Ziyolilar ko'pmi?

Bu gal muqaddas kalomdagi “ziyo” hamda “nur” so'zlariga diqqatni tortmoqni ixtiyor qildik. Zero, tilimizda bu ikki so'z aksariyat sinonim sifatida qo'llaniladi va har ikkalasida ham “yorug'lik” ma'nosi ustuvor. Deylik, o'choqda yonayotgan o'tin ham yorug'lik taratadi, undan yaqin-atrof nurafshon bo'ladi. Endi tasavvur va muhokama doirasini kengaytiramiz: oy to'lishgan kechada qirda gulxan yoqib, olov atrofida o'tirganlar oyni e'tirof etishadimi yoki haroratni? O'choqning yorug'i ayni paytda ko'kda porlab turgan oyga yaqinmi yoki hozircha “yotog'ida dam olayotgan” quyoshgami? Beixtiyor javobga “Quyoshga!” degan so'z keladi (negaki, sezgilarimiz oftob taftini tuyyapti). Xo'sh, garchi oy va quyosh ham yorug'lik taratsa-da, ularning farqi haqida o'ylab ko'rganmizmi? Bu yumush xayolga kelmagan bo'lsa-da, ichki tuyg'u o'choqdagi olov quyoshga yaqinligini tasdiqladi. Nega? Chunki quyoshda ham, olovda ham harorat bor. Demak, muqaddas kalomlarda ham ta'kidlanganidek, ham yorug'lik, ham harorat taratuvchi quyosh — ziyo manbai; faqat yorug'lik sochuvchi oy esa nur manbaidir. Ziyoda yorug'lik va harorat, nurda esa faqat yorug'lik mavjud. Bizningcha asosiy o'ziga xoslik va tafovut ana shunda.

Garchi tilimizda bu ikki so'z ma'nodosh hisob­lansa-da, biroq orada juda katta hissiy-uslubiy tafovut mavjud. “Nurli chehra” bilan “qalbi eiyoli” iborasida sifatlovchilarning o'rnini almashtirib bo'lmaydi, bu ta'riflar shunday qabul qilinadi. Xuddi shuningdek, “nur ulashdi”, “ziyo ulashdi” degan gaplar ham deyarli teng ma'noni ifodalasa-da, aynan teng emas. Ammo bu farqni uncha-buncha odam sezavermaydi va uncha-bunchada farqlanmaydi ham. Xullas, uzoq ma'nibozlikdan ko'zlangan maqsad — tilimizda “Ziyoli” degan so'z bor. Shu kalima qanday ma'nolarni tashiydi, u ifodalaydigan tushunchalar qatorida bugun dolzarb bo'lib turgan masalalarga daxldorlik qirrasi bormi, umuman, ziyoli kim va uning jamiyatdagi vazifasi nimalardan iborat, singari mavzularda fikr yuritish, jamoatchilik munosabatini bilishdir.

Yaqin o'tmishimizda shu so'zga muqobil tarzda “intelligent” kalimasi faol qo'llangan, lekin o'sha davr lug'atlarida uning tarjimasi sifatida “ziyoli” ma'nosi ko'rsatilmagan ekan. Ma'lum bo'ladiki, bu so'z ham qatag'onga uchragan “jabrdiyda”lardan ekan. U o'tgan asrning 60-yillaridan urfga kirganga o'xshaydi. Negaki, 1956 yilda tarixda birinchi va oxirgi marta chaqirilgan katta mashvarat ham “O'zbekiston intelligensiyasining I s'yezdi” deb atalgan. Agar bu ikki so'zning kelib chiqishi (yasalishi)ga e'tibor beradigan bo'lsak, “intelligent” so'zining o'zagi “intellekt” — lotincha “aql” so'zidan, “ziyoli” esa forscha “ziyo” so'zlaridan yasalgan. Mabodo “intelligent” va “ziyoli” so'zlarining ma'no doiralarini chamalaydigan bo'lsak, keyingisi ancha katta tushunchalarni qamrab olganini, keng ma'nolarni ifodalaganini sezish qiyin emas.

“Aql”ni inson tafakkurining borliqni aks ettirish quvvati deyish mumkin va aqlda tug'ma xususiyat ustuvor bo'ladi (odam aqlli va aqlsiz — nogiron bo'lib dunyoga kelishi mumkin). Shunga ko'ra intelligentlik tug'ma ato etiladi, tarzida nisbiy xulosa chiqarsa bo'ladi. “Ziyo” esa keng tushuncha, uning o'zagida, yuqorida ta'kidlaganimizdek, yorug'lik va nur ma'nolari bo'lganidek, ijtimoiy yuklamasi ham nihoyatda salmoqli. Intelligent — aqliy mehnat kishisi (shu tufayli “ziyoli” so'zini ham “chelovek umstvennogo truda” deb tarjima qilishgan, sharhlashgan), holbuki, xalqimiz “ziyoli” deganda faqat aqlli mehnat kishisi yoki ma'rifatli zotni emas, balki har jihatdan ibratli, bir so'z bilan aytganda, “o'zidan yorug'lik va harorat” taratab yuruvchi mo''tabar shaxsni, so'zi o'tadigan kayvonini, jamoatchilikning eng obro'li odamini tushungan. Ziyolilar ham o'zlarini shunga yarasha tutishgan, yurtdoshlarining chinakam e'tiroflariga sazovor bo'lishga intilishgan. Xullas, jamiyatimizda ziyoli bor joyda ham yorug'lik, ham harorat bo'lgan.

Ziyolilik ijtimoiy tabaqa yoki kasb emas, balki jamiyatning butunlay ixtiyoriy, lekin qat'iy talablar asosida tuhfa etadigan e'tirofi, e'tibori. Har qanday savodli yoki ma'rifatli odam ziyoli bo'lavermaydi yoxud ziyoli rutbasini olish uchun qandaydir o'quv yurtini tugatish, maxsus talablarni bajarish (imtihon topshirish ma'nosida) shart emas. Ziyolining o'ziga xos axloqiy “kodeks”i jamiyat faoliyati davomida shakllangan. Unga ko'p talablar qo'yilgan va… xullas, u hamma ibrat oladigan, har ishda oqil va tadbirkor odam bo'lgan. Bunday kishilarni jamiyatimiz oldin ham, hozir ham ko'plab tarbiyalab yetishtirgan, ular qish­loqning, tumanning, viloyatning, yurtning tirgagi, ustunlari bo'lishgan. Bunday kishilarning obro'sini yillar to'foni ham yiqita olmaydi, ularning xayrli ishlarini hech kim unutmaydi ham.

Kaminaning tasavvurida tarixdagi ana shunday ziyoli zotlardan biri sifatida shayx Najmiddin Kubro hazratlari gavdalanadi. Yoki ulug' Alisher Navoiyni o'zidan ziyo taratgan buyuk zot deyish mumkin (lekin she'riyati qanchalik isyonkor va otashnafas bo'lmasin, shoir Mashrabni “ziyoli” deb atashga ishtiboh tuyamiz. Nega?). Yaqin tariximizda ham “quyosh bo'lishni istamay, bir kambag'alning kulbasini shamchiroq bo'lib yoritib o'tgan” ziyolilar ko'plab topiladi. Bunday zotlarning xizmatlari ko'lami turlicha bo'lmasin, mavqelari haminqadar bo'lmasin, o'z ziyolarini atrofga taratib o'tgan, aniqrog'i — ziyolaridan atrof yorug'lik va harorat olgan. Ular “Tiriklik zulmatining mag'lub bo'lishi yo'lida” bir taram ziyo taratgan bo'lsalar, quyosh qavmidan hisoblanadilar va minnatdor avlodlar xotirasida “ziyoli” sifatida yashaydilar.

“Ziyoli” tushunchasi atrofida muhokama aylanaveradi, mulohazalar tug'ilaveradi, bu “mojaro” jonli hayotda ziyolining tirik timsolini topish, uchratish minnatidan ham oshib tushadi. Olg'a bosayotgan karvon bir yo'lboshchiga ehtiyoj sezganidek, jamiyat yorug' kunlarning zulmatlari — turli ikir-chikirlari o'z yechimini topishda shunday zotlarga kuchli ehtiyoj sezaveradi. Va banogoh taloto'mlarga to'la zamonlarda ziyolilar yetarli bo'lganmi, bugun ham ular ko'pmi, degan savol aylanaveradi.

Xuddi shunday savol bilan 10-15 yillar oldin davrimizning bir qancha faol ziyolilariga savolnoma tuzib murojaat etgan edim. Ayniqsa, o'sha yillar har qanday mavzuda buyurtma berilsa, bajarib tashlaydigan ma'rifiy dastgoh darajasiga ko'tarilgan bir muhtaram olimdan fikrlarini bilishni juda istagandim. Hatto 3-4 telefon qoqib, bezovta ham qilgan edim. Ammo “dastgoh”dan banogoh “Bir qitmir jurnalist menga hammaga ma'lum savollar bilan murojaat qilaveradi” degan javob chiqib kelgandi. Muddao esa ziyolining oddiy odamlar va rahbarlar oldidagi vazifalarining chegarasini bilish edi, bu yoqmagani aniq bo'lgan.

Rostdan, balki zamonlar osha bir savol ko'ndalang turar: jamiyatda ziyolining o'rni qaerda? Qo'lida katta imkoniyatlar bor (masalan, boylar) tabaqasi bilan eng oddiy shafqatga muhtoj muhmal odamlar o'rtasida ziyoli qanday o'rinni egallashi kerak, uning mavqei, ya'ni tabiiy (qonuniy) vazifasi nimadan iborat? Bundoq o'ylab ko'rilsa, qo'yilgan savollarga javoblar nafaqat ziyolining kimligini aniqlab beradi, balki uning kimligiga ham bahoni tayinlaydi. Har jihatdan ta'minlangan tabaqaga osoyishtalik kerak, u shu zaylda yashab (qitmirroq qilib aytganda, “davru davronini surib”), uzoq yillar kun ko'rsa (ya'ni ayshini sursa), shu kifoya. Oddiy e'tiborga (shikoyat arizasiga imzo qo'ydirishga ham muhtoj) qatlam esa das­ti uzunlardan shafqat umid qiladi (uning xatiga ta'na-dashnom yoki jarimalarsiz muborak imzoning chekilishi ham unga iltifot). Munosabatlarning ana shunday manzarasida hammasi insof darajasida ish tuta oladimi (boy halol rizq bilan oziqlanadimi, muhtoj qiyinchiliksiz maqsadiga erishadimi)? Afsuski, yo'q. Mabodo shunday bo'lganda, kuch tuzilmalariga, turli qonunlarga ehtiyoj qolmasdi.

Endi asosiy savolni qo'ysak bo'ladi: xo'sh, ana shunday izdihomda yorug'lik va harorat quvvvatiga ega bo'lgan ZIYoLIning o'rni qaerda yoki u o'zini qaerda his qiladi? E'tiborli tomoni — ana shu savolning javobi bugun (har doim ham!) jamiyat qiyofasida asosiy mezon bo'lib kelgan. Ziyoli muhtojning haqqini himoya qila oladimi, insofsiz zo'ravonning giribonidan ola biladimi? Bir so'z bilan aytganda, balandparvoz iboralarda ta'riflanganidek, haqiqat himoyasi uchun maydonga tusha oladimi?

Azaldan insoniyat erishgan qadriyatlarda adolat ustuvorligi uchun kurash yuksak insoniy fazilat sifatida ulug'langan. Shunisi borki, hamma tirik odam atrofidagi voqealarga parvo qilavermaydi. “Och qornim — tinch qulog'im”, “Menga desa, dunyoni suv bosmaydimi, kulbam quruq bo'lsin” singari qarashlar aksariyat ko'pchilikning hayotiy me'yori. Qolgan bir hovuchgina hushyor odamlarning hammasi ham adolat istagida bo'lmaydi, murosa yo'lini tanlaydi yoki ixtiyoriy emas, zo'rga tan beradi. Juda ozgina haqparastlar esa… doim qadr topavermaydi. Hatto jamiyatda axloqiy me'yorlar vayron bo'lib borib, tanazzulga ketilayotgani aniq bo'lgan sharoitda ham ziyolilar o'rtada, suv ayirg'ichdek namoyon bo'ladilar. Ularga ijtimoiy ehtiyojning kuchliligi shundan. Ayni paytda bu ijtimoiy ehtiyoj kuchli tarzda namoyon bo'lmoqda. Omma (olomon) ziyolining so'zini kutmoqda. Bu o'rinda ziyolilik haqparastlikdan ham yuqori turuvchi mavqe kasb etayotir. Negaki, haqparast odam ham o'z maqsadiga yetishishi uchun kuch ishlatishi mumkin, turli vositalardan foydalanadi… Ammo uning faoliyatiga ham to'g'ri bahoni ziyoli qo'yadi.

Agar ana shunday yuqori talab bilan yondashilsa, bugungi kunlarimizda ZIYoLILAR KO'PMI? Balki ularning oz-ko'pligi jamiyatning qiyofasini belgilayotgandir. Adashishlar, chalg'ishlarning sababi shundadir. Negaki, odamni, demak, jamiyatni FIKR boshqaradi. Shunday holni tasavvur qiling: bir odam yomg'ir tagida shalabbo bo'lib turibdi. Unga yopinchiq olib borib berishdi, turaverdi. Suv, non tutishdi, turaverdi. Xullas, kallasiga yomg'irdan qochib, panaga o'tish kerak, degan FIKR kelguncha turaverdi. Mana shu jo'n misolning o'zi ham odamning ust-boshini o'zgartirishdan, qornini to'ydirishdan oldin fikrini o'zgartirish kerakligini tasdiqlab turmayaptimi? Ziyoli qavmi ana shu missiyaga yo'naltirilgan tabaqa!

Demak, jamiyat qanday bo'lsa, ziyoli shunday bo'ladimi yoki ziyoli qanday bo'lsa, jamiyat shunday bo'ladimi? Bu so'roqqa javob berishdan oldin, yuqorida ta'kidlanganidek, haqiqiy ziyolilar bormi, bor bo'lsa, ularning mavqei (ularga jamiyatning, demak, davlatning e'tibori) qanday, degan savollarga javob topish kerak bo'ladi. Ziyo­­li va jamiyat hodisasi bir-biriga ichki zanjir bilan bog'langan yaxlit uzviylik. Ziyo­­li jamiyatdan tashqari bo'la olmaydi, jamiyat ziyolisiz mukammal emas. Tabiiy, masalaning muhokama yo'nalishi eng yuqoriga borib yetayapti: davlat qanday ziyoli (ularni chin yoki soxta deyishga hali bor)ga buyurtma berayapti? O'sha javob berish erish tuyulgan anketa savollari qatorida shunday so'roq ham bor edi: “8. Jamiyat ziyoliga qandaydir darajada buyurtma berishi yoki faol hayotga jalb etishi mumkinmi? Umuman, keyingi yigirma yil davomida bu borada qanday tendensiyalar ko'zga tashlandi va Sizning ularning natijalariga munosabatingiz qanday?”

Bu savolga o'shanda ham, hozir ham javob berish oson emas. Birinchidan, jamiyatning qiyofasi ham, kayfiyati ham o'zgarib turadi. Zamonlar bo'lgan — ketmon bilan kanal qazilgan yoki hamma soqol o'stirishga ruju qo'ygan. Ana shunday beqarorlik sharoitida eng muhim ehtiyoj nimada bo'lgan? Ikkinchidan, jamiyatning tabiati qanday: u eng zamonaviy talablar asosida rivojlanayotgan yuqori bosqichdami yoki hali xalq manfaatlari to'la yuzaga chiqmagan, ijtimoiy munosabatlar shakllanmagan ibtidoiy bosqichdami? Muhokamaning eng yuqori va eng quyi chegarasida jami so'roqlarga javob topish uchun aniq bir harakat lozim bo'ladi. Ana shu qo'zg'atuvchi harakatni biz anchadan beri turli shtrixlar bilan suratini chizayotgan ziyolilar amalga oshirishi talab etiladi! Mana, gap nimada?! Yo'l izlagan olomon qorong'i o'rmonda adashib qoladi va tanida erkinlik hissi jo'sh urgan yigitlardan biri yuragini sug'urib, uning yorug'i va haroratida xalqni zulmatdan qutqaradi. Vaziyatning badiiy ifodasi shunday bo'lgan va buni 120 yil oldin yangi adabiyotning asoschisi baralla insho etgan edi. Men savollar taqdim etgan zotlarda bunday jasorat emas, uni eslashga hafsala ham bo'lmaganini yillar o'tib tushunganman.

Oradan bir asrdan ko'proq vaqt kechgan, moddiyatda, texnik taraqqiyotda odamzod mislsiz yutuqlarni qo'lga kiritgan bo'lsa-da, ana shu kosmik parvozlar qanotida xuddi chigirtkadek yashirinib, o'sha ibtidoiy manzara yashab qolaverar ekan, ya'ni har doim Dankolarga ehtiyoj bor. Faqat bugun boshqa bir ko'rinishda va manzarada. E'tibor bering: yo'l bo'yidagi bir tandir kabob oshxonasida har kuni uch yuz qo'y so'yilib, o'choqqa osilar ekan. Unga navbat tor tog' yo'lida 3-4 chaqirimga cho'zilgan. O'rmonda adashganlar-ku bosqinchining zulmidan qochib, keyin yo'l topa olmay qolganlar; kuppa-kunduzi qorin, aniqrog'i, nafs qutqusida hil-hil pishgan etga nashavand bo'lgandek uzun navbat qatorlari orasida adashib yurganlarning fojiasi undan o'n-yuz baravar battar emasmi? Odam faqat qorin g'amida shunday ko'ylarga tushishi joizmi? (Axir hayotda boshqa zavq oladigan vositasi yo'q-da!) Insonki, bizning zamondoshimizki, shu darajaga tushgan ekan, kim (lar)dir yuragini alanga qilib, olomonni bu jaholatdan — nafs ummonidan qutqarishi lozim emasmi? Yuz yillar oldin jadid bobolar qon qusib takrorlagan holat — “bu xalq ma'rifatga oshga turgandek navbatga turganida edi”, bugun dunyo uning ilkida bo'lmasmidi? Axir qanday daholar ana shu tuproqda ko'z ochib, ulg'ayib, dunyoni olgan-ku! Eh, bosqinlar, bo'linishlar, repressiya-yu korrupsiyalar guldek vatanni ne holga soldi-ya? Bu iztirobni kimlardir yuragidan o'tkazayotgandir…

Jamiyat boshqarilishi qiyin bo'lgan og'ir karvon. Uning ehtiyojlarini qondiradigan vositalar uning bag'rida paydo bo'lib, dunyo yuzini ko'rib, amaliyotga kirishguncha yillar, o'n yillar osongina o'tib ketadi. Masalan, yaqin tarixda ro'y bergan oktyabr to'ntarishi (1917 yil)ning yuzaga chiqishi uchun 40-50 yillar talab qilingan (harakat 1861 yilda krepostnoy huquq bekor qilinishi bilan boshlangan, deyish mumkin). Ammo yo'li juda uzoq bo'lgan quyosh ziyosiga, haroratiga esa har doim ehtiyoj bor. Jamiyatda kechayotgan o'zgarishlarni tahlil qilib, to'g'ri yo'nalishga da'vat etuvchi ziyolilar esa har doim faol bo'lmoqlari tarixiy zaruriyat. Agar millatning ziyolilari bo'lmasa. demak, bu kulbaning chirog'i o'chgan, uning tiriklik olamida yashashi mumkin emas. Harakat — borlik, mavjudlik; harakatsizlik esa yo'qlik, yo'qolish. Hech kim o'zicha yo'qolishni xohlamaydi!

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 14 =