Mirzo Ulug'bek va Bobur

Tarixiy va adabiy manbalarda Sohibqiron Amir Temur hamda temuriylar davrida, xususan, Mirzo Ulug'bek davlat boshqaruvida ham Samarqandda ilm, fan, madaniyat, badiiy adabiyot yuksak darajada rivojlangani va poytaxt Renessans shaharga aylangani xususida muhim ma'lumotlar yozilgan. Ushbu e'tirofning ba'zi jihatlarini biz Boburning “Boburnoma” memuari misolida tadqiq qilishga harakat qildik. Ammo Mirzo Ulug'bek siymosining tarixiy, adabiy manbalarda yozilgan tasviri, u haqidagi tarixiy vo­qealar bayoni Boburgacha ham mavjud bo'lgani va ularda berilgan tasvir, ma'lumotlarda o'zaro mushtaraklik kasb etishini hisobga olgan holda, memuarga murojaat qilishdan avval qiyosiy aspektda qisqa tarzda bo'lsa ham, Alisher Navoiy va Davlatshoh Samarqandiylarning Mirzo Ulug'bek shaxsiga bo'lgan qiziqishi, e'tiroflari va yozgan qimmatli ma'lumot, tasvirlari bilan qiziqib ko'rdik. Chunki, Navoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Bobur Samarqandda ma'lum muddat yashagan va madaniy ko'tarilishni o'z ko'zlari bilan ko'rgan zotlardir.

Navoiyning ixlosi Mirzo Ulug'bekka juda baland bo'lgan. U Samarqandda yashagan davrida temuriy hukmdorning hayoti, buyuk shaxsi, uning Samarqand uslubida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, xususan, qurdirgan madrasa, masjid, rasadxonasini borib ko'rgan va u yozib qoldirgan ilmiy merosi bilan yaqindan tanish bo'lgan. U “Majolis un-nafois” va “Farhod va Shirin” kabi asarlarida buyuk donishmand haqida tarixiy hamda poetik lavha bitgan. Navoiy “Majolis un-nafois”ning Temuriylarga bag'ishlab yozgan 7 -majlisida Mirzo Ulug'bekning 7 qiroat bilan Qur'oni Karimni yod olgani, buyuk astronom sifatida 1018 ta yulduz to'g'risida “Ziji Ko'ragoniy”ni bitgani va asarning ilmiy muhitda hamon amalda, iste'molda ekanligi, rasadxona qurdirgani xususida to'lqinlanib hikoya qilgan. “Ulug'bek Mirzo — donishmand podshoh erdi. Kamoloti bag'oyat ko'p erdi. Yetti qiroat bila Qur'oni Majid yodida erdi. Hay'at va riyoziyni xo'b bilur erdi. Andoqkim, Zij bitidi va rasad bog'ladi va holo aning Ziji oroda shoe'dur. Bovujudi bu kamolot gohi nazmg'a mayl qilur”.

“Farhod va Shirinda” esa muallif hakimlar Mirzo Ulug'bekning “Ziji Ko'ragoniy” asari to'g'risida yana ming yillar davomida ilmiy va amaliy usulda tadqiqotlar olib borishi, sharhlar yozishi, uni ham hukmdor, ham hakim siymosida Shohg'arib Mirzo va boshqa temuriylarga namuna, ibrat qilib ko'rsatgani haqida ma'lumot, xabarlarni nazmda mahorat bilan yozgan.

Endi mavzuimiz doirasida Navoiyning iste'dodli zamondoshi Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asariga murojaat qilsak. Asarni o'qib-o'rganishimizga ko'ra, adib ustozi Navoiy kabi Mirzo Ulug'bek haqida alohida fiqra yozmagan. Ma'lumki, kitobda bir yuz ellikdan ortiq shoir, adiblarning ijodi bilan bog'liq fiqralar bitilgan. Qizig'i shundaki, Ulug'bek Mirzo haqida tarixiy bayonlar, tasvirlar yoki uning siymosi, portreti bilan bog'liq chizgilari “Tazkirat ush-shuaro”da talaygina ekanligiga, muallifning ixlosi ham unga juda baland bo'lganiga guvoh bo'ldik. Ya'ni, o'ndan ortiq ijodkorlar haqidagi fiqrada Mirzo Ulug'bek haqida, uning buyuk siymosi, adabiyot, san'at, madaniyat namoyandalariga qiziqishi, hatto, ma'lum bir shoirlarning devonlarini o'zi shaxsan o'qib o'rganishi bilan bog'liq qimmatli ma'lumotlarga ko'zimiz tushdi. Ayniqsa, buxorolik shoir Ismat Buxoriy haqidagi fiqrada Davlatshoh Samarqandiy Mirzo Ulug'bek haqida shoir Ismat Buxoriydan ham ko'proq ma'lumot yozganini bildik. Uning ma'lumotida hukmdorning Samarqand taxtida o'tirib, adl, insof, himmat bilan Movarounnahrni qirq yil mus­taqil idora   qilishi, rasadxona qurishi, 1018 ta yulduz bilan bog'liq ilmiy tadqiqotlari natijasi sifatida “Zichi Ko'ragoniy” (“Ziji Sultoniy”) ni yozishi yoki uning rasadxonasida ilmiy, amaliy faoliyat olib borgan Qozizoda Rumiy, G'iyosiddin Jamshid kabi mashhur astronom olimlarning faoliyati bilan bog'liq tasvirlar berilgan. Bu tas­virlarni biz ikkiga bo'lib o'rganishga harakat qildik:

  1. Ismat Buxoriyning Mirzo Ulug'bek davrida madh uslubidagi she'rlarni yozish ishtiyoqining susaygani va uning Mirzo Ulug'bek hukmronligi davrida vafot etishi bilan bog'liq xabarlarda donishmand hukmdorning sharafli nomi tilga olingan.
  2. Fiqrada aynan donishmand hukmdorning shaxsi, faoliyati bilan bog'liq 2 ta hikoyatning tamsil qilib keltirishidir. Hatto otasi Shohruh Sulton vafotidan so'ng, Mirzo Ulug'bek otasidan unga qonuniy meros bo'lib qolgan mulkni talab qilib, Movarounnahrdan Xurosonga lashkar tortishi bilan bog'liq gaplar ham bor.

Muallifning ixlosi unga juda baland bo'lib, tazkirada u o'z e'tirofini shunday bayon qilgan: “Fozillar va hakimlarning yakdil fikrlari shulki, islomiyat zamonida, balki (Iskandar) Zulqarnayn zamonidan shu damgacha Ulug'bek Ko'ragondek olim va podshoh saltanat taxtida o'ltirmagan”.

Muallif Samarqandda u qurdirgan madrasani borib ko'rar ekan, “Ulug'bek Ko'ragon Samarqandda bir oliy madrasa ham bino qildikim, bezagi, afzalligi va ulug'vorligi jihatidan unga o'xshashi yetti iqlimda ham yo'qdir. Shu kunlarda u oliy madrasada yuzdan ortiq talaba o'qib, istiqomat qilmoqda”, degan xabar yozgan. Bilishimizcha, asardagi ushbu ma'lumotni o'rgangan M.Shayxzoda “Mirzo Ulug'bek” tragediyasida uning badiiy talqinini mahorat bilan yaratgan.

Davlatshoh Samarqandiy Mirzo Ulug'bekning o'tkir farosati va xotirasi xususida gapirar ekan, uning qilgan ovlari aks etgan daftari yo'qolib qolishi va uning o'zi daftarni yoddan aytib kotibga qayta yozdirgani bilan bog'liq ibratli hikoyat berilgan, hikoyat muallif tilidan bayon qilingan, biroq Mirzo Ulug'bek nutqining keltirilgani ham lavhaga o'zgacha ruh bag'ishlagan. Ya'ni: “Hikoyat. Mirzo Ulug'bek farosati ham xotirasining quvvati shu daraja edikim, har joyda biron jonivorga o'q otib, ov qilsa, bu tarixni eslab qolar, voqea qaysi kuni, qaerda sodir bo'lganligini, jonivorlardan qaysilari ovlanganligini daftarga bitib qo'yar edi. Tasodifan o'sha daftar g'oyib bo'ldi va qancha qidirsalar ham uni topolmadilar. Daftarni saqlovchilar sarosimaga tushdilar. Podshoh dedi: “Tashvish tortmanglar, men daftarga yozilgan (gap)larni boshdan-oyoq yod bilamen”. (Shundan keyin) podshoh kotib­larni chaqirtirib aytib turdi, ular yozib oldilar. Yangi daftar   to'lgan ham ediki, avvalgi (yo'qolgan) daftar topildi. Har ikkala daftarni solishtirib, to'rt-besh ixtilofdan bo'lak farq top­madilar. Onhazrat iste'dodi, o'tkir zehni borasidagi bunday naqllar ko'pdir.”

Tazkirada Shayx Ozariy tilidan aytilgan hikoyat o'ziga xos bo'lib, unda ham Mirzo Ulug'bekning kuchli xotira, pok idrok sohibi ekanligiga guvoh bo'lamiz. Mazkur hikoyatda yillar o'tib hukmdor bilan Shayx Ozariyning qayta uchrashuvi va birinchi bo'lib Mirzo Ulug'bekning unga iltifot ko'rsatishi, o'zaro muloqot va suhbatlari borasida gapirilgan: “Hikoyat. Ma'rifatli Shayx Ozariy, unga Tang­rining rahmati bo'lsin, (bunday) degan: “Men 800 (1398) yili Qorabog'da, ulug' Amir Temur Ko'ragon qissaxoni – tog'am bilan edim. Ulug'bek Mirzo xizmatiga tayinlandim. O'sha vaqtda hali yosh bola edim va bir necha yil go'daklik shodligini shahzoda bilan o'tkazdim. U bilan birga o'ynar, naqlu hikoyatlar aytar edim. U men bilan yaqin do'st va o'rtoq bo'lib qoldi. 1448 (852 hijriy) yili mazkur podshoh Xurosonni zabt etdi va Isfaroinga kelib tushdi. Yoshlik o'tib, qarib qolgan edim. O'rnimdan turib, shoh huzuriga bordim. Meni uzoqdan faqiru   taqvodor libosida ko'rdi. Salom-alikdan keyin, so'radi: “Ey, darvish, sen eski hamsuhbatimiz ko'rinasan, qissaxonimizning jiyani emasmisan?” Shohning o'tkir zehni, farosatu pok idrokidan lol qolib, dedim: “Ha, janoblari qissaxonining jiyaniman”. Ulug'bek Qorabog'da aytilgan hikoyatlar, Gurjiston g'azovoti hamda Ozarbayjon ajoyibotlarini o'rtaga soldi. Men yodimda qolganlarini aytib berdim”.

Yana kitobning “Shayx Ozariy” fiqrasida Davlatshoh Samarqandiy unda yozgan xabarida hukmdorning birinchi muallimi bilan bizni tanishtiradi. Uning Mirzo Ulug'bekka ustozlik qilganligi haqida ta'sirli “Mirzo Ulug'bekning birinchi muallimi”, degan yoqimli xabar bitgan.

“Mavlono Badaxshiy” fiqrasida muallif uning XV asrning yetuk shoirlaridan bo'lib, Ulug'bek Mirzo davrida Samarqandda istiqomat qilgani va uning “madhida aytgan pokiza qasidalari bor”   deb izoh yozar ekan, demak, o'z davrida Mavlono Badaxshiy ham shoir Sakkokiy kabi hukmdorga qasida janrida she'rlar yozganidan xabar beradi.

Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirot ush-shuaro” asarida Mirzo Ulug'bek haqida muhim xabar, eslatmalari to'g'risidagi fikrlarimizni davom qilar ekanmiz, birinchidan, u kitobning qasidanavis shoir asli ismi Abu Nizom Muhammadga bag'ishlagan “Falakiy Shirvoniy” fiqrasida tilga olgan va: “…Falakiy devonini pok tiynatli podshoh Ulug'bek Ko'ragon huzuriga kiritganlar. U devonni o'qib chiqib, ma'qul topgan va “Baqqol” degan g'aroyib taxallusi bor ekanki, bu yaxshi emas” degan”. Yoki asarning shoir Sayfiddin Isfarangiy devonini Mirzo Ulug'bek majlislarida mutolaa qilishi borasida izoh yozilgan.

Muallif “Amir Xusrav Dehlaviy” nomli fiqrada Mirzo Ulug'bek nomi iste'dodli ukasi Boysunqur Mirzo bilan birga tilga olingan va Boysunqur Mirzoning Amir Xusrav Dehlaviy “Xamsa”sini Shayx Nizomiy “Xamsa”sidan ortiq ko'rishini, Ulug'bek Ko'ragon esa Shayx Nizomiy “Xamsa”sini ortiq ko'rib mutolaa qilishi haqida gapirgan. Shu o'rinda Bobur “Boburnoma”da otasi Umarshayx Mirzoning ham Shayx Nizomiy “Xamsa”sini, ham Xusrav Dehlaviy “Xamsa”sini sevib mutolaa qilishi haqidagi lavhani eslar ekanmiz, demak, temuriy hukmdorlarning xamsanavislarga va ularning “Xamsa” asarlariga befarq bo'lmaganidan voqif bo'lamiz, ibrat olamiz.

Bobur “Boburnoma”da Mirzo Ulug'bek haqida bitgan ma'lumot va xabarlarni o'qib-o'rganar ekanmiz, Bobur bitiklarining ba'zilari Alisher Navoiy va Davlatshoh Samarqandiylar bitgan ma'lumotlari bilan o'zaro mushtaraklik kasb etgani yoki memuar asar uslubidan kelib chiqib farqli jihatlari ham borligini kuzatdik.

Temuriylar Uyg'onish davriga xos bunyodkorlik ishlarida Ulug'bek Mirzo faoliyati “Boburnoma”da buyuk bobosi Amir Temur bilan yonma yon tilga olganini ko'ramiz, bu holat, ayniqsa, memuarning fozil shahar Samarqand tasvirida yaqqol ko'rinadi. Chunonchi: “Temurbekning va Ulug'bek Mirzoning imoroti va bog'oti Samarqand mahallotida ko'ptur”.

Yana uning Samarqandda qurdirgan madrasa, xonoqohi, hammomi, islimiy va xitoiy naqshlar uslubida solgan masjidi Muqatta'si xususida quyidagicha xabar yozilgan bo'lib, bu ham Mirzo Ulug'bekning buyuk bobosi Sohibqiron Amir Temurdek ko'proq ijtimoiy xarakterdagi binolar qurdirganini ko'rsatadi: “Ulug'bek Mirzoning imoratlaridin Samarqand qal'asining ichida madrasa va xonaqohdur. Xonaqohning gunbazi bis­yor ulug' gunbazdur, olamda oncha ulug' gunbaz yo'q deb nishon berurlar. Yana ushbu madrasa va xonaqohg'a yovuq bir yaxshi hammom solibdur, Mirzo hammomig'a mashhurdur, har nav' toshlardin farshlar qilibdur. Xuroson va Samarqandda oncha hammom ma'lum emaskim, bo'lg'ay. Yana bu mad­rasaning janubida bir masjid solibdur, masjidi Muqatta' derlar. Bu jihattin Muqatta' derlarkim, qit'a-qit'a yig'ochlarni tarosh qilib, islimiy va xitoiy naqshlar solibdurlar, tamom devorlari va saqfi ushbu yo'sunluqdur. Bu masjidning qiblasi bila mad­rasa qiblasining orasida bisyor tafovuttur. G'olibo bu masjid qiblasining samti munajjim tariqi bila amal qilibturlar”.

Ma'lumki, Bobur asarida Temuriylarning 140 yil muddatda Samarqand taxtida o'tirib davlat bosh­qargani haqida ham alohida gapirgan. Mazkur shonli sulolaning boshqaruv tarixida o'zini “men” deb tilga olgan, chunki Bobur qisqa muddatga bo'lsada, Samarqand taxtini 3 marta egallagan va bu bilan umrining oxirigacha faxrlanib yurgan. Shu davrda u poytaxt shahar infratuzilmasini yaxshi o'rgangan va shaharda qurilgan muhim ijtimoiy xarakterdagi binolarni borib ko'rish baxtiga muyassar bo'lgan. Boburni Samarqandda Navoiy va Davlatshoh Samarqandiy singari mahliyo aylagan, hayratga solgan binolardan biri, bu – Mirzo Ulug'bek qurdirgan rasadxonadir. Bobur Navoiy va Davlatshoh Samarqandiydan farqli holda rasadxona qurilgan tarixiy geografik toponim nomini ham aniq aytgan. Chunonchi: “Yana bir oliy imorati Pushtayi Ko'hak domanasida rasaddurkim, Zich bitmakning odatidur. Uch oshyonlikdur. Ulug'bek Mirzo bu rasad bila “Ziji Ko'ragoniy”ni bitibturkim, olamda holo bu Zij musta'maldur. O'zga Zij bila kam amal qilurlar. Mundin burun “Ziji Elxoniy” musta'mal erdikim, Xoja Nosir Tusiy Halokuxon zamonida Marog'ada rasad bog'latibtur. Halokuxondurkim, Elxon ham derlar. G'olibo, olamda yetti-sekkiz rasad besh bog'lamaydurlar. Ul jumladin biri, Ma'mun xalifa rasad bog'labdurkim, “Ziji Ma'muniy”ni andin bitibdurlar. Bir Batlimus ham rasad bog'labdur. Yana bir Hindustonda raaja Bikramajit hindu zamonida Ujjayi va Dhardakim, Malo't mulkidur, holo Mandug'a mashhurdum, yana bir rasad qilibturlar, holo hindularning mus­ta'mal Hindustonda ul Zijdur. Bu rasadni bog'lag'oni ming besh yuz sakson to'rt yildur. Bu ul Zijlarg'a boqa noqisroqtur”. Ma'lumotdan ko'rinadiki, Bobur Samarqandda Ulug'bek Mirzo qurdirgan rasad va u bitgan Ziji sabab, u rasad hamda Zijlar tarixini yaxshi o'rgangan.

Ma'lumki, Sohibqiron AmirTemur Samarqandda o'ndan ortiq bog'lar barpo qilgan. Bobur “Boburnoma”da buyuk bobokalonining barpo qilgan bog'lari xususida ham ma'lumotlar yozgan, o'zi ham yurishlari davomida ko'rgan yo qarovsiz qolgan bog'larni qayta obod qilgan, Agrada bog'lar barpo qilgan. Mirzo Ulug'bekning Pushtai Ko'hakda barpo qilgan “Bog'i maydon” va ushbu bog'ning markazida qurgan Chilustun imorati, yana bir bog' hamda bog'da qurilgan ayvon, ayvon ichida o'rnatilgan tosh taxt, Chinnixona kabi obod manzillar haqida tartib bilan ma'lumotlar yozgani Mirzo Ulug'bek davri va Samarqand tarixini o'rganish uchun muhim ahamiyat kasb etadi deb baholash mumkin.

Xulosa shuki, birinchidan, Boburning “Boburnoma” qomusiy asarida Mirzo Ulug'bek haqida bitilgan ma'lumotlar turli xarakterda bo'lib, biz uning Samarqandda amalga oshirgan aql va qo'l ixtirolari bilan bog'liq ma'lumot tahlili bilan cheklandik. Ikkinchidan, Navoiy, Davlatshoh Samarqandiy asarlarining Bobur bitiklariga hamohang bo'lgan lavhalar ekanligi va Samarqandda ma'lum muddat yashagan va madaniy ko'tarilishni o'z ko'zlari bilan ko'rgan ulug'lar bo'lgani uchun tilga oldik.

Burobiya RAJABOVA,

O'z FA O'zbek tili,

adabiyoti va folklor instituti

etakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =