga mas­'ul mutasaddilar o'ylaydi. Hamma go'yo tomoshabin. Agar shuncha mablag' birortasining cho'ntagidan chiqsa bormidi, unda vaziyat boshqacha bo'lardi.

Bu pullar, bu mablag'lar kambag'allarga bo'lib berilsa edimi, ehtimol, biz tilga olgan muammoga bog'liq vazirlikning ham keragi bo'lmay qolardi.

Bizning iqlim sharoitimizga mos, yillar, asrlar bo'yi sinovdan o'tgan qayrag'och, gujum, tol singari ham foydali, ham yozning jaziramasiga chidab bera oladigan daraxtlar eksa bo'ladi-ku!

Bu yog'iga endi insof bersin. Archada ayb yo'q, yaxshi daraxt. Lekin uning ham o'sib-unadigan joyi, zamini bor…

* * *

Tog'am qishloqda yashaydi. Butun avlodlari shu qishloqda yashab o'tishgan. Qutlug' nomini ham hech kim unutmaydi. Lekin qish­loq bor-u, nomi yo'qolib ketgan bo'lsa-da, hamon “qaerliksan?” deyishsa, o'sha qadimiy qishlog'ining nomini tilga oladi. Qishloqning nomi qadimdan shunday atalgan, sho'ro zamoni bilan hecham aloqasi yo'q.

Bir-ikki yil ichida shunday voqea yuz berdi. “Open byudjet” degan harakat ommalashdi. Bilasiz, qishloqda bir yo'l bor, bu yo'l sizni qish­loqning u boshidan bu boshiga yetkazadi. Shu deng, bir mahalla “Open byudjet”ga qatnashib, o'z hududiga tegishli qismini asfalt qildirmoqchi bo'ldi. Ularga tegishli hudud yo'lning o'rta qismida edi. Kurash boshlandi. Hamma narsa ishga solindi. Do'konlarda o'tmay yotgan yog' ham qolmadi. Sim kartalar anqoning urug'iga aylandi. Oxiri yutishdi.

G'olib mahalla yo'lning o'ziga tegishli hududining bir kilometrlik qismini asfaltlatdi. Bundan 50-60 yil muqaddam qurib, asfaltlangan yo'lning boshi va oxiri o'ydim-chuqur joylardan iborat bo'lib qolaverdi.

Meni yo'lni ta'mirlash uchun kurashgan mahallaning “Open byudjet”i qiziqtirmaydi. Biroq tashabbusli byudjet asosida ta'mirlanadigan ishlar butun boshli mahallada emas, balki besh-oltita bo'laklarga bo'lib amalga oshirilishi nimaga kerak ekan? Axir bir qish­loq fuqarolari hamisha birlashib, hamma bir oila farzandiday yashar edi. Muammolarni barcha baqamti yechishardi. Qadimiy qish­loqning ham nomi bor edi. Endi esa qanchadan-qancha mablag' sarflab mahallalar tashkil etildi. Ularning bir-birlari bilan kim o'zarga faoliyat yuritishi oqibatida ba'zan bir ariqning suvini bo'lib-bo'lib olish uchun o'zaro yoqalashishiga ham to'g'ri kelmoqda. Bu muammoga chek qo'yish vaqti kelmadimi?!

* * *

Til — millat qalbi, boyligi, g'ururi. Tilsiz millat bo'lmaydi, Vatan ham. O'zi tug'ilgan zaminni jon-dildan sevish, himoya qilish, kelajak avlod uchun avaylash — har bir fuqaroning burchi, vijdon amri.

Mustaqillik yo'lida O'zbekistonning birinchi qonuni ham Davlat tili haqida bo'lgan. Bunga erishish oson bo'lmagan. Jadidlar boshini tikkan, shoirlari jonini bergan o'zbek tili o'tgan asrning 80-yillarining oxirida fidoyi va jasoratli vatanparvarlarning kurashi bilan ushbu qonun qabul qilingan va kuchga kirgan. Bu qonunni hayotga tatbiq etish oson bo'lmagan. Hali ham kurash davom etmoqda.

Lekin meni hayratga soladigan narsa — ayrim ziyolilarimiz rus tilini yomonlab og'iz ko'pirtirib gapirishadi-yu, amalda esa batamom boshqacha. Ba'zi “populist” ziyolilarning oilasini olib qarasangiz, uyda bemalol ruscha so'zlashishadi, bolalari, nevaralari ruscha maktab­­ga boradi, uylarida faqat Rossiya televideniesini tomosha qilishadi.

Bunday ikkiyuzlamachilarni nima deb atashga hayronsan. Ular o'zlarining o'zbek ekanliklarini shu bilan isbotlashsa kerakdir, balki.

Men tilni ajratishdan yiroqman. Zarurat bo'lsa, o'rganing, qancha ko'p til bilsangiz, shuncha yaxshi. Lekin o'zbek tilini aslo esdan chiqarmang, ikkiyuzlamachilik qilib, boshqa tillarning ustidan kulmang. Til — bu millat boyligi, o'zaro muloqot vositasi. Ularni o'z o'rnida e'zozlab, faxrlanib yuring. O'zbekligingiz — bu yigitlarga boshiga do'ppi kiyish, qizlarga atlasdan ko'ylak kiyish bilan kifoyalanmaydi. Ortiqcha va'zxonlik qilish esa — obro'ni to'kadi, xolos.

Jabbor RAZZOQOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 7 =