Yordan esdi muloyim epkin

yoki shoir Salim AShUR ijodiga bir nazar

Salim Ashur — bugungi o'zbek she'riyatining ko'zga ko'ringan, o'ziga yarasha muxlislarga ega vakillaridan biri. Shoirning “Ona tilim” kitobidan o'rin olgan “Mening ertaklarim” turkumi nomlanishining o'ziyoq kishida savol qo'zg'aydi: nega ertaklar? Shoir sho'rolar tuzumi, zo'ravonlik siyosatiga qarshi qaratilgan shaxsiy nafratini ertaklar shaklida ifodalagan. Bular, tabiiyki, biz bilgan adabiy ertaklar emas. Ularni ijtimoiy voqelikni majoz tili bilan ifodalagan falsafiy-ramziy ertaklar deyish o'rinli ko'rinadi. Ertaklar shakli shoir mulohazalarini bayon etish vositasi bo'lib xizmat qilgan. “Ertaklar”ning asosiy qahramonlari asardan asarga ko'chib yuruvchi sariq tulki va tulkichalar. Tulkining ochofat, ayyor va hiylakorligi, o'zga hayvonlar o'rtasida nizo tug'ilishiga sababchi bo'lishi kabi holatlar o'sha paytdagi ba'zi kimsalarning yashash tarzini esga soladi. Turkumning birinchi ertagi mazmuniga diqqat qilaylik: qadimgi chinorlardan birining shoxlarini qushlar makon tutgan. Biroq mamlakatda tulkilar ko'payib, chinor shoxlarigacha chiqib olishadi. Tulkilardan qushlar, qushlardan tulkilar to'ray boshlaydi. Shunda daraxt o'z-o'zidan quriydi. Faqat bitta ildizi omon qoladi. Bu ildiz ko'karib, unib, ajdahoga aylanadi va tulkilarni yutib yuboradi.

Bu o'rinda tulkilar timsolida avval chor tuzumi, so'ngra sho'rolar zug'umi, chinor Vatan timsoli, qushlar esa shu Vatan egalari ekanligi nazarda tutilgan. Yana bir ertakda o'n beshta hayvon bir sandiqning ichida nima borligini bilmay, qo'riqlab yotadilar. Umr shunday o'tadi. Nogahon bo'ron ko'tarilib, qulfni buzadi. Qarasalar, unda bir ko'zgu bor emish. Biroq ko'zgu hayvonlarning birortasini ham ko'rsatmas, unda qiyofasizlar surati benihoya ko'p ekan. Bu bilan shoir sho'ro laganbardorlarining subutsizligini, shaxsiy fikr, binobarin, tayinli qiyofadan mahrum ekanligini tasvirlaydi.

Salim Ashur ijodida modern she'riyat namunalari ham salmoqli o'rin tutadi. Ayni paytda shaklbozlikka, eksperimentlarga mahliyo bo'lib, she'rning asosiy sharti — tirik qalbning tirik tuyg'ulari ijodkor nazaridan chetda qolmaydi. “Atalgan kunlar” kitobidagi “Otam portretiga chizgilar”, “Ohanglar va shakllar” turkumlari, “Momom uchun to'qilgan ertak”, “Qo'chqor shoxiga tumor”, “Daraxt po'stlog'idan tushib qolgan she'r”, “So'zlarimdan to'qiyman zanjir” kabi she'rlar shakliy va mantiqiy qurilishi, ifoda yo'nalishi, o'ziga xos “ichki” va “tashqi” ko'rinishdagi yangiliklari, nafis badiiy olami bilan shoir ijodida, ehtimol, umuman, o'zbek modern she'riyatida alohida ajralib turadi. Bu jihat she'rlardagi ma'noning serqatlamligida, obrazlarning quyuqligida, fikr va tuyg'uning tarangligida aniq ko'rinadi. Uzun va qisqa satrlarning almashib kelishi she'rga o'ziga xos ritm bag'ishlaydi va bu hol ta'sirchan she'rxon diqqatini o'ziga rom qiladi.

Modern she'rlardan yana biri “Ayvazovskiy” deb nomlangan. Unda ham o'xshatilayotgan va o'xshatilgan narsalar o'rtasidagi mantiqiy aloqa buzilgan emas. Shoirning modern she'rlaridagi o'ziga xoslik shuki, unda mantiqiy fikr atayin buzilmaydi, chuqurroq o'ylansa, fikr va tuyg'uning tabiiy maromi saqlangani seziladi:

Oy baliqday silliq suzadi

Bulutlarning to'rini yirtib.

Ruhiy, estetik jihatdan aytish mumkinki, Salim Ashur ilk qadamlaridanoq adabiyotga ijtimoiy pafosi kuchli shoir sifatida kirib keldi. Talabalik davridayoq yozilgan she'rlarining javharini yurt ozodligi, xalq dardi tashvishlari tashkil etgan.

O'tgan yuz yillikning to'qsoninchi yillari she'riyatning umumruhi o'zgarayotgan, dabdaba, soxtalik, qarsakbozlik, ortiqcha shovqin-surondan xoli bo'lib borayotgan, ko'ngilga qaytilayotgan palla edi. She'riyatning tabiatini o'zgartiradigan jarayon chuqurlashib borardi. Mustaqillikdan so'ng milliy she'riyatimizda ikki yo'nalish paydo bo'ldi. Biri — millatning or-nomusi, shon-sharafi, erishilgan mustaqillikni kuylash va madh etish bo'lsa, ikkinchisi — umumiylik, ijtimoiylikdan xususiylikka, ko'ngil sarhadlarini badiiy tadqiq etishga, dunyoni, insonni o'z qalbi orqali his etishga, o'ta shaxsiy sezimlar orqali idrok qilishga moyil bo'lgan yo'nalishdir. Ayrim shoirlar o'z iqtidoriga ko'ra har ikki yo'nalishni uyg'unlashtira oldilar. Bu jarayon Salim Ashur ijodida ham kuzatiladi. To'qsoninchi yillardan keyin uning ijodida badiiy publitsistikadan chin san'at sari intilish, jamiyatimizdagi illatlarni she'r tili bilan fosh etishni maqsad qilib qo'ymaslik, aksincha, lirik kayfiyat, ayniqsa, an'anaviy muhabbat mavzusi yetakchi o'ringa chiqqanini sezish mumkin.

Ishq haqida yozmagan shoir bor ekanmi? Mening nazdimda shoirlarning barchasi ishq darsidan saboq olib, shoir bo'lib yetishgan. Jumladan, Salim Ashur ham. Negaki, uning “Muhabbat kitobi” to'plami ko'ngil umrini, ishq yo'lini uzaytiradigan, qalblarga surur, iztirob, shavq-zavq soladigan haroratli she'rlardan tarkib topgan.

Salim Ashurning lirik qahramoni muhabbatda sobit va sodiq. U hech qachon ma'shuqasini aybdor sanamaydi. Garchi u vafo rusumini tutmasa ham:

Arzimayman e'tiboringga,

Faqat o'tgil yonimdan sekin.

Etar mendek xaridoringga

Sendan esgan muloyim epkin.

Har qanday ijtimoiy masala o'tkinchi bo'lishi mumkin, biroq ishq, tabiat va inson mavzulari abadiydir. Visolsiz muhabbat ko'ngilni billurlashtirib, tozalab boradi. Muhimi visol emas, balki visolga talpinish orqasidan keladigan qalbning ma'naviy yuksalishidir.

2020 yili Salim Ashurning “Buyuk-75” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Kitob Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligiga bag'ishlangan bo'lib, inson xotirasi azizligi, qadri yuksak ekani haqidagi she'rlardan tartib berilgan. Unda shoir Ikkinchi jahon urushida joni uvol ketgan yurtdoshlarimiz, umuman, jangda shahid bo'lgan ota-bobolarimizning tarixiy jasoratini she'rga solish orqali zamondoshlarimizni vatanparvar bo'lishga, shukur bilan yashashga da'vat etadi. Bugungi dorilomon kunlar o'z-o'zidan qo'lga kiritilmagani, uning ortida minglab fidoyi insonlarning buyuk jasorati turganini o'ziga xos poetik yo'sinda ifodalaydi.

Ushbu kitob, bizningcha, she'rlarning mavzulari, mavzular ko'lami va talqini bilan shoirning yangi ijodiy bosqichga o'tganini ko'rsatadi. Kitobda jahoniy muammolar — urush va tinchlik, hayot va halokat, inson va insonparvarlik, Vatan va vatanparvarlik, jasorat va xiyonat kabi umumbashariy mavzular yuksak insoniy pozitsiyadan turib talqin etilgan. Bu shoirning barcha zamon va makonlarga xos bo'lgan voqea-hodisalar, milliy va umuminsoniy, millat va bashariyatga xos bo'lgan masalalarni uyg'un holda talqin etish hamda badiiy tafakkurda sintezlashtirish yo'lidan borayotganidan darak beradi.

Kitobdagi she'rlar, avvalo, shakl va ifodaning rang-barangligi bilan ajralib turadi. Shoir ushbu kitobida hech cho'chimasdan yangi shakliy tajribalarga dadil qo'l uradi.

Shoir odamxo'r urushga, tinchlik, osoyishtalik, taraqqiyot kushandasiga nisbatan nafratini quyidagi ixcham she'rda shunday ifodalaydi:

Mayli, chekinmaylik,

mayli, bekinmaylik,

mayli, yechinmaylik

shu tekislikda,

shu essizlikda,

shu izsizlikda

ozgina boqaylik,

ozgina oqaylik,

ozgina og'aylik

beshinchi yonga —

Yerdan tashqariga qarab o'saylik.

Yer sharini ozgina cho'zaylik,

o'qlar otilmaydigan tomonga.

Ushbu o'ziga xos she'r “Aylana” deb nomlangan. Bu nom ramziy ma'noga ega bo'lib, unda Yer kurrasi — ona sayyoramizning shakliga ham, hayotning uzluksizligi va takrorlanishiga ham ishora bor.

Kitobdagi xarakterli she'rlardan biri “41 yil balladasi” deb nomlangan. Unda to'rt o'g'lini urushga kuzatgan, ikki o'g'li janggohlarda dom-daraksiz ketgan, shu ikki o'g'li nobud bo'lishini kuzatayotgan chog'dayoq onalik savqi tabiiysi bilan sezgan volidaning ruhiy dramasi chuqur ochib berilgan:

Yonar edi tandirda olov,

darvozadan chaqirdi birov.

Borib kelib qarasam, o'tda

ikki o'g'lim yonardi lov-lov.

Bugun ikki o'g'lini — ikkinchi va uchinchi o'g'lini urushga — borsa-kelmasga uzatayotganini sezib turgan ona qalbidagi shuncha iztirob va alam yuqoridagi satrlarda aks etgan.

…ertaga kenjasini kuzatadi urushga,

siz o'ylamang — kino ko'rishga…

Bu bilan Salim Ashur urush, janggoh biz kinolarda ko'rganimiz sovuq manzaralar emas, butunlay boshqa hayot ekanini anglatmoqchi bo'ladi.

Shu jihatdan mazkur to'plamdagi “Kurrai Zamin”, “Tabiat xotirasi”, “Dunyo okeanlari”, “Shoir” she'rlarini misol sifatida keltirish mumkin. “Shoir” she'rida ijodkor biz shu paytga qadar tasavvur qilib kelgan shoir obrazini yangi chizgilar bilan boyitadi. Shoirning zimmasida, avvalo, ijtimoiy hayotda faol Shaxs bo'lishdek mas'uliyat mavjudligiga urg'u beradi. She'r kutilmaganda metaforik tarzda yakunlanadi:

Shoir o'qimaydi she'rni,

She'r o'qimoqda shoirni.

Salim Ashurning lirik qahramoni quruq xitoblarga berilmaydi. Uning estetik ideali maddoh ham, madhiyaboz ham emas. U oddiy odamlarning dardini his etish, shu dard bilan yashashni vatanparvarlikning, insonparvarlikning bosh belgisi deb biladi.

Salim Ashur she'riyati dunyoning totli, jozibali va go'zal qirralarini ko'z oldimizda ko'zgudagi kabi aniq-tiniq namoyon qilishi bilan e'tiborga molikdir.

Abdurahmon PIRIMQULOV,

Islom Karimov nomidagi

TDTU OF ilmiy kengash kotibi,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =