Navoiy boyligini nimaga sarflagan?

Zamondoshlari orasida unga havasmand­lar mavjudligi asnosida hasad qiladiganlar ham yo'q emasdi. Zero, Alisher Navoiy nafaqat mutafakkir shoir va davlat arbobi, balki o'z davrining eng boy kishilaridan biri ham bo'lgan. Hatto, qolgan umrini ijod va ilmga bag'ishlash maqsadida o'z ixtiyori bilan vazirlikdan iste'foga chiqqanida, g'arazgo'ylar “Alisherbekning boyligi oshib, davlati g'ururidan noziklashib ketdi”, deya mish-mish ham tarqatishgandi.

Temuriylar sulolasiga xizmat qilib, Sabzavor shahriga hokim bo'lgan G'iyosiddinning o'rtancha o'g'li Alisherbek otasi vafotidan so'ng meros sifatida o'ziga tegishli bo'lgan sarmoyani, qolaversa, topgan pulini, hukmdor Husayn Boyqaro in'om etgan yer-suvni harakatlantirish asnosida qisqa fursat ichida boyib ketdi. Tadbirkorlik yo'nalishini, asosan, bog'u rog'lar qilishga qaratdi, undan keladigan daromadni esa madaniy-ma'rifiy inshootlar qurilishiga sarfladi. Ya'ni, qishloqlarni bog'zorlarga aylantirdi, ulardan tushgan pullarni xayriya ishlariga, ilmga sarfladi.

Alisher Navoiyning dehqonchilik qilinadigan ko'plab yeri bo'lib, asosan, Hirot atroflarida, Sabzavorda edi. Bu yerlarda dehqonlar kelishilgan holda ishlab, muntazam haq olib turishgan.

Navoiyning 1481 yilda yozgan “Vaqfiya” asariga ko'ra, uning “Olinjon bo'luki Farroshon mavze'ida yigirma besh jerib bog', Xoja Shihob bog'oti va yuz jerib yer, Sabgur bo'lukida ikki qit'a uzum bog'i — olti jerib, yana Sifliy mahallasida necha bog'ot ja'mi oltmish jerib, yana mazkur mahallada yigirma olti jerib uzum bog'i. Yana bir qit'a o'n sakkiz jerib yer va dag'i o'n ikki jerib bog'. Yana qit'a o'n to'qqiz jerib. Yana tok bila bog'ot yetmish to'rt jeribkim, undan o'ttiz to'rt jeribi uzum toki, o'zgasi yer bo'lgay, yana necha qit'a yer tutash o'n to'rt jerib, yana bir qit'a yer yigirma to'rt jerib, yana bir qit'a yer bir yarim jerib” erlari bo'lib, jami 800,5 jeribni tashkil qilardi. Navoiyga qarashli ushbu hududlarning bari sug'oriladigan, hosildor yerlar bo'lgan.

Bulardan tashqari, Alisherbekka qarashli bir qator savdo rastalari ham bo'lib, ular, asosan, eng gavjum bozorlarda joylashgandi: “Hirotdagi Malik bozori ichindagi rastada bir-biriga muttasil (tutash) beshta do'kon, janubiy bozorning g'arbida yana bir po'stinfurushlik do'koni ham bir boloxonasi, yana bir timcha va to'rt do'kon bir-biriga muttasil. Malik darvozasi toshida (tashqarisida) ikki oshom (qavat) imorat va sakkiz do'kon timchaga tutash. Yana ikki do'kon Quhunduzda, yana ikki do'kon Bog'i Zog'on ko'chasida voqe'dur”. Yana Xurosonning boshqa sarhadlarida 4 ta tim bozori, 24 ta do'kon ham bor edi.

Ushbu bozorlardagi savdo rastalarida, do'konlarda toshu tarozining to'g'riligini, xaridor haqiga rioyani, olib kelingan molga yo'l xarajatlaridan tashqari ortiqcha pul qo'ymaslikni ham shaxsan Navoiy hazratlarining o'zi nazorat qilib turgan.

Ana shu yerlar, bog'zorlar, do'konlardan keladigan daromadni shoir saxiylik bilan muhtoj, yetim-esir, beva-bechora, ilmli insonlarga in'om qilardi. Hatto, bir gal Husayn Boyqaroning davlat xazinasida xarajatlar ko'payib ketganda soliqlar xalqdan yig'ilsa, ahli muslimga jabr bo'lur, deya o'z hisobidan 25 ming dinorni butun boshli mamlakat ahli uchun to'lab yuborgandi.

Saxovatpesha zot o'zi barpo ettirgan Shifoiya, Nizomiya, Xisraviya madrasalari ma'muriyatiga topshiriq beradi. Unga ko'ra, “Ikki olimu muttaqiy (taqvodor olimlar) mudarris bo'lgay. Har birining yillik vazifasi (ish haqi) ikki yuz oltin naqdi, yigirma to'rt xarvor (bir eshak ko'tararlik yuk) oshlik, yarmi arpa, yarmi bug'doy bo'lgay. Har halqai darsda o'n bir tolibi ilmkim, borisi yigirma ikki bo'lgay. Olti a'lo (a'lochi) har biriga oylik naqdi yigirma to'rt oltun, yilda bug'doy besh yuk, vasat (o'rta o'qig'onlar) sekiz (talaba) oylig' har biriga naqdi o'n oltin, bug'doy — yillik to'rt yuk, adno (past o'qigonlar) sekiz-talaba oylik har biriga o'n ikki oltun, oshlig' yiliga uch yuk” berilardi. Oshpaz va farroshlarga ham ochiqqo'llik bilan maosh to'langan. “Tabaqchi (oshpaz)ga yillik naqdi ikki yuz oltun, bug'doy besh yuk. Bir farrosh va ikki xodimdin har biriga yiliga ikki yuz oltundin jam'i olti yuz oltun, bug'doy besh yukdin o'n besh yuk” etib belgilangan.

Ushbu madrasalarda asosiy e'tibor talabalarning ilm olishiga qaratilib, o'qitish jarayoni Navoiyning nazoratida bo'lgan. Talabalar guruhlarga ajratilgan, har bir guruh o'n bir kishidan tashkil topgan. Bu ularning darsni yaxshi o'zlashtirishi uchun qilingan. Tabiiyki, darsni o'zlashtirishiga qarab, talabalar uch toifaga bo'lingan, shunga ko'ra nafaqa to'langan. Eng ilmli tolib shaxsan Navoiydan oyiga 24 oltin dinor va yiliga besh qop oshlik olgan. O'sha vaqtda eng semiz qo'yning narxi 4-5 oltin dinor bo'lib, o'sha vaqtda talaba bir oylik nafaqasiga masalan, beshta qo'y sotib ololgan.

Shoir mudarrislarni ham g'oyat qadrlagan — yiliga 200 oltin dinor maosh, har oyda 2 qop bug'doy va arpa, kundalik oziq-ovqat, hatto uyidan madrasagacha minib keladigan oti uchun yem ajrattirgan. Ba'zi ulovi yo'q mudarrislarga ot ham olib bergan. Bularning barchasini tadbirkorlikdan qozonilgan mablag'lar hisobidan qilgan.

Taniqli olim Ye.E.Bertels 1948 yilda nashr etilgan “Navoiy” nomli asarida “Alisher Navoiy xazinasiga yer-mulklaridan tushadigan daromaddan 300 dan ortiq rabotlar, yigirmaga yaqin ko'priklar va 380 joyda xayriya-ehson uylari qurilgan, har kuni ular orqali minglab muhtojlarga tekin ovqat va kiyim-kechak ulashib turilgan” (134-bet. Moskva, 1948), deb yozgan.

Ulug' shoir masjid va madrasalar bunyod etish, ularni ta'minlash bilangina kifoyalanib qolmay, hayoti davomida ko'plab ariq, to'g'on, 9 ta hammom, 20 ta hovuz kabi 300 dan ortiq inshoot bunyod qildirganki, bu ancha-muncha boyvachchaning qo'lidan kelavermaydigan saxovatlilik namunasidir.

Otasidan qolgan meros, davlat amaldori sifatida ajratilgan molu mulki va yerlaridan keladigan daromad, Mirzo Haydar Do'g'lotning “Tarixi Rashidiy” asaridagi ma'lumotga ko'ra, kuniga 18 ming shohruhiy dinorni, Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma”sida yozilishicha esa kundalik daromadi 75 ming, chiqimi 15 ming dinorni tashkil etardi. Ammo, u boshqa mulkdorlardan farqli ravishda, o'z ehtiyojidan ortiqcha barcha pullarini xayriya ishlariga sarflagan.

Navoiy hazratlari “Mahbubul qulub”da “Yaxshilarni topmoq yedirmoqdir va ayblarni yopmoq kiydirmoqdir. O'rinli berilgan eski chopon va qora to'n — saxiylik va o'rinsiz berilgan zardan to'qilgan sarpo — yaramaslik. Ovqating bekor ketmasin desang, yedir; kiyiming eskirmasin desang, kiydir. Saxiylik yo'lini yuqorida aytilgancha angla, ammo yaxshilik ravishi va hojat chiqarish rasmlarini boshqacha angla”, deb yozgan. Ya'ni, ul zot davlatmand kishi sifatida qanday saxiylik qilish kerakligini o'z asarida ta'kidlab o'tgan.

Tabiiyki, bunday saxovatpeshalik ulug' shoir qalbiga yoshligidan ota-onasi tomonidan singdirilgandi. Alisherbekning otasi G'iyosiddin bir umr temuriylar xonadoniga xizmat qilgan, 1452-57 yillarda Sabzavor shahriga hokim ham bo'lgan. Molu mulkini uch o'g'il — Bahlulbek, Alisherbek va Darveshalibekka meros qilib qoldirgan. Keyinchalik, 1469 yili sharqda Balx, g'arbda Bistom va Domagon, shimoli Xorazm, janubi Qandahor va Seyistondan iborat Xuroson taxtiga Husayn Boyqaro chiqqach, do'sti Alisherbekni oldiniga muhrdor, so'ngra amir va Astrobod viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Shuningdek, akasi Bahlulbek va ukasi Darveshalibek ham viloyat hokimi lavozimiga erishadilar.

Alisher Navoiy otasidan meros mulki va o'ziga davlat amaldori sifatida ajratilgan yerlardan keladigan daromad hisobidan Hirotda Ixlosiya, Shifoiya, Nizomiya madrasasini, Xalosiya xonaqohi, jome masjidini, Marvda Xisraviya madrasasini, Hirotdan tashqarida Raboti ishq, Raboti sang, shoir Attor qabriga maqbara, Nishopur shahri atrofidagi joylardan biriga Raboti yazdobarni qurdiradi; Gulast bulog'idan Mashhad tomon 80 chaqirim uzunlikdagi ariq qazdirib, shu va boshqa ariqlarga 16 ta ko'prik o'rnattiradi. 9 hammom, 20 hovuz, 52 rabot barpo ettiradi.

Ingliz olimi D.S.Trimingem 1989 yilda Moskvada nashr qilingan “Sufiyskie ordena v islame” nomli asarida 90 ta rabot qurdirgan degan ma'lumotni keltirib o'tgan, shuningdek, yana ko'plab to'g'on, jami 300 dan ortiq inshoot bunyod qildirganini ta'kidlagandi.

Xondamir “Xulosatul axbor” asarida Hirotdagi jome masjidining toqisi va maqsurasi zilzila natijasida shikastlanib, ta'mirga muhtoj bo'lib qolganini, Navoiy hazratlari ushbu obidalarni o'z mablag'idan ta'mirlatganini keltirgan. Shu kabi zilzila va davr to'fonlari bois shikast topgan yana 12 ta masjidni, mashhur Qobus minorasini, Aslon-joziba rabotini qayta ta'mirlash ishiga ham bosh bo'lgan.

“Vaqfiya” asarida Navoiy hazratlari yozadi: “Va bu Marg'ani ko'shki bu havili muhavvatasining haddi janubi bila haddi g'arbiysining mobaynida voqe' erdi va ul imorate erdi — burun chog'da tarh solg'on va qadimda yasalg'on binosi toshdan erdi. Hamonoki, ul toshni mehnat tog'idin tashib erdilar va devori xom kirpichdin erdi, go'yokim, ul kirpichni anduh tufrog'i va hasrat suvidin quyub erdilar, tarhi ikki oshom erdi: qu­yig'i oshomi tiyralikdin firoq shomi va anda nuhusat bimlari bila zulmat xuffoshlarining oromi, yuqorig'i oshomi buzug'lug'din firoq ahli ko'ngli evidin nishoni va anda nav­midlik chug'zlari bila motamiy libos kabutarlar oshyoni… chun bu muvajjah xayol ko'ngulda ustuvor bo'ldi va bu maqbul andisha xotirda qaror tutti, ul binoyi dayr payvandni hamvor qilib, o'rnida madrasae bino qilindi va ul asosi kaliso monandni buzub, yerida masjide solildi… Va madrasadin kirgach, masjid aning haddi g'arbiki, qibla sori bo'lg'ay, voqe' bo'ldi. Va xushxon imom va xushovoz muqri muqarrar bo'ldikim, saloti xamsani mahalla ahli bila qoim tutub, ul hazrat duosig'a mashg'ul bo'lg'aylar. Va madrasaning to'ridakim, haddi shimoliydur, gunbaze yasaldikim, surai qur'oniy va oyoti furqoniy adosida qiroat gulshanining Isaviy nafas andalibi xush alhonlari va tajvid ravzasining Dovudiy nag'ma foxtai shirin adolari har kun hazrati risolatpanohi mutahhar ruhoniyati uchun bir siy pora kalom o'qub, ul hazrat duosi birla xatm qilg'aylar. Va gunbazni Dorul huffoz deyildi. Va madrasaning sharqiy va g'arbiy suffasida ikki mudarriskim, birisi fiqh usuli va furui va birisi hadis furu va usuli aytqoylar va har dars halqasida o'n bir tolibi ilmkim, muvazzaf bo'lg'aylar — ta'yin qilildi. Va madrasag'akim, xulusi ixlosdin yasaldi — Ixlosiya ot qo'yuldi. Va bu Ixlosiya madrasasi janubiy haddining toshidinkim, Injil arig'i oqar, ul arig'ning janubiy haddikim, qirog'i bo'lg'on shorii omdurkim, ul hazrat bino qilg'on madrasadinkim, har toqi ulvi rif'atdin sipehri muqarnas ravoqig'a kungira yetkurubtur va har gunbazi sumuzi manzilatdin falakning ko'k gunbazidin bosh o'tkaribdur, har mudarrisi qoshida Mushtariykim, oltinchi ayvon donishmandidur — omiy va nodon, va har tolibi ilmi olinda Atoridkim, ikkinchi sufa mustaiddidur — tifli abjadxon, xodimlari sufrasida oy girdasi va quyosh qursi ikki fatir va tabboxlari taxtasida qahkashon shakli un sepgan bir zuvola xamir.

Ruboiya:

Bu buq'aki to binosi bunyod o'ldi,

El hojat ila faqrdin ozod o'ldi,

Darveshu g'ani ne'matidin shod o'ldi,

Bu vajhdin oti Ne'matobod o'ldi…”

Ha, Alisherbek o'z asarida zavqlanib yozganidek, bu hududlar aynan Navoiy tufayli obod bo'la boshlagan.

Yana Navoiy Hirot ahliga jabr bo'lmasin deb, bir necha bor soliqlarni o'z hisobidan to'lab yuborgan. Har yili kambag'allarga ming dona sarpo tuhfa qilardi. “Makorimul axloq”da quyidagicha keladi: “906 hijriy yil boshlarida (1500 yilning avgusti) sultoni sohibqiron Mozandaron viloyatiga tashrif buyurgan edilar. Hukumat egasi amir Muborizuddin Valibek janoblari nomiga Hirot shahri va uning atrofidagi aholidan zarur xarajat uchun 100 ming dinor kepakiy undirib yetkazish haqida farmon keldi. Ul janob shu mablag'dan 50 ming dinorni bulukot dehqonlari va moldorlaridan, qolgan qismini, xona boshiga sochish yo'li bilan Hirot ichida istiqomat qiluvchilardan undirishni xayol qildi. Lekin biron ishga davlatli Amirning fikrisiz va maslahatisiz qo'l urmas edilar. Shuning uchun ham ul hazratning noiblaridan birini chaqirib, bu fikr Navoiyga yetkazildi. Ul kishi “bu fursatda xalq ustiga o'rinsiz soliq solishni oliy darajali sohibqiron davlatiga munosib ko'rmaymiz”, dedilar va shu vaqtning o'zidayoq mazkur mablag'ni o'zlarining xususiy pullaridan berdilar. Xalq esa ul hazratni duo qilib, ko'pdan-ko'p rahmatlar aytdi…”

Ixlosiya madrasasida she'riy san'atlar bo'yicha mudarrislik qilayotgan Burhonuddin Atoulloh Husayniyga uch ming dinordan ortiqqa madrasa yaqinidan hovli sotib olib berishi, Mavlono Shahobuddin Mudavvinga egar-jabduqli ot in'om etishi ham o'sha vaqtda Hirotda katta shov-shuvga sabab bo'lgandi. Bunday ishlardan maqsad o'zini targ'ib qilish emas, balki iqtidorli odamlar qiynalib yurmay, bor e'tiborini o'z kasbu koriga qaratishlari uchun qilingandi.

Hotamtoy shoir madrasa, masjid, xonaqohlarda yashovchi talabalar, mullavachcha, beva-bechora, yetim-esirlarning ham moddiy ehtiyojlarini ta'minlab turgan. Masjid va madrasaga ajratilgan yerlardan keladigan daromad evaziga talabalarga nafaqa, ishlovchilarga maosh, kundalik oziq-ovqat, kiyim-kechak berilardi. Agar talabalar madrasa hujrasida emas, boshqa joyda istiqomat qilsa yoki dars qoldirsa, boshqalar olgan pulning yarmini berishgan. Shu bilan birga, madrasa va masjidda yashovchilardan obodonchilik, tozalik, saranjom-sarishtalikka qat'iy rioya qilish talab etilardi. Qish faslida qor yog'sa yoki tevarak-atrofdagi ariqlar balchiq va qum bilan to'lib ketsa, tozalash ishlariga farrosh, qori, xodimlar jalb qilingan. Ba'zida mutavalli, ish ko'p bo'lsa, mardikor yollangan. Jamoat ishlari uchun talabalar darsdan qoldirilmagan.

Mutavalli Navoiy bunyod ettirgan har bir madrasa talabalari uchun 100 po'stin, 100 to'n, 100 chakmon, 100 ko'ylak, 100 to'nbon (chalvar), 100 kavush ulashardi. Shu kabi ularning uy-ro'zg'or anjomlari — kigiz, palos, bo'yra, yoritqich shamlar uchun 400 oltin pul sarflangan.

Saxovatpesha va muruvvatli shoir 450 botmon bug'doy, 270 botmon non, 30 botmon chalpak, 110 botmon holva, 900 tovoq uzum shinnisi yoki mavizob, 5 ta qoramol, 10 ta qo'y, 20 botmonu 3 tonnalik go'shtni ham madrasadagilar uchun ajratardi. Bundan tashqari qish faslida har kuni 20 botmon (400 kg) non, 3 tangalik go'sht, agar go'sht topilmasa, go'ja oshi pishirtirib turgan.

Shu kabi vazifadorlar va talabalarning o'zigagina bug'doy, arpa va oshliqdan tashqari oyiga 1300 oltinga yaqin maosh tayinlagan.

Bor pulini xayru ehsonga sarflagan mutafakkir shoir hayit kunlari yanada muruvvatli bo'lgan. Ulug' ayyom sharafiga 100 botmon non va 50 botmon holva tarqatilgan. Qurbon hayi­tining birinchi kunida har yili beshta mol, beshta qo'y so'ydirib, masjid, mad­rasa, xonaqohlarga ulashilgan bo'lsa, ikkinchi kuni 20 botmon go'sht, 20 botmon bug'doydan tayyorlangan halim, 50 botmon non ehson qilingan.

Navoiy “Vaqfiya” asarining “Ravotib” bo'limida bunday yozadi: “Ro'za oyida har kecha o'n besh botmon bug'doy, besh botmon poludai dushobdin yoki mavizobdin o'ttiz tabaq, masoliq — ulcha ehtiyoj bo'lg'ay”.

Shuningdek, Xalosiya xonaqohida har kuni mingdan ortiq faqirlar uchun ovqat pishirilgan. Har yili muhtoj miskinlarga ikki mingta po'stin, bosma chakmon, ko'ylak-ishton, toqiya va kovush ulashilgan. Mashhad shahridagi Imom Rizo bog'ida esa muhtoj, zaif va yetimlarga taom tayyorlab beriladigan imorat, Dorul huffoz barpo qildirgan.

Navoiy hazratlari o'zi qurdirgan inshoot ustalarini ham taqdirlab borgan. “Makorimul axloq”da Xondamir bunday yozadi: “… ushbu jannatmisol masjidni bezash va pardozlash ishlari poyoniga yetgandan keyin, 905 yil sha'bon oyining o'n to'rtinchisi chorshanba (1500 yil 13 mart) kuni tadbir egasi Amir Alisher osh tortish marosimini o'tkazib, xatib, imom voizlar, qorilar, mutavalli, xodimlar, ustalar va imorat ishchilari bu marosimga chaqirilib, ziyofat marosimlari amalga oshirildi. Qariyb 100 kishidan iborat guruhning qobiliyatli qomatlari qimmatbaho po'stinlar, a'lo tikilgan chakmonlar va boshqa xil liboslar bilan bezatildi.

Shundan keyin bu tabarruk maqomning tomi yuzasini mustahkamlash va chidamliligini oshirishga ishora qildi. Imorat ishchilari asbob-uskuna tayyorlash, ustalar esa ularni ishga solishga kirishib, bir oz vaqt ichida soni taxminan o'n to'rt jerib miqdordagi bino tomlarini ikki qavatli qilib yopib, ustini somonli loy bilan suvadilar, ko'ngilni bu ishlardan batamom forig' qildilar. Shu paytda hidoyatli Amir yana bir to'y kerak-yarog'ini hozirlash to'g'risida qayta-qayta farmon berdi. Farmonbardorlar bu ishga mashg'ul bo'lib, chaqiriqqa 50 bosh qo'y va 9 bosh ot sarfladilar…”

Xondamir shu asarining boshqa bo'limida yana bir bor Navoiyning xayr-saxovatini qalamga oladi: “Ul hazrat Navoiy mazkur yilning sha'bon oyi o'rtalari (1499 yil mart oyi oxiri) da yana bir bor faxrli shahar Hirotni o'zining muborak chehrasi bilan nurga to'ldirdi. Shu sababdan mashoyix, sayyid va olimlardan tortib, barcha aholi va fuqaro g'oyatda shodu xurram bo'ldilar. Shu asnoda hidoyatli Amirning ko'ngli Ansoriya ostonasida katta yig'in qilib, Hirot shahri ulug'larini mehmon qilishni, ulardan fotiha so'rashni tilab qoldi. Mulozimlari chaqiriqni tartibga solish ishlari bilan shug'ullanib, 75 qo'y, 20 bosh ot va 30 botmon qand sarfladilar. Boshqa xarjlarni shunga qiyoslash lozim…”

Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratush shuaro” kitobiga ko'ra, Amir Alisherning vaqf inshootlariga sarf bo'lgan xarajati 500 tumanni tashkil etgan.

Husaynqulixon Azimobodiyning “Nashtari ishq” asarida yozilishicha, “qariyb 12 ming kishi Navoiyning homiyligi ostida tarbiya qilingan”. Bular, menimcha, ulug' shoirga qarashli madrasalarda tahsil olib, Alisherbekning muruvvatidan bahra olgan tolibi ilmlardir.

Bu saxovatpesha zot eli uchun shu darajada fidoyilik qildiki, muruvvat istab kelgan nochor fuqaro, masjid, madrasa, xonaqohda yashayotgan kishilar yozda chang, qishda loyda qiynalmasin deb yo'llarga tosh ham yotqizdirgan.

Navoiy hazratlari boyliklarini elu yurt manfaati uchun og'rinmay sarflagan, boshqa mulkdorlarni ham himmatga chorlagan. Bu haqidagi mulohazalarini “Mahbubul qulub” asarida bayon etgan: “Saxiylik kishilik bog'ining hosildor daraxtidir, balki u daraxtning shirin mevasidir, odamgarchilik o'lkasining to'lqinli daryosi, balki u to'lqinli daryosining asl gavharidir. Saxovatsiz er yog'insiz bahor buluti va hidsiz mushki totordir. Mevasiz daraxt ham biru o'tin ham bir va yog'insiz bulut ham biru tutun ham bir. Saxovatsiz kishi bilan gavharsiz sadafni birday hisoblasa bo'ladi. Dursiz sadaf bilan o'lib qurigan toshbaqaning qanday e'tibori bor?.. Saxiy bulutdir, ishi xirmon, balki xazina bermoq, baxil esa chumolidir, odati don va mashoq termoq. Himmatlilarning ixtisosi saxiylikdir, bu ikki sharafli sifat pokiza kishilarga xosdir. Saxiylik odamning badanidir, himmat uning joni; himmatlilardan dunyoga yuz ming kushoyish bo'lur. Himmatsiz kishi er sonida emas, jonsiz badanni kishi tirik demas. Oliyhimmat qarchig'aydir balandparvoz, behimmat sichqon ovchidir xuddi yo'rtoqi toz. Shunqorning o'rni shohning qo'li, yo'rtoqining joyi o'likning sassiq badani va so'ngagi.

Arslon ishi ov qilib yirtqich hayvonlarni to'yg'izmoq, sichqon harakati aqcha o'g'irlab, tugun axtarmoq. Himmat egasi qashshoqlik bilan tuban tushmas: himmatsiz xazina topsa, buyuklar bilan teng bo'lmas. Chinorning bo'sh qo'lligidan uning yuksakligiga qanday nuqson keladi, tuproqqa esa yashirin xazinalari bilan qanday sharaf va shon hosil bo'ladi, himmatlilarning agarchi darajasi yuksakdir, ammo saxiylikning martabasi bir qanchadir. Isrofgarchilik saxiylik emas, bema'ni sovurishni odamlar saxiylik demas. Haq molini kuydirganni devona derlar, yorug' kunda sham yoqqanni aqldan ozgan derlar. Faxrlanish uchun bermoq o'zni ko'rsatishlik va bu bilan o'zini saxiy demak behayolikdir. Kishilar ko'rmaguncha bermagan pastkashdir, saxiy emas. Tilanganga berganni ham saxiylikdan yiroq bil, qistov bilan bergandan bermaganni yaxshiroq bil. Bitta nonni ikki bo'lib, yarmini bir ochga berganni saxiy degil, o'zi yemay barini muhtojga berganni axiy — do'st degil”.

Xullas, Navoiy hazratlarining boylik­lari, ularning to'g'ri va oqilona sarflanishi har bir davr uchun ibratli holatdir. Shu bois Navoiy nomi faqat shoir va davlat arbobi sifatidagina emas, mulkdor, ma'rifatli tadbirkor,saxovatpesha inson sifatida ham tarixda qoldi.

Umid BEKMUHAMMAD,

tarix fanlari bo'yicha

falsafa doktori, dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + eight =