O'tmishga tutilgan ko'zgu

yoki “General Jo'rabek: davr va qismat” tarixiy-hujjatli badiasini o'qib…
O'zbek kitobxonlari javoni yana bir yangi asar bilan boyidi. Hali chop etilganiga bir oy ham to'lmagan bu kitob va unda ko'tarilgan mavzular xususida katta-kichik ma'rifiy, ilmiy davralarda, mashvaratlarda turli xil bahsu munozaralar, fikr bildirishlar qizg'in davom etayotir. Nega? Nima uchun hatto kunora o'nlab kitobu to'plamlar yomg'irdan so'ng bolalagan qo'ziqorindek ko'payib yotgan bir paytda salkam ikki asr burungi dahshatli ko'rgiliklar, fojialar baholi qudrat yoritib berilgan “General Jo'rabek: davr va qismat” kitobi o'qirmanlar orasida bu darajada aks sado bermoqda? Shu vaqtgacha bosilgan tarixiy asarlardan uning farqli jihatlari nima? Yoki olis-yaqin tariximiz sahifalarida chor O'rusiyasi generali sifatida chala-chulpa tasvirlangan Jo'rabek Qalandar qori o'g'li haqidagi asl haqiqatlardan odamlar bexabarmidi?
Bu kabi jumboqli va alamli savollarga yozilish uslubi, tarixiy manbalar tahlili va eng asosiysi, xalqimiz xotirasidan deyarli o'chirilgan o'lmas siymo, ma'rifatparvar zot obraziga bugungi kun nazari bilan yondashilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob mualliflari — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Norqobil Jalil hamda Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ro'zimboy Hasan. Albatta, bu ikki muallifni ham adabiyot, jurnalistika sohasida kattagina tajribaga ega ijodkorlar sifatida e'tirof etsak arziydi.
Asosiysi, ijodiy hamkorlikda yaratilgan yangi kitob ma'naviy mushtaraklikning yorqin namunasi sanaladi. Aslida, adiblar, millat oydinlari ulug' va manfaatli maslaklarda hamfikr, safdosh bo'lsagina ana shunday asarlar dunyoga kelishi mumkin. Yo'qsa, ijodiy uslub, so'zga individual yondashuvlar ikki ijodkor boshini bir yoqadan chiqarishga to'sqinlik qilishi tabiiy. Ikki nomdor ijodkorni birlashtirib, fikri, uslubi va mahoratini uyg'unlashtirib turgan yagona jihat — bu millatparvarlik bo'lsa ajabmas.
Darhaqiqat, millatini sevgan insongina o'z tevarak-javonibidagilarning ruhan uyg'oq va sergak bo'lmog'ini istaydi va hamisha g'ofillarni bedorlantirish taraddudida bo'ladi. Mubolag'asiz aytmoq kerakki, ular tarixiy-hujjatli badia deb nomlagan kitob XIX asrning so'nggi bir necha o'n yilliklari va XX asr boshlarida Turkiston tuprog'ida kechgan o'ta murakkab va dahshatli siyosiy-ijtimoiy muhorabalar davri haqida sizu bizning kecha va bugunimizga tutilgan o'ziga xos ko'zgudir. Unda biz millat yuzidagi chang-g'uborlarni, nur va istarani ham ko'rgandek bo'lamiz. Bu oyna o'zimizni, o'zligimizni anglatadi. “Kim edik, kim bo'ldik?” degan og'riqli savollarga ana shu kitobda tasvirlangan voqea-hodisalar orqali javoblar izlanadi.
“General Jo'rabek: davr va qismat” kitobi har ikkala muallif tarix, jo'g'rofiya ilmidan ham yaxshigina xabardor ekanini anglatadi. Uni mutolaa qila boshlashingiz bilanoq qator tarixiy dalillarga duch kelasiz. Qizig'i, ular shundoqligicha kitobxon e'tiboriga havola qilingan holda o'tib ketilavermaydi. Ular tahlil tegirmoniga solinib, mushohada g'alvirida elanadi. Avval ayrim rad etib bo'lmas tarixiy faktlar, so'ng esa mualliflarning nuqtai nazari mahorat bilan ilova qilingani o'quvchini chalg'itmaydi, aksincha, ohanrabo yanglig' o'ziga tortadi. Bu ham, aslida, o'ziga xos uslub sifatida bejiz tanlanmagan, albatta. Aytish mumkinki, mualliflar badiiy uslubdan ko'ra ko'proq jurnalistika talab-qoidalariga ko'proq rioya qilmoqqa uringan. Chunki bugungi kun kitobxoni e'tiborini har qanday janrda yozilgan asar bilan jalb qilish oson emas. Masalan, faqat tarixiy manbalarning o'zini hech qanday izoh va munosabatlarsiz havola qilish — adabiy yondashuvning eng quruq va rangsiz usuli. Hayotiy, isbot talab qilmaydigan hayotiy misollar xolisona tahlil qilinsagina ularning o'quvchi-kitobxonga ruhiy ta'sir kuchi ortib boradi. Mualliflarning ushbu ijodiy uslubida erkin fikr aytish iqtidori yaqqol namoyon bo'ladi. Zero, yurtimiz madaniyatlar, urf-odatlar qorishib borayotgan serg'alva bir zamonda millatni uyg'otadigan to'g'riso'z ijodkorlarga juda muhtoj.
Yana bir diqqatga molik jihati shuki, kitobda joy nomlari — toponimikaga oid fikrlar juda qiziqarli. Ularni shunchaki o'qib o'tib ketolmaysiz. Manbalar esa soha tadqiqotchilari uchun zarur va muhim ma'lumotlar o'laroq asqatadi. Shuningdek, kitobda hikmatlarga boy otaso'zi va xalq iboralarini uchratish mumkinki, ularning adabiy bezakdek yarashib tushganini ko'rish mumkin. “Ellik yilda el, to'qson yilda til o'zgaradi” va hokazo…
Mazkur kitob qanchalik dalillarga boy bo'lmasin, mualliflar tarixning olis qatlamlariga chuqur kirib ketmaydilar. Ular yaqin 200 yildagi voqealar xususida so'z yuritmoqqa urinadi. Har bir voqea o'z mohiyati bilan ayrocha xususiyatga ega bo'lsa-da, asar qahramoni Jo'rabek qismatiga borib ulanadi. Masalan, so'nggi asrlarning eng mudhish ko'rgiligi bo'lmish shoira Nodirabegimning Amir Nasrullo tomonidan o'ldirilishining Jo'rabek qismati bilan qanday aloqadorligi bo'lishi mumkin? Yoki Xiva xonligining Buxoro atroflariga uyushtirgan bosqinchilik urushlarining-chi?
Aslida, bu voqealarning asar qahramoni taqdiriga tegib ketadigan zarracha tomoni mavjud emas. Biroq mualliflar Jo'rabekdek katta iqtidor egasi o'z oldiga qo'ygan ezgu maslaklarning yuzaga chiqishiga to'sqinlik qilgan omillarni ochiqlash orqali buyuk bir saboqqa ishora qiladi — birlashmagan to'zadi!
Ma'lumki, XIX asrning ikkinchi yarmidan e'tiboran butun Turkiston mustamlakaparast Rossiya tomonidan bosib olina boshlanadi. Bu bosqin, albatta, bir kunda paydo bo'lib, bir kunda amalga oshirilgani yo'q. Avvalo, vaziyat, sabab va sharoitlar urchiy boshladi. Qonxo'r qashqir tumshug'i ostiga kelib qolgan bo'lsa-da, bir-biri bilan tinimsiz ravishda qirpichoq bo'lib yotgan o'lkadagi hukmron xonlik va amirliklar xudbinlik botqog'iga botib, o'z soyasidan narini ko'ra olmadi. Hatto Toshkent chor Rossiyasi tomonidan dahshatli holatda ishg'ol etilgan bir pallada vaziyatga to'g'ri baho berish, millat sifatida yagona jihod bayrog'i ostida birlashish o'rniga amiru xonlar bir-birlariga tish qayradilar yoxud sharmandali yengilish onlariga tomoshabin bo'lib turdilar. Turkiston xalqi yuragida asrlar davomida yuvib bo'lmas qonli dog'lar ana shundan boshlangani achinarli, albatta.
Mualliflar ushbu kitobda yozishlaricha, chor armiyasi yurtimizning oltin darvozalarini buzib kirgan bir mahalda Buxoro amiri Qarshi va Kitob, Shahrisabz bekliklari taraflarga — o'z dindosh va millatdoshlari ustiga qo'shin tortadi. Tasavvur qilyapsizmi? Bir yoqda qonxo'r dushman bosib kelayotir, bir yoqda esa ulusni so'nggi burda nonigacha talab bitirgan ichimizdagi xoinlar o'zaro boylik, mulk talashib yurgan edi. Xiva va Qo'qon xonlari esa Toshkentning bosib olingani haqidagi xabarni rutubatli haramlarida xotirjamgina qabul qiladi. Xuddi ana shu paytda jasur va matonatli beklar — Jo'rabek Qalandar qori o'g'li va Bobobek Buxoro amirining o'g'li Abdulmalik — katta To'ra bilan birgalikda Taxtiqoracha dovonidan oshib o'tib, Samarqandni bosqinchi dushmanlardan ozod qilish uchun jangga kirgan edi!
Ular o'z ona xalqi, millati va muqaddas dini himoyasi uchun g'azot kurashiga chog'langan edilar. Buxoro amirining qo'rqoq va xudbinligi sabab alaloqibat o'zlaridan necha yuz barobar ko'p qo'shinga qarshi tengsiz kurashda ortga chekinmoqqa majbur bo'lishadi. Tog'ning u tarafida esa vaziyatdan puxta foydalangan jallod Abramov boshchiligidagi qo'shinlar Shahrisabz va Kitobni bosib olishga intiladi. Ikki yo'l orasida qolgan Jo'rabek va Bobobek Sharqiy Turkistondagi vatanparvarlardan madad kuchi to'plash uchun ul taraflarga yo'lga chiqadi.
Ming afsuski, o'zingdan chiqqan balo uzoqdamas, oyoqlari ostida ekan: qanday bo'lmasin, o'z taxtini saqlab qolmoq umidi so'nmagan qo'rqoq, badnafs Xudoyorxon Qo'qon xonligi hududida Jo'rabek va Bobobeklar ortidan jon saqlash uchun ergashib kelayotgan bir necha yuz chog'li vatandoshlarimizni chor armiyasi generali Fon Kaufmanga qo'shqo'llab tutib beradi va oradan ko'p o'tmay, sotqin xonning o'zi ham g'animlar qo'liga tushadi…
Quyidagi iqtibosga e'tibor bering: “Afsuski, Jo'rabekning bu niyati amalga oshmadi. Xonlik hududiga kenagas beklari kirgani xabari yetishi bilanoq Xudoyorxon xiyonat yo'lini tanladi: tili, dini bir qavmdoshlariga emas, bosqinchilarga xizmat qilishni lozim topdi. Bu bilan chor malaylariga sadoqatini namoyon qilmoqchi bo'ldi.
Xudoyorxon tomonidan yuborilgan ko'p sonli navkarlar Jo'rabek va uning hamrohlarini hibsga olib, ancha muddat eski bir qal'ada tutqunlikda saqladi.
Jo'rabekning xon yoki uning biror amaldori bilan uchrashish haqidagi istagi rad qilinaverdi.
Oxiri Xudoyorxon Jo'rabek, Bobobek va uning hamrohlarini qattiq kuzatuv ostida Toshkentga jo'natadi.
Xudoyorxonning o'z qavmiga qilgan xiyonati uchun Yaratgan egam tomonidan beriladigan jazo uzoq kuttirmaydi” (88-89-betlar).
Shunday qilib, olovqalb beklarning qanoti sindiriladi, butun bir o'lka va millat kelajagi yo'lidagi orzu-intilishlari chilparchin bo'ladi.
Ammo ikki qondosh amakivachcha beklar umidsizlikka tushmaydilar: chunki o'zlarining hayotidan ko'ra ularga ko'proq ishongan, shu vaqtgacha yovlarga qarshi janglarda hech qachon o'limdan qo'rqmagan eldoshlarining tirik qolmog'i afzalroq edi! Shuning uchun ham hozirgi kungacha do'stu g'animlarni bezovta qilib kelayotgan alamli savol, ya'ni “beklarning mustamlakachilar xizmatiga nega o'tgani” haqidagi jumboqlarga yagona javob — dushmanga xizmat qildi, degani, bu o'z xalqiga xiyonat qildi degani emas-ku! Yovlar orasida turib ham yurt manfaati, himoyasi yo'lida xizmat qilish mumkinligini Jo'rabek va Bobobek timsolida ko'rish mumkin, degan xulosaga ushbu kitobni o'qisangiz, to'la iqror bo'lasiz.
Kitob qahramonlari — Jo'rabek Qalandar qori o'g'li va Bobobek Hakimbek o'g'li ham biri chor armiyasi generali, biri esa polkovnigi unvoniga loyiq ko'rilgani bilan ular chin yurakdan bosqinchilar yo'rig'iga yurgan deb o'ylaysizmi? Aksincha, ikkisi ham jang maydonlarida emas, balki ma'muriyatda, rasmiy hujjatlar bilan ishlab, millatdoshlari dardiga darmon bo'lgani… oddiygina bir voqea tafsiloti orqali, ya'ni Xudoyorxon surgundan qochib ketishi va uning sarson-sargardonlikda qolib ketgan ayoli Og'acha oyim va farzandlarining qay tarzda Toshkentga qaytarilgani hamda Jo'rabekning Qorasuvdagi dala hovlisida bir muddat yashashgani, bundan tashqari, yana qanchalab mazlumlarga turli yo'llar bilan yordam ko'rsatishgani yuqoridagi shubhali savollarga yaqqol javob bo'la oladi deb o'ylaymiz. Bunday misollar oz emas.
Bir so'z bilan aytganda, Jo'rabek nafaqat tarixiy manbalar, balki jahongashta sayyohlar yozib qoldirgan xotiralar, sayohatnomalar orqali ham ma'rifatparvar shaxs sifatida ko'z oldimizda namoyon bo'ladi. Hatto uning 1876 yil 20 avgustda Peterburgda bo'lib o'tgan sharqshunoslarning III xalqaro kongressida qatnashib, ma'ruzalar qilgani, dunyoni yangilashga intilgan Ismoil Gaspiralidek ulug' jadid namoyandalari nazariga tushgani tarixiy haqiqat emasmi? Ming afsuski, u Turkistonda yetilib kelayotgan (1905 yili Rossiyaning o'zida revolyutsiya sodir bo'lganini eslaylik) xalqning juda katta norozilik to'lqini fonida “istalmagan shaxs” sifatida vahshiyona o'ldirildi. Ayni o'sha yillari Toshkentda chor ma'murlari tuzgan “qora ro'yxat”da shahardagi nufuzli diniy ulamolar, Jo'rabek va uning o'g'li Olloqulibekning tirkalgani ham bejiz emas…
Jo'rabek hayotining so'nggi o'n yilliklarida o'ziga xos ma'rifat homiysi, el-ulusni boshqarish salohiyati eng yuqori shaxslardan biri sifatida e'tirof qilina boshlangan edi. Shuning uchun ham u bilan, eng avvalo, chor ma'murlari, qolaversa, Turkiston jadidchilik harakati faollari juda yaqin faoliyat olib borgani ma'lum. Albatta, bu jihatlari alohida tadqiqotlarni talab qiladi.
Agar hayot vafo qilganida, 1917 yilgi davlat to'ntarishidan so'ng avj olgan alg'ov-dalg'ovlar Jo'rabek hayotida yangi bir sahifalarni ochishi mumkin edi deb o'ylayman. Kim biladi, balki u ham Ibrohimbek, Madaminbek, Shermuhammadbek, Junaidxon kabi milliy ozodlik harakati faollaridan biriga aylanishi ehtimoli yo'q emas edi. Chunki ushbu tarixiy-hujjatli badiada xuddi ana shunga qaratilgan aniq ishoralarni ilg'ash qiyin emas.
Kitobda ijodkorlar fikr-mushohadalar mantiq o'qi atrofida aylanar ekan, kitobxonni yana bir karra sergaklikka undaydi: ko'zguga boq, o'zingni ko'r! Ko'zgudagi dog'lar esa tarixning katta sabog'i. O'z tarixidan ulgi olmaganlar esa millat bo'lolmaydi. Zero, talotumli, murakkab evrilishlar silsilasida dunyo sahnida chinakam millatlargina iqtidorga keladi.
Taniqli ijodkorlar Norqobil Jalil va Ro'zimboy Hasanning ushbu kitobi, bizningcha, o'ziga xos tarixiy tadqiqot vazifasini ham o'taydi.
Erpo'lat BAXT,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.