Mirzo Ulug'bek dahosi

“O'tmishi ko'milgan millatning

istiqboli ham zulmat pardasi

ostidadir”.

Herman Vamberi

2024 yil 12 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori e'lon qilingan edi. Unga ko'ra, mamlakatimizda joylarda, oliy o'quv dargohlarida qizg'in uchrashuvlar, muloqotlar o'tkazildi, allomaning qutlug' xotirasi yodga olindi. Samarqandda ulug' olimga bag'ishlangan xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.

Mirzo Ulug'bek xalqimizning eng suyukli va ardoqli farzandlaridan biri

“Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo'ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylab o'rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishlaridan biridir”, — degan edi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Esimda, 2010 yil edi, Shavkat Mirziyoyev o'sha paytlar Respublikamiz bosh vaziri edilar, Samarqandda Rasadxona yodgorligi poyida tarixchi va quruvchilarni yig'ib, Mirzo Ulug'bek haqida gap ochdilar: “Biz Mirzo Ulug'bekning daholik darajasiga loyiq, xos va mos yodgorlik majmuasini yaratishimiz kerak. Sovetlar davrida bunyod qilingan majmua tarixiy haqiqatga mutlaqo to'g'ri kelmaydi”, — degandilar.

Darhaqiqat, o'sha kezlar majmua g'arib bir ahvolda edi. Muzey zallari dindorlar bilan Mirzo Ulug'bekning ziddiyatlari va kurashini aks ettiruvchi yolg'on-yashiq kinoyu dramalar lavhalari suratlari bilan to'ldirilgan bo'lib, xudosizlikka chorlab turar edi. Bu Mirzo Ulug'bek dahosiga zid, tuhmat bir g'oya edi. Axir u Movarounnahr mamlakatining 40 yillik hukmdori, daho olim, buyuk sultoni edi-ku.

…Qisqa vaqtda “Rasadxona yodgorlik majmuasi” yangidan barpo qilindi, u turistlarning eng suyukli joylaridan biriga aylandi. Mehmonlarni xuddiki Mirzo Ulug'bekning o'zlari kutib olayotgandek. Pastki maydonda bronzadan quyilgan Mirzo Ulug'bek taxtiravonda nafaqat falakka, balki kelajakka, sizu bizga ko'z tikib turganday. Orqada yulduzlari charaqlab turgan koinot aks etgan ulkan panno bunyod qilingan. Gullar va yashilliklar oralab, zinalar orqali yuqoriga, tepaga ko'tarilasiz. U yerda muzey va dunyoni lol qoldirgan Mirzo Ulug'bek davriga guvohlik berib turgan rasadxona poydevori yastanib yotibdi. Bu yerlarda uning ruhi, nafasi, qadamlarining izlari bor.

“Talli-i-rasad”

Mirzo Ulug'bekning ilmiy merosi, madrasalari va rasadxona qurilishi to'g'risida juda ko'p manbalar saqlanib qolgan. Uni yevropalik, rossiyalik sharqshunos olimlar yaxshi bilishardi. Faqat rasadxonani uzoq qidirishdi, topa olishmadi. Chunki u allaqachon nurab, yer qa'rida qolib ketgan edi. Rasadxonani topish sharqshunos, havaskor arxeolog V. Vyatkinga nasib qildi. Qanday qilib? Chunki u boshqa rus olimlaridan farqli o'laroq, mahalliy aholi bilan chiqishib ketgan edi. Odamlar Obi Rahmat arig'i bo'yida “Talli-i-rasad”, ya'ni “Rasadxona tepaligi” borligini bilar edilar. Abu Said Maxsum va Egam Xoja mullalar V. Vyatkinga o'sha joyni ko'rsatishdi. 1908-1909 yillari qazishma ishlari boshlab yuborildi va nihoyat XV asrga oid Mirzo Ulug'bek rasadxonasi — observatoriyasi, uning asosiy qurilmasi sekstant topildi. Bu haqda telegraf agentliklari butun dunyoga xabar tarqatdi. Bu XX asr kashfiyoti sifatida qabul qilindi.

Muhammad Tarag'ay ibn Shohrux ibn Temur

Ha, Mirzo Ulug'bekning azon bilan qulog'iga singdirilgan ismi xuddi shunday. Juda yoshligidan uni bobosi Ulug'bek deb erkalagan, suygan va u aynan shu Mirzo Ulug'bek nomi bilan tarixga muhrlandi.

Ulug'bek 1394 yilning 22 mart kuni g'arbiy Eronda, Sultoniya shahrida bobosi Amir Temurning harbiy yurishlari paytida tug'ilgan. Otasi — Amir Temurning kenja o'g'li Shohrux Mirzo. Onasi Xorazmda hukmronlik qilgan so'fiylar sulolasiga mansub G'iyosiddin Tarxonning qizi Gavharshod begim bo'ladi. Ulug'bek ularning to'ng'ich farzandi.

O'sha davr taomiliga ko'ra Amir Temurning nabiralari, jumladan, Ulug'bek poytaxtda — Samarqandda Saroymulkxonim-Bibixonim tarbiyasida bo'lgan. Ulug'bek zukko, xotirasi kuchli, adolatparvar, ilm-fanga moyil bola sifatida ulg'aydi. Uning birinchi ustozi shoir, faylasuf Hamza ibn Ali Malik Tusiy bo'lib, 1405-1411 yillarda siyosiy va harbiy ishlarni o'rgatgan. So'ngroq munajjim Mavlono Ahmad ustozlik qilgan. Lekin Mirzo Ulug'bek o'zining ustozi sifatida Qozizoda Rumiyni tilga oladi.

“… Islom olamining Sultoni olim insondir”

Mirzo Ulug'bek juda erta, yigirmaga yetib-etmasdan hukmdor va olim sifatida el-ulusga tanildi.

Yuqoridagi iqtibos eronlik matematik G'iyosiddin Jamshid al-Koshiyga tegishli. U 1417 yili Mirzo Ulug'bekning taklifiga ko'ra Samarqandga keladi va otasiga yozgan xatida bu yerdagi ilmiy-madaniy muhitga yuqori baho beradi, Xuroson bilan Turkistonni solishtiradi. Mirzo Ulug'bek atrofiga yig'ilgan olimlar, madrasa, rasadxona, ilmiy munozaralar, Sulton va olimlar o'rtasidagi munosabatlar haqida to'lib-toshib yozadi: “Hazrati oliylari matematikaning barcha sohalarini yaxshi biladilar. Bir kuni u kishi ot ustida ketayotib, 818 yil rajab oyining 10-15-kunlariga to'g'ri keluvchi dushanba kuni quyosh yilining qaysi fasliga to'g'ri kelishini bilmoqchi bo'ldilar. U kishi ot ustidayoq yoddan bu masalani hal etib, yerga tushgach, natijani tekshirib ko'rishni mendan so'radilar. Haqiqatan ham, bu jumboqni hal qilish uchun kishi o'z yodida juda ko'p raqamlarni saklashi lozimdir. Boshqa bir kishi ham bu masalani hal qilmoqchi bo'lgan edi, bunga uning aqli yetmadi. Bunday og'ir masalani hal etishga mening birorta ham zamondoshim qodir emas, buni hech kim hal eta olmaydi. Shuni aytishim lozimki, bu ilmda u kishi beqiyosdir”.

Mirzo Ulug'bek Samarqand, Buxoro va G'ijduvon shaharlarida ulug'vor madrasalar barpo qildi. G'ijduvondagi madrasaning peshtoqini payg'ambarimizning: “Har bir muslim va muslimaning bilim olishi farzdir”, — degan hadisi bezab turibdi.

Samarqanddagi Mirzo Ulug'bek madrasasi 1417-1420 yillarda qurildi. Madrasada diniy bilimlardan tashqari dunyoviy ilmlar — matematika, astronomiya, tarix, geometriya, mantiq, turk, fors, arab tillari, fiqh va boshqa fanlar o'qitilgan.

1420 yili madrasaning ochilishida o'z davrining mashhur allomasi, mudarris Muhammad Xavofiy birinchi ma'ruza o'qigan edi. Shuningdek, ushbu madrasada Qozizoda Rumiy (1360-1437), G'iyosiddin Jamshid al-Koshiy (1385-1430), Ali Qushchi (1402 — 1474), Xo'ja Fazlulloh Abu Lays Samarqandiy hamda Mirzo Ulug'bekning o'zi ham ilm-fanning turli sohalaridan talabalarga ma'ruza o'qiganlar. Mirzo Ulug'bek o'z davrining eng kuchli olimlaridan 100 ga yaqinini Samarqandga yig'di. Ular madrasalarda ta'lim berdilar, nazariy konsepsiyalarni ilgari surdilar, bahs va munozaralar qildilar. Ajoyib bir ilmiy muhit yaratildi.

Talabalar madrasani to'liq tamomlash uchun 8 yildan to 16 yilgacha o'qiganlar.

Mirzo Ulug'bekning madrasai oliyasini bitirganlarga diplomlar berilgan. Ana shunday diplomlardan biri hozirgi kunda O'zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “R-10683-sh” raqamda saqlanadi.

Bu diplom madrasai oliyada ta'lim olgan Shamsiddin Muhammad Balxiy nomiga berilgan bo'lib, uni Qozizoda Rumiy 838 yil rajab oyining o'rtalarida, ya'ni 1435 yili fevral oyida o'z qo'li bilan yozilganligini qayd qilgan.

Mirzo Ulug'bek madrasasini tamomlaganlik haqidagi diplom nafaqat Movarounnahrda, balki dunyoning barcha musulmon mamlakatlarida tan olingan.

Ayniqsa, zamona talabi sifatida matematika va astronomiya ilmlarini rivojlantirish dolzarb bo'lib qoldi. Alaloqibat rasadxona-observatoriya qurishga qaror qilindi. Rasadxona shahardan 5-6 chaqirim narida, Cho'ponotaning Ko'hak tepaligida quriladigan bo'ldi.

“Sirli osmon toqiga ilk — Qo'ydi narvon o'zbegim”

Rasadxona 1424-1428 yillarda qurilib bitkazildi. Uning qurilishiga, mazmun-mohiyatini oydinlashtirish jarayonlariga Mirzo Ulug'bek shaxsan rahbarlik qilgan. U hukmdor bo'lishiga qaramasdan, olimlar o'rtasida o'tadigan qizg'in bahs va munozaralarda faol bo'lgan, o'zining faolligi, maqomi bilan ishtirokchilarga bosim o'tkazmagan. Har bir mutaxassisning mulohazalarini eshitgan va adolatli, to'g'ri qarorlar chiqarishga intilgan.

G'iyosuddin Jamshid yozadi: “Rasadxona qurilayotgan joyda meridian chizig'ini aniqlash uchun yer tekislanayotgan edi. Bu ishga eng mohir toshtaroshlar jalb qilinib, yer tekislandi. Biz bu yerga meridian chizig'ini aniqlash uchun yig'ildik. Dastlab biz yerning tekisligini aniqlamoqchi bo'ldik. Hazrati oliylari davlat tayanchi (Alloh uning sihhati va davlatini barqaror qilsin), barcha aslzodalar va saroy a'yonlari, olimlar, fan arboblari — barchalari toshtaroshlarning yerni tekislashga mo'ljallangan asbobi atrofida to'plandik”. Ko'rinib turibdiki, Mirzo Ulug'bek rasadxonaning qurilishi va tegishli asbob-uskunalar bilan jihozlash masalalarini boshdan-oyoq o'z nazoratida saqlagan.

“Ibrohim miskarga mening huzurimda globussimon asbobni yasash topshirilgan edi. Globussimon asbobni yaratishda miskarning vazifasi mushkuldir. Astrolyabiyani yaratishda esa har ikkala tomonning ham vazifasi mushkuldir”, — deb guvohlik beradi G'iyosuddin Jamshid.

Natijada Sulton Mirzo Ulug'bek tomonidan XV asr boshida dunyoda tengi yo'q eng zamonaviy, peshqadam rasadxona bunyod qilindi.

Asosiy binoning tarhi aylana shaklida bo'lib, uning diametri 46, 4 m, uch oshyonli bo'lib, balandligi 30, 4 m ni tashkil qiladi. Uning o'rtasidan meridian chizig'i bo'ylab yer sathidan pastda, tog' jinslari qa'rida radiusi 40, 21 m lik sekstant qurilgan. Uning yordamida quyosh va yulduzlarning geografik koordinatlari, joylashishi, balandligi va masofalari aniqlangan. Sekstant doiraning 6/1 qismini, ya'ni 60 gradusni qamrab olgan.

Rasadxonada ilmiy kuzatuv ishlari bilan Qozizoda Rumiy, al-Koshiy, Ali Qushchi, Miram Chalabiy kabi uncha ko'p bo'lmagan mutaxassislar qatnashgan. Qariyb o'n yillik kuzatuvidan so'ng Mirzo Ulug'bek o'zining “Ziji Jadidi Ko'ragoniy” asarini yaratadi. Bu uning shoh asari edi.

Katalogda 1018 ta turg'un yulduzlarning geografik koordinatlari aniqlandi, quyosh yilining davomiyligi, yerning o'z o'qi atrofida aylanishi, oy harakatining vaqtlari aniqlandi. Quyosh yili 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya deb belgilandi. U atigi hozirgi zamon kosmik kuzatuvlari natijasidan atigi 58 soniyaga farq qiladi, xolos. Bu juda katta kashfiyot edi.

Bunga qanday erishildi? So'zsiz, Mirzo Ulug'bekning ilmiy salohiyati, baland saviyali olimlarning bir joyga yig'ilishi va o'zlaridan avvalgi rasadxonalar tomonidan yo'l qo'yilgan xatolarni bartaraf qilish evaziga ana shunday olamshumul natijaga erishildi. Masalan, G'iyosuddin Jamshid al-Koshiy Samarqanddan avval Eron Ozarbayjonidagi Marog'a rasadxonasida ishlagan edi. Unda yo'l qo'yilgan xatolar “Elxoniy Ziji”da ham aks etdi, natijada jadvalning ilmiy qiymati yo'qqa chiqarildi. Yoki Ptolomey jadvalidan o'rin olgan sakkizta yulduz ko'rsatilgan joyda topilmaganligi va umuman yo'qligi uchun “Zij”ga kiritilmadi. Shu sababdan Samarqanddagi ilmiy munozaralarda avvalgi xatolar chuqur tahlil qilindi va to'g'ri yechimi topilgandan so'nggina qaror qabul qilindi.

Mirzo Ulug'bekning “Zij”idagi yulduzlar jadvali, qo'llanilgan uskunalari bir necha yuz yillar davomida dengiz navigatsiyasida ishlatilib kelindi. Hatto Xristofor Kolumbning “Santa Mariya” kemasida Mirzo Ulug'bekning “Zij”i bo'lganligi taxmin qilinadi.

Mirzo Ulug'bekka Yevropaning ta'zimi

Hukmdorning ko'p vaqti davlat boshqaruvi, mamlakat obodonchiligi, madrasalar qurilishi, ma'ruzalar, nizolarni bartaraf qilish kabi dunyoviy ishlar masalalariga sarflangan.

Shu sababdan, Mirzo Ulug'bekning ilmiy asarlari son jihatdan uncha ko'p emas. Bular Mirzo Ulug'bekning astronomiyaga bag'ishlangan “Ziji Jadidi Ko'ragoniy” va “Risolayi Ulug'bek”, matematikaga oid “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola” va tarixga oid “Tarix-i arba' ulus” asarlaridir. So'zsiz, Mirzo Ulug'bekning shoh asari “Zij” bo'lib, u rasadxonadagi 10 yillik kuzatuvlarning natijasi edi. “Zij” muallifi rasadxona amaliyotlarida va asarning dunyoga kelishida ko'makdosh bo'lganlarni — Qozizoda Rumiy, Mavlono Saloh, Mavlono G'iyosuddin Jamshid va yosh bo'lsa-da, “farzandi arjumandi” — kenja shogirdi Ali Qushchilarni tilga oladi. “Zij” tayyor bo'lgan 1437 yilga qadar Ali Qushchidan bo'lak ularning hammasi vafot qilgan edilar. Shunga qaramasdan, Mirzo Ulug'bek olimlik etikasiga rioya qilgan holda, ulug' hukmdor bo'lsa-da, o'z asarida ularning nomlarini xotirlab duolar qilgan.

1449 yili Ulug'bekning fojiali halokatidan, ayniqsa, 1469 yilda Temuriy Abu Said Mirzo vafotidan so'ng Samarqand olimlari dunyoga tarqalib ketdi. Xususan, Ali Qushchi 1473 yili “Zij” nusxalarini Istanbulga o'zi bilan olib bordi. “Zij” musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida o'rganilgan, sharhlangan.

Ayniqsa, u Hindiston olimlariga kuchli ta'sir ko'rsatdi. Istanbul va Hindistonda Samarqand rasadxonasidan andoza olib observatoriyalar qurildi.

“Zij” Istanbul orqali Yevropaga yurish qildi — Jon Grivs, Tomas Xayt, Frensis Beyli, Yan Geveliy, L. Sediyo, Ye. Nobllar Mirzo Ulug'bekning yulduzlar jadvalini XVI asrdan boshlaboq qayta-qayta nashr qildilar. “Zij” butun dunyoga mashhur bo'ldi. Ayniqsa, ular orasida polyak olimi Yan Geveliyning “Selenium” asari yurtdoshlarimizning Mirzo Ulug'bek bilan g'ururlanish hissini o'n chandon oshirib yubordi. Tasavvur qiling, asarda gravyura — rasm e'lon qilingan. Unda dunyoning eng buyuk astronomlari bir qator terilgan — Ptolomey, Mirzo Ulug'bek, Nikolay Kopernik, Galileo Galiley, Jordano Bruno va boshqalar. Yevropa afsona-rivoyatlariga ko'ra, astronomlar homiysi ma'buda Uraniya bo'lib, u o'rtada, uning o'ng tomonida Ulug'bek, chap tamonida Nikolay Kopernik joy olgan. Bundan ortiq ehtirom bo'ladimi?

Bu Yevropaning Ulug'bekka ta'zimi edi.

* * *

O'z mulohazalarimni Mirzo Ulug'bekning zamondoshi, mashhur shoir Sakkokiyning quyidagi she'ri bilan tugatmoqchiman:

Falak yillar kerak sayr etsa-yu

keltirsa ilkiga,

Meningdek shoiri turkni,

seningdek shohi dononi.

 

Mirzo Ulug'bek bundan 600 yil muqaddam ona zaminimizda ro'y bergan Ikkinchi Renessansning yorqin timsolidir.

So'zsiz, Prezidentimiz qarorlarining hayotga tatbiq qilinishi yurtimizda Uchinchi Renessans poydevori yaratilishiga xizmat qiladi.

Temur ShIRINOV,

O'zbekiston Respublikasi fan arbobi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − two =